Istiqlol davri o‘zbek adabiyotining nazariy masalalari
Download 253.18 Kb.
|
8.-Истиклол-даври-узбек-адабиётининг (1)
X U L O S AIstiqlol mafkurasining o‘zak mohiyatini komil shaxsni kamol toptirishdek g‘oyat mas’uliyatli vazifalar tashkil etadi. Bu narsa insonni, voqelikni estetik idrok etish va tasvirlashdagi yangi-yangi badiiy umumlashmalar kashf qilish bilan belgilanadi. Mazmunan yangi yo‘nalish kasb etgan mustaqillik davri o‘zbek adabiyoti jahon sivilizatsiyasi tarixida yangi sahifa ochgan, yangi ozod hayotni yuzaga keltirgan, o‘zbek fenomenini olib kirgan erkin shaxsning obyektiv voqelik bilan uzviy bog‘liqligini, qalb hayoti manzaralarini aks ettirish bosh muddaoga aylandi. Ana shu jarayonda she’riyatda ham, hikoyachilikda ham shaxsning jamiyat, tabiat bilan uzviy bog‘liqligini yoritishda falsafiy-psixologik tahlil madaniyatini chuqurlashtirish yo‘lidan borilmoqda. Negaki, bugungi adabiyotimizda olamni va odamni badiiy idrok hamda ifoda etishda bashariy qadriyatlar nuqtayi nazaridan yondashish ustuvor tamoyilga aylandi. Hikoyachiligimiz hayot manzaralarini, jamiyat psixologiyasini shaxs erki, vijdon erkinligi kabi masalalarning ahamiyatini tushuntirish sari yuz burdi. Aytish mumkinki, A.Muxtor, Sh.Xolmirzayev, N.Eshonqul, X.Do‘stmuhammad, S.Vafo ijodiy izlanishlarida insonni ulug‘lash, insonning ma’naviy-intellektual imkoniyatlari nechog‘lik ulug‘vorligini aks ettirish jihatidan qanchalik mushtaraklikka ega bo‘lsa, insonni tushuntirish, aks ettirish borasida shunchalik betakrorlikni ko‘ramiz. Bu narsa qahramonlar fe’l-atvorini tabiat xossalariga qiyoslash («Ozodlik», «Tanholik»), timsollar, ramzlar vositasida fikrlash («Maymun yetaklagan odam», «Zulmat saltanatiga sayohat», «Tobut», «Jajman» va h.k.), qahramonlarning o‘ta fikrchan, intellektual qiyofada namoyon bo‘lishida («Fano va baqo», «Mahzuna», «Yolg‘izim siz», «Ko‘z qorachig‘idagi uy», «Kun kechayotgan odam», «Ko‘ngil farishtasi» va h.k.) seziladi. Bu borada, ayniqsa, obrazli ifodaning teran tafakkur asosiga qurilgan fikrlash tarzi yetakchilik qiladi. Ko‘rinadiki, adiblarimiz insonni tushunishda bir qadar yaqinlik, mushtaraklik tutsa-da, lekin shaxs psixologiyasini badiiy talqin etishda bir-birini aslo takrorlamaydi. Chunki, ular badiiy ifoda prinsiplariga ko‘ra farqlanadilar. Shuni ta’kidlash joizki, Sh.Xolmirzayev, N.Eshonqul, X.Do‘stmuhammad ijodiy izlanishlarini birlashtirib turuvchi chuqur falsafiy asos bor. Ushbu bog‘liqlik aloqalarini qisman quyidagi omillarda kuzatish mumkin. Har uchala adib ham o‘z izlanishlarida falsafiy mulohazakorlik ustun bo‘lgan ijodkorlardir. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular mutafakkirona tasvirga moyil hisoblanadilar. Sh.Xolmirzayev hikoyalari («Ozodlik», «Tanholik», «Mangu yo‘ldosh», «Quyosh-ku falakda kezib yuribdi» va h.k.) shafqatsiz realistik asosga qurilgan psixologik tahlil, falsafiy g‘oyalar bilan yo‘g‘rilgan. N.Eshonqul hikoyalari esa butkul tafakkur shu’lasi bilan sug‘orilgan. X.Do‘stmuhammadning badiiy tasvir tabiatida teran mushohadakorlikka qurilgan ruhiyat tahlili ustuvor, deya tavsiflash mumkin. Shu ma’noda, N.Eshonqul bilan X.Do‘stmuhammadning hikoyalarida («Shamolni tutib bo‘lmaydi», «Jajman») qahramonlarning voqelikka, jamiyat hayotiga bo‘lgan munosabatlari o‘laroq yuzaga kelgan fikrlari, nuqtayi nazarlari bir-biridan farqlansa-da, lekin insonni tasvirlashdagi ijodiy prinsiplari umumiy jihatdan mushtaraklikka ega. Buni esa keyingi yillarda shakllangan falsafiy-psixologik tasvir madaniyati, deya ta’riflash joiz. Asqad Muxtorning («Jinni», «Chodirxayol», «Fano va baqo») bilan Sh.Xolmirzayevning mustaqillik davri hikoyachiligi («Ozodlik», «Cho‘loq turna», «Qadimda bo‘lgan ekan» va h.k.) ma’lum jihatdan umumiylik kasb etadi. Bu narsa ham insonni badiiy tushunish hamda tushuntirish masalasida oydinlashadi. Chunki, A.Muxtorda ham Sh.Xolmirzayevda ham inson va jamiyat psixologiyasini uyg‘unlikda detallashtirib tushuntirish yetakchilik qiladi. Zero, insonning tabiat-jamiyat (ijtimoiy hayot voqeligi) o‘rtasidagi ruhiy robitalarni holatlar, konfliktlar, kechinmalar orqali yoritish shaxs ongi-shuuridagi o‘zgarishlarning falsafiy asoslarini takqin etishga katta imkoniyatlar berayotir. Istiqlol davri she’riyati ham falsafiy psixologizm-ramzlar, timsollar asosiga qurilgan badiiy tafakkur, mohiyatan realistik tasvir prinsiplarini boyituvchi hamda kengaytiruvchi ijodiy uslubiy yo‘nalish sifatida yorqin tajassum topib bormoqda. Ushbu hodisada psixologik tahlil – fikrchan kechinmalar holatlarini, kayfiyatlar silsilasini yaratish hisobiga yangi sifat o‘zgarishlari voqe bo‘layotir. Ko‘rinadiki, adiblarimizning ijodiy izlanishlarida shaxs qalbidagi, ongi-shuuridagi o‘zgarishlarni ochishga qaratilgan badiiy idrok yetakchilik qilayotir. Zero, hozirgi davr adabiyotidagi shaxs badiiy talqinida dunyodagi qotib qolgan tushuncha va aqidalarni o‘zgartiruvchi insonning aql-zakovatiga, kuch-qudratiga, ijodiy imkoniyatlariga ishonch tuyg‘usi kuchlidir. Bu adiblarimizning insonni va voqelik jarayonlarini ko‘rish hamda ko‘rsatishdagi ijodiy individualligi hamda estetik prinsiplarining o‘ziga xosligini dalillash bilan birga adabiyotimizda tajassum topayotgan shaxs ma’naviy- intellektual dunyosining nihoyatda teranligidan dalolat beradi. Тa’kidlash kerakki, she’riy ifodada muloqot shakllari tashqi monolog (muallif bayoniga singdirilgan mushohada va hissiyot), ichki mustaqil rivoya (qahramon ongida kechayotgan ruhiy jarayon), dialogik munosabatlar tizimi (subyektlararo aloqa izchilligi) yordamida gavdalanadi. Unda qahramon holatini goh nutqiy tarqoqlik vositasida, goh bilvosita shoir shaxsiyati orqali tasvirlash miqyoslari aniq seziladi. Lirik matnda tasavvur va taassurot uyg‘unligini ta’minlash aslida uslubiy vositalar mavqeyiga bog‘lanadi. Ifoda dinamizmi takomillashuvida monologlashgan dialog muhim o‘rin egallaydi. Nutq jarayoni mobaynida harakat va holat uyushmasi badiy mahoratga borib tutashadi. Muloqot shakllari nominativ va semantik vazifadoshlikda faol ijodiy a’zoga aylanadi. Rivoya subyekti rang-barangligi va o‘zgaruvchanligi sintaktik birliklar tuzilishini yaxlit bir tizimga yig‘adi. Aynan badiiy nutq tadrijida kuzatiladigan muntazam o‘sish darajasi mazmun va mantiq uyg‘unlashuviga imkoniyat tug‘diradi. She’riyatda dialoglar qo‘llash orqali davr va qahramon xarakterini yaratishda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga ahamiyat berish yaratilgan she’rlar badiiyatining yuksalishiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Kuzatilgan she’rlardagi dialoglar mohiyatiga ahamiyat bersak, ularda shoirlar odamlarning fe’li va faoliyatidagi fazilat-u nuqsonlarni shunchaki qayd etish bilan cheklanayotgani yo‘q. Download 253.18 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling