Istiqlol yillarida arxiv qonunchiligining takomillashib borishi
Download 39.95 Kb.
|
1 mavzu
Istiqlol yillarida arxiv qonunchiligining takomillashib borishi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimizning o‘z tarixiga bo‘lgan qiziqishi beqiyos darajada oshdi. Sovet davrida obdon soxtalashtirilgan Vatanimiz tarixini xolisona, yangi konseptual-metodologik asoslarda o‘rganish muhim ahamiyat kasb etdi. Bu hol xalqning tarixiy xotirasi bo‘lmish arxivlar faoliyatini tubdan yaxshilash vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Istiqlolga erishgan O‘zbekiston huquqiy davlat barpo etish sari yo‘l tutdi. Buning mazmuni shundan iboratki, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonun ustuvor bo‘lmog‘i darkor. Bu arxiv ishi sohasiga ham taalluqlidir. Shuning uchun mustaqil O‘zbekistonda arxiv ishining huquqiy asoslarini yaratishga e’tibor qaratildi. Arxiv ishining huquqiy asoslari deganda sohaga tegishli qonunlar hamda ularga mos ravishda chiqarilgan qonunosti hujjatlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, hukumat qarorlari, nizomlar, qoidalar, yo‘riqnomalar tushuniladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq respublika hukumati arxivlar faoliyatiga alohida e’tibor berdi. 1992-yil 19-iyunda O‘zR Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) to‘g‘risidagi Nizom” ni1 tasdiqladi hamda “Respublika markaziy davlat arxivlari tarmog‘ini tasdiqlash to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Nizomda respublikada arxiv tizimini boshqaruvchi vakolatli davlat organi – Bosh arxiv boshqarmasining vakolatlari va funksiyalari belgilab berildi. Qabul qilingan qarorda esa respublikada 3 ta markaziy davlat arxivi – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, O‘zbekiston Respublikasi kino, suratli va ovozli hujjatlar markaziy davlat arxivi, O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi . O‘zbekistonda arxivlar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratishda Oliy Majlis tomonidan 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar to‘g‘risida” gi Qonun muhim qadam bo‘ldi. Qonunda birinchi marotaba “arxiv”, “arxiv hujjatlari”, “arxiv fondi”, “arxiv ishi”, “arxiv hujjatlarni doimiy saqlash”, “arxiv hujjatlarini vaqtincha saqlash” kabi tushunchalarning mazmuni ochib berildi. Qonunda arxiv hujjatlariga mulkdorlik masalasi, O‘zbekiston Milliy arxiv fondiga kiritiladigan hujjatlar tarkibi, arxivlarni tuzish va ularni tugatish tartibi, idoraviy arxivlarning vazifalari, arxiv muassasalarining moliyalash va boshqa qator boshqa masalalar o‘z aksini topdi. Ushbu qonun O‘zbekiston arxiv fondlarining yaxlitligini saqlab qolish, hujjatlarni hisobga olish, ekspertiza qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, arxivlarni butlash va arxiv hujjatlaridan foydalanishning yagona tartibini belgilab berdi2. Istiqlol yillarida ilk marotaba oldingi davrlarda O‘zbekistondan olib ketilgan arxiv hujjatlarini qaytarish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu muammo eng oliy darajada – respublika parlamentida ko‘rib chiqildi. Natijada oldingi davrlarda turli sabablarga ko‘ra O‘zbekistondan xorijga olib ketilgan arxiv hujjatlarini olib kelish bo‘yicha 1999-yil 11-mayda O‘zbekiston Oliy Majlisi huzurida maxsus komissiya tashkil etildi. Ushbu komissiyaning asosiy vazifasi o‘tmishda O‘zbekistondan chet ellarga olib ketilgan, ilmiy ahamiyatga molik hujjatlarni aniqlash, ularni o‘rganish va mamlakatimizga qaytarib olib kelish bo‘yicha takliflar tayyorlash va bu takliflarni tegishli davlat tashkilotlariga taqdim etishdan iboratdir3. Ilk bora “Arxivlar to'g'risida” qonun qabul qilingandan keyin mavjud me'yoriy hujjatlarni unga mos ravishda qayta ko'rib chiqish, ayrim yangi me'yoriy hujjatlarni tasdiqlash zarurati tug'ildi. O'zR Vazirlar Mahkamasi o'zining 1999-yil 30-oktyabrdagi 482-sonli qarori bilan 4 ta ana shunday me'yoriy hujjatlarni tasdiqladi: • “O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to'g'risidagi Nizom”; • “O'zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro'yxatidan o'tkazish Tartibi”; • “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (O'zbosharxiv) to'g'risidagi Nizom”; • “O'zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va davlat boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxivlar to'g'risidagi Namunaviy Nizom” . Ushbu me'yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va hayotga tadbiq etilishi arxiv ishini qadam-baqadam yaxshilash imkoniyatini berdi. Istiqlol yillarida arxiv ishida ro'y bergan muhim yangilik – bu Milliy arxiv fondi (MAF) ning tashkil etilishi bo'ldi. Qonunda va boshqa me'yoriy hujjatlarda MAFga davlat arxiv fondi va nodavlat arxiv fondi hujjatlari kiritilishi belgilab qo'yildi. MAFning tashkil etilishi nafaqat davlat arxiv fondlarini, balki nodavlat yuridik shaxslarga va ayrim fuqarolarga tegishli bo'lgan muhim hujjatlarni ham hisobga olish va asrab qolishga yo'l ochdi. Mustaqillik yillarida arxiv tizimini boshqaradigan vakolatli davlat organlarining faoliyati tubdan yaxshilashga e'tibor qaratildi. Shu maqsadda 2004-yil 3-fevralda O'zR Vazirlar Mahkamasi “O'zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada takomillashtirish to'g'risida” qaror qabul qildi. Ushbu qarorga binoan, hukumat huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O'zbosharxiv”) tugatilib, uning o'rniga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O'zarxiv” agentligi ta'sis etildi. Qoraqalpog'iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining arxiv bo'limlari o'rniga hududiy arxiv boshqarmalari tashkil etildi. “O'zarxiv” agentligi va hududiy arxiv boshqarmalari zimmasiga respublika va mintaqalar miqyosida arxiv ishi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish vazifasi yuklatildi. O'zbekistonda “Arxivlar to'g'risida”gi qonun birinchi marta qabul qilinganligi bois, keyinchalik unda arxivlar faoliyatining barcha qirralari qamrab olinmaganligi ma'lum bo'ldi. Shuning uchun qonunga ma'lum o'zgartishlar va qo'shimchalar kiritish zarur bo'lib qoldi. 2004-yilning 30- aprelida Oliy Majlis “Arxivlar to’g’risida”gi qonunning yangi tahririni qabul qildi . Qonunning yangi tahririda hamda hukumatning arxivlar faoliyatiga doir qarorlarida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etib borib, “O’zarxiv” agentligi o'zining 2007-yil 4-yanvardagi 1-sonli buyrug'i bilan “O’zbekiston Respublikasi davlat arxivlarining ish qoidalari” ni tasdiqladi. Qoidalarni ishlab chiqishda davlat arxivlari oldiga qo'yilgan talablar, shuningdek, ko'p yillik arxiv ishi amaliyoti inobatga olindi. Qoidalarda davlat arxiv muassasalarining MAFni tashkil etish, hujjatlar saqlanishini ta'minlash, ularni hisobga olish, arxiv hujjatlarining ilmiy-ma'lumot apparatini yaratish, hujjatlarni ekspertiza qilish, ulardan foydalanishni tashkil etish borasidagi vazifalar o'z aksini topdi. Arxiv ishi sohasidagi muammolarni kompleks tarzda hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2008-yil 26-avgustda “O’zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida” qaror qabul qildi. Ushbu qaror bilan hukumat “2011-yilga qadar arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish Dasturi” ni tasdiqladi . Shuni ta'kidlab o'tish kerakki, “Arxivlar to'g'risida” gi 1999-yil 15- aprelda qabul qilingan qonun, bu qonunning 2004-yil 30- aprelda qabul qilingan yangi tahriri hamda ularga mos ravishda tasdiqlangan boshqa me'yoriy hujjatlar O'zbekistonda arxiv ishini rivojlantirishda g'oyat muhim ahamiyatga ega bo'ldi. Shu bilan birga, o'tgan yillar mobaynida mamlakatda hamda arxiv ishida katta o'zgarishlar ro'y berdi. Hayot “Arxivlar to'g'risida” gi qonunni tubdan yangilash vazifasini kun tartibiga qo'ydi. Shundan kelib chiqqan holda, “O'zarxiv” agentligi arxiv ishiga doir yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 2008-yil 26-dekabrida Toshkent shahrida arxivlar bo'yicha Jamoatchilik Kengashining yig’ilishida ushbu loyiha muhokama qilindi. Yig'ilishda qonun loyihasi ma'qullandi, ayni vaqtda uning mazmunini boyitishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.O'zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to'g'risida”gi yangi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 3-noyabrda qabul qilindi, Senat kengashida 2010-yil 7-mayda ma'qullandi . “Arxiv ishi to'g'risida” gi qonun oldingi qonundan jiddiy ravishda farq qiladi. Avvalgi qonun 21 moddadan iborat bo'lib, boblarga bo'linmas edi. Yangi qonun esa 6 ta bob va 35 moddadan iborat. Yangi qonunning boblarga bo'linishi va moddalar miqdorining ortishi unda arxiv ishining yangi-yangi qirralarini qamrab olish imkoniyatini berdi. Yangi qonunda “alohida qimmatli hujjat”, “noyob hujjat”, “ish yuritish”, “Milliy Arxiv fondi”, “Milliy arxiv fondining davlat katalogi”, “sug'urta nusxa”, “shaxsiy tarkib hujjatlari” kabi yangi tushunchalar kiritildi. “Arxiv ishi to'g'risida” gi yangi qonunning alohida bobi arxiv ishi sohasidagi davlat boshqaruvi masalasiga bag'ishlangan. Unda arxiv ishini boshqarish sohasida Vazirlar Mahkamasi, “O'zarxiv” agentligi hamda mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari aniq ko'rsatib o'tilgan. Yangi qonunda Milliy arxiv fondining tarkibi, hujjatlarni MAF tarkibiga kiritish va uning tarkibidan chiqarish, MAFning davlat katalogini yuritish masalalari o'z aksini topgan. Shuningdek, qonunga hujjatlar qimmatdorligini aniqlash ekspertizasi, arxiv hujjatlarini kirib ko'rish, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko'rsatiladigan xizmatlar, arxivlarning turlari to'g'risidagi yangi moddalar kiritildi. “Arxiv ishi to'g'risida”gi yangi qonun arxivlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan yangi me'yoriy hujjatlarning qabul qilinishiga asos bo'ldi. O'zR Vazirlar Mahkamasi o'zining 2012-yil 5-aprelda qabul qilgan “O’zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to'g'risida” gi qarori bilan arxivlar faoliyatining turli yo'nalishlarini tartibga solishga qaratilgan quyidagi yangi nizomlarni tasdiqladi: • “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to’g’risida Nizom”; • “O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogi to’g’risida Nizom”; • “Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to’g’risida Nizom”; • “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko'rsatish tartibi to’g’risida Nizom”; • “Arxiv mutaxassislarini O'zbekiston Respublikasi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o'tkazish tartibi to’g’risida Nizom”; • “Arxiv hujjatlarini O'zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va arxiv hujjatlarini O'zbekiston Respublikasiga olib kirish tartibi to’g’risida Nizom” . Yuqorida sanab o'tilgan nizomlarning tasdiqlanishi va amaliyotiga joriy qilinishi arxivlar faoliyatini zamon talabiga mos ravishda tashkil etish, hujjatlarni arxivlarda ehtiyot qilib saqlash va ulardan har tomonlama foydalanish, arxiv xodimlarining kasbiy tayyorgarligini muntazam ravishda oshirib borish imkoniyatini berdi. 2019-yil 20-sentyabrda O'zR Prezidenti “O’zbekiston Respublikasida arxiv ishi va ish yuritishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida” gi Farmonni4 imzoladi. Unga ko'ra, O’zR Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O’zarxiv” agentligining nomi “O’zbekiston Respublikasining “O’zarxiv” agentligi” deb o’zgartirildi. Ushbu Farmonga muvofiq, respublika markaziy davlat arxivlari hamda Toshkent shahar davlat arxivining maqomi o'zgardi. 3 ta markaziy davlat arxivlariga “milliy arxivlar” nomi berildi. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi negizida O’zbekiston Milliy arxivi, O’zbekiston Respublikasi kinofotofono hujjatlar markaziy davlat arxivi negizida O’zbekiston kinofotofono hujjatlari milliy arxivi; O’zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivi negizida O’zbekiston ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi tuzildi. Toshkent shahar davlat arxivi negizida Toshkent shahar markaziy davlat arxivi tashkil etildi. Bundan tashqari, farmonda “O'zarxiv” agentligi huzurida muassasa shaklida Arxiv ishi va ish yuritish bo'yicha malaka oshirish ilmiy-metodik markazi hamda yuridik shaxs maqomiga ega bo'lmagan Arxiv ishini rivojlantirish jamg'armasi tashkil etish nazarda tutildi. Farmonda Qoraqalpog’iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari zimmasiga shahar va tuman hokimliklari qoshida tashkil etilgan idoralararo shaxsiy tarkib arxivlarini “O’zarxiv” agentligi tasarrufiga o’tkazish va ular negizida shaxsiy tarkib bo'yicha davlat arxivlarini tashkil etish vazifasi yuklandi. Prezident Farmonida hozirgi davrda arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirishning quyidagi asosiy ustuvor yo’nalishlari etib belgilab berildi: – arxiv ishi va ish yuritish faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jadallik bilan joriy etish, O’zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini bosqichma-bosqich raqamlashtirish va sug’urta nusxalarini yaratish; – arxiv hujjatlarini maxfiylikdan chiqarish ishlarini faollashtirish orqali arxiv axborotlaridan foydalanuvchilar sonini kengaytirish; – arxiv xizmatlarini bosqichma-bosqich Davlat xizmatlari markazlari hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko'rsatilishini tashkil etish; – arxivlarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda infratuzilmasini modernizatsiya qilish, arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanishning zamonaviy usullarini joriy etish; – arxiv ishi va ish yuritish sohasidagi xodimlarni tanlash, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg’or va shaffof tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini tadbiq etish yo'li bilan kadrlar siyosatini shakllantirishning zamonaviy tamoyillarini joriy qilish; – soha xodimlarini moddiy rag'batlantirishni yaxshilash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish; – arxiv ishi va ish yuritish sohasida davlat boshqaruvini amalga oshirishning ilg'or va shaffof mexanizmlarini ishlab chiqish va tadbiq etish . “Arxiv ishi to’g’risida” gi Qonunda hamda boshqa me'yoriy hujjatlarda belgilangan keng qamrovli vazifalarni hayotga tadbiq etish arxivlarni boshqaruvchi vakolatli davlat organlari faoliyatini tubdan yaxshilashni talab qildi. Shu boisdan ko’rsatib o’tilgan sanada Prezidentning “O’zbekiston Respublikasi “O’zarxiv” agentligining faoliyatini takomillashtirish to’g’risida”gi Qarori ham imzolandi. Qarorda “O’zarxiv” agentligi hozirgi davrdagi eng asosiy vazifalari belgilab berildi. Ushbu qaror bilan O'zbekiston Respublikasida 2020-2025 yillarda arxiv ishi va ish yuritishni yanada rivojlantirish Dasturi tasdiqlandi. Ayni vaqtda besh yil mobaynida davlat arxivlari binolari va saqlovxonalarini qurish hamda mavjud arxiv binolarini rekonstruktsiya qilish rejasi qabul qilindi. Mazkur qarorda arxiv muassasalari va tashkilotlari uchun yangi shtat birliklari ajratildi, barcha toifadagi arxiv xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsienti 1,6 baravarga oshirgan holda qo'llanilishi belgilandi. “O'zarxiv” agentligi markaziy apparati va hududiy boshqarmalar xodimlariga sohada uzoq muddat mehnat qilganligi uchun ustama haq berilishi belgilab qo'yildi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 10- noyabrda qabul qilingan 706-sonli qarori bilan “O’zbekiston Respublikasi davlat arxivlari o'quv zallarida foydalanuvchilarning arxiv hujjatlari bilan ishlash tartibi to’g’risidagi Nizom” tasdiqlandi. Nizomda arxiv hujjatlaridan foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlari, ularning arxiv o'quv zallarida hujjatlardan foydalanishi tartibi belgilandi . Shunday qilib, O’zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to’g’risida”gi Qonuni, shuningdek, nomlari yuqorida eslatib o'tilgan O’zbekiston Respublikasi Prezidentning 2019-yil 20-sentyabrdagi Farmoni va Qarori hozirgi tarixiy sharoitda mamlakatimizda arxiv ishini rivojlantirishning istiqbolga mo'ljallangan dasturi bo’lib xizmat qilmoqda. 1 O‘zR Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) to‘g‘risidagi Nizom”.1992-yil,19-iyun. 2 Архивлар тўғрисида: Ўзбекистон Республикасининг 1999 йил 15 апрель Қонуни // Ўзбекистоннинг янги қонунлари. 21-сон. – Т.: Адолат, 1999. Б. 184-193. 3 Ҳайитов Ш.А., Ҳамроев А.Ҳ. Ўзбекистон Республикаси архив қонунчилиги. – Бухоро, 2008. – Б. 68. 4 Lex.uz/docs/-4523179 Download 39.95 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling