Istiqlol yillarida boy tariximiz va madaniy merosimizni o’rganishga, shuningdek milliy qadriyatlarimizni tiklashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda


Download 20.49 Kb.
Sana23.02.2023
Hajmi20.49 Kb.
#1225746
Bog'liq
Istiqlol yillarida boy tariximiz va madaniy merosimizni o


Istiqlol yillarida boy tariximiz va madaniy merosimizni o’rganishga, shuningdek milliy qadriyatlarimizni tiklashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Yurtimizda iste’dod egalariga yaratib berilayotgan munosib sharoitlar sababli yuksalib borayotgan navqiron avlod ijodidan nafaqat biz, balki dunyo ahlining ham bahramand bo’lishi zaminimiz san’at ildizlari teran iste’dodlarga boy ekanligini isbot etmoqda. Zero xalqimiz ardoqlagan sahna biz uchun birdek muqaddas va aziz sanaladi. Darhaqiqat саҳна муқаддас даргоҳ, билингки у одобдан бошланаdi. Sahna qat’iy intizom va tartibni hurmat qiladi. SHu sababli aynan sahna ijodkorning o’z so’zini aytadigan katta bir muqaddas makonga aylandi. Sahna ezgulikni targ’ib qilib, bevosita mana shu so’zni aytadigan ijodkorlarning minbariga aylandi. SHunday ekan sahna madaniyati deb atalmish tushunchani yaxshi anglab olmog’imiz uning salmog’ini teran his etib, mas’uliyatini anglamog’imiz lozim. SHu o’rinda savol tug’iladi. Sahna madaniyati deganda nimani tushunamiz? Yoki aynan sahna madaniyati deb atalmish tushunchaga nisbatan talab va ehtiyojning kuchayishiga sabab nima? Sahnaga chiqish, o’z ijodiy niyatlarini amalga oshirish va tomoshabinlarning e’tiboriga sazovor bo’lish katta mahoratni talab qiladi. Sahnadagi har qanday shaxs o’zini tutishning asosiy qoidalarini bilishi shart. k.S.Stanislavskiy ta’biri bilan aytganda barcha qiyinchiliklarni odatiy, odatiylikni yengil, yengillikni go’zallikga aylantirish lozim. Ba’zan ijrochilar, ma’ruzachilar, pedagoglar, sahna ishchilaridanda xarobroq ko’rinadi, ularda sahnada o’zini tutish madaniyatidan asar ko’rinmaydi. Bu o’z tanasi, asablari, e’tiborini boshqara olmasligining natijasidir. Aktyor o’z ishlari bo’yicha maktab yaratgan Delsartning ta’biricha, tana-cholg’u, aktyor-cholg’uchi hisoblanadi. Sahnada qo’l, oyoq, tana, yuz harakatining barchasi tomoshabinning kuzatuvida bo’ladi. Ba’zan sahnaga chiqqan shaxsniing muvaffaqiyatsiz chiqishi, uni va zalni birlashtirib turgan e’tibori rishtasini uzib yuboradi. Hayotda ko’p ham bilinmaydigan kamchiliklar sahnada darhol seziladi va tomoshabinning g’ashiga tegadi. Bu tushunarli, negaki sahnada inson hayoti cheklangan maydonda namoyish etiladi. Boshlovchining ovozi, nutqi, uning tashqi ko’rinishi va yurish-turishi, sahnaga chiqishining o’ziyoq unga muvaffaqqiyat keltirishi mumkin, yoki aksincha holatlar ham ro’y beradi. K. S. Stanislavskiy shunday yozgan edi: “Aktyor sahnada o’zini yaxshi his qilishi, lekin o’zining his-tuyg’ularini ifodalashda tanasining noto’g’ri harakati bilan butun ko’rinishini buzib tashlashi mumkin. Matnni tomoshabinlarga yoki eshituvchilarga yetkazib bera olmaydigan aktyorni Stanislavskiy “Tushunarsiz g’uldirab o’z ma’shuqasiga sevgi izhor qilayotgan” soqovga o’xshatadi [2, b. 123]. Ijrochining tanasiga bo’lgan asosiy talablar quyidagilar: Sahnada gapirayotgan insoning vaziyati qulay va tabiiy bo’lishi lozim, u ikki oyoqda mahkam va qulay tura olishi kerak, bu tananing mustahkamligi, tana og’irligini butun mushak va suyaklarga teng taqsimlanishini ta’minlaydi. Yelkalar umurtqalarga nisbatan to’g’ri holatda bo’lishi kerak. Bu yaxshi nafas olishga va ko’krak titragichidan foydalanishga imkon beradi. Boshni egib turish yoki orqaga tashlash mumkin emas, uni erkin ushlab, bo’yinni siqmay turish kerak-bu tomoq va kekirdakning erkinligini, tabiiyligini ta’minlaydi. Ularning holati ovozni to’laqonli jaranglashiga xizmat qilsin. Sahnadagi boshlovchining yuzi soxtalikdan holi va umumiy vazifa bo’lgan ijod g’oyasiga bo’ysundirilgan bo’lishi zarur. Mashg’ulot jarayonida tabassum, o’zi bajarayotgan ishdan xursandchilik, mamnunlik omili ko’rinishi shart. “Quvonch hissi, ko’z kulgusi sifatida namoyon bo’lganidek, yuzdagi kulgu ham san’atkorda ko’tarinkilik, ijod quvonchi hissini namoyon etadi”. Qo’llar erkin bo’lishi orqaga yoki ko’krakka bog’lanmagan, yonlarga erkin tushirilgan bo’lishi lozim. Bunday holatda har qanday vaziyatda erkin, zaruriy ishorani bajarish mumkin bo’ladi. Ba’zi boshlovchilarning sahnaga nihoyatda jiddiy norozi qiyofada chiqish odati bor. Tomoshabinlar oldiga tushkun, norozi yoki kekkaygan qiyofada chiqish ularning kayfiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Ba’zida omma oldiga chiqayotgan boshlovchini hayajon bosadi. O’zini qo’lga ola bilmagan boshlovchi matnlarni tez unutadi. Sahnaga chiqish oldidan hayajonni bosish uchun quyidagilar bajarilsa maqsadga muvoffiq bo’ladi. Omma oldiga chiqiboq gapira boshlash mumkin emas, o’zining va tomoshabinlarning e’tiborini jamlab olishi uchun bir necha soniya turishi lozim bo’ladi. Bu paytda 2–3 martda burun bilan chuqur nafas olish zarur. O’pka, tomoq mushaklarini taranglik holatidan xalos qilinadi, yana nafas olinadi. Sahnaga chiqqandan so’ng va ijodiy jarayon oldidagi bu oraliq tomoshabinlar e’tiborini jamlashga ham yordam beradi. Sahnaga chiqishdan oldin boshlovchi qo’lidagi matnni yana bir bor ko’zdan kechirib, texnik vositalarni ham ko’zdan kechirib qo’yishi foydadan holi bo’lmaydi. Bu fikrlar talaba-aktyorning sahna madaniyatini rivojlantirishiga xizmat qiladi. Boshlovchi kim bo’lishidan qat’iy nazar sahnada o’zining yuqori madaniyatini ko’rsatgandagina uning san’ati qadrlanadi. Uzoq yillar davomida katta sahnalarda ijod qilayotgan, o’zini sahnada tutishi bilan millionlarga o’rnak bo’lgan O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist O’tkir Siddiqov misolida ham yuqoridagi savollarga javob topish mumkin. San’atkorning o’zbek san’atiga kirib kelishi barcha tomoshabinlarga iliq bahor kabi yoqimli va xush keldi. SHu vaqtgacha uning har bir sahnaga chiqishini tomoshabinlar intiqlik bilan kutishadi. Biz san’atkor bilan suhbatlashgan vaqtimizda: uning “Men hamisha kontsert ruhiga mos tayyorlanaman. Ya’ni ma’lum ijodiy guruh bilan sahnaga chiqishdan oldin o’sha guruh yoki san’atkorning uslubi, ijodi bilan atroflicha tanishaman. Kontsertga tayyorligimni his qilganimdagina sahnaga chiqaman. Xonanda dasturga kiritgan qo’shiqni aytib, sahnani tark etaveradi. Ammo boshlovchi kechani boshidan oxirigacha javobgardir. CHunki kontsertning muvafaqqiyati boshlovchining mahoratiga bog’liq,”- degan so’zlaridan savolimizning bir qismiga javob topgandek bo’ldik. Bunda o’sha kechaning ruhiyatiga mos kiyim tanlash, sahna hatti-harakatlariga alohida e’tibor berish, xullas tashqi qiyofadan tortib, ichki madaniyatgacha kontsertning muvaffaqqiyatiga sabab bo’ladi. Zero, boshlovchi san’atkor millat nomidan sahnaga chiqadi. U har safar tomoshabinlar bilan uchrashgan chog’ida: “Men madaniyat, ma’naviyat targ’ibotchisiman. Odamlar ayniqsa, yoshlar menga qarab o’rganadi va andoza oladi, degan gaplarni o’ziga singdirishi va unga qat’iy amal qilishi kerak. O’shandagina sahnadagi boshlovchi ham tarbiyachi rolini o’ynashi shubhasiz. Ba’zida boshlovchilarning turli xil g’arbcha kiyinishiga, soch turmaklaganiga guvoh bo’lamiz. Bu ham mayli, nutqining ravon emasligi, jumlalarni palapartish aytishi fikrning buzilishiga olib keladi. Bu esa olib borayotgan tadbirga salbiy ta’sir ko’rsatadi. Bir so’z bilan aytganda, sur’at bilan siyrat o’rtasida katta tafovut kelib chiqadi. Bu tomoshabinning did-farosatini buzib yuboradi. SHundan, oddiy so’z bilan aytganda, o’ta madaniyatsizlik boshlanadi” [2, b. 28]. SHu o’rinda O’zbekiston xalq artisti G’anijon Toshmatovning sahna madaniyati haqidagi fikrlarini keltirmoqchimiz. Ustoz san’atkor sahna har kim uchun emasligini, sahnaga chiqqan ijodkor ichki madaniyatga ega bo’lishini, chunki sahna bilan tomoshabin zali o’rtasida ma’lum bir masofa borligini, san’atkor sahnaga chiqqanida tomoshabindan bir pog’ona yuqori o’tirishini, shunga yarasha tomoshabinga hurmat bilan qarashini alohida ta’kidlaganlar. Endi boshlovchining nutqi haqida to’xtalib o’tamiz. Boshlovchilik san’atining mashhur ustalaridan biri Boris Brunov shunday degan edi: “Odatda har qanday kontsertning yoki tomoshaning nutq, so’z bilan bog’liq qismi boshlovchining zimmasida bo’ladi. Siz kontsert bo’ylab, ya’ni musiqa, qo’shiq, raqslardan iborat go’zal saltanat sari sayohat qilar ekansiz, unga ishonasiz. U sizni bu saltanatning nurafshon yo’llari bo’ylab yetaklaydi, rahbarlik qiladi. Har bitta san’atkorni, ijro etiladigan har bir asarni u sizga tanishtiradi va taqdim etadi. Boshlovchi mehribon, ochiqko’ngil, ochiq chehrali mezbondir — tomoshabinlarni u kutib oladi, san’atkorlarning salomini, hurmat ehtiromini, yurakdagi gaplarini yig’ilganlarga yetkazadi. Boshlovchi yoqimli, aqlli komil suhbatdoshdir. U tomoshabinlarning kayfiyatini xushyorlik bilan kuzatib borishi, zarurat tug’ilganda yuzaga kelgan vaziyatni mos va munosib yo’sinda yumshata olishi va bu bilan davraning ravon yo’lida paydo bo’lgan to’siqni olib tashlashni bilishi zarur. Yaxshi boshlovchi o’rtamiyona dasturning darajasini ko’tarib yuborishga qodir bo’lganidek, yomon boshlovchi eng yorug’ yulduzlar qatnashadigan anjumanning qadrini tushirib yuboradi. Yoqimli ovoz, asarda ta’rif etilgan manzara, voqeani ko’rib, ko’z oldidan unda jam bo’lgan his-tuyg’ularni ko’ngildan o’tkaza olish, matnni to’la teran tushunib, matndagi tag ma’noni ilg’ab, ochib bera olish kabilar sahnadagi boshlovchining qanday mahoratga ega ekanligini anglatadi. Bundan tashqari o’zining zamon va inson taqdiri haqidagi kechinmalari, tuyg’ularidan kelib chiqqan holda nimalarnidir qo’shib boyitib, yetkazib bera olish kabilar san’atkorga xos fazilatdir. Buni o’zlashtirgan boshlovchi sahna madaniyatining yana bir qismini to’ldiradi. Klassik dramaturgiyasining daholaridan biri SHekspir ham sahnani juda ulug’lagan. Uning ta’rifi bugungi kunda ko’pchilikka ma’lum: hayotning o’zi — sahna, unda biz o’zimizga tegishli katta kichik rollarni ijro etamiz. Qolaversa, sahnaga hurmat va ehtiromda bo’lgan ijodkorgagina omad kulib boqadi. Xullas, sahna madaniyatini belgilab beruvchi ilk omil bu shu sahnaga bo’lgan ehtirom, sadoqat va katta mehr-muhabbatdir. Tan olish kerakki, bugungi kunda aksar holatlarda sahnaning bezagiga e’tibor qaratib, unda bir-ikki kunlik “Hoyu havas”ga uchib, katta ustozlar falsafasini unutib, ko’rinishdagi, ya’ni sun’iy madaniyatga ko’proq urg’u berib, ijodkorning ichki olami, ya’ni ma’naviyatini unutib qo’yayotgan ijodkorlar ham talaygina. Ustoz san’atkorlarimiz yaratib ketgan katta ijod maktabi an’analarini yosh ijodkorlarimiz ko’p holatlarda unutib qo’yayotgani mana shunday ko’ngilsizliklarga olib kelmoqda. Matbuotdagi chiqishlar orqali sahna madaniyati targ’ibotining qizg’in tusga kirganiga qaramay, baribir sahna atalmish muqaddas dargoh qoidalarini yodidan chiqarayotgan yoshlarimiz borligini inkor etolmaymiz. Xalqimizda ustoz ko’rgan shogirdning ishini ko’r, manzilini so’r, degan bir chiroyli hikmat bor. SHogird ustozining katta hayot maktabida o’qiydi. O’zi ham izlanadi va intiladi, ustoz fotihasi bilan o’z yo’liga ega bo’ladi. Sahna yozilgan va yozilmagan qonunlarga bo’ysunadi. Barcha qadriyatlarning eng yaxshilari unda mujassam. Muhimi, bu jarayonda uni teran anglamoq, uni sevmoq, unga sadoqatli bo’lmoq chin san’atkorning sof insoniy burchidir.


Download 20.49 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling