It parklarning davlatning
Download 46.5 Kb.
|
IT PARK
- Bu sahifa navigatsiya:
- Hamkorlikning yangi yo‘nalishlari
IT PARKLARNING DAVLATNING RIVOJLANISHIDAGI O’RNI ilm-fan va texnologiyalarning o‘rni beqiyos. Ushbu sohalarga e’tibor natijasida Hindiston 2005 yillardayoq dunyoning sanoati rivojlangan, agrar-industrial davlatlaridan biriga aylangan edi. Keyingi vaqtlarda ingliz tilida so‘zlashuvchi mutaxassislari ko‘pligi tufayli bu mamlakatda xalqaro korporatsiyalar soni yildan-yilga ortmoqda. Boy tarix, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega, madaniyati, milliy an’analari chuqur ildiz otgan Hindistondek davlat bilan yaqin hamkorlik O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridandir. Ta’kidlash joiz, Hindiston bilan Markaziy Osiyo xalqlari azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilib kelgan. Jumladan, o‘zbek va hind xalqlari o‘rtasidagi iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy aloqalar tarixi juda qadim davrlarga borib taqaladi. 1966 yil 10 yanvarda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilingandan keyin Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi qonli urushga chek qo‘yilgani tarixiy voqea bo‘lgan edi. Bu kabi aloqalar O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin yanada kengaydi. Ikki davlat o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik rivojida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi alohida o‘rin egallaydi. Zero, Hindiston bugungi kunda dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishda dunyoning yetakchi davlatlaridan biridir. Ushbu mamlakatda AKTning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 7,7 foizni tashkil qiladi. AKT sohasida kadrlar tayyorlash darajasi ham yuqori reytinglarda baholanadi. O‘zbekiston uchun Hindiston bilan ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik sohani zamon talablari darajasida rivojlantirishda muhim omillardan bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 30 sentyabr – 1 oktyabr kunlari Hindistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitib, strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi. Tashrif natijasida turizm, qishloq xo‘jaligi, fan-texnika, innovatsiya, tibbiyot sohalarida 20 ga yaqin bitim va kelishuvlar imzolandi. 2020 yilga kelib o‘zaro savdo aylanmasini 1 milliard AQSh dollariga yetkazish mo‘ljallandi. Prezidentimiz tashrifi natijasida Amiti universitetining Toshkentdagi filiali ochildi. Shuningdek, mutaxassislar almashinuvi, texnoparklar tajribasini o‘rganish, elektron hukumat yo‘nalishida hamkorlik, hindlar tajribasiga tayangan “elektron sog‘liqni saqlash”, “elektron bojxona”, “elektron viza” kabi elektron davlat xizmatlarini ko‘rsatishni joriy etish mo‘ljallandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modining taklifiga binoan 2019 yil 17-18 yanvar kunlari ushbu mamlakatga tashrif buyurib, “Jo‘shqin Gujarat – 2019” IX xalqaro investitsiya sammitida ishtirok etdi. Ushbu amaliy tashrif Osiyoning qudratli davlatlaridan biri Hindiston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishda yana bir muhim qadam bo‘ldi. Negaki, tashrif davomida Andijonda o‘zbek-hind erkin farmatsevtika zonasini ochish, Andijon viloyati bilan Gujarat shtati, Samarqand bilan Agra shaharlari o‘rtasida hamkorlik rishtalarini bog‘lash, shuningdek, Shimol-Janub xalqaro transport koridoriga O‘zbekistonning qo‘shilishi borasida kelishuvga erishildi. Hindistondan nimani o‘rganish mumkin? Hindistonni axborot texnologiyalari sohasida dunyoda peshqadam, dedik. So‘zimizning isboti sifatida bu mamlakatda AKT yo‘nalishida 4 millionga yaqin fuqaro mehnat qilayotganini, o‘tgan yili shu sohaning o‘zidan 185 milliard AQSh dollari miqdorida daromad olinganini aytish kifoya. Qizig‘i shundaki, sohaga e’tibor atigi 25-30 yil ilgari boshlangan edi. Hindiston tajribasini o‘rgangan holda O‘zbekiston ham axborot kommunikatsiyalarini rivojlantirish sari dadil qadam tashlayapti. Jumladan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan Dehli texnologiya universiteti, Hindiston texnologiya instituti, Hindiston ilg‘or kompyuter texnologiyalarini rivojlantirish markazi (CDAC) o‘rtasida hamkorlikka doir o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolangan. Yana bir muhim soha Elektron hukumat tizimini rivojlantirish markazi bilan Hindistondagi NIC informatika milliy markazi o‘rtasida ham aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Mamlakatimizda yangi ustuvor tarmoq shakllanishi arafasida O‘zbekiston va Hindiston hukumatlari o‘rtasida kosmosdan tinchlik maqsadida foydalanish bo‘yicha tuzilgan shartnoma ham muhim hujjatlar sirasidan. Kosmik tadqiqotlarga ixtisoslashgan ISRO tashkiloti bu borada tadqiqotlarni boshlab yuborgan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkentda dastlabki IT-Park tashkil qilindi. Hindistonda IT-Parklarni birlashtirgan STPI (Software Technology Parks of India) Hindiston dasturiy mahsulotlari va texnologiya parklari uyushmasi faoliyat olib boradi. O‘zbekistonda 2019 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan IT-Park innovatsion g‘oyalarni amalga oshirish, sohaga yetuk mutaxassislar tayyorlash, umuman olganda, axborot kommunikatsiyalari sohasida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish orqali O‘zbekiston iqtisodiyotiga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan. IT-Park axborot texnologiyalari sohasiga aloqador bo‘lgan startaplarni g‘oya ko‘rinishidan to prototip ko‘rinishiga qadar olib kelishga ko‘maklashadi. Eng katta maqsad O‘zbekistonda axborot texnologiyalari yo‘nalishida startap loyihalari uchun eko-muhitni rivojlantirishdir. Mazkur tashkiliy ishlarga bosh-qosh bo‘lgan STPI uyushmasi (Hindiston) mutaxassisi Jayaram Partasarti fikriga ko‘ra, IT-Park tarkibi quyidagicha tuzilgan: inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari; davlat jamg‘armalari hisobidan shakllantirilgan venchur moliyalashtirish va xususiy investorlar; IT-mutaxassislarni tayyorlovchi IT-akademiya; zamonaviy, qulay kovorking maydonlari va ofislari; buxgalteriya va marketing xizmatlari. Ishtirokchilar uch oy ichida o‘z ishlanmalarini sinab ko‘rish imkoniga ega bo‘ladi. IT-Park dasturlarida talabgor staptaperlar sakkizta yo‘nalishdan birini tanlab qatnashishlari mumkin. Ana shu ishga bosh-qosh bo‘layotgan Innovatsion rivojlanish vazirligining ko‘zlagan maqsadi shuki, iCreate DevX kompaniyalari bilan hamkorlik doirasida yurtimizda tashkil etilgan startap kompaniyalari Hindistonga o‘z texnologiyalarini transfer qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, qo‘shma startap loyihalarni o‘zida birlashtiruvchi “Texnologik xab”ni tashkil etishga kelishilgan. Asli, bu dunyo iqtisodiy bozorlariga kirib borish yo‘li, degani. O‘zbekistonda axborot kommunikatsiyalar bozorini shakllantirishda Hindistonning boy tajribasi qo‘l keladi. Masalan, bu mamlakatda maxsus davlat dasturi asosida axborot texnologiyalari sohasidagi eksport salohiyatiga ega kompaniyalarga barcha turdagi kompyuter va boshqa qurilmalarni bojxona to‘lovisiz olib kirish imkoniyati berilgan. U avvaliga STPI (Software and Technology Parks of India – Hindiston dasturiy mahsulotlar va texnologiya parklari) orqali amalga oshirildi va bunda IT sohasida eksport bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar yuridik shaxslar uchun solinadigan foyda solig‘idan ozod etildi. Axborot texnologiyalari iqtisodiyotda o‘z munosib o‘rnini topgach, Hindiston hukumati turli tuzilmalar, jumladan, startap fondlarini yaratish orqali startap loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Jamg‘arma tashkil qilish, undan startaplarni realizatsiya qilishda foydalanish Hindistonda 5 yil oldin yo‘lga qo‘yilgandi. Axborot texnologiyalarida yuqori natijalarga erishish, masalan, startaplarni realizatsiya qilish uchun mablag‘ asosiy rol o‘ynamaydi. Tizimli yondashuv va to‘g‘ri boshqaruv orqali boshlangan islohot o‘z ortidan mablag‘ni ham olib keladi, deb hisoblaydi mutaxassislar. O‘zbekistonda IT tarmog‘i rivojiga asosiy to‘siq shuki, bizda IT-bozorning chuqur tahlili va monitoringi o‘tkazilmaydi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, yurtimizda 7 mingdan ortiq IT tuzilmalar bo‘lib, ular asosan veb-dasturlar, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, to‘lov tizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Kompaniyalar qanaqa intellektual mahsulot ishlab chiqaradi va bozori qayerda? YaIMdagi ulushi bormi, degan savollarga hanuz javob yo‘q. Demak, bu istiqbolli sohaga shart-sharoit va imtiyozlar yetarli bo‘lishiga qaramay, katta imkoniyatdan foydalana olmayapmiz.
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida iqtisodiyotning barcha sohalarini raqamli texnologiyalar asosida yangilashni nazarda tutadigan Raqamli iqtisodiyot milliy konsepsiyasini ishlab chiqish, shu asosda “Raqamli O‘zbekiston – 2030” dasturini hayotga tatbiq etish, axborot texnologiyalari asosida bank tizimini rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanib, davlatimiz chegara xavfsizligini kuchaytirish va nazorat sifatini oshirish, umuman, ilmiy yondashuvlar asosida qator sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish vazifalarini belgilab bergan edi. Hindistonning AKT borasidagi tajribasini o‘rganish bu boradagi vazifalarni sifatli va samarali amalga oshirishda ayni muddaodir. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti qoshida J.Neru nomidagi O‘zbekiston – Hindiston axborot texnologiyalari markazi 2005 yildan beri faoliyat olib bormoqda. Markaz faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha Hindistondagi hamkor tashkilot CDAC (Ilg‘or axborot texnologiyalari o‘quv markazi) bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, malakali o‘qituvchilarni ishga taklif qilish, universitet o‘qituvchilarining malakasini oshirish imkoniyati mavjud. Toshkent shahar Olmazor tumanida Lal Bahodur Shastri nomidagi 24-umumta’lim maktabi hind tilini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashgan. Ikki tomonlama uzviylikni ta’minlash maqsadida o‘quvchilarga chet tillarini o‘rgatish, axborot kommunikatsiya hamda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish yo‘nalishida Hindiston Respublikasining yetakchi ta’lim muassasalarida amaliyot o‘tashi, o‘zaro tajriba almashishi bo‘yicha yaqin hamkorlik tashkil etilgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi delegatsiyasining Hindistonning Gujarat shtatiga safari doirasida qator loyihalarni amalga oshirish maqsadida Natural Storage Solutions Pvt. Ltd., Nath Bio-Genes, Paragon Irrigation Pvt. Ltd. va boshqa kompaniyalar bilan anglashuv memorandumlari imzolandi. Natural Storage Solutions Pvt. Ltd. kompaniyasi bilan innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi. Mazkur loyiha bo‘yicha innovatsion texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini saqlashga mo‘ljallangan zavod qurilishi rejalashtirilgan. Xulosa o‘rnida, fan - bu pulni bilimga aylantiradigan, innovatsiya – bilimni pulga aylantiradigan jarayon. Axborot texnologiyalari ushbu jarayonni tezlashtiruvchi vosita. Ushbu oltin qoidani yaxshi tushungan Hindiston hukumati so‘nggi o‘n yillikda asosan ilm-fan, texnologiyalarga e’tiborni kuchaytira boshladi. Bir olimga ilmiy adabiyotlar sotib olish uchun sarflangan mablag‘lar miqdori bo‘yicha ular hatto Xitoyni ortda qoldirmoqda (Xitoyda – 159 AQSh dollari, Hindistonda – 510 AQSh dollari). Shuni ta’kidlash o‘rinliki, Hindiston iqtisodiy salohiyati bo‘yicha 2018 yilda YaIM 2,85 trillion AQSh dollarini tashkil etib, jahonda 7-o‘rinni egalladi. Mamlakatda dunyoning 18 foiz aholisi yashaydi. G‘arb mamlakatlari prognoziga ko‘ra, Hindiston eng shiddatli rivojlanuvchi davlatlar qatoriga kiradi, yillik YaIM keyingi ikki yilda 7 foizdan oshib, hatto kelajakda Xitoydan ham o‘zib ketadi, degan taxminlar aytilmoqda. Xitoy, BAA, AQSh, Yevropa Ittifoqi, Saudiya Arabistoni, Singapur, Gonkong, Koreya Respublikasi bu davlatning asosiy savdo hamkorlari hisoblanadi. Olimlarning fikricha, 2050 yilga kelib Hindiston dunyodagi aholisi eng zich joylashgan mamlakatga aylanadi. O‘sha vaqtda aholisi soni 1,6 milliard bo‘lishi mumkin. Bu esa AQSh va Xitoy birgalikda qo‘shib hisoblagandagi ko‘rsatkichga teng bo‘ladi. Haqiqatan ham afsonalar o‘lkasi, bugunda esa yangi imkoniyatlari ochilib borayotgan Hindiston bilan do‘stlik, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish O‘zbekiston uchun foydali bo‘lib, axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot va farmatsevtika kabi ustuvor sohalarga yangi yondashuvlarni shakllantirish va rivojlantirishga yordam beradi. Download 46.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling