Jahon adabiyoti tarixi


Folklor, mif va yozma adabiyot mushtarakligi


Download 2.24 Mb.
bet36/183
Sana16.11.2023
Hajmi2.24 Mb.
#1778915
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   183
Folklor, mif va yozma adabiyot mushtarakligi. Bu uch tushuncha bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Chunki mifologik qarashlardan folklor kelib chiqqani kabi, yozma adabiyot ham o‘z navbatida har ikkalasi bulog‘idan hali-hanuz suv ichib keladi. Jahon adabiyotida mif va folklorda aks etgan g‘oyalarga suyanib, ulardan ta'sirlanib yozilgan asarlar ko‘p. Homerning “Iliada” va “Odisseya”si, Esxilning “Zanjirband Prometey”, Safoklning “Shoh Edip”, Yevripidning “Medeya”, Datening “Ilohiy komediya”, Navoiyning “Lison ut-tayr”, Gyotening “Faust”, Tomas Mannning “Sehrli tog‘” romani asarlarining negizida mif yotadi. Yoki Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani boshqa ko‘plab ildizlar qatori, o‘zbek xalq og‘zaki ijodidan oziqlanganligi, yozuvchining o‘z e'tirofidan tashqari, asarning shundoq kompoziyasiyasidan bilinib turadi. Mazkur tamoyil hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas. Bugungi o‘zbek adabiyotida ham qadimgi afsonalarga murojaat qilish tez-tez uchrab turibdi. Kengesboy Karimovning “Ulug‘ dasht bo‘rilari”, Xurshid Do‘stmuhammadning “Sizif” kabi romanlari, Nazar Eshonqulning “Vola”, Ulug‘bek Hamdamning “Yaxshiyam, sen borsan” hikoyalarida Sharq va G‘arb afsonalariga yangi, zamonaviy mazmun yuklashga harakat qilingan. K.Karimovning romanida bo‘ri afsonasiga murojaat bor. Ma'lumki, qadimgi turklar, italyanlar va kavkazliklarda bo‘riga alohida munosabat mavjud bo‘lib, bu kult ming yillar mobaynida shakllangan. Chunonchi, qadimgi turklarning bo‘ri haqidagi turli afsonalaridan biriga ko‘ra, turkiylarning 92 urug‘i ota bo‘ridan tarqagan emish. Yoki yana bir boshqa asotir aytadiki, turkiylar ona bo‘ri va dushman tomonidan qirib tashlangan urug‘dan tirik qolgan 10 yoshli o‘g‘il boladan to‘ragan. Ona bo‘ri joni omon qolgan bolani qo‘l-oyoqlari kesib tashlangan holda topib oladi. Uni bo‘ri parvarishlab boqib oladi. Oradan vaqtlar o‘tib esa, ona bo‘ri bolalaydi. Afsona turkiylarning ana shu tarzda paydo bo‘lganligini aytadi. Bo‘ri kultining tug‘ilish sababi shunday izohlanadi. K.Karimovning romanida shu asotir keltiriladi va yozuvchi badiiy niyatining ochilishiga xizmat qildiriladi. “Xo‘sh, zamonaviy yozuvchi nima uchun miflarga murojaat qiladi?” degan haqli savol tug‘iladi. Axir, miflar qadim tafakkur shaklining mahsuli bo‘lsa, undan keyin bashar ahli diniy va ilmiy tafakkur shakllarini bildi. Hozirda chaqmoq chaqishi yo shamol turishini hech kim Olimp tog‘idagi ilohlarning kayfiyatiga, kun va tunni esa bahaybat devning qo‘lini ko‘tarib tushirishiga bog‘lamaydi. Bularning hammasiga bugungi insoniyatning aniq ilmiy isbotlari bor. Ilmiy tafakkur insoniyatni xurofotning to‘ridan xalos qildi. Lekin nega haligacha miflar yashayapti? Chunki shunday miflar borki, ularning zimnida bugungi kun muammolariga eng qisqa va eng ishonarli javoblar yashiringan bo‘ladi. Hozirda, yuksak darajada rivoj topgan zamonaviy dunyoda ham insoniyat qarshisida shunday shafqatsiz ( javobsiz) savollar paydo bo‘lib turadiki, ularning yechimiga eng ko‘p miflar yaqin kelishi insonni hayratlantiradi. Shuning uchun ham biz miflarga murojaat qilamiz. Yuqorida keltirilgan “Pandora haqidagi mif”ni yoki Bilgamishning boqiy hayot suvini qidirishidan so‘zlaguvchi afsonani oling. Yoki ijod tabiatini tushuntirib berishga qaratilgan mif-afsonalar ham G‘arbda, ham Sharqda mavjud. Yunon mifiga ko‘ra, jazoga mustahiq etilgan odam misdan yasalgan ho‘kiz ichiga solinib, ostidan olov yoqiladi. Mis ho‘kiz qizib, jazolanuvchiga mislsiz azob beradi. U dod soladi. Ammo ho‘kizning og‘ziyu burnida shunday maxsus teshkichalar borki, odamning faryodi ulardan chiqarkan, ajoyib yoqimli nolaga aylanadi. Bu yoqda - maydonda esa ishtiyoqmand xaloyiq yoqimli nolani jon quloqlari bilan eshitib huzurlanadi. Bu mifni mis ho‘kiz ichida faryod chekayotgan odam - ijodkor, uning ohu nolasidan rohatlanayotganlar esa o‘quvchi, deya tushunish-tushuntirish ham mumkin. Olmon shoiri Geynening bir she'rini Cho‘lpon quyidagicha tarjima qilgan edi:
Hamma esnab turdi, quloq solmadi
Qayg‘umni gapirib bergan vaqtimda.
Meni alqamagan kishi qolmadi
Dardimni nazmga tergan vaqtimda.
Qaysi bir jihatlari bilan xuddi shu mifga o‘xshab ketadigan Sharq afsonasi bor. F. Attorda u “Qaqnus umrining uzunligi va uning ahvoli hikoyasi” deb nomlanib, quyidagicha talqin qilinadi: “Qaqnus Hindistonda yashaydigan turfa ajib bir qushdir-kim, uzun va qattiq tumshug‘i bor. Tumshug‘ida xuddi nay kabi bir qancha teshiklar mavjud. Bu teshiklar yuztaga yaqin. Qaqnusning boshqa qushlar kabi jufti yo‘q, u bolalamaydi. Tumshug‘ining har bir teshigidan o‘zgacha ovoz chiqaradi, har bir ovozida o‘zgacha nola, o‘zga bir sir bor. Har bir teshikdan turli-tuman ohangu navolar chiqarib, nola chekkach, barcha qushlar, qushlargina emas, barcha jonivorlar, hatto suvda baliqlar bundan beqaror bo‘ladilar. Barcha vahshiy darrandalar jim bo‘lib, bu ovozdan o‘zgacha holatga tushadilar. Faylasuflar unga hamroz bo‘lib, ovoziga qarab musiqa ilmini yaratdilar. U qariyb ming yil umr ko‘radi, ammo o‘limi vaqti yaqinlashayotganini oldindan sezadi. O‘limi yaqinlashgach, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushib, atrofiga ko‘p-ko‘p o‘tin yig‘adi.O‘tinlar o‘rtasiga o‘tirib olib, o‘tli nolalar chekadi. Keyin har bir teshikdan, boshqa-boshqa dardli navhalar chiqaradi, yuz teshikdan yuz xil navha-soz chiqaradi. Navha chekayotganda o‘lim alamidan lahza-lahza titrab turadi. Bo‘zlab nola chekishidan hayratlanib, qushlar va hayvonlar uning oldiga yig‘iladilar va hayotdan umidlarini uzgandayin, behol bo‘lib qoladilar. Keyin umrining so‘ngida ajab hol yuz beradi: uning nolasi zo‘ridan tumshug‘idan qon oqa boshlaydi, bir nafas tin olib, so‘ngra qanotlarini bir-biriga ura boshlaydi. Shunda uning qanotidan o‘t chaqnab chiqadi, keyin butun vujudini o‘t qoplab yona boshlaydi, olov o‘tinlarga o‘tadi va birga-birga yonib cho‘g‘ga aylanadilar. Keyin cho‘g‘lar sovib kul bo‘ladilar. Kul ichida bitta kichkina cho‘g‘ qoladi va u kichkina qaqnus bo‘lib dunyoga keladi”.9
Sharqda shoirlar ko‘pincha ana shu qaqnus qushga mengzatiladi. U ohu faryod chekadi, lekin tumshug‘idagi teshiklar bois, uning nolasi xuddi yoqimli kuydek eshitiladi. Ko‘rinib turganidek, G‘arbu Sharq afsonalarida talay kesishadigan nuqtalar bor bo‘lib, ular ijod va uning tabiatini bir qadar tushunishimizga yordam beradi.
Xullas, Sharqu G‘arbda ming yillar mobaynida bashariyat xotirasida saqlanib kelayotgan mif va afsonalarning o‘rni, ayniqsa, san'atu adabiyot uchun beqiyosdir. Dostonnavislar, dramatik va lirik shoirlar, yozuvchilar, rassomlar, haykaltaroshlar, rejissyorlar o‘z asarlarida ushbu ma'naviy buloqdan qonib-qonib suv ichdilar, hanuz ichmoqdalar.

Download 2.24 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   32   33   34   35   36   37   38   39   ...   183




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling