Jahon adabiyoti
Download 1 Mb.
|
ЖА маърузаларининг қисқартирилган варианти (1)
B) Kanada adabiyoti
Kanada adabiyotining dastlabki shakllanish davri XVI-XVII asrlar davomida fransuz va ingliz mustamlakachilarining Kanadaga kirib kelishi va koloniyalar tuzishi pallasiga to‘g‘ri keladi. XVIII asrgacha Kanada adabiyoti kanadalik hindu, inuit va eskimoslarning og‘zaki ijodi, dunyo va koinot yaralishi haqidagi afsonalari, an'anaviy folklor ko‘shiqlari, yevropalik sayyohlar va missionerlar kundaliklari, harbiy askarlar, savdogarlarning taassurotlari, gubernatorlarning memuarlaridan iborat bo‘lgan. Keyinchalik yozilgan badiiy asarlar fransuz va ingliz klassik adabiyoti an'analari ta'sirida yozilganligi, faqat shakli-shamoyili va mazmuni Kanada voqyeligiga ko‘chgani sezilib turadi. XVIII asrning oxiri va XIX asrning birinchi yarmiga kelib hajm va mavzu jihatidan tor va jo‘n bo‘lgan Kanada adabiyoti kengayib boradi. XIX asr fransuz Kanadasi poeziyasi rivojlanishida Kvebek va Monreal she'riyat maktablari atrofida birlashgan romantik shoirlar guruhining faoliyati muhim rol o‘ynaydi. Fransua Kasave, Deni Garno, Gyustav Freshett, Sharl Jil, Emil Nelligan, Alber Lazo kabi shoirlarning ijodi avvalgi taqlidchilikdan uzoklashib, o‘ziga xos uslublarda vatanparvarlik, ozodlik tuyg‘ulariga boy, inson ulug‘ligini tarannum etuvchi xususiyat kasb etadi. Ayniqsa, “Millat shoiri” deb tan olingan Oktav Kremazining she'riyati va adabiy merosi fransuz Kanadasi adabiyotida alohida o‘ringa ega. Kremazi poeziyasida shaxsiy hissiyotlar emas, ko‘proq millat va jamiyatni uyg‘otish g‘oyalari, inson orzu-ideallari ustuvorlik qiladi. Kremazi adabiy merosi faqatgina she'riyat bilan emas, balki franko-kanada adabiy muhitining rivojlanish tendensiyalariga bo‘lgan munosabati, ijtimoiy-falsafiy qarashlari bilan ham e'tiborga loyiqdir. Oktav Kremazi 1862 yil “Kanada oqshomlari” nomli ilk adabiy jurnal nashrini yo‘lga qo‘yadi va unda o‘z davri adiblarining yangi asarlaridan parchalar berib boradi. XIX asr franko-kanada badiiy adabiyotida roman va hikoya janrlarida e'tiborga loyiq asarlar deyarli yaratilmaydi. Katta ijtimoiy kuchga ega cherkov ruhoniylari adabiyot va san'at rivojini cheklab, yozilgan asarlar nashrini man etishgacha boradilar. Shuning uchun ham faqat A.Emmonning oddiy fransuzlar hayoti qalamga olingan “Mariya Shapdelen” romanini e'tiborga olmaganda, tadqiqotchilar ushbu davrni “yo‘qotilgan imkoniyatlar va yozilmagan kitoblar davri”, deb atashgan. Kanadaning anglo-kanada adabiyotida ma'rifatparvarlik g‘oyalari ustun bo‘lib, asosan, inson va tabiat, Ontario kengliklaridagi hayot, mustabidlikka qarshi kurash mavzulari asosiy o‘rin egallaydi. “Satira otasi” deb nom olgan Tomas Xambertonning “Soatsoz”i Kanada adabiyotining birinchi eng mashhur va yetuk asari hisoblanadi. Xambertonning “Soatsoz” va “Attashe” asarlari aslida badia yoki sayyohlar kundalik daftari shaklida yozilgan bo‘lib, unda ijtimoiy muammolarning o‘tkir satira orqali tanqidiy yoritilishi obrazlar ta'sirchanligini yanada oshiradi. Muallif Sem obrazida ba'zi amerikaliklar xarakteriga xos manmanlik, firibgarlik, oddiy va soddadil odamlarga nisbatan bepisandlik, tovlamachilik kabi nuqsonlarni yorqin epizodlarda fosh etadi. “Soatsoz” avval “Novoskoshn” gazetasida bosiladi. Keyinchalik Kanadada bir necha bor nashr etilib, Angliya, AQSh, Fransiya, Germaniya va boshqa mamlakatlar tillariga tarjima qilinadi. Opa-singil Katrina Treyl va Syuzanna Mudi hikoyalarida Kanadaning bo‘ysunmas tabiati, qahraton sovuq iqlimida yevropaliklarning hayot uchun kurashi, asl kanadalik hindu-inuitlar bilan munosabatlarining yoritilishi jamoatchilik etiborini tortadi. XIX asr anglo-kanada adabiyotida muhim o‘rin egallagan yozuvchilardan biri J. Richardson bo‘lib, uning “Tekulis – G‘arb kurashchisi” poemasi, “Vakusta”, “Kanadada sakkiz yil”, “Tugallanmagan 1812 yil urushi” romanlarida Kanada hindularining amerikalik bosqinchilarga qarshi mardonavor kurashi badiiy talqin etiladi. XIX asrning ikkinchi yarmida Kanada adabiyotida milliylik uchun intilishlar davri boshlanadi. Kanada xalqining milliy birligi, yagona millat sifatida o‘zlikni anglash, vatanparvarlik, betakror tabiat manzaralarini kuylash franko-kanada va anglo-kanada yozuvchi va shoirlari asarlarining asosiy mavzusiga aylanadi. Ushbu davr adabiyotida poeziya alohida o‘rin egallaydi. Anglo-kanada shoirlari Aleksandr Maklachlan, Charlz Mer, Izabella Krounford, Charlz Robertson, D. Skott, Bliss Karmen she'riyati e'tiborga loyiq. Kanada tabiati kuychisi Archibald Lampmen o‘sha davrning eng iqtidorli shoiri deb e'tirof qilinadi. Lampmenning ijtimoiy tengsizlik, yovuzlik va bosqinchilik qoralangan “yer lirikasi” poemasi turli tillarga tarjima qilinadi. Pomena Jonson (asl hinducha ismi Texaki Onveyk) poemalari va she'rlarida ona tabiat manzaralari, qadim hindular qo‘shiqlaridagi erk va ozodlik haqidagi orzu-xayollar o‘zining yorqin badiiy ifodasini topadi. XX asr Kanada badiiy adabiyotida keskin burilishlar, mavzu va janr doirasining kengayib borishi, yangi zamonaviy yo‘nalishlar ko‘zga tashlanadi. Qishloq hayoti, fermerlarning murakkab turmush tarzi, ijtimoiy muammolar, tabiatning shafqatsizligi Fridrix Fillip Grov, Timoti Findley, Jak Godbu, Ryujan Dyusharm romanlari va Marli Kallaxon prozasining asosiy mavzusiga aylanadi. Xyu Maklenan esa “Barometr’, “Ikki yolg‘izlik” romanlarida Kanada ijtimoiy-madaniy hayoti uchun muammoli bo‘lgan anglo-kanada va franko-kanadaliklar orasidagi munosabat, qarama-qarshilik masalasiga e'tibor qaratadi. Kanada “yumorining otasi” Mordixay Richler asarlarida jamiyatdagi ijtimoiy muammolarning hajviyot orqali yoritilishi Kanada adabi-yotini janr jihatidan kengaytiradi. Mashhur romannavis Robertson Devisning “Deptfor trilogiyasi”ni adabiyotshunoslar XX asr Kanada badiiy adabiyotining eng mukammal asari, deb e'tirof etadi. Kanada zamonaviy adabiyotining atoqli namoyandalaridan biri Timoti Irvin Frederik (adabiy taxallusi TIFF) nomi Kanada adabiyoti tarixida alohida o‘rin egallaydi. Kanada va Fransiyaning Oliy ordenlari kavaleri TIFFning “Urushlar” romani Kanada general-gubernatorining Oliy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Timoti Irvin Frederik Kanada adabiyot Assotsiatsiyasining uch nominatsiyasi bo‘yicha – “roman, drama va hikoya asarlari uchun” mukofotining yagona sovrindori hisoblanadi. Uning “Ziyoratchi”, Ann Eberning “Kamuraska” romanlari jahon adabiyotining eng sara asarlari qatoridan o‘rin egallagan. Maykl Ondatje asarlari, Margaret Etvudning hikoya va novellalari Buker mukofotiga, Kerol Shildsning “Stoun kundaliklari” asari Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lishi, Gabriel Ruaning “Tasodifiy baxt”, Kinsellaning “Orzular maydoni” asarlari asosida badiiy filmlar yaratilishi, Maykl Ondaatjining “Angliyalik patsient“ filmi “Oskar” mukofoti bilan taqdirlanishi Kanada adabiyotining dunyoga chiqishida muhim ahamiyat kasb etdi. XX asrning ikkinchi yarmida Kanada poeziyasi yuksak darajaga ko‘tariladi. Zamonaviy Kanada she'riyatining o‘ziga xos mavzu va uslublar rang-barangligi mashhur shoirlari Fillis Vebb, Margaret Etvud, Gvedolin Mak Yuin ijodida namoyon bo‘ladi. Erl Berni ijodidagi ijtimoiy mavzuning yangicha poetik ifodasi, Leonard Koenning syurrealistik tajribalari, Jo Rozenblatning shakliy eksperimentlari, Barri Nikol qalamiga mansub she'riy romanlar va poemalar, Kristian Byokning “kuylovchi” poeziyasi, Patrik Leynning sodda she'riy hikoyalari, poeziyadagi uslubiy, badiiy-g‘oyaviy izlanishlar ko‘lamining kengligi Kanada shoirlarini jahonga tanitadi. Kanada adabiyotining rivojida mamlakatda adabiyot va madaniyat ravnaqiga davlat siyosati darajasida ahamiyat berilishining o‘rni beqiyos. Shu munosabat bilan aholining badiiy-estetik ongini shakllantirishga qaratilgan qator dasturlarni eslash joiz. Shulardan biri “She'riyat tarbiyasi” dasturi bo‘lib, birinchi bosqichda 7-12 yoshli bolalarning badiiy ijodga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish uchun mashhur shoirlarni boshlang‘ich va o‘rta maktablarga ustoz sifatida biriktirish ishlari amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqichda esa oliy o‘quv yurtlari talabalari, hukumat idoralari xizmatchilari va turli soha xodimlarida she'riyatga qiziqish uyg‘otish, ijod qilishlari uchun amaliy yordam sifatida taniqli shoir va adiblarni jalb etib, havaskorlikni rag‘batlantirishga e'tibor qaratildi. XX asrning 90-yillarida “Kanada shoirlari ligasi” tashkil topadi. Liga she'riyatga bag‘ishlangan turli festival va tanlovlar o‘tkazadi, bolalar she'rlari to‘plamlari, havaskor shoir va yozuvchilar ijodidan namunalar nashr etib, keng targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiradi. Liganing yana bir muhim vazifalaridan biri, xorijiy mamlakatlarda Kanada yozuvchilarining kitob bozorlari va yarmarkalarini o‘tkazish, dunyodagi adabiyot markazlariga Kanada shoirlari va adiblarining yangi asarlari haqida axborot tarqatishdan iboratdir. “Shoirlar ligasi”, Kanada yozuvchilar uyushmasi, Kanada mualliflar assotsiatsiyasi, Kanada she'riyat assotsiatsiyasi, “Yozuvchilar bolalar uchun”, Kanada san'ati konfederatsiyasi kabi tashkilotlar hamda adabiyot sohasidagi eng nufuzli milliy mukofotlar ko‘pmillatli Kanada adabiyoti va sanatining taraqqiyotida muhim ahamiyatga ega. 2013 yilda 82 yoshli yozuvchi Elis Manroning adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘lishi Kanada adabiyotining mavqyeini yanada yuksaklikka ko‘tardi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling