Jahon tarixidan yakuniy nazorat savollar javobi ижтимоий тараққиётнинг асосий йўналишлари


Eronda 1905-1911 yillardagi inqilob. 1907 yildagi ingliz-rus bitimi


Download 190.18 Kb.
bet36/38
Sana27.01.2023
Hajmi190.18 Kb.
#1131109
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38
Bog'liq
JAHON TARIXIDAN YAKUNIY NAZORAT SAVOLLAR JAVOBI

Eronda 1905-1911 yillardagi inqilob. 1907 yildagi ingliz-rus bitimi.
Eronning yarim mustamlakaga aylanishi bu yerda tovar-pul munosabatlarining rivojlanishi va kapitalistik ukladning shakllanishi bilan birga bordi. XX asr boshiga kelib Eronda bir qancha to’qimachilik, gugurt, qog’oz ishlab chiqarish korxonalari, uncha katta bo’lmagan elektr stantsiyalari bor edi. Lekin bu yerda sanoat taraqqiyoti Hindiston va Xitoyga nisbatan sekinlik bilan rivojlandi. Eronliklar tomonidan tashkil qilingan korxonalarning ko’pchiligi ko’p o’tmasdan chet elliklar raqobatiga dosh berolmay yopilardi yoki chet elliklar qo’liga o’tib ketardi. Bu yerda kapitalistik munosabatlarning ancha zaif rivojlanganligi, feodal tarqoqlik sarqitlarining kuchli darajada saqlanib qolganligi, aholi tarkibida ko’p qabilalik va ko’p elatlilikning mavjudligi burjua millatining shakllanishini ham qiyinlashtirardi. Angliya va Rossiya hukumatlari XX asr boshiga kelib Eron shohini yangi asoratli zayomlar to’g’risidagi bitimlarni imzolashga majbur qildilar. Bu bitimlar ingliz va rus tovarlaridan olinadigan bojlarni bekor qildi yoki juda kamaytirdi. Ingliz va rus tadbirkorlari Eronda yangi kontsessiyalarga ega bo’ldilar. Shoh hukumati 1901 yilda ingliz fuqarosi Vilyam Noks d’Arsiga neft qazib olish bo’yicha kontsessiya berdi. d’Arsi korxonasi Eron hududining 5/6 qismida neft qazib olish huquqiga ega bo’ldi va ingliz imperialistlari uchun juda katta ahamiyatga ega bo’lib, tez orada “Angliya-Eron neft kompaniyasi”ga aylandi. XX asr boshida Eronni Angliya va Rossiya o’zaro taqsimlab olib, uni yarim mustamlakadan mustamlakaga aylantirish xavfi yuzaga keldi. Bog’dod temir yo’lining qurilishi munosabati bilan German imperializmining ham Eronga qiziqishi kuchaydi. Shaharlarda nemis savdo firmalari ochila boshlandi. Germaniya monopoliyalari Angliya va Rossiyani siqib chiqarishga va Eronda o’rnashib olishga harakat qildi. Mamlakatda hukm surayotgan Xojarlar sulolasining feodal zulmi ham Eron ishlab chiqaruvchi kuchlarining taraqqiyotiga g’ov bo’layotgan edi. Chet elliklar hukmronligi va Hojarlar zulmini ag’darib tashlamasdan turib Eron iqtisodi va madaniyatini, ishlab chiqaruvchi kuchlar yuksalishini, davlat mustaqilligi va yaxlitligini tiklab bo’lmas edi.
XX asr boshiga kelib Eronda chet el mustamlakachilariga va feodal zulmga qarshi kurash boshlagan ijtimoiy kuchlar tashkil topayotgan edi. Mamlakat aholisining katta qismini o’z yeridan mahrum bo’lgan, chet elliklar va pomeshchiklar tomonidan qattiq asoratga solinayotgan dehqonlar tashkil qilardi. Eron proletariati esa asosan mayda yarim kustar korxonalarning kam sonli ishchilaridan tashkil topgan bo’lib, yaxshi uyushmagan edi. O’sha davrdagi tarixiy sharoitda mamlakatdagi imperialistik zulm va feodal tartiblarni tugatish, milliy kapitalizm taraqqiyoti uchun qulay imkoniyat yaratishdan manfaatdor bo’lgan milliy burjuaziya etilib kelayotgan burjua inqilobida rahbarlik rolini o’ynashi kerak edi. Eron burjuaziyasi ko’p sonli o’rta va mayda savdogarlardan, kichik korxonalar va hunarmandchilik ustaxonalari egalaridan tashkil topgan edi. Yirik burjuaziya deyarli yo’q edi. Yevropa mamlakatlarida ta’lim olgan uncha ko’p sonli bo’lmagan eronlik ziyolilar milliy burjuaziyasining siyosiy intilishlarini o’zida ifoda etardilar. Eronlik muhojirlar chet ellarda bir qancha muxolifatchi gazetalarni nashr etib, ularni Eronda yashirin ravishda tarqatardilar. XX asr boshlarida mamlakatda shoh hokimyatiga qarshi kurashishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan bir qancha kichik tashkilot va guruhlar tuzildi. Tehronda islohot tarafdorlari Milliy kutubxona tashkil qildilar va u tez orada vatanparvarlik kayfiyatidagi ziyolilarning markaziga aylandi. Lekin Eron milliy burjuaziyasining zaifligi bu guruhlarga ham o’z ta’sirini o’tkazmoqda edi. Inqilob arafasida Eronda birorta siyosiy partiya yoki ta’sir kuchiga ega bo’lgan siyosiy tashkilot yo’q edi. Siyosiy va iqtisodiy inqirozning kuchayishi inqilobiy vaziyatning yuzaga kelishiga ko’maklashdi. Xalq ommasining azob-uqubatlari va muhtojligi yil sayin kuchayib bordi. Shahar va qishloqlarda yuz beradigan ocharchilik doimiy voqeaga aylandi. 1900 yilda Tehronda va boshqa bir qator shaharlarda non mahsulotlari narxining oshishiga qarshi g’alayonlar bo’lib o’tdi. 1901, 1903 yillarda ochlik isyonlari yanada ko’paydi. 1904 va 1905 yillarda xalq ommasining yangi chiqishlari ro’y berdi. Hukmron doiralar ichida ham inqiroz belgilari kuchaydi. Hukmron sinf vakillari o’rtasida yakdillik yo’q edi. O’z xo’jaliklarini bozor ehtiyojlari asosida tashkil qilgan pomeshchiklarning bir qismi islohotlar tarafdori edilar. Diniy sudlar vakolatlarini cheklash maqsadida sud islohotlari o’tkazishga bo’lgan urinishlar shoh bilan ruhoniylarning yuqori qatlami o’rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqardi. 1905 yilda Rossiyada boshlanib ketgan birinchi rus inqilobi Eronga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. O’n minglab eronlik ishchilar har yili mablag’ topish uchun Kavkazortiga va Kaspiy ortiga borardilar. Ular bu hda rus ishchilari bilan muloqotda bo’lib, sotsial-demokratik g’oyalar bilan tanishardilar. Rus inqilobi boshlanib ketgach, tez orada Bokuda neft sanoati ishchilari tomonidan dastlabki sotsial-demokratik guruh tashkil etildi. Tehronda Rossiyada ta’lim olgan injener Haydar Amuo’g’li boshchiligida sotsial-demokratlarning siyosiy to’garagi tashkil etildi. Tehronda 1905 yil 12 dekabrda mavjud tartib qoidalardan o’z noroziliklarini bildirgan bir necha savdogarlar qamoqqa olinib, kaltaklandi. Shu vaqtda poytaxtda Kerman gubernatorining aholini shafqatsizlik bilan jazolagani haqidagi xabar ham tarqaldi. Bularning hammasi poytaxt aholisini g’azablantirib yubordi. 13 dekabrda Tehrondagi barcha bozorlar, do’kon, ustaxonalar yopildi. Machitlarning birida to’plangan aholi gubernatorning iste’foga chiqarilishini, hokimyat vakillari tomonidan bo’layotgan suiiste’molliklarni tekshirish uchun komissiya tuzilishini talab qildilar. Miting tarqatib yuborildi, lekin hukumatga qarshi chiqishlar davom etdi. Ertasi kuni ruhoniylar yuqori tabaqasi vakillarining bir guruhi poytaxtni tashlab, shahardan ancha yiroqdagi mashhur bir machitga yo’l oldilar. Aholi ularning ketishlarini hukumatga qarshi qaratilgan namoyish sifatida qabul qildi. Ruhoniylarga ko’p sonli mullalar, savdogarlar, hunarmandlar ham qo’shildi. Tez orada 2 mingga yaqin odam to’plandi va hokimyat faoliyatiga qarshi norozilik sifatida best boshladilar. (Best, bestga o’tirish – Eronda eski urf-odatlarga ko’ra daxlsizlik huquqiga ega bo’lgan boshpanalarga (machit, elchixona va sh.o’.) odamlarning kelib o’tirishlari, yashirinishlari. Hokimyat shunday boshpanalarga yashiringan odamlarga nisbatan qamoqqa olish yoki kuch ishlatish kabilarni qo’llashi mumkin emas). Best ishtirokchilari boshqa shaharlarga ham o’z vakillarini yubordilar. Sheroz va Mashhadda ham namoyishlar va best boshlandi. Best ishtirokchilari Bosh vazirning iste’foga chiqarilishini, eng yomon amaldorlarni qamoqqa olinishini, hammaning qonun oldida tengligi asosida aholi shikoyatlarini odil hal qilish uchun “Adolat uyi”ni tashkil qilishni, belgiyalik Nausni bojxona vaziri lavozimidan bo’shatishni talab qildilar. Tehron garnizonining harbiy qismlarida ham norozilik kuchaydi. Xalq harakatidan qo’rqib qolgan Muzaffariddin shoh yon berishga majbur bo’ldi. U Tehron va Kermon gubernatorlarini vazifasidan bo’shatdi, “Adolat uyi”ni tashkil qilish to’g’risida farmon chiqardi. 1906 yil yanvarda best ishtirokchilari Tehronga qaytib keldilar. Lekin shoh o’z va’dalarini bajarishni turli yo’llar bilan orqaga sura boshladi. Bu esa norozilikni yangidan kuchayishiga olib keldi. 1906 yil bahorida ko’pgina shaharlarda inglizlarning Shahanshoh bankini boykot qilish boshlandi, bir qancha shaharlarda bankning bo’limlari ostin-ustun qilindi.
1906 yil yozida inqilobning yangidan ko’tarilishi yuz berdi. Bozorlarda, maydonlarda, machitlarda ko’p kishilik mitinglar yig’ilardi. 10 iyulda Tehronda mashhur bo’lgan targ’ibotchi shayx Muhammad qamoqqa olinganida olomon uni kuch bilan ozod qildi. Askarlar namoyishchilarga qarata o’q uzdilar, bir necha odam yaralandi, sayidlardan biri halok bo’ldi. Ertasi kuni barcha bozorlar, do’konlar, hunarmandlarning ustaxonalari yopildi. Namoyishchilar bayroq o’rnida halok bo’lgan sayidning kiyimlarini ko’tarib oldilar. Bu namoyishlar 12 iyulgacha davom etdi. Siyosiy vaziyat juda keskinlashdi. 15 iyulda ruhoniylar yuqori qatlamining 200 vakili namoyishkorona Tehrondan Qumga chiqib ketdilar. 16 iyul kuni Tehronning taniqli savdogarlarining bir guruhi Angliya missiyasining bog’ida bestga o’tirdilar. Bir necha kundan keyin best qatnashchilarining soni 13 ming kishiga etdi. Ular katta chodirlar qurib, gulxanlar yoqardilar. Mitinglar deyarli to’xtovsiz davom etardi. Bestda o’tirganlar harakatga rahbarlik qilish uchun komissiya tuzib, Qumdagi ruhoniylar bilan, boshqa shahar va provintsiyalardagi harakat ishtirokchilari bilan aloqa o’rnatdilar. Best harakati qatnashchilarining shohga yo’llagan talablarida ilgarigi Bosh vazirni ishdan bo’shatish to’g’risidagi talabga yangi talab – konstitutsiya joriy qilish va majlis (parlament) chaqirish to’g’risidagi talablarni ham qo’shdilar. Tehrondagi voqealar boshqa shaharlarga ham etib bordi va bu shaharlarda Tehron bilan birdamlik harakati keng yoyildi. Qumdagi ruhoniylar Tehrondagi best ishtirokchilarining talablari bajarilmaydigan bo’lsa, ular Erondan chiqib ketishlarini bildirdilar. Bu xabar musulmonlarga katta ta’sir ko’rsatdi. Tehronga keltirilgan harbiy qismlarda ham hukumatga qarshi kayfiyat kuchaydi, bu qismlardan biri best ishtirokchilari tomoniga o’tdi. Shoh xalq ommasi talablarini qabul qilishga majbur bo’ldi. Iyul oyi oxirida liberal kayfiyatdagi amaldor Nasrulloxon Moshir ud Davla hukumat boshlig’i bo’ldi, avgust boshida majlisga saylovlar to’g’risida farmon chiqarildi. Shundan keyin best to’xtatildi, yuqori tabaqa ruhoniylari Qumdan Tehronga qaytib keldi. Oktabr oyida Eronning birinchi majlisi (parlament) o’z ishini boshladi. Majlis tarkibining asosiy qismini feodal zodagonlari, pomeshchiklar, ruhoniylar, savdogarlar tashkil qilardi. Lekin u inqilob natijasida yaratilgan parlament bo’lib, uning majlislari oshkora holda o’tardi. Aholi majlis muzokaralarida ishtirok etib, turli masalalarni majlis muhokamasiga kiritardi. Bu harakatlar oziq-ovqat narxlarini pasaytirish, milliy bankni tashkil qilish kabi ijobiy tadbirlarni amalga oshirishga yordam berdi. Muzaffariddin shoh 1906 yil dekabri oxirida parlament tomonidan ishlab chiqilgan “Asosiy qonun”ni tasdiqladi.
Majlis (parlament) chaqirilishi va “Asosiy qonun”ning qabul qilinishi inqilobning dastlabki yutug’i edi. Bu davrda inqilobga rahbarlik to’la holda liberal elementlar – ruhoniylar, liberal pomeshchiklar, yirik savdogarlar qo’lida edi. Bu davrda inqilobiy harakatning liberal va demokratik qanotlari o’rtasida ko’zga ko’rinarli ajralish yo’q edi. Lekin inqilobning kengayib borishi davomida unda ishtirok etayotgan sinfiy kuchlar o’rtasida ham ajralish kuchayib bordi. Qo’lga kiritilgan yutuqlar liberal elementlarni qanoatlantirardi. Ular inqilobiy harakatni to’xtatishga intilardilar. Burjuaziyaning demokratik unsurlari va keng xalq ommasi inqilobni yanada rivojlantirish uchun kurashardilar. 1907 yilda ommaviy harakatning yanada ko’tarilishi kuzatildi. Isfaxon, Resht, Tabriz, Zanjon va boshqa shaharlarda shoh hukumati va feodallarning zo’ravonligi, suiiste’molliklariga qarshi namoyishlar, best harakatlari bo’lib o’tdi. Chet el imperialistlariga qarshi bevosita chiqishlar bo’ldi. Aholi chet el tovarlarini boykot qildi. 1907 yil yanvarda Muzaffariddin vafotidan keyin taxtga uning o’g’li Muhammad Ali o’tirdi. Yangi shoh majlisni tan olmadi, u Eronni rasmiy ravishda konstitutsion davlat deb tan olmadi. 1906 yil oxirida qabul qilingan “Asosiy qonun” faqat majlisning huquq va vakolatlarini belgilab bergan bo’lib, davlat qurilishining boshqa masalalari hal qilinmay qolib ketgan edi. Shoh majlisning “Asosiy qonun”ga qo’shimchalar kiritish va shu yo’l bilan konstitutsiya ishlab chiqilishini o’z yakuniga etkazish haqidagi taklifini rad etdi. Lekin Tehron, Tabriz va boshqa shaharlar aholisining faol chiqishlari Muhammad Alini chekinishga majbur qildi. U 1907 yil oktabrda majlis tomonidan ishlab chiqilgan “Eron Asosiy qonuniga qo’shimchalar”ni tasdiqladi. “Asosiy qonuniga qo’shimchalar”ni qabul qilinishi bilan konstitutsiyani yaratish o’z nihoyasiga etdi. Shoh hokimyati majlis tomonidan cheklab qo’yilgan bo’lib, majlis qonunlar chiqarish, budjetni tasdiqlash, qarzlar, kontsessiyalar to’g’risida bitimlar tuzish kabi vakolatlarga ega edi. Yuqori palata – senat tashkil qilish ko’zda tutildi. Provintsiyalar va viloyatlarda mahalliy hokimyat faoliyatini kuzatib borish uchun aholi tomonidan saylab qo’yiladigan anjumanlar tuzilishiga ruxsat berdi. Shaxs, shaxsiy mulk, uy-joy daxlsizligi va boshqalar e’lon qilindi. Ruhoniylarning ko’pchilik imtiyozlari saqlanib qoldi. Oliy ruhoniylardan tashkil topgan maxsus kollegiya qabul qilinayotgan qonunlarning islom dini ruhiga mos kelishi-kelmasligi haqida qaror chiqarish huquqiga ega bo’ldi. Eronning konstitutsion davlatga aylanishi ijobiy voqea bo’ldi. “Asosiy qonuniga qo’shimchalar” qabul qilinganidan keyin liberallarning inqilobdan chetlashishi asosan o’z nihoyasiga etdi. Yirik savdogarlar, liberal pomeshchiklar, ruhoniylar inqilob o’z vazifasini bajarib bo’ldi, keyingi islohotlar va o’zgarishlarni majlis orqali asta-sekin amalga oshirish mumkin deb hisoblardilar. Erondagi voqealarning rivojlanib borishi Angliya va Rossiya hukumatlarini cho’chitib qo’ydi. Ular inqilobni bo’g’ib tashlashga intildilar. 1907 yil boshida Tehrondagi ingliz elchisi inqilobga qarshi interventsiya uyushtirishga chaqirdi. Angliya bilan Rossiya o’rtasida katta imperialistik ziddiyatlar mavjud bo’lsada Eron xalqining demokratik-inqilobiy harakatiga dushmanlik, bu inqilobni bostirishga bo’lgan intilish ingliz va rus hukumatlarini bir-biriga yaqinlashtirdi. Bunga ma’lum ma’noda ingliz-german va rus-german imperialistik ziddiyatlarining mavjudligi ham ko’maklashdi. 1907 yil 31 avgustda Peterburgda Eron, Afg’oniston va Tibetdagi ta’sir hududlarini belgilab olish to’g’risida Angliya-Rossiya bitimi tuzildi. Shimoliy Eron chor Rossiyasining, Janubi-Sharqiy Eron Angliyaning ta’sir hududi deb belgilandi. Ular o’rtasidagi hudud betaraf deb e’tirof etildi. Ingliz-rus bitimining tuzilishi Angliya, Fransiya va Rossiyadan iborat Antanta harbiy ittifoqini tashkil qilinishini o’z nihoyasiga etkazdi. Shu bilan birga bu bitim Eron inqilobiga qarshi qaratilgan bitim edi.



Download 190.18 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   30   31   32   33   34   35   36   37   38




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling