Jaloliddin Manguberdi
Download 53.7 Kb. Pdf ko'rish
|
1 2
Bog'liqJaloliddin Manguberdi - Vikipediya
Jaloliddin Manguberdi Haqiqatga yaqin rivoyat Jaloliddin Manguberdi ( arabcha : ﻲﺗﺮﺒﻜﻨﻣ ﻦﻳﺪﻟا لﻼﺟ— Jalāl al-Dīn Menguberdī, toʻliq ismi — Jaloliddin Abulmuzaffar Manguberdi ibn Muhammad) ( 1198 — 1231 ) — Xorazmshohlar davlatining soʻnggi hukmdori ( 1220-yildan ), Muhammad Xorazmshohning toʻngʻich oʻgʻli. U 33 yil umr koʻradi va uni 11 yili jang ichida oʻtadi. Toʻliq ismi Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad. Onasi — Oychechak boʻlgan. Jaloliddining burnida xoli (mank) boʻlgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda oʻzgarib "Manguberdi" nomi bilan mashhur boʻlib ketgan. Jaloliddin Manguberdi voyaga yetgach, otasi uni Gʻazna , Bomiyon , Gʻur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha boʻlgan yerlarga hokim va taxt vorisi etib tayinlagan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qatiy noroziligi sababli Qutbiddin Oʻzloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin Manguberdi otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, oʻzining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qarang Irgʻiz daryosi boʻyidagi jang ). Chingizxon boshchiligidagi moʻgʻul qoʻshinlari Movarounnahr ga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqand ga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi boʻyida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashura orolidan panoh topgan. Ogʻir bemor boʻlgan Muhammad oʻgʻillarini yoniga chorlab, soʻnggi damda Jaloliddin Manguberdini oʻz oʻrniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin Oʻzloqshoxlar bilan birga Gurganj mudofaasiga oshiqadi. Lekin Gurganjdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb eʼlon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi boʻldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 suvoriy bilan Gurganjni tark etib Xuroson ga yoʻl olgan. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar moʻgʻul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan soʻng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga nomalar joʻnatib, moʻgʻul bosqinchilariga qarshi birlashishga daʼvat etdi, bir oydan soʻng Gʻazna tomon yurdi. Yoʻlda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qoʻshin bilan kelib qoʻshildi. Chingizxon va mo'g'ul qo'shinidan qochib, tez Indus daryosidan o'tayotgan Jaloliddin Xorazmas-Shoh. Biografiya Qandahor ni qamal qilib turgan moʻgʻul qoʻshinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdi ularni tormor keltirgan. U Gʻaznaga 1221 yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshligʻi Sayfuddin Igʻroq, Balx voliysi Aʼzam malik, afgʻonlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshligʻi Hasan Qarluq kelib qoʻshildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qoʻshin bor edi. Jaloliddin Manguberdining oʻzidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qalʼasini qamal qilayotgan Takajuk va Malgʻur boshchiligidagi moʻgʻul qoʻshiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan soʻng ularni tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq moʻgʻul askari oʻldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan oʻtib, koʻprikni buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining moʻgʻullar ustidan qozongan dastlabki yirik gʻalabasi edi. Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu noʻyonni 45 minglik qoʻshin bilan joʻnatadi. Gʻazni yaqinidagi Parvon jangi da Jaloliddin Manguberdi moʻgʻullar ustidan ajoyib gʻalabani qoʻlga kiritadi. Biroq jangdan soʻng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari oʻlja ustida oʻzaro janjallashib qolib, oqibatda Sayfuddin Igʻroq, Aʼzam malik va Muzaffar maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etganlar. Jaloliddin Manguberdining yonida faqat Aminalmulk oʻz lashkari bilan qolgan, xolos. Chingizxon katta qoʻshin toʻplab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan oʻzi otlangan. Fapdiz qalʼasi yaqinida Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qoʻshinining ilgʻorini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qoʻshini Jaloliddin Manguberdini daryodan o'tishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221 yil 25 noyabrda boʻlgan tengsiz jangda ( Sind daryosi boʻyidagi jang ) magʻlubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning oʻng sohiliga suzib oʻtib, choʻl ichkarisiga kirib ketdi (Bu choʻl hozirda ham Choʻli Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, oʻz oʻgʻillariga qarab: "Ota oʻgʻil mana shunday boʻlishi lozim!", degan. Oradan bir necha kun oʻtgach, Jaloliddin Manguberdi qoʻshini soni 7 mingga yetdi. Unga Kulbars bahodir, Kabkuh va Saʼdiddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar oʻz kishilari bilan kelib qoʻshildi. Jaloliddin Manguberdi Shim. Hindistonning notanish choʻlida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi boʻlgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga xujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon oʻqidan rana halok boʻladi, qoʻshini esa parokanda boʻlib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta oʻljani qoʻlga kiritadi. Bu gʻalabadan soʻng Sind, Uchcha, Moʻlton , Lohur va Peshovar hokimi Nosiriddin Qubacha (1205—27)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga oʻzini xayrixohligini izhor etib, sovgʻa-salomlar joʻnatgan. Gʻiyosiddin Pirshoh ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonxon, Elchi pahlavon, Oʻrxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar oʻz lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qoʻshildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qalʼalarini qoʻlga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qoʻshini hamda mamluklar sulolasidan boʻlgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmish dan olgan qoʻshimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq magʻlubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarogʻlari oʻlja tushgan. 1222 yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdi izidan Toʻrbay Toʻqshin va Bola noʻyonni 20 minglik qoʻshin bilan joʻnatadi. Lekin ular Moʻltonga qadar borib, shaharni ololmay, jazirama issiqqa dosh berolmay qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi oʻziga qarshi moʻgʻul qoʻshinlari joʻnatilgani xabarini Parosravar qalʼasini olgandan soʻng eshitgan. Jaloliddin Manguberdi Moʻlton tomon yoʻl olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qoʻshini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qoʻshin joʻnatadi. Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qoʻshin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining Oʻzbek Toy Jahon Paxlavon qoʻmondonligi ostidagi ilgori Eltutmish ilgʻori bilan toʻqnashib raqibidan ustun keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh soʻraydi. Jaloliddin Manguberdi Hindistonda oʻz nomidan kumush va mis tangalar zarb qiladi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutba ga qoʻshib oʻqilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormodqa edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari oʻzaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon boʻlib qoldi. Jaloliddin Manguberdining ikki lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar xiyonat qilib Eltutmish tomoniga oʻtganlar. Qiyin vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqirgan. Amirlarning koʻpchiligi Iroq tomon yurish qilib, uni Gʻiyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Iroqda siyosiy parokandalik hukm surardi. Iroq tomon ketishga qaror qilindi. Jaloliddin Manguberdi oʻzining Hindistonda zabt etgan mulklariga Oʻzbek Toy Jahon Paxlavonni, Gʻur va Gʻazni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yoʻl olgan. Choʻlu biyobonlarni kesib oʻtishda Jaloliddin Manguberdining koʻp jangchilari nobud boʻlgan, nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmon ga yetib kelgan. Gʻiyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan soʻng Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sheroz ga kelgan. Fors hokimi otabek Saʼd ibn Zangiy va Yazd xokimi otabek Al-uddavla ibn Toʻgʻonshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahon ga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qoʻshini qurol-aslaqa bilan taʼminlanadi. Bu hol Gʻiyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qoʻshin bilan yoʻlga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovgʻasalomlar bilan miroxur Odekni elchi sifatida joʻnatgan va oʻzaro nizoni tinchlik bilan hal etgan. Qoʻshin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga oʻtgan. 1225 yil Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjon ga yurish qiladi. Soʻng Bagʻdod ga qarshi yurishga hozirlik koʻradi. Xalifa Nosir ga elchi joʻnatib, moʻgʻullarga qarshi birlashishga chaqirdi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi oʻzining mamluki amir Jamoliddin Qushtemur boshliq 20 minglik qoʻshinini joʻnatdi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qoʻshinlari tor-mor keltirildi. Xalifa Bagʻdod mudofaasi bilan mashgʻul boʻladi. Jaloliddin Manguberdi Bagʻdod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron otabegi Oʻzbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini oʻz holiga tashlab qoʻygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. 1225 yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marogʻa shahrini jangsiz qoʻlga kiritadi. Damashq , Er-bil hokimlari u bilan ittifoq tuzishga rozi boʻladilar. Otabek Oʻzbek Tabriz ni tashlab Ganja ga, soʻng Alinjo qalʼasiga qochib oʻsha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan soʻng oʻz qoʻshinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225 yil avg .da Garni qalʼasi yaqinida gurjilarning Ivane Mhargodzeli boshliq 60 minglik qoʻshinini tor-mor keltiradi va Tiflis ga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga koʻchib oʻtgan. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimlari oʻz tobeliklarini bildirishgan. 1227 yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlogʻi yaqinida Jaloliddin Manguberdi moʻgʻullarning Taynol noʻyon boshliq qoʻshinini yenggan. Taynol noʻyon Jaloliddin Manguberdi haqida: "Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, oʻz tengqurlarining sarvari ekan", degan. Jaloliddin Manguberdining Koʻniya sultoni Alouddin Kayqubod , Jazira hokimi al-Malik al-Ashraf Muzaf fariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Iso va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, ularni moʻgʻullarga qarshi kurashish yoʻlida birlashtirish yoʻlidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Ustiga ustak Alouddin Kayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq boʻldi. 1230 yil 10 avg .da Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari magʻlubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan moʻgʻullar katta qoʻshin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marogʻa, Tabrizni egallab (1231 yil), Jaloliddin Manguberdini taʼqib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida moʻgʻullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qoʻshinini tor-mor keltiradilar, Jaloliddin Manguberdini oʻzi esa taʼqibdan qutulib Kurdiston togʻlari ga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qoʻliga asir tushib, fojiali ravishda halok boʻlgan. Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: "Jaloliddin qorachadan kelgan, oʻrta boʻyli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir soʻzli, kek saqlamaydigan, ochiq koʻngil, toʻgʻri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa, jilmayib qoʻyardi. U adolatsizliklarni yomon koʻrardi. Jaloliddin oʻta qatʼiyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida oʻzini yoʻqotib qoʻymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi". Oʻzbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining moʻgʻul bosqinchilariga qarshi kurashda koʻrsatgan mislsiz jasorati, vatanga va oʻz xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida "Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida" qaror qabul qiddi (1998 yil). Qarorga koʻra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal oʻrnatildi, yirik koʻcha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qoʻyildi. Jaloliddin Manguberdi haqida videofilm, doston, pyesa va boshqa yaratilgan. " Jaloliddin Manguberdi" ordeni taʼsis etilgan (2000 yil 30 avgust). Hozirgi kunga kelib, Jaloliddin, oʻzbek va turkman xalqlarining milliy qahramoniga aylangan. Unga atab bir necha doston va asarlar yaratilgan. Shaxobiddin Muhammad al-Nasaviy , Sulton Jaloliddin Manguberdi hayoti tafsiloti, T., 1999; Jaloliddin Manguberdi (oʻzbek, ingliz, rus tilida), T., 1999; Jaloliddin Manguberdi, Vatan, yurt himoyachisi, T., 1999; Buniyotov 3., Anushtagin Xorazmshohlar davlati (1097—1231), T., 1998; Toshev N., Jaloliddin Manguberdi, T., 1999; Boʻriyev O., Toshev N., Jaloliddin Manguberdi, T., 1999; Xorazmshoh Jaloliddin Manguberdi, T., 1999; Mirxondning "Ravzat us-safo" asarida Jaloliddin Manguberdi zikri, T., 1999; Tonariy O., Jaloliddin Xorazmshoh va uning davri, T., 1999. Download 53.7 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling