Janubiy Turkmaniston hududi bronza davri


Download 47.5 Kb.
Sana25.01.2023
Hajmi47.5 Kb.
#1123071
Bog'liq
Janubiy Turkmaniston hududi bronza davri


Janubiy Turkmaniston hududi bronza davri
Reja:
1. Janubi-g‘arbiy Turkmanistonning bronza davri umumiy tavsifi.
2. Janubiy Turkmaniston bronza davrida (Nomozgoh IV).
3. Janubiy Turkmaniston bronza davrida (Nomozgoh V).
4. Moddiy madaniyat
Bronza asri metalchilik taraqqiyotining yangi bosqichga ko‘tarilishi va kishilik jamiyati taraqqiyoti yangi davrining almashinuvi bilan belgilanadi. O‘rta Osiyoda bronza davri nafaqat bronza qotishmasining paydo bo‘lishi, balki mehnat qurollari hamda bronza qurol-yarog‘larining paydo bo‘lishi va keng tarqalishi shu bilan birgalikda boshqa qator belgilar: patriarxal munosabatlarning qaror topishi, chorvador qabilalarning ajralib chiqishi, Qadimgi sivilizatsiyaning shakllanishi mulkiy tengsizlikning paydo bo‘lishi, qabilalar o‘rtasida madaniy-iqtisodiy aloqalarning kuchayishi bilan belgilanadi.
Ammo, tarixiy taraqqiyot O‘rta Osiyoning barcha hududlarida birdek kechmagan, janubiy hududlarga nisbatan shimoliy hududlar xususan cho‘l zonalar ancha orqada qolib ketgan. Xo‘jalikning aynan dehqonchilik yoki chorvachilik shakli bilan shug‘ullanuvchi aholi to‘plangan hududlar paydo bo‘ladi. Buning natijasida bir-biridan farqlanuvchi iqtisod vujudga keladi. O‘rta Osiyoning janubiy hududlarida yuqori darajada rivojlangan dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi aholi yashasa, shimoliy va Sharqiy hududlarda esa andronova madaniyati degan umumiy nomga ega bo‘lgan chorvador qabilalar yashagab, ular xo‘jalik va madaniyat shakllariga ko‘ra bir-birlaridan keskin farq qilgan. Ular doimiy aloqada bo‘lishgan.
Shunday qilib, Turkmanistonning janubiy hududlarida dehqonchilik yuqori darajada taraqqiy etgan. Bu yerda bronza asri mil. av. III-II ming yillarga to‘g‘ri keladi. Bu hududda bronzaga ishlov berish texnikasi rivojlanadi, sug‘orish tizimi rivojlanadi, ketmon dehqonchiligi o‘rnini hayvonlarga omoch qo‘shilgan haydama dehqonchilik egallaydi. Qadimgi shahar madaniyati shakllanadi, mamahalliy boshqaruv apparati vujudga keladi, metallarga ishlov berish. kulolchilik, toshni qayta ishlash, to‘qimachilik, qurilish ishlari rivojlanib, ularning ixtisoslashuvi jarayoni kuchayadi. Monumental me’morchilik qaror topadi, kulolchilik yanada rivojlanib, ularga bezak berish texnikasi murakkablashib boradi. Terrakotik haykalchalar, zargarlik ishlariga e’tibor kuchayadi.
Janubiy Turkmanistonda bronza davri madaniyati Anov III bosqichi bilan belgilanib, ilk bosichiga (Nomozgoh IV - mil. av. 2750-2300 yy), o‘rta bosqichiga (Nomozgoh V - 2300-1850 yy) va so‘nggi bosqichiga (Nomozgoh VI - mil. av. 1850-1100) komplekslari kiradi. Bu hududda bronza davrigaoid yirik (50 ga, mas. Nomozgoh,) o‘rta (10 gacha maydonga ega bo‘lgan mas. Oltindepa) kichik manzilgohlar xosdir.
Bronzaning ilk bosqichi. Manzilgohlarda shaharsozlik qurilishi usulining murakkablashishi va yanada taraqqiy etganligi seziladi. Oltindepa fortifikatsiyasi takomillashib, manzilgohga uchta bo‘ylama yo‘lakcha orqali kirilgan. Diniy markaz bo‘lgan Oltindepa minora shaklidagi imorat bo‘lib, g‘ishtdan to‘rt tomoni o‘yiq qilib qurilgan (Messopotamiya zikkuratlari shaklida). Yonida dafn qilish marosimlari uchun mo‘ljallangan xonalar joylashgan. Xonalarning birida marosimlar o‘tkazilgan, qolganlarida murda va suyaklar saqlangan. Bu yerdan turli xildagi sig‘inish buyumlari va bezaklar topilgan. San’at buyumlar yulduz belgilarining mavjudligi diniy kompleksning Oy xudosiga taaluqli ekanligidan darak beradi.
Rivojlangan bronza bosqichi. Manzilgohlarning hajmi kattalashadi. Uylar tartibli qurilib, o‘rtadan asosiy yo‘l o‘tadi. Bir necha shakldagi uylarning paydo bo‘lishiga ko‘ra aholining bir necha tabaqga ajralganligini ko‘rish mumkin. Oltindepadagi diniy inshoot qayta qurilib, zinasimon minoraning balandligi oshiriladi va maydoni kengaytiriladi. Binoning ibodat qilinadigan xonalaridan birida muqaddas ichimlik saqlangan idishi topilgan. Devor yonida muqaddas olov yonib turgan. Bu yerda ham yulduz belgilari uchraydi. Xonalardan biri jamoa daxmasi bo‘lib, u ko‘rinishdan kohinlar uyushmasiga tegishli.
Bronzaning so‘nggi bosqichi. Bu davr yirik manzilgohlarning kichik manzilgohlarga aylanishi bilan xarakterlanadi. Oltindepa tashlab ketiladi. Nomozgohdepaning maydoni esa keskin qisqaradi. Ilk shahar madaniyati Murg‘ob vohasiga ko‘chib, u yerda bir necha dehqonchilik vohalari shakllanadi. Bu yerdagi markaziy manzilgoh atrofida hajmi kichik bo‘lgan manzilgohlar qaror topadi.
Qadimgi Turkmanistonda urbanizatsiya jarayonlari, g‘oyaviy tasavvurlari, shu bilan birgalikda o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy va ma’muriy masalalarini o‘rganishda uy-joy, qal’a-qo‘rg‘on va ibodatxona kabi qurilish inshootlari o‘rin olgan Keleli, Gonur va To‘g‘aloq kabi arxeologik yodgorliklar hamda ulardan topib o‘rganilgan imoratlar va boshqa moddiy topilmalar muhim o‘rin tutadi. Bu turdagi arxeologik yodgorliklar majmuasi Murg‘ob vohasining so‘nggi bronza bosqichiga oid protoshahr madaniyati xususiyatlarini yoritishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Vohada urbanizatsiya jarayonlarining shakllanishi mil. av. II ming yillikning birinchi choragidan boshlanib, Keleli vohasida murakkab tuzilmaga ega bo‘lgan arxeologik yodgorliklar: Keleli 3 qal’a-qo‘rg‘oni va boshqa Keleli guruhidagi aholi manzilgohlari paydo bo‘ladiki, ularning xarobalaridan aniqlangan me’morchilik inshootlari va moddiy topilmalar o‘z davri ijtimoiy munosabatlarini o‘rganishda muhim ahamiyatga egadir. Keleli 3 yodgorligi kvadrat shaklida, tomonlari 128x128 m. iborat qal’a-qo‘rg‘on.
Manzilgohdagi qadimgi qabrlar kishida qiziqish uyg‘otadi. qabrlar lahot yoki yorma shaklida, ba’zan idish va devorlarga ko‘mish hollari ham uchraydi. Yosh bolalar qabri kichik chuqurlardan iborat. Katta yoshdagilar qabri bir tomonga qaratilib, yonbosh Sharq bukchaytirib ko‘milgan. Bir necha kishilar hatto alohida hayvonlar ko‘milgan qabrlar ham uchraydi. qabrlarda mehnat qurollari mavjud. Ular sopol buyumlar, metal buyumlar, tosh, charm va boshqalardan iborat.
Bronza davri sapol buyumlarini yasashda kulolchilik charxidan keng foydalaniladi va ularni yasash usullari murakkablashib, sifati oshadi. Ko‘rinishdan kulolchilik charxidan foydalanish hamda ixtisoslashgan kulollar tomonidan iste’mol mollarining ko‘plab ishlab chiqarilishi naqshli sopollarning inqirozi va keyinchalik ularning butunlay yo‘qolib ketishiga olib keldi.
Kulolchilikka nisbatan metalchilik taraqqiyoti ancha orqada edi. Ammo, turli xil buyumlar yasashga ixtisoslashgan mis quyish ustaxonalari mavjud bo‘lgan. Chaqmoqtoshga ishlov berishning ba’zi bir ko‘rinishlari saqlanib qoladi. Toshdan dehqonchilik uchun kerakli bo‘lgan mehnat qurollari, taqinchoqlar tayyorlanadi. To‘qimachilik keng rivojlangan bo‘lgan. Bu davrda bronza, keyinchalik kumush va oltinlar asosida zargarlik san’ati shakllanib, bronza davrining oxirida yetilgan hunarmandchilik turiga aylanadi. Zargar ustalar turli taqinchoq, ilohiy buyumlar tayyorlashgan. Masalan, Oltindepa ibodatxonasidan buqaning oltin boshi (mil. av. II m. y.) topilgan bo‘lib, u ko‘rinishdan aholining diniy marosimlar va an’analari bilan bog‘liq bo‘lgan. Bronza va misdan qilingan muhrlar kishida katta qiziqish uyg‘otadi. Bular esa ko‘rinishdan jamoa yoki umumoilaviy mulkning shakllanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Ular orasida toshdan yasalgan muhrlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. U yoki bu muhrlardagi tasvirlarning shakli va uslubi Messopotamiya muhrlariga o‘xshash. Dastlab muhlarda aniq hayvonlar yoki fantastik mavjudotlarning tasviri kam uchragan bo‘lsa, keyinchalik ko‘payib ularning ramzlari murakkablashadi va guruh tasvirlar ko‘payib boradi.
Bronza davri haykalchalariga yangi shakldagi ayol ma’budalari obrazining paydo bo‘lishi xosdir. Beldan pastki qismi qayta qilingan bo‘lib, ularning bosh qismini qaytadan ishlashga asosiy e’tiborni qaratishgan. Erkaklarning haykalchalari esa kam uchraydi. Rivojlangan bronza davrida bir necha shakldagi ayol haykalchalari paydo bo‘ladi, bu esa janubiy Turkmaniston aholisi yagona xudoga emas, aksincha bir necha ayol ma’budalarga sig‘inganliklaridan dalolat beradi. Bu davrda ham erkaklarning haykalchalari ayollarnikiga nisbatan juda kam uchraydi. So‘nggi bronza davrida Murg‘ob vohasida diniy maqsadlarda foydalanish uchun yasalgan sopol idishlar paydo bo‘ladi. Bu idishlarning atrofi odamlar va turli hayvon shakllari bilan bezatilgan.
Bronza davrida janubiy Turkmaniston O‘rta Osiyodagi yuksak darajada rivojlangan va yuksak madaniyat yaratgan hudud hisoblanadi. Bu hudud nafaqat Qadimgi Sharqning taraqqiy etgan shahar madaniyati ta’sirida, balki dehqonchilik madaniyatiga ega bo‘lgan qo‘shni Eron va Afg‘oniston ta’sirida ham rivojlanadi va aksicha bu madaniyat O‘rta Osiyoning boshqa hududlariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmasdan qolmadi.
Download 47.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling