Jaziramadagi odamlar
Download 31.73 Kb.
|
Jaziramadagi odamlar romanida qahramonlar portretining badiiy tahlili
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kalit so’zlar
“JAZIRAMADAGI ODAMLAR” ROMANIDA QAHRAMONLAR PORTRETINING BADIIY TAHLILI Yulduz Turdiyeva Alisher Navoiy nomidagi ToshDO’TAU 1-kurs tayanch doktoranti Annotatsiya: Yozuvchi Luqmon Bo’rixonning “Jaziramadagi odamlar” romani yengil hayot izlab, cho’llarga kelib qolgan insonlar hayoti, dardi, quvonchi, orzu-umidlarini o’zida aks ettirgan, birinchilardan bo’lib qahramonlar ruhiy kechinmalari asosiy mavzu sifatida qalamga olingan asardir. Romanda Lolaxon obrazi misolida jamiyat tazyiqida, odamlar gapi bilan yashashga majbur, o’z xohish-istaklaridan voz kechgan, oxir-oqibatda fojeali o’lim topgan shaxs taqdiri aks ettilgan. Ushbu maqolada romandagi qahramonlar portreti xususida fikr yuritilib, obrazlar xarakteri va ichki dunyosini yoritib berishda bu kompozitsion vositaning vazifasi badiiy tahlil etiladi. Kalit so’zlar: “Jaziramadagi odamlar”, L. Bo’rixon, portret, qahramon, ruhiyat, xarakter, kinoya, tag ma’no Keywords: “People in the heat”, L. Borikhan, portrait, hero, psyche, character, irony Ключевые слова: “Люди в тепле” Л. Бурихан, портрет, герой, психика ирония Badiiy asarda voqealar rivojini yuzaga keltiradigan, o’z yelkasida asar g’oyasini harakatlari, gap-so’zlari, xarakteri bilan ochib berishga harakat qiladigan, balki shu vazifalarni to’liq bajaradigan qahramonlarning portretlari asar poydevorining salmoqli ustunlaridan biridir. Qahramon portreti, ya’ni qahramonning tashqi ko’rinishi, bu faqatgina qahramonning yuz tuzilishi, jismoniy ko’rinishi, kiyinish holatigina bo’lmay, bu badiiy obrazning ichki dunyosi, xarakteri, qolaversa, asardagi o’rni haqida kitobxonda taassurot hosil qiluvchi vositadir. “Kishilarning asarda badiiy so’z vositasida chizilgan tashqi qiyofasi portret deb ataladi. Portretga yana qahramonning gap ohangi, o’ziga xos qiliqlari, va turli ruhiy holatlar munosabati bilan uning yuzida bo’ladigan o’zgarishlar (mimika) ham kiradi.” [1,188-bet] Ijodkor qahramon portretini chizar ekan, o’quvchiga asar mazmunini, voqealar rivojidagi jarayonlarni tasavvur qilishida, ko’z o’ngiga qahramonlar holatini gavdalantira olishida ko’mak beradi. Ko’p hollarda portretlar qahramonning xarakterini ochib berishga, agar bu bosh qahramon bo’lsa uning idealligini oshirishga yoxud mukammaligini ta’minlashga xizmat qilsa, ba’zi o’rinlarda buning aksiga guvoh bo’lamiz. Shu boisdan ham “Yozuvchilar adabiy asarlarda qahramonlar ruhiyatini, xarakterlarini ochishda ularning tashqi qiyofalari, ya’ni portretlarini chizishga jiddiy e’tibor beradilar”. [2, 98-bet] Luqmon Bo’rixonning “Jaziramadagi odamlar” romanidagi qahramonlarga chizilgan portretlarni badiiy tahlil qilar ekanmiz, bu tasvirlarning qahramon xarakteriga qanchalik monand ekanligiga amin bo’lsak, ba’zi o’rinlarda esa bunday xulosa qilola olmaymiz. Yozuvchining portret chizishdagi badiiy “uddaburonlik” bilan qahramon tashqi ko’rinishiga ramziy ma’no yuklashi esa kitobxonning qiziqishini yanada orttiradi. Jumladan, asar voqealari bo’lib o’tadigan o’sha sovxozning 6-direktori bo’lgan Chinor Moyliyevning portretiga e’tibor qarataylik. Asarning ayni bir o’rnida bu qahramonga atroflicha, keng ta’rif berilmasada, asar voqealari rivojida berilgan qisqa-qisqa ta’riflar o’quvchida bir muncha taasurot qoldiradi. Bu qahramon ismi sharifida ham hatto alohida ma’no bor: “Chinor Moyliyev”. Lekin “ismi jismiga mos” degan iborani bu qahramon uchun taaluqli tomoni bor yo’qligi kitobxonni shubhaga soladi. “Andak hovliqma, andak parishon, ustiga ustak, chap oyog’i oqsoq bu odam…” [3, 11-bet] “Uning do’ng manglayi tarafdan to’kila boshlagan serqazg’oq sochlari, siyrak qoshlar ortidan sinchikov boquvchi qo’y ko’zlari, jiddiy qimtilgan lab – dahanlari ko’z o’ngimda lip – lip o’tib turdi. Bu ko’rimsiz kishi…”[3, 15-bet] Muallif bergan tasvirdan ko’rinib turibdiki, qahramon tashqi qiyofasi Chinor ismli direktorni “esga solmaydi”, go’yo, “do’ng manglay”, “qo’y ko’zlar”, “qimtilgan lab – dahanlar”, “chap oyog’i oqsoq bu odam” direktor kishining siymosini gavdalantirmaydi. Bu portret bosh qahramon, ayniqsa u ijobiy obrazda bo’lsa, “ideal va mukammal” tasvilanishi kerak degan doimiy “hukm”ga bir muncha zid tarzda, kinoyaga yo’g’rilgan holda kichik bir haqiqatga ishora qiladi, ya’ni “tashqi ko’rinish aldamchi”, insonning tashqi ko’rinishi har doim ham uning ichki olamiga mutanosib emasligi, tashqi ko’rinishga qarab munosabatda bo’lish har doim ham o’zini oqlamasligi ozgina samimiy yumor bilan berilgan. Zero, bugungi kunimizning eng achinarli holatlaridan bo’lgan bunday yuzaki xulosa chiqarish, ko’p o’rinlarda o’zimizning ham dilimizni xira qiladi. Keying voqealar rivojida esa biz “Chinor Moyliyevning oyog’i oqsasa-da, ishi oqsamaganiga” guvoh bo’lamiz. Lekin asarning asosiy qahramonlaridan biri bo’lgan bu obraz portretida yozuvchi faqatgina shu kichik haqiqatni ifodalash uchun foydalanmaganligini ziyrak o’quvchi anglagan bo’lsa kerak. Zero, badiiy asarda hech bir tasvir asossiz kiritilmagani kabi kinoyadan, tag ma’nodan ustalik bilan foydalanuvchi Luqmon Bo’rixon Chinordek raisning bir oyog’i oqsoqligi ortida, katta bir jamiyatning ham kattagina, ko’zga tashlanadigan qusur, kamchiliklari borligiga ishora qiladi. Ajablanarlisi, Chinor raisning haybatidan, raisligidan ko’pincha uning oqsoqligi ko’zga tashlanmas, balki, vaqti kelganda, bu uning salobatiga ko’rk qo’shardi, go’yo. Boshqa bir o’rinda siyrak holda berilgan asar qahramonlaridan biri Safarmurod chavandoz portreti uning shaxsiyati, faoliyati haqida bizda tasavvur uyg’otadi. “Safarmurod chavandoz – baland bo’y, qoruvli, otda ko’p yurganidanmi, butlarini kerib, ayiqdek lapanglab odimlaydigan, cho’l jaziramasida toza ko’mirdek qop-qorayib ketgan odam. Taqa mo’ylovi og’zining yarmigacha qoplab turadi. Bir qarashda qurs, do’guli nusxadek tuyilsa-da, o’lgudek soda, yuvvosh”.[3, 9-bet] Yozuvchi qahramoni Safarmurod ismini har doim chavandoz so’zi bilan birga qo’llar ekan, bu portretidagi qahramonning “butlarini kerib, ayiqdek lapanglab yurishi” chindanda chavandoz ekanligiga bir dalil bo’lsa, boshqa bir tomondan cho’lga kelishidan oldin temir ot – mashina uchun do’stidek bo’lib qolgan otini sotib “otsiz chavandoz”ga aylansada “egardan tushmay” kimni o’g’lini ko’rsa, albatta ot oldirtirib, o’zidek katta chavandoz bo’lishiga qattiq turib da’vat qilishlari “katta og’izli, guppi” bir shaxs ekanligiga ham ishora borligini fahmlaymiz, zero, asar boshlanishida bu “karillagan polvonning” tog’liklarga shahar hayoti haqida lof urib “agitator”lik yo’lidagi harakatlari, oxir-oqibatda esa, jannatni orzu qilib kelgan tog’liklarning xafsalasi pir bo’lib qolishi, fikrimiz dalilidir. Safarmurod chavandoz xarakterini ochuvchi yana bir portret borki, bu nafaqat, qahrmon ichki olami shuningdek, qishloq kishilariga xos bo’lgan umumiy bir jihatga ham ishora qiladi. “Ayniqsa, Safarmurod chavandoz! U yap-yangi oqish ko’ylak kiyib, Chinor akadan yalinib – yolvorib ijaraga undirgan havorang galstukni taqib olgan, soch – mo’ylovi tuzukkina qaychilanib oro berilgan. Obdon qirtishlanib tozalangan jag’ – suyaklari lampa – chiroq yorug’ida yaltirab – yaltirab ketadi. Biroq qop – qora shimi xiyla tor badanlariga chippa yopishib, chok – chokidan so’kilgandek bo’lib turibdi”. [3, 45-bet] Hikoyachi bola tilidan berilgan bu portretda shaharlik qizga uylanayotgan O’roqning to’yiga hademay o’zi ham kelin oladigan yoshga yetgan Safarmurod chavandozning yosh yigitlardek bu darajada “yasan – tusan” qilib olishi, undagi “o’zini ko’rsatish”ga havasmandlik samimiy kesatiq, biroz yumor bilan ko’rsatilgan bo’lsa, “ijaraga” kiyim olib, necha vaqtlardan beri qaralmagan “soch – soqolga o’zgacha oro berilishi” yodimizga olis qishloq to’ylarini, bu qishloq odamlariga xos bo’lgan, yilda bir, unda ham to’y uchun o’zlariga oro berib, qolgan yil, o’n ikki oy mehnatdan boshi chiqmay, dalasidan beri kelmaydigan sodda xalqimizni esga soladi. Yozuvchi yaratayotgan portretlarida o’quvchi uchun faqatgina qahramon tashqi ko’rinishi haqida tasavvur uyg’otishni maqsad qilib qolmasdan, balki uning asosiy maqsadlaridan biri portret zamirida obraz xarakterini ochish, qahramon dunyoqarashini, ruhiyatini namoyon etish hamdir. Bunda portretning kinoya va pichingga yo’g’rilgan holda, o’quvchini zeriktirmasdan, quruq bayonchilik usuliga qarshi o’laroq, asarning turli qismlarida qisqa-qisqa, qahramon vaziyatiga, kayfiyatiga mos tarzda berib borilishi yozuvchi badiiy uslubining individualligini namoyon qiladi. Luqmon Bo’rixon portretlari asar mazmunida qahramonning suratini chizadigan quruq ta’rif-u tavsifdan iborat bo’lib qolmaganligini, balki mahoratli yozuvchi asar go’yasini aks ettirishda portret tasviridan mohirona foydalanib, o’z fikrlari, o’z munosabatini qahramon portretiga ham kirita olganiga boshqa bir qahramonlar portreti asnosida ham guvoh bo’lamiz. Asarning asosiy qahramoni, qishloq ahli tomonidan jonsiz, hissiz sadoqat, sevgi “ma’budasiga” aylantirilgan Lolaxon portreti, Samad tilidan tasvirlanib, chizgilarning mehr va nafosat bilan, hislarga cho’milgan so’zlar ila tasvirlanishi, kitobxonga, asarning asosiy voqealari shu qahramon atrofida sodir bo’lishiga, bu obrazning boshqalaridan alohida ekanligiga, qahramonning ijobiy ekanligiga ishora qilibgina qolmay, kitobxonda bu qahramonga nisbatan mehr, hurmat uyg’otadi. “Oppoq, to’lishgan yuzlari, zulukdek qoshlari ostidagi qop – qora ko’zlari, qip – qizil lablari to’la tabassum! Qomatiga yarashiq atlas ko’ylak -lozimi, boshidagi qizg’ish durrachasi uning chinakkam shaharcha did- farosatidan darak berib turar edi”… “Men shaharcha bichimdagi atlas ko’ylakli, kalta sochlari ustiga omonatgina qo’ndirilgan qizg’ish durrachali, oppoq yuz, charoz ko’zli bu kelinchakni ilgari ham qayerlardadir uchratgandek bo’lardim..”[3, 63-64-betlar] Portretni o’qib turib, bir ayol obraziga keltirilgan portertku degan fikrga borishingiz tayin, lekin xulosaga shoshilmang quyida asardagi yana bir ayol qahramon Zumrad opaning eri shaharlik mehmonlarga havas qilib, ularning ortidan ketishga qaror qilgan mahallari o’zidan shaharlik ayolni yasagan vaziyatidagi portretini ham ko’rib chiqaylik: “Ayolning qop – qora, kalta kesilgan sochlari yelkasida sog’lom biyaning yoliday yoyilib yotganmish, havorang, yengsi, kalta ko’ylak bo’liqqina qomatini sirib, ko’kragu sonlarini bo’rttirib – bo’rttirib turganmish, kalta ko’ylak etagidan ko’zga tashlanib turgan, umridan kun ko’rmagan silliq oyoqlari misoli marmar emish…” [3, 76-bet] Ikkala portretni o’qir ekansiz ikkalasida ham shaharlik ko’rinishga ega ayol portreti bo’lsada, birida mehr taftini his etsangiz, ikkinchisida biroz ung’aysizroq salbiy bo’yoqlarni fahmlaysiz. “Portret ma’lum darajada kishining ichki dunyosini in’ikos ettiradi va shu sababli syujetda bizni voqealarni tez va to’gri tushunishga tayyorlaydi. Bundan tashqari, portret muallifning tasvir etilayotgan kishiga munosabatini ham tayin etadi, ya’ni shu shaxsning syujetda o’ynaydigan roli haqida bizga oldindan darak ham beradi”.[4, 188-bet] Ko’rib turganingizdek, ahamiyatsizdek ko’ringan, zumda o’qib o’tilib ketiladigan qahramon portreti o’z zamirida yashirin vazifalarni bajaradi. Asardagi har bir so’z, hatto hatto qo’yilgan nuqta ham bejiz emasligini inobatga oladigan bo’lsak, yozuvchining mehnati, mahorati har o’rinda o’z aksini topishiga amin bo’lamiz. Yozuvchining farzandiga aylanib qolajak qahramonlarning, u xoh bosh, xoh epizodik obraz bo’lsin, portreti asar mazmunini ta’minlovchi kichik bo’lak, qo’shimcha ma’no, g’oyaviy butunlik kasb etuvchi qismi hisoblanadi. Yozuvchi romanda portretlarga ko’p ham to’xtalmaydi. Shu boisdanmi asardagi voqealar, izchil tarzda, bir-biriga ulanib ketadi, qahramonlar hayoti tasvirining o’zidan ham o’quvchi obraz portretini xayolan ko’z oldida gavdalantira oladi. Luqmon Bo’rixonning o’ziga xos portret yaratish uslubi qahramon portretlaridan kerakli va zarur o’rinlarda, qahramon ichki dunyosini zohiran namoyon ettirishda, ayniqsa, namoyon bo’ladi. Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati: Иззат Султон Адабиёт назарияси Тошкент «Ўқитувчи» 1986. 408 б. Эркин Худайбердиев Адабиётшуносликка кириш. – Т.: «Шарқ, 2008. – 368 б. Луқмон Бўрихон «Жазирамадаги одамлар»: Роман. – Т., Ғафур Ғулом номидаги нашриёт – манбаа ижодиий уйи, 2012. – 324 б. Умарали Норматов “Умидбахш тамойиллар” Тошкент «Маьнавият» 2000 Д.Қуронов, З.Мамажонов, М.Шералиева Адабиётшунослик Луғати қайта нашр Тошкент «Akademnashr» 2013 УДК: 821.512.133*37 Download 31.73 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling