3. Tinchlik shartnomasining imzolanishi
Yaponiya bilan tinchlik shartnomasini imzolash maqsadida 1951-yilda AQSHning San-Fransisko shahrida xalqaro konferensiya chaqirildi. Konferensiya yakunlariga ko'ra, 1951-yil 2- sentabrda bir tomonlama tinchlik shartnomasi imzolandi va 1952-yil 28- apreldan kuchga kirdi. Unga ko'ra, Yaponiya Koreya mustaqilligini tan oldi. Tayvan, Peskador, Kurill orollari va Saxalinning janubiga daxl qilmaydigan bo'ldi. Ittifoqchi davlatlardan SSSR bu shartnomani imzolamadi. Buning sababi nimadan iborat edi? «Sovuq urush» boshlangach, AQSH Yaponiyaga
nisbatan munosabatini o'zgartirdi. Chunki AQSH Uzoq Sharqda SSSR ta'sirining kuchayishini xohlamas edi.
AQSH — Yaponiya harbiy ittifoqi buning kafolati bo'lishi kerak edi. Ayni paytda Yaponiya o'zining shimoliy yerlaridan bir qismi (Yalta konferensiyasi qaroriga ko'ra) SSSRga berilganligiga toqat qila olmas edi. Shunday sharoitda Yaponiya uchun ham AQSHdek qudratli tayanch zarur edi. Ikki davlat manfaatlarining mushtarakligi amerika yapon harbiy ittifoqini tuzish masalasini ko'ndalang qo'ydi. San-Fransisko konferensiyasida Yaponiya bilan tuziladigan tinchlik shartnomasi AQSH — Yaponiya harbiy ittifoqi to'g'risidagi shartnoma bilan birgalikda imzolanadigan bo'ldi.
SSSR bunga qarshi chiqdi va norozilik belgisi sifatida konferensiya ishida qatnashishni to'xtatdi. AQSH va Yaponiya o'rtasida imzolangan shartnoma «xavfsizlik to'g'risidagi shartnoma» deb ataldi. Unga ko'ra, Yaponiyada AQSHning harbiy bazalari saqlab qolindi. Ayni paytda AQSHning okkupatsiya tartibi bekor qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |