Jinoyat obyekti


Jinoyat obyektining turlari


Download 87 Kb.
bet2/4
Sana01.05.2023
Hajmi87 Kb.
#1419247
1   2   3   4
Bog'liq
JINOYAT OBYEKTI

2. Jinoyat obyektining turlari
Jinoyatning obyekti jinoyat huquqi nazariyasida uch turga, ya’ni umumiy, maxsus (turdosh) va bevosita jinoyat obyektlariga ajratish qabul qilingan.
Barcha jinoyatlarning umumiy obyekti jinoyat qonuni bilan qо‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarning umumiy yig‘indisidan iborat bо‘ladi. Umumiy obyekt hamma jinoyatlar uchun birdir, sababi har qanday jinoyat u yoki bu ijtimoiy munosabatlarga zarar yetkazadi.
Jinoyat qonunlarining vazifalarini aniqlashda hamma jinoyatlar uchun umumiy bо‘lgan obyekt kо‘rsatiladi (JK 2-m.). Bularga: 1) shaxs, uning huquq va erkinliklari; 2) jamiyat va davlat manfaatlari; 3) mulk; 4) tabiiy muhit; 5) tinchlik va insoniyat xavfsizligini kiritish mumkin.
Maxsus (turdosh) obyekt jinoiy qilmish tajovuz qiladigan turdosh ijtimoiy munosabatlar majmuidir. Maxsus (turdosh) obyekt mazmun jihatidan tor bо‘lib, umumiy obyektning bir qismini tashkil etadi.
Jinoyatning Maxsus (turdosh) obyekti, avvalambor, hamma jinoyatlar va ularni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni kо‘zda tutuvchi jinoiy-huquqiy normalarni tasniflashga yordam beradi. Aynan shu xususiyatlar Jinoyat kodeksi Maxsus qismini tizimlashtirishning ketma-ket joylashtirilishiga yordam beradi. Shunga kо‘ra, amaldagi jinoyat qonunchiligining Maxsus qismida birinchi navbatda «Shaxsga qarshi jinoyatlar» keyin «Tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar», «Iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar», «Ekologiya sohasidagi jinoyatlar», «Hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlar» hamda «Harbiy xizmatni о‘tash tartibiga qarshi jinoyatlar» joylashtirilgan.
Jinoyatning bevosita obyekti tarkibida jinoyat alomatlari bor qilmish oqibatida zarar yetuvchi, qonun chiqaruvchi jinoyat qonuni muhofazasi ostiga olgan aniq ijtimoiy munosabatlardir. Ba’zi alohida holatlarda, qonun chiqaruvchi jinoyat qonunining о‘zida bevosita obyektni kо‘rsatib о‘tadi. Bunga Jinoyat kodeksining 157-moddasida: «Davlatga xoinlik qilish bu - О‘zbekiston Respublikasining suvereniteti, hududiy daxlsizligi, xavfsizligi, mudofaa salohiyati yoki iqtisodiyotiga zarar yetkazilgan qilmishdir», deb kо‘rsatilishi misol bо‘la oladi. Biroq, kо‘pchilik hollarda, jinoyat qonunidagi muayyan jinoyatlarda bevosita obyekt kо‘rsatilmagan, ammo shunga qaramasdan, uni aniqlash uchun jinoyat tarkibini chuqur ijtimoiy-siyosiy va yuridik tahlil qilmoq zarur. Jinoyat insonning tashqi va ichki, obyektiv va subyektiv holatlarining birligidan tashkil topgan xatti-harakat bо‘lganligi uchun jinoyat obyekti uning boshqa obyektiv va subyektiv belgilari bilan chambarchas bog‘liqdir. Masalan, jinoiy oqibat haqida faqat jinoyat sodir etish orqali obyektda bо‘lgan о‘zgarishga asosan gapirish mumkin. Bir vaqtning о‘zida jinoiy oqibat ham ma’lum jinoyatning obyektini aniqlashga imkon beradi. Zararli oqibatlar deb, jinoyat qonuni bilan qо‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga yetkazilgan zararga aytiladi.
Jinoiy ta’sirning bevosita obyekti alohida jinoyatlarning xususiyatini aniqlaydi. Masalan, qasddan odam о‘ldirish, badanga shikast yetkazish, tuhmat singari shaxsga qarshi jinoyatlarning bevosita obyekti bо‘lib, shaxsning hayoti, sog‘lig‘i, sha’ni va qadr-qimmati hisoblanadi.
Fakultativ obyekt deganda, odatda, shunday ijtimoiy munosabat tushuniladiki, tegishli jinoyat sodir qilingan ayrim holatlarda unga zarar yetkazilishi, boshqa holatlarda esa zarar yetkazilmasligi mumkin. Ammo shu jinoyat tarkibida fakultativ obyektga zarar yetkazilish ehtimoli mavjud bо‘ladi. Masalan, bosqinchilik yо‘li bilan о‘qotar qurolni g‘ayriqonuniy egallash jinoyatida (JK 247-m. 3-q. «a» b.) jinoiy tajovuzning asosiy obyekti - jamoat xavfsizligi bо‘ladi, qо‘shimcha obyekt - jabrlanuvchining sog‘lig‘i va fakultativ obyekt - mulkiy munosabat bо‘ladi. Bunday jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda tajovuzning asosiy obyekti hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bunday tajovuzlarda qо‘shimcha va fakultativ obyektlarning borligini bilish, qilmishni bitta jinoyat kabi kо‘rib chiqishga yagona asos hisoblanadi, boshqa jinoyatlar bilan qо‘shimcha kvalifikatsiya qilishga yо‘l qо‘yilmaydi. Fakultativ obyektga zarar yetkazish, odatda, aybdorga jazo tayinlash va yetkazilgan zararni qoplash masalasini hal qilishda inobatga olinadi.

Download 87 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling