II-bob. BUXGALTERIYA HISOBINING METODI VA UNDA QO‘LLANILADIGAN USULLAR
Buxgalteriya hisobi xo‘jalik faoliyati jarayonlari, aktivlar, ularning manbalari va oxirgi moliyaviy natijalarni aks ettirishni makon va zamonda, dialektik harakatda amalga oshiradi. Aynan shunday yondashish buxgalteriya hisobining metodini ifodalaydi.
Buxgalteriya hisobining metodining mohiyati unda qo‘llaniladigan usullarda yorqin namoyon bo‘ladi. Bunday usullarga quyidagilar kiradi:
Buxgalteriya balansi
Buxgalteriya hisobi schetlari
Buxgalteriya hisobi schetlariga ikki yoqlama yozuv
Baholash
Kalkulyatsiya
Hujjatlashtirish
Inventarizatsiya
Moliyaviy hisobot
Ushbu bobda buxgalteriya hisobining yuqorida keltirilgan usullarining mohiyatiga, ularni qo‘llanilishiga to‘xtalamiz.
2.1. Buxgalteriya balansi
Buxgalteriya hisobining muhim vazifalaridan biri bo‘lib mulkga egalik qilish huquqini ifodalovchi
matematik tenglikni hamma vaqt ta’minlab berish va saqlash hisoblanadi.
Ushbu tenglikni ta’minlash uchun buxgalteriya hisobi odatda, ma’lum bir davrning boshida aktiv, xususiy kapital va majburiyatlarning boshlang‘ich holatini bilishdan boshlanib, shu davrning oxirida ularning oxirgi holatini bilish bilan yakunlanadi. Bunday axborotlarni olish usuli bo‘lib buxgalteriya balansi hisoblanadi.
Buxgalteriya balansi negizida «balans» so‘zi yotadi. Bu so‘z lotincha «bis», ya’ni «ikkita» va «lanx», ya’ni «tarozi pallasi» so‘zlaridan olingan bo‘lib, o‘zaro tenglik, bir xillik ramzi hisoblanadi.
Shuni ta’kidlash joizki, buxgalteriya hisobi nazariyasi va amaliyotida «balans» so‘zi na faqat tenglik mazmunida, balkim davlat ahamiyatiga molik muhim buxgalteriya hisobi hujjati sifatida ham talqin etiladi. O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya balansi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan tuziladigan moliyaviy hisobotning tarkibiy qismi hisoblanadi. Uning shakli, tarkibi va tuzish tartibi Moliya Vazirligining 2002 yil 27 dekabrdagi 140- son buyruq bilan tasdiqlangan « Moliyaviy hisobot shakllarini to‘ldirish Qoidalari» bilan, balansni taqdim etish tartibi esa Moliya Vazirligining 2000 yil 15 iyundagi 47- son buyrug‘i bilan tasdiqlangan « Choraklik va yillik moliyaviy hisobotlarni taqdim etish muddatlari to‘g‘risida Nizom» da belgilangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |