Kalom ilmi. Moturidiylik va ash’ariylik. Islomda imon masalasi. Moturidiylik kalom maktabi vakillari
Download 53.55 Kb.
|
2 5370616523566091506
- Bu sahifa navigatsiya:
- Mavzu o‘quv maqsadi
7-MAVZU. ISLOM TA’LIMOTI ASOSLARI Reja: Kalom ilmi. Moturidiylik va ash’ariylik. Islomda imon masalasi. Moturidiylik kalom maktabi vakillari. Tayanch tushunchalar: Aqida, kalom, moturidiylik, ash’ariylik, imon, Alloh, farishta, payg‘ambar, taqdir, qiyomat, jannat, do‘zax. Mavzu o‘quv maqsadi: Talabalarda islom kalom (aqida) ilmi, mavzusi, mohiyati, imon va uning shartlari, ba’zi tushunchalar, kalom ilmi maktabi vakillari haqida ma’lumot berish. 1. Kalom ilmi. «Kalom» so‘zi arab tilida gap, suhbat, til, so‘zlashuv, nutq va bayon ma’nolarini anglatadi. Istilohiy ma’noda esa, musulmon kishining e’tiqodi, aqidasi va dunyoqarashini belgilab beradigan ta’limotga aytiladi. Boshqacha aytganda, balog‘atga yetgan kishining e’tiqodi, imon keltirishi, islom dinining talablari shaklida tasdiqlashi shar’iy e’tiqodiy hukmlarga aytiladi. Islom ta’limoti bo‘yicha barcha payg‘ambarlarning yagona Allohga imon keltirishga da’vatlari eng asosiy vazifalari deb qaralgan. Shunday bo‘lsa-da, ularning tutgan shariat yo‘llari turlicha bo‘lganini alohida ta’kidlash kerak. Islom ta’limotini Muhammad (alayhis-salom)dan bevosita sahobalar o‘rganib, o‘zlaridan keyingi tobe’inlarga yetkazishgan. O‘z navbatida ular ham o‘zlaridan keyingilarga yetkazgan. Shu tariqa islom ta’limoti toza va sof holda hozirgi kungacha yetib kelgan. Biroq tarix mobaynida odamlar mavjud diniy matnlarni turlicha talqin qilishlari natijasida turli oqimlar va toifalar paydo bo‘lganini ko‘ramiz. Ayni din masalasida yuzaga kelgan noto‘g‘ri tasavvur va tushunchalar xato ekanini ko‘rsatib beradigan olimlar ham paydo bo‘lib, ular islom ta’limotini to‘g‘ri tushuntirib beradigan fanga asos soldilar. Mazkur fanni turli davrlarda «al-fiqh al-akbar», «tavhid», «aqida», «kalom», «usul ad-din» kabi bir qancha nomlar bilan ataldi. Shundan ma’lum bo‘ladiki, nomlar turlicha bo‘lsa-da, ularning hammasi bir mavzuni, ya’ni aqida ilmini o‘rganish va tadqiq etishga qaratilgan. «Al-Fiqh al-akbar» atamasini birinchi bo‘lib imom Abu Hanifa qo‘llab, ayni shu mavzuga bag‘ishlab bir risola yozadi. Chunonchi, «fiqh» so‘zi biror narsani har tomonlama o‘rganib, uning daqiq qirralarigacha fahmlab yetish ma’nosini bildiradi. Shuningdek, namoz, ro‘za, haj, nikoh va boshqa amaliy hukmlarni o‘rganuvchi ilmni ham fiqh deb ataladi. Shuning uchun aqidaviy masalalarni o‘rganuvchi ilmni «Al-Fiqh al-akbar», ya’ni «katta fiqh», amaliy fiqh ni esa kichik fiqh deb yuritiladigan bo‘lgan. Yana bir «usul ad-din» da shariat va dindan olingan e’tiqodiy hukmlarni o‘rganilib, dindagi asl hukmlarni tadqiq etiladi. Bir qator olimlar shu nom ostida o‘z kitoblarni ta’lif etganlar. «Tavhid» ilmida Allohning yagonaligini va Uning sifatlarini o‘rganishga e’tibor beriladi. Bu ilm asosida Alloh taoloni yakkayu yagona deb bilib, Uning sifatlarini sharhlab tushuntirishga ko‘proq ahamiyat beriladi. Zero, musulmon kishi aqida borasida o‘ziga zarar bo‘lgan dastlabki bilimga ega bo‘lishi kerak. Bu dastlabki ilm Alloh taoloning vahdoniyati, ya’ni yakkayu yagonaligiga imon keltirish va uni o‘rganishdan iborat. Yana bir atamani «kalom ilmi» deb yuritiladi. Islom diniga oid manbalarda uni aqida ilmining eng mashhur nomlaridan biri sifatida keltiriladi. Islom ta’limotini o‘rganishda eng ko‘p qo‘llangan atama «aqida» (ko‘p. aqoid) bo‘lib, bu nom boshqalaridan keyinroq, X (hijriy IV) asrda paydo bo‘lgan. «Aqida» so‘zi bir narsani ikkinchisiga «mahkam bog‘lash» ma’nosini beradi. Islom aqidasi musulmon kishini muayyan tushunchalar bilan mustahkam bog‘lab turadigan aqidalar yig‘indisi hisoblanadi. Ya’ni, biror narsaga e’tiqod qilish uchun uni hech qanday shubha qoldirmaydigan darajada juda yaxshi bilish kerak. Muayyan bir fikrni inson fikriga aylanib, his-tuyg‘ulari va xatti-harakatlarini boshqaradigan holga yetgandagina aqidaga aylangan deb tan olinadi. Aqida ilmi to‘g‘ri, sog‘lom va sof e’tiqodda bo‘lishni ta’minlashga qaratilgan. Dindagi ayrim shar’iy hukmlar makon va zamon taqozosiga ko‘ra, muayyan darajada o‘zgarishga uchrashi mumkin. Ammo musulmon olimlar o‘z asarlarida sof va mustahkam e’tiqod hech qachon o‘zgarishga uchramasligini ta’kidlab o‘tganlar. Chunonchi, Alloh taoloning yakkayu yagonaligi, farishtalar, jannat va do‘zaxga imon keltirish kabi e’tiqodga oid qarashlar zamon va makonga qarab hech qachon o‘zgarmaydi. Islom ta’limotiga ko‘ra, insonning o‘zi yashab turgan va o‘lgandan keyingi dunyodagi saodati aynan uning aqidasiga bog‘liq deb qaraladi. Agar musulmon kishining tutgan aqidasi pok bo‘lsa, uning tutgan yo‘li ham to‘g‘ri bo‘ladi, qilgan barcha amallari ijobat bo‘ladi va bandalik tufayli sodir etgan ba’zi gunohlari afv etiladi. Biroq kishining aqidasi sof bo‘lmasa, unda biron xatolik bo‘lsa, tutgan yo‘li ham noto‘g‘ri bo‘ladi, hayot davomida qilgan amallari behuda ketadi va oxiratda jahannam ahlidan bo‘ladi deb qaraladi. (Shu o‘rinda Aqida bilmagan yeldur she’ri) Aqida masalasiga juda muhim deb qaralganidan yer yuzidagi eng birinchi payg‘ambardan boshlab, oxirgi Muhammad payg‘ambar (alayhis-salom)gacha Alloh toloning O‘zi kerakli ko‘rsatmalarni bergan. Shuning uchun aqidaviy qarashlarning asosi Qur’oni karim va hadisi shariflarda keltirilgan va muayyan tartibga solingan. Sahobalarning tiriklik paytidayoq odamlar o‘rtasida aqidaviy qarama-qarshilik va kelishmovchiliklar yuzaga kelganini ko‘rish qiyin emas. Islom dinimizda aqidaviy ixtiloflar to‘rtinchi xulafoi roshidin Alining qo‘shinidan ajrab chiqqan, aqida masalasida bir necha shubhali savollarni o‘rtaga tashlagan xorijiylar tufayli boshlandi. Ular Hazrati Ali va Abdulloh ibn Abbos (r.a.) bilan aqida masalasida ixtilofga borishdi. Sahobalar davri tugaganidan keyin tobeinlar davriga kelib vaziyat yanada keskin tus oldi. Chunki bu davrda din ilmlarini, ayniqsa, aqidani biluvchi kishilar oldingiga nisbatan ancha kamayib, sof aqidaviy qarashlarga qarshi turli botil g‘oyalarni ilgari surgan firqa va toifalarning tarqalishi avj oldi. Ular o‘zlarining islomga yot bo‘lgan fikr va qarashlari, e’tiqodlarini ommaga tarqatib, to‘g‘ri aqidani noto‘g‘ri talqin qilish yo‘lidan bordilar. Shuningdek, fath etilgan yurtlardagi xalqlarning islomdan oldingi diniy qarashlari va falsafalari, o‘z tushunchalari va tafakkur yo‘llari mavjud bo‘lgan. Shu sababdan ularning islom ta’limotini tushunib olishlari juda qiyin kechganiga tarixiy dalillar guvohlik beradi. Binobarin, Qur’on oyatlari va hadislarni ba’zi vaqtlarda o‘zlarining islomdan oldingi ta’limotlari andozasiga solish holatlari uchraydi. Islom diniga yot bo‘lgan turli guruh va jamoalarning uni buzib talqin qilish natijasida ularga raddiya sifatida olimlar kalom, ya’ni aqida ilmiga asos soldilar. Shu tariqa bu ilm turi musulmonlar uchun zarur sohaga aylandi. Zero, har bir musulmon to‘g‘ri aqidani bilishi shart deb hisoblanadigan bo‘ldi. Sa’duddin Taftazoniy «Maqosid at-tolibin» asarida: «Kalom ilmi diniy aqoid usullarini ishonchli dalillar asosida anglashni o‘rgatadigan ilmdir. Shu ilm tufayli shar’iy, nazariy, aqidaviy masalalar hal qilinadi. Uning natijasi imonga komil ishonch bilan ziynat berish, foydasi esa bu dunyoda tartibli hayot kechirish va oxiratda azob-uqubatdan xalos bo‘lishdir. Shunday ekan, kalom ilmi eng sharafli ilmdir», deb keltiradi. Hujjatul islom Abu Homid G’azzoliy o‘zining «Ihyo ulum ad-din» nomli asarida: «...Chuqur bilimga ega bo‘lmagan oddiy musulmonlarning diniy e’tiqodlarini turli bid’at va noto‘g‘ri g‘oyalardan saqlash uchun kalom ilmini o‘rganish vojibdir», deb keltiradi. Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, aqoid yoki kalom ilmining vazifasi: a) diniy e’tiqodlarni qat’iy dalillar bilan isbotlash va ular haqidagi shubha hamda gumonlarni rad qilish; b) insonni aqidada oddiy taqlidchi bo‘lishdan har bir e’tiqodga hujjat keltira olish darajasiga ko‘tarish; v) islomning sof e’tiqodlarini adashgan zalolat ahlining shubha va gumonlaridan himoya qilish. Download 53.55 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling