7-bob. Ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarni kasbga tayyorlash dasturi doirasida kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malaka oshirishni tashkil etish
53. Mehnat organlari tomonidan belgilangan tartibda ishsiz va ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinganlarni mazkur Nizomga muvofiq kasbga tayyorlash dasturi doirasida kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
54. Kasbga tayyorlash dasturini amalga oshirishda o‘quv kurslari bitiruvchilarining bandligiga ko‘maklashish maqsadida mehnat organlari tomonidan quyidagilar amalga oshirilishi mumkin:
a) tadbirkorlikka jalb etish va o‘zini o‘zi band qilganlik uchun davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi subsidiyalardan istalgan bir turini olishi:
bunda mehnat organlaridan ishsiz va ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tganlarni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish, kichik korxonalar va mikrofirmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lish, tadbirkorlikka o‘qitish va kredit olishda sug‘urta polisi to‘lovi uchun;
mehnat organlaridan ishsiz va ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlayotgan shaxslarga tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgandan so‘ng dastlabki uch oy mobaynida ijaraga olingan bino va inshootning ijara to‘lovini qoplash uchun subsidiya ajratish;
b) o‘z biznesini boshlashi uchun imtiyozli kredit ajratishga tavsiyanoma berish, bunda mehnat organlarida ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan shaxslarga qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari rahbarlari tomonidan beriladigan imtiyozli kreditlash bo‘yicha tavsiyanomaga asosan tijorat banklari tomonidan davlat maqsadli jamg‘armalari kredit liniyalari hisobidan garov ta’minotisiz imtiyozli shartlarda kredit ajratish.
55. Kasbga tayyorlash dasturi doirasida o‘quv kurslari bitiruvchilariga o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini tadbirkorlikka jalb qilish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 13-oktabrdagi PQ-4862-son qarorida nazarda tutilgan tartibda mikroqarzlar (mikrokreditlar) ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |