Kasb-hunar ta’limi jarayonining ishtirokchilari
Reja:
1. Umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limining uzviyligi.
2.Kasb-hunar kollejlarida pedagogik jarayonni tashkil etish.
Tayanch so’z va iboralar: ta’lim uzviyligi, pedagogik jarayonni tashkil etish, umumiy o’rta ta’lim, kasb-hunar ta’limi.
1. Umumiy o‘rta ta’lim, kasb-hunar ta’limining uzviyligi
Ma’lumki, har qanday ta’lim-tarbiya ishida, shuningdek kasb-hunar ta’limida o‘qituvchi va o‘quvchilar ushbu jarayonning bevosita ishtirokchilari hisoblanadilar. Bu ishtirokchilarning o‘zaro hamkorligi natijasida, ya’ni ularning o‘zaro ta’sir, muloqot va munosabatlari tufayli ta’lim-tarbiya jarayoni amalga oshadi.
Ma’lumki, kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilar umumiy o‘rta ta’lim maktablarining to‘qqizinchi sinflarini bitirganlar safidan qabul qilinadi. Odatda ularning yoshi 15-18 larda bo‘lib, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladilar. Vatandoshimiz yetuk psixolog olim E.G‘oziyev va uning maslakdoshlari fikricha bu yoshdagi o‘spirinlar quyidagi xususiyatlarga ega bo‘ladilar:
“- jismoniy barkamollikning ifodalanishi;
- ruhiy jihatdan muayyan ko‘rsatkichga erishilganligi;
- xulq, faoliyat va muomala jarayonlarida individuallikning shakllanishi;
- e’tiqod, dunyoqarash va pozisiyada barqarorlikning mavjudligi;
- bilim, ko‘nikma va malakalarni egallashda individuallik;
- faoliyatga oid individual uslubning paydo bo‘lishi;
- kasbiy motivasiyaning ustuvorligi;
- ma’naviy ehtiyoj, barqaror qiziqishning qat’iyan yetakchiligi;
- mutaxassislikka munosabatning shaxsiy pozisiyaga bo‘ysundir-ilganligi;
- kollej va oliy maktab muhiti o‘ziga xosligining ular shaxsiyatida ifodalanishi;
- amaliyot va muhitga moslashishning sifat jihatidan tafovutlanishi.”
Yosh fiziologiyasi va psixologiyasi fani xulosalari kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilar o‘z xulqi va o‘quv-bilish faoliyatini boshqara olmasligini ko‘rsatadi. Bundan kasbiy ta’lim jarayonida o‘qituvchining o‘rni muhim ekanligi kelib chiqadi.
Pedagogik jarayonning mohiyati unda ishtirok etuvchi o‘qituvchi va o‘quvchilarning o‘zaro hamkorlik faoliyati mazmunida o‘z ifodasini topadi. Bunda o‘qituvchining faoliyati o‘quvchilarni yo‘naltirish, safarbar etishdan iborat bo‘lib, ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi vazifalar bilan belgilanadi, o‘qituvchi o‘quv materialini o‘quvchining ongiga yetkazish uchun eng avvalo (so‘z) nutqdan, shuningdek, shart- sharoit, vaziyat, shakl, metod, vositalardan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |