Kеchinmaning badiiy ifodasi qahhorjon Yo‘lchiyev


Download 144.43 Kb.
bet1/5
Sana08.08.2023
Hajmi144.43 Kb.
#1665915
  1   2   3   4   5
Bog'liq
Документ Microsoft Word (2)


Chehrasidan tabassum arimaydigan odamlar bo‘ladi. Ana shunday insonlardan biri — shoir G‘ulom Fathiddin. Shu sabab bo‘lsa kerak, uning she’rlari ichida chiroq yonib turganday, o‘qisang, ko‘ngling ravshanlashadi. U hissiyotlarini tabassumi bilan yashirmaydi, aksincha, qalbingizdagi hislarni yoritib,uyg‘otadi. Shoir she’rlari Rishton kulollari yaratgan san’at asarlaridagi ranglardek tabiatdan mehr olganini sezib turasan.
Taniqli olim Ibrohim G‘afurov ta’biri bilan aytganda, G‘ulom Fathiddin – hisssiyot shoiri, hissiyot esa hayot va uning rang-barang taassurotlari bilan doim tutash.
Xurshid Davron
KЕCHINMANING BADIIY IFODASI
Qahhorjon Yo‘lchiyev

Shoir G‘ulom Fathiddin lirikasidagi teran kechinma hamda uning turli shakl va uslubda ifodalanishi, borliqni hissiy-falsafiy, ramziy-metoforik idrok etishi diqqatni tortadi. Zero,”tuyg‘uning harakati bizga, taxmin qilingandek, ular umumiy hissiyotga yaqinlashganda emas, balki ularga singdirilgan hissiy qabul qilish ma’lum predmet va obraz olamini yaratishga xizmat qilganda seziladi. Bizning hissiy qabul qilishimiz qanchalik takomillashgan bo‘lsa, bu olam bizga shunchalik go‘zal bo‘lib ko‘rinadi va biz uni yanada aniq tasavvur eta olamiz”[1]. Demak, voqelik natijasida shoir qalbida yuzaga kelgan kechinma qanchalik teran, yetuk bo‘lsa, she’rning shakl va mazmun birligi ham shunchalik mukammallashadi. G‘ulom Fathiddin she’rlarida shunday jihatlar mavjud.
Rangpar derazadan mo‘ralardi jim,
Chinor og‘ushiga yashiringan oy.
G‘ira-shira tunda suzar xotirjam,
Jo‘ngina kulbamiz – tengi yo‘q saroy.[2]
Mazkur parcha boshlovchi band sifatida lirik qahramon ko‘nglidagi hayotsevarlikni, oshiqning kuzatuvchanligi va bag‘rikengligini ochib beradi. Ikkinchi misradagi chinor va oy o‘z baxtidan masrur oshiq-ma’shuq timsoli bo‘lsa, to‘rtinchi qatordagi “kulba” esa “saroy” bilan istioraviy munosabatga kirishib, mazmuni zid sifatlar yordamida lirik qahramon kechinmasining teranligini aks ettiradi. Birinchi misrada berilgan “deraza” detali lirik qahramon yuragiga nisbatan olib boruvchi yo‘l hisoblandi. Unga “rangpar” sifatining berilishi esa bir tomondan bu yo‘l ko‘hnaligiga ishora bo‘lsa, ikkinchi tomondan lirik qahramonning oshiqlik holati haqida ham badiiy xabar tashimoqda. Lekin, badiiy xabarning boshqa tomonlari keyingi bandda yanada kengroq ochiladi:
Ko‘hna qo‘shig‘ini xirgoyi qilar
Xushbo‘y bedazorda sarmast bedana.
Zilol suv jildirab unga jo‘r bo‘lar,
Chigirtkalar hazin chirillar yana.
“Bedananing ko‘hna qo‘shig‘i” jumlasi orqali she’rdagi zamon va makon ko‘lami uzoq tarixga qadar kengayadi. Bunda “ko‘hna qo‘shiq” va “sarmast bedana” jumlalari bildirgan ma’no asosiy o‘rin tutadi. Bu o‘rinda, shoir qadimiy Vatan va azaliy turmush tarzimiz – go‘zal tabiatga oshnolikni ruhiy parallelizm orqali berayotgani ayon bo‘ladi. Zilol suv jildirashi, chigirtkalarning hazin chirillashi tabiatdagi ohanglar va ularga yo‘g‘rilgan kechinmalar obrazi ruhimizga bir sog‘inch hadya etadi. Bedazordagi xushbo‘ylikdan mast bo‘lgan bedananing sayrashiga jo‘r bo‘layotgan tabiat ovozi bizning tuyg‘ularimizga ta’sir qiladi. Tuyg‘ular kechinmaga aylanadi. Kechinma esa Vatanga bo‘lgan muhabbatni kuchaytiradi. Shoir uchun Vatan bu, avvalo, pichan hidi va sevimli ma’shuqaning yuzi, bulutlar va ohanglar, “yaproqlari shivirlab, duo o‘qiyotgan teraklar” va lirik qahramon yuragiga tushgan o‘tdir. Ana shunday detallar lirik qahramon qalbidagi ko‘tarinki kechinmalarni to‘la aks ettiradi. Bu esa, uning sodda va samimiy yurakka ega bag‘rikeng shaxs ekanligidan dalolat beradi.
“Oppoq yig‘i” sarlavhali she’rida esa lirik qahramoni irodali, g‘ururi baland shaxs ekanligi ko‘zga tashlanadi:
Havasim keladi senga, ey, gilos,
Silagim keladi yashil boshingni.
Yig‘lar chog‘ingda ham qadding tutib g‘oz,
To‘kasan gullarga o‘rab yoshingni.
Gilos ham tabiiy, ham ramziy obraz sifatida bir necha mazmuniy qatlam va ta’sirchan yorqin tasvirga ega bo‘lib, shoirning badiiy niyati daraxtning go‘zalligini ifodalash emas, balki, inson fe’lini ochib berishdir.
G‘ulom Fathiddin bitiklarining yana bir yaxshi jihati shakliy, uslubiy izlanishidir. Shoir qator she’rlarida erkin vazndan foydalangan. Aslida, har bir ijodkor o‘z onggiga ta’sir ko‘rsatgan tashqi omil – turli ijtimoiy munosabat, narsa, voqea, hodisalar asosida voqelikni badiiy anglaydi va o‘ziga xos ifoda etadi. Natijada, turli poetik shakllar, ifoda usullari, badiiy jihatlar yaratiladi. Jumladan, shoir o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos she’riy shakl sifatida shakllanib ulgurgan uchlikda ham she’rlar yozgan:
Qulog‘imga chalinar goho
dengiz chig‘anog‘i tovushlaridek
marmar lavhalarning ho‘rsinishlari.
She’rdagi dunyoni anglashga intilish, marmartoshning darddan ho‘rsinishini eshitish uchun shunchaki odam emas, balki inson bo‘lish kerak. Chunki haqiqiy insongina marhum qabriga qo‘yilgan toshning qabristondagi marhumlar taqdirini anglab og‘ir xo‘rsinishini tushunadi va unda doimo shabada bilan birga quloqqa chalinadigan dengiz ovozini eshita oladi. Bir qarashda dengiz chig‘anog‘i va marmarning ovozi boshqa-boshqadek tuyuladi. Lekin har ikkalasi ham tashqi tomondan turli bezaklari va nisbatan qattiqligi bilan o‘xshaydi. Shoir ana shu kichik o‘xshashlikdan katta hayotiy mazmun topa bilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, shoir ijodida dengiz alohida o‘ringa ega. Chunki dengizning bezovta qalbini tushungan dengizchi sifatida she’rlarida dengizga bot-bot murojaat qiladi. Lekin uni begona emas, sof milliy fe’li bilan bolasini allalayotgan ona timsolida ifodalaydi.
To‘lqinlar shashtidan tebranar dengiz,
Qoyalarga urar kumush tig‘ini.
Quyosh chekinmoqda qoldirmay, esiz.
Sohil oynasida nurli tug‘ini.
Lirik qahramon dengizning kumush tig‘ini, quyoshning nurli tug‘ini ko‘rib hayajonga tushadi va ularning vaqtincha ekanligidan afsus chekadi. Lekin bu qaytayotgan to‘lqin, botayotgan quyosh bag‘rida ertangi kunga umid borligini, jajji to‘lqin yana kurashga otlanayotganidan g‘ayratga tushadi. Boshqa bir uchlik she’rida esa shovqinli o‘rmonni tashlab ketayogan go‘zallik timsollarining tasviri berilgan:
Baqiriq-chaqiriqqa to‘la gung o‘rmon.
Bundan chiqib ketmoqdalar o‘ksinib,
Mening ohularim tilini tishlab.
She’rning birinchi misrasi tezis sifatida lirik asardagi ko‘lamdorlikni ta’minlaydi. Shoir she’r zamirida global bo‘lgan ekologik muammoni yoritar ekan, o‘rmon va ohu detal-obrazlari orqali metaforik usul yordamida badiiy did, go‘zallikni tushunish kamayib borayotganidan iztirob chekadi.
Shoirning “Mavhumlik”, “Yorug‘ dunyo haqida o‘ylar”, “Ko‘hna jarayon haqida yangi bashorat”, “Fuqarolik haqida o‘ylar” kabi she’rlari erkin vaznning o‘ziga xos ko‘rinishlari sanaladi. Ularda umuminsoniy qadriyatlar qamrab olingan bo‘lib, shoir odam va olamni tushunishga intilish jarayonida paydo bo‘lgan tuyg‘ularini lirik kechinmaning hissiyoti bilan mujassamlashtiradi.
G‘ulom Fathiddin she’rlaridagi lirik kechinmada lirik subyektning tabiiy olami teran falsafiy hissiyotga boy, serqatlam dunyosini, olam va odam mohiyatini anglashga harakat qilayotgan insonni ko‘rish mumkin.
Shoir ana shu xususiyatni juda yaxshi anglagan holda, oddiy hayotiy voqelik asosida ham teran falsafiy mushohada, kutilmagan xulosa yasay oladi:
Hushtagini chalib shamol,
Adirlarga arqon o‘raydi.
Chechaklardan iborat olam
Tovonlardan shafqat so‘raydi[3].
Bir qarashda shoir tabiat tasvirini chizayotgandek tuyuladi. She’rdagi “shamol” va “chechak” obrazlari predmetlilik darajasiga ko‘ra detal-obrazlar bo‘lib, ular zimmasiga jamiyatning ikki qutbini ko‘rsatish yuklangan. “Shamolning adirlarga arqon o‘rashi” shoirning ajoyib topilmasidir. Darhaqiqat, kenglik o‘rtasidasi adirni qoplagan maysa va chechaklar ustida shamolning epkini natijasida hosil bo‘ladigan to‘lqin go‘yo poxoldan arqon eshish natijasida havoda qoladigan izga o‘xshaydi. Shamolning holatiga aniqlik sifatida kiritilgan “hushtak chalib” iborasi esa shamolni jonlantirib, uning qalbida ko‘tarinkilik, allaqanday mamnunlik borligidan darak beradi. Garchi ko‘zga ko‘rinmasa-da, shamolning nima bilandir mashg‘ulligini bildiradi. Shu parchada shamol obrazining zimmasidagi hayotsevarlik, mehnatsevarlik qirralari ko‘zga tashlanadi. Lekin bandning keyingi misralarida esa shamolning oyoqlari ostida ezilayotgan chechaklar olamining faryodini anglagan shoir qalbi yuzaga chiqadi. “Chechaklarning ovozi” va “shamolning harakati” ikkala qirraning banddagi faoliyatida o‘zaro mazmuniy ziddiyatga kirishishi ta’minlagan unsurlardandir. Mazmuniy ziddiyat dastlabki o‘rinda, sof tabiiy tasvir bo‘lsa, ikkinchi mazmuniy qatlamda, istioraviy ko‘rinish oladi va ijtimoiy tasvirga aylanadi. Uchinchi o‘rinda esa, ular yoniga lirik subyekt ovozi ham qo‘shiladi. Bu ovoz asosan, ikki qudratli kuchni anglagan shaxsning ovozi sifatida hali lirik voqelikka jadal aralashgani sezilmaydi.
Kezib yurar xazonlar isi,
Kengliklarda tovlanar sarob,
Nahot, nurga bo‘lgan sevgisi
Lolazorni aylagay xarob?
Mazkur bandda shoirning avvalgi to‘rtlik tasvir zamiridagi hadigi kuchaya boshlaydi. Ya’ni, lirik subyekt lirik voqelikka aralashadi. Lekin ungacha yana lirik kompozitsiyada tezislar beriladi: “Kezib yurar xazonlar isi”, “Kengliklarda tovlanar sarob”. Lirik subyektning kuzatuvchanligi, bahorda ham, ya’ni, hamma narsa gullab, yashnab, maysalar, yaproqlar so‘lmaydigan ko‘klamda xazon isini tuyushi, sarobni ko‘rishi va uning zimmasidagi ma’naviy ko‘chimlarni anglashi she’rning mazmuniy doirasini kengaytiradi. Bu o‘rinda nur va lolazor detallari orqali odamlar qalbidagi yorug‘lik, noziklik, go‘zallikni anglashimiz mumkin.
Shoir ijodining yana bir jihati she’rdagi lirik xronotoplar (bahor, qir), lirik kompoziya (tezis, antitezis va xulosa), sintaktik usullar (ritorik so‘roq, metafora)dan unumli foydalanganida ko‘rinadi.
Yuqorida aytilganidek, shoir metaforadan unumli foydalangan. Buni “Ozodlik suvrati” nomli she’rida kuzatishimiz mumkin[4].
Shoir mazkur she’rida, Vatanning suratini metaforaga aylantirgan.
Uning qarshisida oqarardi vaqt –
Tun rangli sochlarin bosmish qorli tong.
Ko‘krak qafasiga qilmasdan shafqat
Osilgan yuragi chalayotir bong.
Aslida, real hayotda vaqt oqarmaydi. Lekin G‘ulom Fathiddin metafora yordamida “vaqt” xronotopini muvafaqqiyat bilan epitetlagan. Coch va tong detallari orqali esa vaqtning tundan tongga qarab harakatlanishi ifodalangan. Ana shu harakat esa tun va tong xronotoplarining vaqtga nisbatan ma’no ko‘chimini, ya’ni, metaforani topa bilgan. Yurakning har bir urishi kishilarga insonparvarlik g‘oyasini singdiruvchi bongdek yetishi she’rdagi muayyan shaxsning ozodlikka talpinishidek yangraydi.
Yana bir jihat. G‘ulom Fathiddin she’rlarida o‘zidan avvalgi shoirlar ijodidan ta’sirlanishi va ularning an’analariga yondashishi ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ijodiy ta’sirning yana bir muhim jihati, jamiyat yoki ijodkorda mumtoz adabiyot vakili va u yashagan davrga nisbatan tashqi yaqinlik shakllanishida ham kuzatiladi. Shu ma’noda, G‘ulom Fathiddinda mustaqillik davrida berilgan ijodiy erkinlik natijasida ajdodlarimiz merosiga nisbatan hurmat kuchaygan va shoir badiiy qirralarni chuqur o‘rganishga harakat qilamoqda.
________________________________________

Download 144.43 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling