Kelinmoqda. 1877 yili avstraliyalik sharqshunos V. Tomashek birinchilardan bo'lib Baqtra satrap(hokim)ligining Oksdan shimolga yoyilganligi haqidagi g'oyani
Download 32.9 Kb.
|
Aleksandr davrida BAQTRIYA
BAQTRIYA YERLARI ERON AHAMONIYLARI VA ISKANDAR ZULQARNAYN SALTANATI TARKIBIDA Ma'lumki, qadimgi Baqtriyaning hududiy joylashuvi va geografik chegaralari haqidagi masala XIX asrdan boshlab muhim ilmiy muammo sifatida o'rganib kelinmoqda. 1877 yili avstraliyalik sharqshunos V.Tomashek birinchilardan bo'lib Baqtra satrap(hokim)ligining Oksdan shimolga yoyilganligi haqidagi g'oyani ilgari surgan edi. Bu g'oyani arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan M.M.Dyakonov rivojlantirdi va «Shimoliy Baqtriya» tushunchasini ilmiy muomalaga kiritdi. Shu davrdan boshlab bu atama shimoldan Hisor tog' tizmasi, g'arbdan Ko'hitang tizmasi, janubdan Amudaryo, sharqdan Pomir tizmalari bilan chegaralanuvchi keng geografik hududni anglatadigan bo'ldi. Lekin bir qator olimlar bu fikrga qo'shilmaydilar, ular yozma manbalarga tayangan holda yuqorida ko'rsatilgan hudud So'g'diyonaga qarashli bo'lgan va Baqtriyaning shimoliy chegarasi Amudaryo - Oks orqali o'tgan deb hisoblaydilar. Amerikalik olim R.Frayning fikriga ko'ra, Baqtr shahri-keng qamrovli o'lkaning madaniy markazi bo'lib, uni shimoldan, sharqdan va janubdan tog'lar o'rab turgan. Uning yerlarini sug'oruvchi Amudaryo uni ikki qismga: janubiy - Surxondaryo viloyati, shimoliy - afg'on Turkistoniga ajratib turgan. B.Staviskiyning fikricha, Amudaryo o'zining o'rta oqimida vaqtinchalik harbiy-siyosiy chegara vazifasini o'tagan bo'lishi mumkin, ammo u hech qachon etnik-madaniy yoki etnik-tarixiy chegara vazifasini bajarmagan. Bir qator tadqiqotchilarning fikricha, Baqtriya va Sug'diyona o'rtasidagi chegara Amudaryo va Surxondaryo bo'ylab o'tgan. Ushbu chegara Vaxsh va Amudaryo orqali o'tgan degan fikrlar ham mavjud, bu fikrga ko'ra, Surxondaryo va Kofirnihon viloyatlari So'g'diyonaga qarashli bo'lgan, Afg'onistonning shimoliy viloyatlari, ya'ni Janubiy Turkiston esa Baqtriya hududiga kirgan. Amudaryo - Oks Baqtriya va So'g'dning chegarasi bo'lgan degan fikrlar Iskandar tarixchilarining ma'lumotlari asosida aniqlangan. Iskandardan avvalgi va uning yurishlaridan keyingi davrga oid Baqtriyaning shimoliy chegaralari haqida guvohlik beruvchi yozma manbalar esa mavjud emas. Yozma manbalarni chuqur tahlil qilgan I.V.Pyankov bir qator tadqiqotchilarning Baqtriya haqidagi, uni Oksning faqat chap qirg'og'ida joylashgan bir o'lka, degan qarashlari haqiqatga to'g'ri kelmasligini asoslab berdi. I.V. Pyankov tomonidan ushbu masala atroflicha tahlil qilindi va yozma manbalarning axborotlari hamda arxeologiya ma'lumotlariga asoslangan holda mil. avv. IV asr uchinchi choragining oxiriga kelib Amudaryoning o'ng qirg'og'idagi yerlar - O'zbekistonning Surxondaryo viloyati va Janubiy Tojikiston yerlari Baqtriyaning tarkibiga kirganligi ilmiy jihatdan asoslab berildi. Mutaxassislar tomonidan Shimoliy Baqtriya hududida joylashganligi taxmin qilinayotgan Gabaza va Paretaka viloyatlarining geografik o'rni masalasi ham ko'rib chiqildi. Ma'lumki, Kursiy Rufning «Iskandar tarixi» va Arrianning (95-175) «Iskandar yurishlari» asarlaridagi xabarlarida Shimoliy Baqtriya va So'g'diyonada joylashgan viloyatlar, qal'alar va shaharlar xususida qimmatli ma'lumotlar mavjud. Kursiy Rufning ma'lumotlariga ko'ra, Iskandar yurishlarining uchinchi oyida qo'shin bilan qishlik qarorgohidan chiqqan va Gabaza viloyati sari yurish qilgan. Iskandarning Markaziy Osiyo janubiy viloyatlariga yurishining ikkinchi bosqichi mil. avv. 327 yilning bahorida boshlangan bo'lib, asosan «paretaklar mamlakati» orqali o'tganligi aytiladi. Ushbu viloyatning joylashgan o'rni xususida olimlar turlicha fikr bildiradilar, masalan V.Tomashekning fikriga ko'ra, Parataka viloyati Badaxshon hududida joylashgan va u tog'li mamlakat bo'lgan. V.V.Grigoryevning taxminicha, Parateka atamasi «tog'li mamlakat» ma'nosini anglatib, u Surxondaryo, Surxob va Kofirnihon vohalarida, ya'ni Hisor o'lkasining o'rta va shimoliy qismida joylashgan. I.Markvart Paratekani «daryo yuvib turuvchi viloyat» deb ataydi va uni hozirgi Surxondaryo viloyati va Tojikiston hududida joylashganini ma'lum qiladi. Lekin yuqoridagi qarashlar ilgari surilgan paytda ularni tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi arxeologik ashyolar va ma'lumotlar hali mavjud emas edi. Hozirgi kunda esa Surxondaryo viloyatining shimoli-g'arbiy qismidan Iskandar yurishlari davriga oid bir qator manzilgohlar ochib o'rganildi. Ana shu yangi arxeologiya ma'lumotlarini yozma manbalardagi ma'lumotlar bilan qiyoslab va olimlarning bu boradagi qarashlarini tahlil qilib Paretaka viloyatining joylashgan o'rni masalasiga oydinlik kiritish imkoni paydo bo'ldi. Olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida Parateka mamlakati hozirgi Surxondaryo viloyatining tog' oldi qismidagi Ulanbuloq, Sherobod, Urgul, Surxon, Halqajar va To'palang vohalarida joylashgan viloyat bo'lganligi va uning markazi Qiziltepa o'rnida ekanligi asoslab berildi. Baqtriyaning qachon ahamoniylar tomonidan istilo etilgani noma'lum. Ksenofont Baqtriya Kir tomonidan bosib olindi deydi va bu voqealarning qachon sodir bo'lganini qayd etmaydi. Lekin bu voqealarning miloddan avvalgi 545-540 yillar oralig'ida sodir bo'lgani ancha aniq holga kelgan. Doro I davrida o'tkazilgan ma'muriy islohotga binoan Baqtriya yerlari 12-viloyat sifatida qayd qilinadi. Bu davrda Baqtriya satrapligiga Marg'iyona va So'g'diyona hududlari ham kirgan, buni Doro I ning Bexustun qoya toshlariga raqam qildirgan bitiklaridan ham bilsa bo'ladi. Doro I Marg'iyonada ko'tarilgan 522 yildagi Frada qo'zg'olonining Baqtriya satrapi Dodarshish tomonidan bostirilishi haqida to'xtalib «mana, men Baqtriya uchun nimalarni qildim» deb ta'kidlashi ham Marg'iyonaning Baqtriya tarkibiga kirganligani bildiradi. Baqtriya satrapligi Eron ahamoniylari xazinasiga yiliga 36 (10 tonna) talant kumush miqdorida yillik soliq to'lagan. Bundan tashqari, Suzadagi saroy qurlishiga Baqtriyadan ko'plab miqdordagi yaltiroq toshlar va lojuvard jo'natilgan. Erondagi Persopol saroyidagi rasmlarda ahamoniylar podshosiga xiroj keltirish marosimi tasvirlangan. Ushbu rasmda baqtriyaliklar o'n beshinchi guruhdan joy olgan bo'lib, ularning besh vakili tuya yetaklab, maxsus idishlarda narsa olib borayotganligi aks ettirilgan. Baqtriyalik yigitlarning fors qo'shinlarida xizmat qilgani va ularning mardliklari haqida ham ma'lumotlar mavjud. Qadimgi yunon dramaturgi Esxil o'zining «Forslar» tragediyasida yunonlar bilan eroniylar o'rtasidagi miloddan avvalgi 480 yilgi Salamin jangida Eron qo'shini tarkibida jang qilgan hamda halok bo'lgan baqtriyalik jangchilar Tenagon va Aritomlarning ismlarini tilga olib o'tadi. Bu jang haqida Gerodotning xabar berishicha, Baqgriya chavandozlarining qurollari piyoda askarlarning qurollariga o'xshar ekan. Yana Gerodot baqtriyaliklarning ust-boshi hindlarning ust-boshiga o'xshaydi, ular o'q-yoy va kalta nayzalar bilan qurollangan, deb yozadi. Jahon sivilizasiyasi tarixida alohida ahamiyatga ega bo'lgan Baqtriya davlati dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan mustahkam iqtisodiy-madaniy aloqalar o'rnatib, siyosiy yo'nalishda o'zining mustahkam nufuziga ega bo'lgan. Baqtriyaning ichki-tashqi siyosatida amalga oshirgan islohotlari, qo'shni mamlakatlar bilan olib borgan iqtisodiy-siyosiy munosabatlari haqida Yunon, Eron, Hindiston, Chin va Rum tarixnavislari ko'plab tarixiy voqealarni yozib qoldirganlar. Yunon tarixchisi Kvint Kursiy Ruf xabariga ko'ra «Baqtr davlati nomi Baqtr daryosi nomidan olingan, poytaxt shahar - Zariasp shahri keyinchalik daryoning nomi bilan Baqtr deb ataladi» va bu nom viloyat nomiga ham ko'chadi. Baqtr davlati keng bepoyon o'lka bo'lib, janubda Hindiqush (Parapamis), shimolda So'g'diyona, g'arbda Marg'iyonagacha (Murg'ob vohasi) bo'lgan hududlardan iborat bo'lgan. Mashhur tarixiy manba «Avesto»da bu o'lkaning beqiyos yurt ekanligi ta'riflanadi va u Baxdi (Baqtriya) bayroqlari doimo baland hilpirab turadigan, ya'ni shon-shavkat o'lkasi sifatida tilga olinadi. Baqtriyaning tarkibiy qismi bo'lmish hozirgi Surxon vohasi hududi Oksning o'ng sohilida joylashgan nihoyatda ravnaq topgan yirik shaharlarga ega bo'lib, ular savdo-sotiq rivojlangan iqtisodiy-siyosiy va madaniy markazlar sifatida mashhur edi. Baqtriyani yirik sulolalar boshqaradi, uning siyosiy kuchi cheksiz, harbiy qudrati shu darajada dahshatli ediki, hatto u yirik davlatlarni ham qo'rquvga solib turgan. Yunon tarixchisi Ktesiyning yozishicha, Ossuriya (Gerodotning aytishicha eroniylar Suriyani shu nomda yuritishgan) podshosi Nin Baqtriyaga qarshi 1700 ming piyoda, 210 mingdan otliq askar, 10 mingdan ortiq jang aravalari bilan bostirib kelib, butun shahar va qishloqlarni talab, ko'plab oltin-kumushlar va qullarni olib ketgan. Muarrix Pompey Trog qadimgi manbalarni ko'zdan kechirgan holda yozishicha, Ninning Baqtriyaga qilgan bosqinchilik yurishi davrida «... Baqtr podshosi Zardo'sht (Zaroastr) bo'lgan» ekan. Akademik A.Asqarovning ta'kidicha: «Ktesiy hikoyalarining asosida qandaydir tarixiy haqiqat borligiga ishonish qiyin emas. Masalan, Baqtriya bilan Ossuriya o'rtasida iqtisodiy aloqalar bo'lganiga shubha yo'q, chunki Baqtriyadan o'z davrida Ossuriyaga ikki o'rkachli tuyalar qatnagan, bu tuyalarda Baqtriya lazurati oqib borgan, Bular haqida Sargon II davri(mil. avv. VIII asr)ga oid manbalarda xabarlar beriladi». A.Asqarov davom etib yozadi: «Miloddan avvalgi VIII- VII asrlarda bir butun yirik madaniyat markazi sifatida shakllangan yurtlardan biri Baqtriyadir. Uning hududini O'zbekistonning Surxondaryo viloyati, Janubi-G'arbiy Tojikiston yerlari, Shimoliy Afg'oniston (va Sharqiy Turkmaniston B.M.) tashkil etadi. Bu yurtda miloddan avvalgi VIII -VII asrlarda «Qadimgi Baqtriya podsholigi» tashkil topdi. O'zbekiston hududidagi eng qadimgi shahar shu yurtda shakllandi. Bu yurt zalrdushtiylik dinining ilk makonidir. Uning hukmdori Kavi Vishtaspa esa Zaratushtra diniy islohotini birinchilar qatorida qabul qilib, uni davlat dini deb e'lon qilgan». Yunon tarixchisi Ktesiyning ma'lumotlarida ahamoniylar doimiy tarzda Baqtriyaga bosqinchilik yurishlari qilib, bu boy hududni talon-taroj qilib turgan va xalq notinch holatda yashagan. Gerodot Eron-Baqtriya munosabatlarini o'rganib «Doroni forslar savdogar deyishlariga sabab, u birinchi bo'lib soliq tizimini joriy etganligidandir». Hatto Gerodotning qayd etishicha, soliqlardan tashqari ahamoniylar baqtriyaliklarni suv yo'llarini to'sib qo'yib, qo'shimcha soliq to'lashga majbur qilganlar. Gerodotning yozishicha, Doroning shaxsan amri bilan poytaxt Suza shahridagi saroy qurilishida ishlatilgan oltinlar ayni Baqtriyadan olib kelingan. Baqtriya Eron podshohlarini talonchilik harakatlariga muntazam tarzda jiddiy qarshilik ko'rsatib, o'z milliy mustaqilligini saqlash uchun kurash olib borgan. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning bergan ma'lumotida «Baqtriyaliklar g'oyatda epchil, tabiatan qattiqqo'l, forslarning dabdabasiyu, erkatoyligini xush ko'rmaydiganlardan» bo'lgan. Aftidan baqtriyaliklar o'zlariga xos ayni shu xususiyatlarni yunon-makedonlarga ham qarshi qo'llagan bo'lishlari haqiqatga yaqin turadi, bu xil hodisalarga Kursiyda ko'plab ishoralar topiladi. To'xtovsiz bo'lib turgan jang-jadallarga qaramay Baqtriya taraqqiyoti tinimsiz taraqqiy etdi, uning shaharlarida hunarmandchilik, savdo-sotiq rasmi rivoj topdi. Mamlakatda to'quvchilik, kunchilik, qurolsozlik, oltin, kumush, qo'rg'oshin, qalay, mis, bronzadan turli xil mahsulotlar ishlab chiqarish avj oldi. Tarixchi Kvint Kursiy Rufning yozishicha Baqtriya tabiati boy va rang-barangdir, uning ko'p bog'-rog'lari shirin mevalarga to'la, tuprog'i unumdor joylarda bug'doy ekiladi, qolgan yerlar esa yaylovlarda iborat ekan. Baqtriyada pul zarb etish, oltinni qayta ishlash mohirlik bilan amalga oshirilgan, baqtriyaliklar o'ta zehnli bo'lib, fan ancha rivojlangan. Baqtriya satrapligi ahamoniylar davlatida katta iqtisodiy va harbiy qimmatga ega bo'lish bilan birga muhim siyosiy ahamiyatga ham ega bo'lgan. Baqtriya satrapligini idora qilgan hokimlar ahamoniylar oilasining vakillari bo'lgan, shuning uchun ham Baqtriya hokimlari ahamoniylar taxtini qo'lga kiritish uchun doimo kurashib kelganlar. Jumladan, Baqtriya hokimi Masist o'z akasi Kserksga qarshi qo'zg'olon ko'tarishga harakat qilgan. Yoxud keyinchalik Baqtriya satrapi Bessning Doro III ni o'ldirib o'zini Artakserks IV nomi bilan podsho deb e'lon qilishi ham bejiz emas edi. Baqtriyaning shahar markazlari harbiy ahamiyat kasb etib qolmasdan hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari ham edi. Bu shaharlar qalin va mustahkam mudofaa devorlari bilan o'rab olingan. Ktesiyning «Persika» asarida Baqtriyaning juda ko'p istehkomlari va qal'alari mavjudligi qayd etilgan, vohamiz hududidagi Qiziltepa, Tallashqon, Qizilcha, Jondavlattepa, Beshqo'ton, Bo'yrachi kabi arxeologik yodgorliklar ana shunday mustahkam istehkom qal'alar hisoblanadi. Bu davrda Surxon vohasining aholisi asosan sug'orma ziroatkorlik bilan bir qatorda hunarmandchilikning temirchilik, kulolchilik, to'quvchilik, tikuvchilik, zargarlik va boshqa sohalari bilan ham shug'ullangan. Xullas, Shimoliy Baqtriya, ya'ni hozirgi Surxon vohasi hududlari miloddan avvalgi VI-IV asrlarda Eron ahamoniylari davlati tarkibida bo'lgan. Iskandar istilosi. Eron ahamoniylariga qarashli ko'pgina hududlarni egallagan Iskandar miloddan avvalgi 329 yidda o'zining azaliy dushmani Doro III ni o'ldirtirgan Baqtriya satrapi Bessdan «qasos» olishni bahona qilib Araks (Amudaryo)dan kechib o'tib hozirgi Surxondaryo hududlariga bostirib kiradi. Iskandar istilosi arafasida Baqtriya satrapligi siyosiy, iqtisodiy va madaniy jihatdan ancha rivojlangan o'lkalardan biri hisoblanardi. Mashhur Rim tarixchisi Kursiy Rufning ta'kidiga asoslanib Baqtriyadan Oks daryosi kechuvigacha bo'lgan masofani 400 stadiy (75 km) deb hisoblasak, Iskandar askarlari Termiz va Kelif shaharlari oralig'idagi kechuvdan o'tganligi ma'lum bo'ladi. Ushbu kechuv joyi Termizdan g'arbda joylashgan Sho'rob va Cho'chqaguzar kechuvi bo'lgan. Bu paytda Bess va uning hamrohlari Nautakaga chekingan edi. Iskandar hujumiga duchor bo'lgan ilk makonlardan biri hozirgi Sherobod tumani hududida joylashgan Tallashqontepa o'rnidagi Branxiylar shaharchasi hisoblanadi. Iskandarni Na-utakaga olib boradigan asosiy yo'l ham aynan Sherobod vohasidan o'tgan bo'lib, bu yo'l suv manbalari, oziq-ovqat mahsulotlariga boy makonlari bilan qadimdan mashhur edi. Sherobod vohasida qadimiy dehqonlarning qishloqlari miloddan avvalgi XVII-XV asrlardayoq paydo bo'lib, shuning uchun ham ushbu vohada ko'plab qo'rg'onlar joylashgan. Sherobod vohasini kesib o'tib So'g'diyonaga eltuvchi ushbu yo'l makedonlar uchun juda qulay bo'lgan. Tallashqontepada olib borilgan arxeologik qazish ishlari natijasida akademik E. V. Rtveladze bu tepada bir paytlar bino bo'lgan shaharni yunon branxiylari nomi bilan bog'laydi va shu asosda o'z farazlarini ilgari sura boshladi. Yunon branxiylari bu zaminga Iskandar Zulqarnayn (356-323) yurishlaridan 150 yil burun kelib qolganlar. Bu voqealar ahamoniylar shohi Kserksning Yunonga yurishi paytida, ya'ni miloddan avvalgi 480 yilda ro'y beradi. Kichik Osiyo hududida joylashgan Milet shahrida Branx ismli nufuzli koxin avlodlari bunyod etgan Apollon xudosi sharafiga qurilgan mashhur ibodatxona bo'lib, Eron-Yunon urushi vaqtida shahar aholisining behuda qirilib ketishini istamagan kohinlar fors shohi Kserksga ibodatxona xazinasini topshiradilar. Keyinchalik branxiylar yunon xalqining g'azabidan qo'rqib, intiqomdan cho'chib, yengilgan forslar bilan Eronga qochishga majbur bo'ladilar, chunki ibodatxona xazinasi muqaddas sanalib, u daxlsiz hisoblangan. Manbalarning guvohligicha, miletliklarni shoh Kserks yunonlar sira yetib borolmaydigan sharq tomondagi viloyatlardan biriga ko'chirib yuboradi. Kursiy Rufning aytishicha, branxiylar Amudaryoning narigi tomonidagi yerlarda kichik bir shaharchaga asos solganlar. Oradan 150 yil o'tgan bo'lsa hamki, branxiylar, mahalliy xalq an'analarini qabul qilishgan bo'lsalar-da, o'zlarining urf-odatlari, rasm-rusumlarini hali esdan chiqarmagan edilar. Iskandar Oksdan kechib o'tadi. Bu kechuv joyi, E. V. Rtveladze va A. Sagdullayevlar fikricha, Sho'rob qo'rg'oni (Turkondaryo, ya'ni Sheroboddaryoning davomi Qorasuvning Amudaryoga quyilish joyi) orqali sodir bo'lgan, sababi Baqtra (Balx)dan daryoning o'ng sohilida joylashgan Sho'rob qo'rg'oni (Paradagvi)gacha masofa 70 km, Kelifgacha bo'lgan masofa 90 km ni tashkil etadi. Qolaversa, Kelifdan Nautaka(goho Ksenippa, Qarshi)ga borish qiyin, chunki u yerlar cho'l mintaqasiga kiradi, Iskandar esa o'z qo'shinini zinhor muqarrar o'lim changaliga tashlamas edi. Demak, Bessni ta'qib etgan Iskandarnnig Oks (Amudaryo)dan o'tgan joyi har qalay Sho'robqo'rg'on bo'lganligi haqiqatga yaqin turadi, qolaversa, manbalarning guvohligicha, Bess o'z hamrohlari Spitamen va boshqalar bilan Termiz orqali Oksdan o'tadi hamda ko'prik vazifasini o'tovchi yagona kemani yondirib ketadi. Bundan tashqari Turkondaryo (Sheroboddaryo) sohili bo'ylab Qarshiga borish va Maroqandga yurish ancha qulay bo'lib, aholi xuddi shu vohalarda yashar edi, bu esa oziq-ovqat muammolari va yem-hashak uchun juda muhim edi. Qadimiy ipak yo'li ham xuddi shu hududdan o'tganligi taxmin etiladi.Endi yana branxiylar masalasiga qaytsak. Kvint Kursiy Ruf (milod. avv. I asr) jahon fotihi Iskandarning Baqtradan So'g'diyonaga yurishi yo'nalishini quyidagi shaklda beradi: Hindikush tog'lari - Baqtra - Oksdan o'tish - Branxiylar shaharchasi - noma'lum tog'lar yonbag'ri - Maroqand. E'tibor berilsa, Branxiylar shaharchasi Oksdan kechib o'tgandan keyin berilmokda, bu Paradagvi (Sho'robqo'rg'on - Cho'chqa guzar - Kampirtepa, goho manbalarda Sho'rqo'rg'on)dan 20 km shimolda joylashgan ayni Tallashqontepaning o'zidir. Shahar aholisi, ya'ni branxiylar uzoq vatandoshlarini sevinib, shodiyona bir tarzda tuz-non bilan qarshi oladilar, lekin Iskandar ularni sotqinlikda ayblab hammasini qirib tashlaydi, hatto beshikdagi bolasini ham qoldirmaydi, shaharni chinakamiga vayronaga aylantiradi. Shahar dunyo yuzidan butkul yo'qoladi, u ikkinchi marta qaddini tiklay olmagan. Iskandarning Shimoliy Baqtriya yerlariga hujumi davrida bu yerda Kuchuktepa, Beshqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Bandixon, Bo'yrachi, Qizilcha va boshqa ko'plab mustahkam qal'alar va uy-qo'rg'onlar bo'lgan. Surxon vohasining markazi Qiziltepa bo'lgan, vohaning aholisi sug'orma ziroatkorlik xo'jaligi bilan shug'ul-langan. Yuqorida nomlari zikr qilingan arxeologik manzilgohlarda olib borilgan qazish ishlari jarayonida ko'plab miqdorda sopol idishlar, bronza va temirdan yasalgan urush va mehnat qurollari, urchuq toshlar, igna va zeb-ziynat buyumlarining topilishi bu davrda qurilish, hunarmandchilikning temirchilik, kulolchilik, to'quvchilik, tikuvchilik va zargarlik sohalari jiddiy taraqqiy etganligini bildiradi. Iskandarning harbiy yurishlari to'g'risida qalam tebratgan Kursiy Ruf Baqtriya haqida ma'lumot berib, «Baqtriyaning tabiati boy va turli-tumandir. Ba'zi joy-larda ko'pdan-ko'p daraxtzorlar, tok novdasi shirin va serob meva hosil qiladi, unumdor yerlarni ko'p sonli buloq - daryolar sug'oradilar, hosildor tuprog'ida bug'doy ekiladi, boshqa yerlar o'tloq uchun qoldiriladi» deb yozadi. Kvint Kursiy Ruf Shimoli-G'arbiy Baqtriyadagi ikki viloyat - Paretaka va Bubakenani tilga olgan. Ushbu viloyatlardan biri Paretakaga Sherobod vohasi va unga tutash tog'oldi xududlari kiradi, Bubakenaga esa Bobotogning har ikkala hududlari, ya'ni kun chiqish va kun botish tomonlari ham kirgan. Iskandar Zarafshon va Qashqadaryo vohalarini istilo qilib bo'lgach, miloddan avvalgi 327 yildan boshlab tog' qal'alariga bekingan aholiyi bo'ysundirishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ygan. Ana shunday tog' qal'alaridan biri Xoriyen qal'asi bo'lgan. Kursiy Rufning ma'lumotlariga qaraganda, Xoriyen qal'asining balandligi 20 stadiy (3500-3700 mt.kv), aylanasi esa 60 stadiy bo'lib, hamma tomoni nishablikdan iborat bo'lgan. Qoyaga yolg'izoyoq yo'l olib borgan va qoya atrofini chuqur jarlik qamrab olgan. Ayrim tarixchi olimlarning fikriga ko'ra, Xoriyen qal'asi «Temir darvoza» darasida joylashgan bo'lib, «Temir darvoza» Baqtriya bilan So'g'diyona o'rtasida chegara vazifasini o'tagan. Arrianning xabariga asoslansak, Iskandar Xoriyen qal'asini olishda juda ham qattiq qarshilikka uchragan. Baqtriya hududida Iskandarga qarshi kurash aynan hozirgi Surxondaryo hududida nihoyatda kuchayib, milliy ozodlik harakati to'xtovsiz davom etdi. Tarixchi Arrianning yozishicha bu zaminda Spitamenga o'xshash yurt ozodligi yo'lida jon fido qilgan qahramonlar nihoyatda ko'p edi. Chunonchi, Baqtriya shimolidagi Paretakada, ya'ni Boysuntog' va Ko'hitang tog' daralari hududlaridagi mavzelarda yunon bosqinchilariga qarshi qaratilgan mahalliy kahramonlar Katan va Avstan rahbarligida xalq g'alayonlari bo'lib o'tadi. Iskandar Paretakadagi qo'zg'olonni bostirish uchun Krater ismli sarkardasi boshliq qo'shinni qoldirib, o'zi Amudaryodan o'tib Zariaspaga (Balxning ikkinchi bir nomi) yo'l oladi. Paretakada ko'tarilgan qo'zgolonga Katan va Avstan ismli jangchilar boshchilik qilishgan, ikki o'rtada kechgan shafqatsiz jang jarayonida Katan va bir yarim ming baqtriyalik qo'zg'olonchilar halok bo'ladi, Avstan esa asirga olinadi. Yunonlarning Paretakadagi aynan mana shu janggi Baqtriya tuprog'idagi oxirgi janglardan biri edi.Iskandarning istilosi davrida voha aholisi juda katta yo'qotishni boshidan kechiradi. Xususan, viloyatdagi Baqgriya madaniyatiga oid bo'lgan 36 ta yodgorlikning 33 tasi vayron qilinadi. Shahar va qishloqlar vayron bo'lib, ilgari aholi gavjum yashagan Muzrobod, Sherobod, Bandixon va Mirshodi vohalarini odamlar tashlab ketib, boshqa joylarni makon tutadi. Yunonlar bilan bo'lgan jangda juda ko'plab aholi qirilib ketadi. Xo'jalik hayoti ancha izdan chiqadi, qadimgi Baqgriya davriga oid bo'lgan boy madaniyat inqirozga yuz tutadi. Iskandar vafotidan keyin Baqtriya yerlari Salavkiylar davlati tarkibiga kiradi. Salavkiylar sulolasining asoschisi Salavka I Nikator miloddan avvalgi 311-302 yillar oralirida baqtriyaliklar ustidan ham o'z hukmronligini o'rnatadi. Salavkiylar davlatida sharqiy satrapliklardan biri sanalgan Baqtriyaning ham o'rni juda katta bo'lgan. Salavkiylar davrida Iskandar istilosi paytida vayron bo'lgan shahar va qishloqlar qayta tiklanadi, xo'jalik izga tushib, savdo jonlanadi. Aynan shu davrda ellin madaniyati bilan mahalliy madaniyatning o'zaro aralashuvi sodir bo'ladi. Baqgriyada yunon yozuvi tarqaladi. Yangi-yangi qarorgohlar vujudga keladi, savdo rivojlanishi bilan yunon tangalari va yunon og'irlik o'lchovi birliklari tarqala boshlaydi, Xususan, bu davr me'morchiligi va shaharsozligida ham ellin an'analarining keng miqyosda yoyilishi kuzatiladi. Ko'pgina tarixchilar shu paytgacha Termiz shahrining shakllanishi borasida ham ellin madaniyatining ta'siri mavjud deb hisoblaydilar. Jumladan, Hofizi Abro' Termizga Iskandar asos solgan desa, ayrim tarixchilar Termizning shakllanishini Yunon-Baqgriya podshosi Demitriyning nomi bilan bog'laydilar. Bu ikkala fikr ham izohga muhtoj bo'lib, Termiz shahrining shakllanishi juda qadimga borib taqaladi. Termiz shaxri bronza va temir davrlarida Shimoliy Baqtriyada shakllangan Jarqo'ton, Tallashqon, Jondavlat, Qizilcha va shunga o'xshash shahar va qo'rg'onlarning tadrijiy davomi bo'lib, Termiz shaxrining shakllanishida Shimoliy Baqgriya urbanizasiya jarayonining ta'siri katta. Demak, Termizning shakllanish jarayoni Yunon-Makedon istilosidan oldingi davrlarga borib taqaladi. Demak Ipak yo'lining shoh bekatida joylashgan Termiz shahrining miloddan avvalgi VI-V asrlargacha rivojlangan shahar bo'lganiga shubha yo'q. 1. Qadimgi tarixiy manbalarda katta qiziqish bilan tilga olingan Termiz haqida ko'plab ilmiy fikrlar tarixchilar tomonidan o'rganilmoqda hamda yangi tarixiy ashyoviy manbalar qayd etilmoqda. Ko'hna shahar hozirgi Termizdan 8-9 km janubi-g'arbda Amudaryoning o'ng qirg'og'ida joylashgan bo'lib, qariyb 2500 yillik tarixga ega. Qadimdan Termiz Markaziy Osiyoni Xitoy-Misr bilan bog'lovchi Buyuk ipak yo'lida joylashgan. Yunon- Baqgriya podsholigi davrida katta madaniy bosqichni o'z boshidan kechirganligini tasdiqlovchi manbalarni qayd etish zarur. Uning toponomik kelib chiqishiga e'tibor bersak, mahalliy xalqlar baqtriyaliklar Termiz Taramastxa (baqtrcha, «narigi sohildagi manzil»), Taramata, Taramat, Tami, Tarmit, Tarmiz, Termiz kabi shakllarda uchraydi. Bundan tashqari shaharning nomi IV-V asrlardagi arman manbalarida Drmat-Darmat(ehtimol Darmit), Termiz so'zigacha mahalliy xalqlar-baqtriyaliklar taramastha, Tarameta (narigi sohil, daryoning u beti) Arman manbalarida IV-V asarlarda u «Drmat» VII asr Xitoy manbalarida «Tamo», XIV asr Xitoy manbasida «Tarmiz» va «Tirmiz», IX-XIII asr arab-fors manbasida «Termiz» va «Termiz» XII asrda tarixchi somoniy Termiz. XIII asrda Yakut lug'atida 2 xil nom «Tarmiz» va «Tirmiz». Qadimgi Tibet kitoblaridan birida taxoristonlik buddizm targ'ibotchisi Dxarmamitraning nomi uchraydi va uning Pak-su (Oksu-Amudaryo) daryosi bo'yida joylashgan Tarmita degan shahardan ekanligi qayd etiladi.Shuningdek, shahar asoschisi-podshoh Demitriy nomi asosida Demitriy, Dermita, Darmita nomi bilan keyinchalik Tarmita, Termid, X asrdan boshlab esa Termiz nomi bilan bog'lanadi. Umuman Termiz shahrining Tara Mastha yoki Tara Maetha -narigi sohildagi shahar, yanada tug'rirog'i daryoning narigi sohilidagi shahar, shahar nomining Yunon-Baqtriya podshohi Demetriya (Dmitrius) bilan bog'lanishlari isbotini topmaganidek, uning yunoncha termos so'ziga aloqadorligi ham asosli emas. Iskandar Zulqarnayn Termiz shahrini mustahkam tayanch qal'a sifatida mustahkamlab, unga «Oks bo'yi Aleksandriyasi» nomini berganligi ingliz olimi V. Tarn asarlarida qayd etilgan. Iskandar-daryo bo'yidagi bu manzilgohni mahalliy xalq g'alayonlaridan saqlanish uchun muhim harbiy istehkom shaharga aylantirish rejasi bilan uni qayta qurdiradi. Urush oqibatida xarobaga aylangan shahar qayta ta'mirlanib takror tiklangach, unga «Oks Iskandariyasi» deb nom qo'yadilar. Iskandar Zulqarnayn yurishigacha ham daryo sohilida shahar mavjud bo'lgan, unda odamlar yashagan. Buni isbotlovchi yangi bir topilma yaqinda Eski Termiz hududida qayd qilindi, ushbu manzilgoh ham miloddan oldingi birinchi ming yillikning o'rtalariga taaalluqlidir. Biroq Iskandar vafotidan so'nggi taxt talashishlar Termizning ijtimoiy hayotiga salbiy ta'sir qo'rsatib shaharda birmuncha vaqt taraqqiyotning sustlashgani haqida arxeologik va yozma manbalar xabar beradi. Shuning uchun bo'lsa kerak A. Tomashek Termizning eng birinchi nomlari sifatida Antioxiya, Tarmita nomlarini keltiradi. Garchi bu fikr to'liq isbotlangan bo'lmasa-da, Termizning Antioxiya deb nomlanishi tarixiy haqiqat bo'lib, buni biz Qoratepa yodgorligidan topilgan sopol idish parchasida mazkur nomning uchrashida ham ko'rishimiz mumkin. Boisi miloddan oldingi II asrda hukmronlik qilgan shoh Antiox xarobaga aylangan shaharni qaytadan tiklaydi va uni o'z nomi bilan «Oks Antioxiyasi» deb yurita boshlaydi. Termiz shahri tarixini o'rganishda Salavkiylar va Yunon-Baqtriya shohlarining nomidan zarb qilingan tangalar alohida o'rin egalladi. Bu topilmalar miloddan oldingi III-II asrlardayoq Termizning kattagina shahar bo'lganligidan dalolat beradi, endilikda shahar taxminan 10 gektar maydonni ishg'ol etgan. Arxeologik izlanishlar tufayli Termiz xarobalaridan miloddan oldingi IV - III asrlarga oid madaniy hammom topildi. Zikr etilgan asrlarda shaharning ancha tez sur'atlar bilan rivojlanganligini taxmin etish mumkin bo'ladi. Arxeologik izlanishlar natijasida Termizning miloddan oldingi III-II asrlarga oid moddiy madaniyatini yorituvchi turli topilmalar qayd etildi. Fil suyagidan yasalgan turli narsalar, ayol ma'budaning haykalchasi, nay bo'lagi topilmalari shaharda kulolchilik taraqqiy qilganligidan dalolat beradi. Shunday qilib Salavkiylar zamonida shimoli-g'arbiy Baqtriya yerlarida birmuncha taraqqiy etish holatlari namoyon bo'lganligini kuzatish mumkin. Albatta, shaharning birinchi nomi Termiz deb atalmagan, bu atama maydonga kelgunga qadar mahalliy xalqlar, masalan, baqtriyaliklar shaharni Taramastxa yoki Taramata (narigi sohil, daryoning u beti va h, k.) kabi nomlar bilan atagan bo'lishlari mumkin. Termiz shahrining nomi va uning kelib chiqishi haqida ko'plab rivoyatlar yuradi, shu xil rivoyatlardan birida Balxlik mashhur shayx Dorulomon termizlik al-Hakimning g'oyibot olami bilan bog'lana olishdagi ruhiy quvvatini sinamoq niyatida Termizga yo'l oladi. Dorulomon o'z xalifa(yordamchi)si bilan suvga tushganda, buni oldindan bilgan al-Hakim Amudaryoga tushib daryoning yarmigacha borib Dorulomonni kutib oladi. Hayratda qolgan Dorulomon xalifasiga-«Bu zotni daryodan ko'tarib o't» ishorasini qiladi, xalifa kar bo'lganidan «boshini ol» deb tushunib al-Hakimning boshlarini qilich bilan kesadi. Shunda al-Hakimning kesilgan boshi tilga kirib Dorulomonga «Biz tirikmiz» debdi. Ul ulug' zotning qabrlariga yig'lab borgan kishilarga «Biz tirikmiz» deb ovoz eshitilibdi, o'shandan buyon shahar nomi tirimiz, ya'ni Tirmiz bo'lib ketgan emish. Boshqa bir rivoyatda Termiz so'zi termos so'zidan olinganligi aytiladi, go'yo Aleksandr Makedonskiy jazirima issiq paytlari shaharga kelgan emish va havoning o'ta issiqligi tufayli, bu yer xuddi termosning o'zi ekan debdi. Termos so'zining fonetik tarkibi-fonemalar miqdori hozirgi yunon va o'zbek tillarida saqlangan. Yuz bergan tovush o'zgarishlarini o'zbek tilining fonetik qonunlari tasdiqlaydi. «o»ning «i»ga «s»ning «z»ga o'tishi turkiy tillar fonetik qonuniyati me'yori talabiga mosdir. Termo-yunoncha, issiq, issiqlik, harorat, termometr-issiqlik o'lchaydigan asbob, termografiya-issiqlikni yozib oluvchi asbob, idish, joy, makon tushunchalariga ega. Olimlardan V.L.Kozlovskiyning «Termiz shahri tarixi»(1959) 1968 yil, J. Omonturdiyev, E. Pardayevlarning «Hoja Hakim Termiziy» (Viloyat gazetasi, 1968), G. A. Pugachenkovaning «Termez. Shahrisabz. Xiva.»(1976), T.Nafasovning «O'zbekiston toponimlarining izohli lug'ati», SH.Safarovning «Termiz va termiziylar» (1993) kitoblarida -Termiz atamasi baqtriycha, yunon-baqtriycha yoki sanskritcha Taramastha so'zidan kelib chiqqan deyiladi. G.A. Pugachenkova o'z tadqiqotlarida Termiz nomini sanskritcha (qadimgi hind tili) Taramata so'zi va Yunon-Baqtriya podshosi Demetriya (Dermid-Termit-Termiz) nomi bilan bog'laydi. Termizning qadimiy ekanligini isbotlovchi arxeologik moddiy-tarixiy ashyolar nihoyatda ko'p manbalarni bermoqda. Termiz shahri yoshini to'liq ilmiy o'rganish uchun 1980 yilda O'zFA Arxeologiya institutida Termiz tarixi va madaniyatini o'rganish uchun maxsus arxeologik otryad tashkil etildi. Termizni arxeologik-ilmiy o'rganishda professorlar B. P. Denike, M. YE. Masson, V. A. Shishkin, V. D. Jukov, akademiklar A. P. Okladnikov, B. B. Petrovskiy, L. I. Albaum, B. YA. Staviskiy, A. Asqarov, arxeolog olimlardan dosent SH. Pidayev, T. Annayev kabilar haqida iliq fikrlar aytish mumkin. Salavkiylar davlatiga ko'chmanchi qabilalarning to'xtovsiz hujumlari bu davlatning sharqiy satrapliklardagi obro'yiga jiddiy putur yetkazdi. Salavkiylarga qarshi mahalliy xalqlarning chiqishlari ro'y bera boshlaydi. Tang ahvolda qolgan Antiox mahalliy aslzodalarga yon bosib, Baqtriyada salavkiylarning sharqiy satrapliklari uchun pul zarb eta boshlaydi. Baqtriyada Antiox nomidan pul zarb qilinishi uning mustaqillikka bo'lgan intilishini yanada kuchaytirib, bu o'lkada salavkiylar ta'sirining tobora bo'shashib borayotganligidan dalolat berar edi. Download 32.9 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling