So‘litish usullari. Tamaki bargi quyoshda quritiladigan bo‘lsa, ularni uyum holida ipga tizib va quritish ramalariga osib so‘litiladi. Bu usul xo‘jaliklarda keng tarqalgan. Bunda tamakizordan keltirilgan barglar 20 sm qalinlikda polga uyib qo‘yiladi. Shu holatda 5-7 soat saqlanganda hujayralarda nafas olish jarayoni davom etib, barglar qiziydi. Bunday paytda barglarni biroz shamollatish zarur.
Bargni so‘litish uchun joylashtirganda uning bandi pastga qaratib qo‘yilgani mag‘qul. Shunday qilinganda barglar 1-1,5 sutkada so‘litiladi. Barg shapalog‘ini uchdan bir qismining sarg‘ayishi barglar yaxshi so‘liganligini ko‘rsatadi.
Barglar uyum holida so‘litilganda haddan tashqari qizib ketib, natijada barg kuyishi mumkin. Bu usulning yana bir kamchiligi shundaki, barg tartibsiz to‘planganligi sababli uni tizish uchun anchagina mehnat sarflashga to‘g‘ri keladi.
Tamaki bargini ipga tizib so‘litish ham uyumda so‘litishdan farq qilmaydi.
Lekin bunda ipga tizilgan barglar ramalarga ilishdan oldin so‘litishga qo‘yiladi.
Shuni ham aytish kerakki, bu usulda so‘litishda barglarni shamollatish ancha qiyin bo‘ladi, barglar tizilgandan so‘ng ayvonning yon tomonlari polietilen plyonka yoki boshqa materiallar bilan o‘ralishi kerak.
So‘litish jarayoni shu tartibda 1,5-2 sutka davom ettiriladi. Barglar so‘ligandan so‘ng ayvonning yonlariga o‘ralgan materiallar olib tashlanadi.
Barglar UMST-25 qurilmasida quritiladigan bo‘lsa ramalar maxsus xonnalarga siljitilib so‘litiladi. STG-1,5 tamaki quritish liniyasi esa maxsus bo‘lmaga ega bo‘lib, tizilgan barglar shu bo‘lmada so‘litiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |