Kirish. Fanning maqsad va vazifalari


Download 45.31 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi45.31 Kb.
#140773
Bog'liq
1-маъруза ТК


1-Ma’ruza: Kirish. Fanning maqsad va vazifalari.

Til – eng muhim aloqa vositasi va ijtimoiy hodisa. Tillarning kelib chiqishi va o‘zaro munosabatlari.
Reja:

  1. Tilshunoslik fanining o‘rganish ob’yekti.

  2. Tilshunoslikning asosiy tarmoqlari.

  3. Til – ijtimoiy hodisa.

  4. Tilning paydo bo‘lishi

  5. Tillarning o‘zaro munosabatlari.


Maqsad: Tilshunoslik fanining predmeti va o‘rganish ob’yekti, uning asosiy tarmoqlari to‘g‘risida tasavvurni shakllantirish, tilning paydo bo‘lishi haqidagi bilimlarini mustahkamlash, til birliklarining o‘zaro munosabati haqida tushuncha hosil qilish.
Tilshunoslik fanining o‘rganish ob’yekti. Tilshunoslik xususiy va umumiy tilshunoslik sohalaridan iborat. Xususiy tilshunoslik ma’lum bir tilning lug‘at tarkibi, fonetik sistemasi va grammatik qurilishi, shuningdek, tarixiy taraqqiyot yo‘llarini o‘rganarini o‘rganadi va bir tilni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Umumiy tilshunoslik esa undan farqlangan holda, tilning kelib chiqishi, ijtimoiy mohiyatini, jamiyatdagi o‘rni, vazifasini, taraqqiyot yo‘llarini, til bilan tafakkurning bir-biriga uzviyligini, barcha tillarning o‘zaro munosabatini o‘rganadi hamda tillarni tekshirish usullarini yaratadi. Umumiy tilshunoslik ayrim tillarni yoki bir guruh tillarni o‘rganish, tekshirish natijasida aniqlangan til hodisalarini, til dalillarini umumlashtirib, umumiy xulosalar chiqaradi va xuddi shu asosda til qonuniyatlarini aniqlab beradi.

Demak, “Tilshunoslikka kirish” fani tilning boshqa hodisalar ichida tutgan o‘rni, tuzilishi, uning taraqqiy etish qonuniyatlarini, til haqidagi fanning asosiy tushunchalarini o‘rganadi, talabalarni tilshunoslik fanida qo‘llaniladigan terminlar, tushunchalar tizimi bilan tanishtiradi. Bu “Umumiy tilshunoslik” fanining dastlabki bosqichi bo‘lib, murakkab til hodisalari va ularning qonuniyatlarini to‘g‘ri anglab yetish, ayrim bir til, qarindosh va qarindosh bo‘lmagan tillar guruhlarini bir-biriga solishtirib, tilning lug‘at tarkibi, fonetik tizimi va grammatik qurilishini ilmiy asosda chuqur o‘rganish uchun nazariy va amaliy jihatdan zamin yaratishga xizmat qiladi.

“Tilshunoslikka kirish” fani tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, til va tafakkur, til va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar, tilning jamiyatdagi o‘rni, ichki tuzilishi, tillarni tasniflash, uni tahlil etish usullari kabi umumiy masalalarni ham o‘rganadigan fandir. Shunga ko‘ra tilshunoslik umumiy tilshunoslik va xususiy tilshunoslikka bo‘linadi. Umumiy tilshunoslik til bilan tafakkur, tilning kelib chiqishi, jamiyatdagi o‘rni, taraqqiyot yo‘llarini, xususiy tilshunoslik esa ma’lum bir tilning lug‘at tarkibi, fonetik sistemasi va grammatik qurilishini o‘rganadi.

Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi bevosita jamiyat va uning taraqqiyoti bilan bog‘liq, chunki jamiyat tarixiy taraqqiyoti jarayonida sodir bo‘lgan voqea va hodisalar tilda aks etmay qolmaydi. Tilning paydo bo‘lishi ham bevosita jamiyat bilan bog‘liq. Ayni paytda jamiyat, undagi voqea-hodisalar, uning rivojlanishi tilda aks etadi. Shu tufayli jamiyat tarixini o‘rganishda jamiyatshunoslar, tarixchilar lisoniy dalillarga murojaaat qilsalar, tilshunoslar esa, o‘z navbatida, tillarning kelib chiqishi va rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda tarix faniga murojaat qiladilar.

Shuningdek, til tilshunoslikdan tashqari falsafa, mantiq, jamiyatshunoslik va boshqa fanlar tomonidan ham o‘rganiladi. Ma’lumki, tafakkurga daxldor masalalar mantiq ilmida o‘rganiladi. Til va tafakkur bir-biri bilan uzviy bog‘langan, biri ikkinchisisiz yashay olmaydigan hodisalardir, chunki tafakkur tilda yashaydi, har qanday nutq asosida esa tafakkur yotadi. Shu tufayli mantiq ilmida tafakkur qonuniyatlari bilan birga, fikrning tilda aks etishi o‘rganilishi tabiiy.

Bulardan tashqari tilshunoslar tilga oid masalalarni hal qilishda etnografiya, antropologiya, geografiya, fizika, fiziologiya, psixologiya, matematika va boshqa fanlarga oid materiallar va xulosalardan ham foydalanadilar. Ko‘rinadiki, til faqat tilshunoslik emas, balki boshqa fanlarning ham o‘rganish sohasi sifatida namoyon bo‘ladi va bunda har bir fan o‘ziga taalluqli ob’yektlarni, mavzularni ajratib oladi.

O‘rganish sohasi nuqtai nazaridan tilshunoslik ikki katta guruhga ajratiladi:


  1. Makrolingvistika (katta tilshunoslik)

  2. Mikrolingvistika (kichik tilshunoslik)

Makrolingvistika til hodisalarini keng miqyosda boshqa fanlar bilan birgalikda o‘rganadi. Makrolingvistika tilning paydo bo‘lishi va rivojlanish bosqichlari, tilning taraqqiy etish qonuniyatlari, tilning ijtimoiy mohiyati, til va tafakkur munosabatlari, til va boshqa signal sistemalari o‘rtasidagi mushtaraklik va farqli jihatlar, tilning tarqalishi kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Mikrolingvistika esa tilning ichki tuzilishini, fonetik, leksik va grammatik hodisalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.

Ushbu yo‘nalishlar asosida tilshunoslikning quyidagi tarmoqlari yuzaga kelgan:



1. Ekstralingvistika sotsiolingvistika va mentalingvistikani o‘zida birlashtiradigan, tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganuvchi fandir. Bunda sotsiolingvistika tilning tabiati va ijtimoiy vazifasini, mentalingvistika esa til va tafakkur, tilning mazmun tomonini o‘rganadi.

2. Intralingvistika tilning ichki tizimini, uning birliklari va kategoriyalari, tilning yaruslari hamda ularning tuzilishini o‘rganadi. Fonologiya, leksikologiya va grammatika intralingvistikaning asosiy bo‘limlari hisoblanadi.

3. Komparativistika qiyosiy-tarixiy tilshunoslik sifatida hind -yevropa tillarining fonetikasi va morfologiyasini qiyosiy o‘rganish asosida paydo bo‘ldi. Qiyosiy tilshunoslikda areal lingvistika, tillarni geneologik va tipologik tasniflash masalalari ham o‘rganiladi.

4. Kommunikativ lingvistika tilni aloqa-aralashuv vositasi sifatida o‘rganadigan, til va nutq, ularning munosabati, uning jamiyatdagi asosiy vazifasi va o‘rni masalalari bilan shug‘ullanadigan sohadir. Til kishilik jamiyatidagi asosiy ijtimoiy hodisa sifatida kommunikativ, ekspressiv va akkumulyativ vazifalarni bajaradi.

“Kommunikativ” so`zi rus tilidan olingan lingvistik atama bo`lib, “fikr almashuvga oid” degan ma’noni ifodalaydi. Kishilarning o`zaro aloqa-aralashuvda o`z fikr-mulohazalarini, istak-xohishlarini, ichki kechinmalarini ifoda etib, bir-birlariga axborot yetkazishlari, ya’ni tilning jamiyatda aloqa vositasi funksiyasini bajarishi uning kommunikativ vazifasi hisoblanadi.

“Ekspressiv” so`zi latincha so`z bo`lib, asl ma’nosiga ko`ra “kuchaytirilgan” demakdir. Bu atama tilshunoslikka ko`chma ma’nosi bilan kirgan bo`lib, “kuchli hissiy obrazlilik xususiyati” degan ma’noni ifodalaydi. Tilning asosiy vazifasi kommunikativ funksiya bo`lsa-da, biroq kishilar aloqa-aralashuv jarayonida bildirilayotgan fikrga yoki tinglovchiga yetkazilayotgan axborotga o`zlarining turli tipdagi hissiy-ta’siriy, ya’ni emotsional munosabatlarni ham qo`shib ifodalaydilar. Bu hodisa, ya’ni tilning suhbatdoshga ta’sir ko`rsatish xususiyati uning ekspressiv vazifasi deyiladi. Emotsional munosabatlar suyish, erkalash, nafrat kabi insonga xos bo`lgan qator jihatlarni qamrab oladi.

Til faqat kishilar o`rtasidagi aloqa vositasi bo`lmay, millatlararo, davlatlararo aloqa quroli hamdir. Bundan tashqari til kishilik jamiyatida asrlar davomida to`plangan tajriba va bilimlarni kelajak avlodga yetkazish uchun ham xizmat qiladi. Tilning bu xususiyati uning akkumulyativ vazifasidir (“akkumulyativ” lotincha “to`plash”demakdir). Tilga xos bo`lgan akkumulyativ vazifa ba’zi lingvistik adabiyotlarda tilning gnoseologik funksiyasi deb ham yuritiladi.

Til eng muhim aloqa vositasi. Til ko‘p qirrali murakkab hodisa. Tilning bu xususiyati olimlar tomonidan unga berilgan turlicha ta’riflarda ham ko‘zga tashlanadi:

"Til tafakkurni ifoda qiluvchi ishoralar majmuidir"(F.De Sossyur).

"Til - odam ongining ishtirokisiz, uning tashqi dunyoga nisbatan bo‘lgan mexanik harakatidir» (L.Blumfilpd).

"Til fikrni ifoda qilishga mo‘ljallangan, talaffuz qilinadigan, chegaralangan tovushlar majmuidir" (B.Grosse).

Ushbu fikrlar, garchi bir-birini to‘ldirsa ham, ularning birortasi tilning to‘liq ta’rifi bo‘la olmaydi, chunki ular tilning ijtimoiy mohiyatini ochib berolmaydi. Shuni ham aytib o‘tish zarurki, til ijtimoiy jihatdan shunchaki aloqa vositasi bo‘libgina qolmay, o‘ziga xos hususiyatlarga ham ega.

Til haqiqatan ham ishoralar tizimi, biroq u nihoyatda keng qamrovli bo‘lib, barcha ishoralar o‘rnida qo‘llana oladi. Tilni inson o‘z faoliyatining barcha sohalarida bemalol ishlata oladi. Xususan, tilning ham og‘zaki (tovush tili sifatida), ham yozma (yozma nutq) shakllarga egaligi tilning ishlatilish ko‘lamini nihoyatda kengaytirib yuborgan. Boshqa aloqa vositalarining ishlatilish ko‘lami cheklangan, masalan, ko‘cha harakati belgilari asosan haydovchilar va yo‘lovchilarga xizmat qiladi, boshqa yerda ishlatilmaydi. Demak, til o‘ziga xos ishoralar sistemasi, ya’ni semiologik sistema tarzida jamiyatdagi eng muhim aloqa kuroli, jamiyat tafakkurining taraqqiy etishini ta’minlovchi, avloddan - avlodga madaniy-tarixiy me’ros va an’analarni yetkazuvchi vosita xizmatini o‘taydi.

Tildan boshqa barcha signallar sistemalari sun’iydir. Ular insonlar tomonidan yaratiladi va sharoitga ko‘ra o‘zgartirilishi mumkin. Sun’iy vositalarning yaratilishida barcha insonlar emas, balki mazkur sohani yaxshi biluvchi kichik bir guruh ishtirok etadi. Til esa odamlarning istak-xoxishlariga bog‘liq bo‘lmaydi, uni jamiyat a’zolari o‘z ixtiyorlari bilan o‘zgartira olmaydi. Boshqa signal sistemalari tilga nisbatan ikkilamchi, unga ko‘shimcha vosita sifatida namoyon bo‘ladi hamda, tilni to‘ldiradi.

Til asrlar davomida jamiyatga xizmat kiladi, ularning ehtiyojlarini to‘la-to‘kis bajaradi. Til muntazam taraqqiyotdagi o‘zgaruvchan hodisa bo‘lsa-da, u faqat o‘zining ichki ob’yektiv qonunlari asosida rivojlanadi. Shu bilan birga shuni ham qayd qilish kerakki, jamiyat bo‘lmasa, til bo‘lmaydi, jamiyat tilni kundalik hayotida qo‘llamasa, u til rivojlanmaydi. Demak, til va jamiyat doimo bir-birini taqozo etadi, lekin har biri o‘z qonuniyatlari asosida rivojlanadi.

Til fikr va hissiyotlarni ifoda qiluvchi vosita, chunki u bir shaxsdan ikkinchi shaxsga quruq axborotning o‘zinigina yetkazmasdan, balki gapiruvchining bu axborotga munosabatini, uning xohish-istagi va bahosi, ruhiy holatini ham aks ettiradi.



Til – ijtimoiy hodisa. Kishilik jamiyatiing tarixiy taraqqiyoti davomida jamiyatining asosiy aloqa vositasi sanalgan til va uning xususiyatlari borasida har xil qarashlar vujudga kelga. Ma’lum toifa olimlar tilni hayvon, o‘simlik kabi jonli narsalarga o‘xshatib, tilni hayvon, o‘simlik kabi tabiatdagi tirik organizm deb tushunganlar. Ularning fikricha, til tirik organizm singari, tabiat qonunlariga itoat qilgan holda tug‘iladi, o‘sadi va taraqqiy qiladi, so‘ng eskirib, o‘ladi.

Ma’lumki, XIX asrda Ch.Darvin ta’limoti vujudga kelishi bilan bu nazariya qator fanlarga o‘z ta’sirini o‘tkaza boshladi. Albatta, tilshunos olimlar ham bu nazariya ta’sirida tilni tabiiy vosita sifatidagina e’tirof etdilar (Myuller, Shleyxer - nemis tilshunoslari).

Ushbu nazariya tarafdorlari Darvin ta’limotini tilshunoslikka burishga intildilar. Fiziologik jihatdan til umurtqa hayvonlarga xos bo‘lgan og‘iz bo‘shlig‘ida joylashgan serharakat bir qism. Biroq hayvon tili ta’m bilish, ovqatlanish uchungina kerak bo‘lsa, kishilarda til shu xususiyatlardan tashqari, kishilarning jamiyatdagi aloqasini ta’minlaydi, ya’ni kommunikativ ijtimoiy vazifani bajaradi.

Insonning tabiiy-biologik xususiyatlari kishilik jamiyatidan tashqari, jamiyatga bog‘liq bo‘lmagan holda, masalan, yangi tug‘ilgan go‘dak hayotining takomili (nafas olishi, ko‘rishi, ovqat yeyishi, asta-sekin yurib ketishi va hokazolar) tabiat qonunlariga muvofiq holda taraqqiy etaveradi, o‘saveradi. Ammo til bunday tabiiy hodisa emas. Kishining so‘zlashi, fikrlay bilishi uchun jamiyat, kishilik jamiyatinng bo‘lishi shart (masalan, hayvonlar (bo‘rilar) orasida o‘sgan bola).

Shuni e’tirof etish zarurki, kishining tabiiy-biologik xususiyatlari nasldan-naslga o‘tishi mumkin, biroq bolaning tili - so‘zlash xususiyati nasldan-naslga o‘tmaydi, o‘zbeklar orasida yashagan nemis bolasi o‘zbek tilida so‘zlaydi, biroq uning yuz ko‘rinishi, tabiiy holati o‘zbeklarnikiga o‘xshamasligi aniq.

Ko‘rinadiki, til tabiiy-biologik hodisa bo‘lmay, kishilik jamiyatining eng muhim aloqa vositasi sifatida jamiyatga xizmat qiluvchi sinfga bog‘lik bo‘lmagan ijtimoiy hodisadir. Shunga ko‘ra quyidagi xulosalarni qilish mumkin:

- til muayyan jamiyatda shakllanadi, taraqqiy etadi va shu jamiyat uchun xizmat kiladi;

- til tabiiy-biologik emas, ijtimoiy hodisadir;

- til kishilarning tabiiy-irqiy belgilariga aloqador bo‘lmaydi;

- til jamiyatning ma’lum bir guruh tomonidan emas, balki butun jamiyat a’zolari tomonidan yaratilgan ijtimoiy hodisa sanaladi.

Til ma’lum bir tabaqa, guruhlar uchun xizmat qilmaydi, jamiyat a’zolari uchun baravar xizmat qiladi.Til orqali ifoda ettirilayotgan ma’lum fikr til va tafakkurning o‘zaro aloqada ekanligini namoyon etadi. Kishi o‘z fikr istagini til orqali yuzaga chiqaradi, biroq fikr yurita olmaydigan kishi so‘zlay ham olmaydi (albatta daraja, saviya boshqa masala).

Tafakkur bilan tilning munosabati o‘ziga xos jarayondir. Har kanday fikr muayyan moddiy qolipga tushmaguncha, ya’ni so‘z, gap orqali ifoda etilmaguncha yuzaga chiqmaydi. Til fikrning voqelanishi, namoyon qilinishdir. Fikr so‘zlar orqali shakllanadi, tilda o‘zining ifodasini topadi. Shunday qilib, so‘z fikrni mujassamlashtiradi, moddiy shaklga solib uni yuzaga chiqaradi. Fikr mazmuni esa so‘zlar vositasi bilan tarkibiy qismlarga ajraladi. Ongimizda paydo bo‘ladigan fikrning mohiyatini, mazmunini tashkil etadigan har qanday idrok yoki tasavvur ham faqat so‘zlar vositasi bilangina voqealanadi.

Til faqat insonlarga xos bo‘lgani kabi, tafakkur ham faqat insonlarga xos bo‘ladi. Til va tafakkur bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, til tafakkursiz, tafakkur tilsiz mavjud bo‘la olmaydi. Biroq til va tafakkur boshqa-boshqa xodisalar bo‘lib, tafakkur tashqi moddiy olamning kishilar miyasida aks etishining eng yuksak shaklidir. Til esa tafakkurni, fikrni muayayn bir shaklga soladi va so‘zlar orqali, gaplar vositasida ifodalanishi bilan farqlanadi.

Shuningdek, til va tafakkur boshqa-boshqa fan sohasi sifatida ajratiladi: til lingvistikaning, tafakkur mantiq ilmining o‘rganish ob’yektidir. Ularning o‘zaro teng emasliklarini barcha odamlarning bir xilda fikr yurita olmasliklari bilan ham ko‘rsatib o‘tish mumkin. Xuddi shu fikrning isboti tarzida jamiyat a’zolarining turli guruhlari misolida ularning fikr yuritish, shunga ko‘ra, so‘zlash darajasini bir-biridan farqlash mumkin:



  • kasbiy nuqtai nazaridan: ishchi va sotuvchi, shifokor va quruvchi, olim va shoir va h.z.;

  • yosh nuqtai nazardan: bolalar, yoshlar, keksalar;

  • jins nuqtai nazaridan: ayol yoki erkak;

  • yashash joyi nuqtai nazaridan: shahar yoki qishloq kishisi va boshqalar.

Shuningdek, soqov insonlarning nutqi ham mavjud bo‘lib, ularni o‘zaro bog‘lovchi vosita imo-ishoralardir.

Tilning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi asosiy farazlar. Tilning paydo bo‘lishi to‘g‘risida asosiy farazlardan biri tovushga taqlid. Bu faraz qadimgi Yunonistonda – Demokrit va Platon davrida o‘rtaga tashlangan bo‘lib, unga ko‘ra ibtidoiy odamlar yo ongli, yo ongsiz tarzda turli-tuman tovushlar, ya’ni hayvonlarning baqiriqlari, qushlarning sayrashi, shamol va sharsharalarning ovozlari va hokazolarga taqlid qilishga harakat qilishgan. Ibtidoiy odamlar dastlab ayrim tovushlarni, keyinchalik bu tovushlarni bir-biriga qo‘shib talaffuz qilishni o‘rganishgan: bu tovush va tovush birikmalari so‘z yasashga asos bo‘lgan, degan fikr ilgari suriladi.

Tovushga taqlid qilish farazi. Har bir tilda tabiat tovushlariga taqlid qilish yo‘li bilan paydo bo‘lgan so‘zlar, masalan, rus tilida kukushka, gavkat, shipet (shipenie), o‘zbek tilida - qarg‘a, sharshara, kaklik, chumchuq, miyov (miyovlamoq) so‘zlarining mavjudligi bunday farazga asos qilib olingan. Ammo bu so‘zlar tildagi so‘zlarning juda kamchiligini tashkil etadi. Tabiatda tovush chiqarmaydigan narsalarning soni tovush chiqaradiganlarga nisbatan ko‘p. Shunday bo‘lgach, tovush chiqarmaydigan narsalarga nom qaerdan olib qo‘yilgan, degan tabiiy savol tug‘iladi. Tovushga taqlid qilish farazi to‘g‘ri bo‘lsa, unda ibtidoiy jamiyatda yashagan qabilalar tilida bunday usulda yasalgan so‘zlarning soni fan va texnikasi rivojlangan xalqlar tilidagiga nisbatan ko‘proq bo‘lishi kerak. Lekin so‘nggi yillarda Avstraliya va Janubiy Amerikada topilgan, ibtidoiy tuzumni boshidan kechirayotgan qabilalar tilida o‘tkazilgan tajribalar, bu tillarda tovushga taqlid qilish yo‘li bilan yasalgan so‘zlar rivojlangan tillardagiga nisbatan birmuncha kamligini ko‘rsatdi. Undan tashqari, tabiatdagi baqiriq-chaqiriq, shovqin-suronlarga taqlid qilish uchun nutq organlarining o‘ta rivojlangan bo‘lishi zarurligi ham aniqlangan. Demak, tovushga taqlid farazi tilning paydo bo‘lishi masalasini uzil-kesil hal qilolmaydi.

Ma’lumki, til bilan tafakkur bir vaqtda paydo bo‘ladi. Shunday ekan, yuqoridagi farazni ilgari surgan faylasuflar va tilshunoslarning fikri til bilan tafakkur birligiga ziddir, chunki farazda dastlabki taqlidiy tovushlarni ibtidoiy odamlar beixtiyor «izhor qilishgan» deyiladi. Bunday holda til tafakkurdan avval paydo bo‘lgan degan noto‘g‘ri xulosa yuzaga kelishi mumkin.



Undovlar farazi. Tilning paydo bo‘lishiga doir ikkinchi keng tarqalgan fikr undovlar farazidir. Bu faraz ham qadimiy bo‘lib, uning asosida ham hayvonlarning baqiriq-chaqiriqlari yotadi. Bu faraz asoschilarining fikricha, ibtidoiy odamlar hayvonlarning baqiriq-chaqiriqlarini o‘rganib, ular orqali o‘zlarining ichki kechinmalari, g‘am-alamlarini ifodalashgan: oh, uh kabi undov so‘zlar bunga misol qilib ko‘rsatiladi. Tildagi boshqa so‘zlar esa, ana shunday so‘zlarning birikuvidan kelib chiqqan, deb tushuntiriladi. Taniqli fransuz olimi Jan Jak Russo (XVIII asr) ham shu fikrni quvvatlagan.

Dunyodagi barcha tillarda bunday birliklar mavjud bo‘lib, ular yordamida har xil so‘z turkumlari yasalishi mumkin: (o‘zbek tilida uflamoq va rus tilida oxat, uxat;). Lekin bu so‘zlarning miqdori shu qadar kamki, tildek murakkab hodisa ana shu yo‘l bilan paydo bo‘lgan deyish bu masalani juda soddalashtirib yuborgan bo‘lar edi.

Ma’lumki, tilning asosiy vazifasi odamlar orasida fikr almashinuvini ta’minlashdir. Binobarin, mazkur farazni qabul qilish tilning asosiy vazifasini, tilning ijtimoiy hodisa ekanligini rad etishga olib keladi. Ichki kechinmalarni izhor qilish doimo ham jamiyatning bo‘lishini taqozo qilmaydi. Vaholanki, tilning yashashi va rivojlanishi jamiyat bilan uzviy bog‘liq: jamiyat bor joydagina til bor, til bor joyda jamiyat bor.

Mehnat chaqiriqlari farazi. Bu farazni ilgari surgan olimlarning fikricha, til odamlar jamoa bo‘lib mehnat qilayotganlarida mehnatni tashkil qilishda foydalanilgan tovushlar asosida paydo bo‘lgan.

Hozirgi zamon olimlarining dalolat berishicha, tilning paydo bo‘lishida mehnat chaqiriqlarining hech qanday daxli yo‘q, chunki u na odamlar orasida aloqa vositasi vazifasini bajaradi, na narsa va hodisalarning nomini ataydi va na his-hayajonni ifodalaydi. Bu faraz ham tilning kelib chiqish sabablarini, tilning paydo bo‘lishini jamiyatning paydo bo‘lishi, so‘zlash va fikr yuritish qobiliyatiga ega bo‘lgan insoniyatning paydo bo‘lishi bilan uzviy ravishda bog‘lay olmaydi.



Ijtimoiy kelishuv farazi. Bu faraz XIX asrning ikkinchi yarmida paydo bo‘lib, uni ilgari suruvchi olimlar ba’zida bir-biriga zid xulosalarga kelishgan, ularning tilning kelib chiqishi to‘g‘risidagi asosiy fikrlari bir xil. Qisqa qilib aytganda, bu farazga narsalarni qanday atashni odamlar o‘zaro kelishib olishgan. Ko‘rinib turibdiki, boshqa farazlarga qaraganda bu eng oddiy va oson tanqid qilinishi mumkin, chunki biror narsa to‘g‘risida kelishib olish uchun, tabiiyki, kelishuv vositasi, ya’ni til kerak. Binobarin, bu faraz tilning paydo bo‘lishini emas, balki til rivojlanishining bir yo‘nalishini tushuntirishi mumkin. Hozirgi vaqtda u yoki bu fanga taalluqli so‘z va atamalar o‘zaro kelishib olinadi. Lekin buni tilning paydo bo‘lishiga hech qanday aloqasi yo‘q.

Bulardan tashqari, turli diniy farazlar ham mavjud. Qayd etilgan farazlar ayrim-ayrim olinganda tilning paydo bo‘lishi jarayonini to‘la-to‘kis tushuntirib bermasa-da, ularning har birida ma’lum darajada haqiqat bor, ya’ni bu fikrlarning har qaysisi tilning paydo bo‘lishi hodisasiga o‘z hissasini qo‘shgan. Avval aytilganidek, til - ijtimoiy hodisa, odamlar jamiyatlarga uyushgan vaqtdan boshlab, bir-birlariga nimanidir aytish ehtiyoji tug‘ilgan. Jamiyatsiz til, tilsiz jamiyat mavjud bo‘la olmaydi. Shuningdek, tilning paydo bo‘lishi tafakkur bilan bir vaqtda sodir bo‘lgan. Insoniyatga xos bo‘lgan bu ikki hodisa bir-biri bilan uzviy bog‘langan, biri ikkinchisisiz yashay olmaydi. Tilning asosida tafakkur yotadi, tafakkur esa o‘z navbatida til orqali namoyon bo‘ladi va rivojlanadi. Tilning takomillashishining garovi ham tafakkurdir.

Demak, til, avvalo, ijtimoiy hodisa va kishilik jamiyatining eng muhim aloqa vositasidir. Tillarning shakllanishi va rivojlanishida ham jamiyatning o‘rni, ahamiyati katta.

Tillarning shakllanishi va o‘zaro munosabatlari. Kishilar ibtidoiy jamiyatning dastlabki davrlarida to‘da-to‘da, ya’ni urug‘ bo‘lib yashaganlar. Urug‘ kishilar jamiyatining eng kichik, oddiy hamda qadimiy uyushmasi bo‘lib, bir nechta qardosh urug‘lar qabilani tashkil qilgan. Bunday uyushmalarning har birining o‘z tili, o‘z aloqa vositasi bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan qabila a’zolari ko‘payib, kengroq hududlarga tarqala boshlaydilar. Boshqa joylarga ko‘chib ketgan qarindosh qabilalar ma’lum ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda bir tilning turli shevalarida so‘zlashuvchi qabilalarning uyushmasiga – qabila ittifoqlariga birlashadi. Qabila ittifoqlarining umumiy tili bo‘lib, ayrim qabila tillari qabila ittifoqi tiliga nisbatan sheva holatini egallaydi.

Shevalar, milliy tillar urug‘chilik davridan boshlab son jihatdan ko‘payib boradi. Avval bir qabila ittifoqiga kirgan tillarda markazdan uzoqlashgan sari, shevaga xos farq orta boradi va oxir natijada bu farq yangi til paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin; son o‘zgarishi sifat o‘zgarishiga olib keladi. Yangidan yangi sheva va tillarning paydo bo‘lishida ikki omil: vaqt va masofa hal qiluvchi ahamiyatga egadir: vaqt o‘tgan sayin, masofa kengaya borishi, yangi sheva va tillar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shevalarning soni ko‘payishi va ular asosida yangidan yangi tillarning vujudga kelishi tilshunoslikda farqlanish (differensiatsiya) deb ataladi. Farqlanish deganda tillarni shevalarga parchalanishi, bir tilga mansub shevalarning miqdorini ortib borishi tushuniladi. T

Ma’lumki, til butun bir xalqqa xizmat qiladi, sheva esa xalqning bir guruhigagina taalluqlidir. Shu sababdan til ko‘p funksiyali, hamma uchun umumiy aloqa vositasi, ya’ni invariant vositadir, sheva esa, vazifa nuqtai nazardan chegaralangan bo‘lib, tilning bir variantini tashkil etadi. Qardosh qabilalar ittifoqi vaqti kelib xalqni tashkil qiladi. Xalq tili yozma - adabiy til ko‘rinishida ham namoyon bo‘lishi mumkin, biroq uning hamma tillarni birlashtirish qobiliyati bu davrda nisbatan kuchsiz bo‘ladi. Kishilik jamiyatining bu uyushmasi muayyan yanada taraqqiy qilishi oqibatida alohida millatga aylansa, xalq tili milliy til darajasiga ko‘tariladi. Millatning paydo bo‘lishi va rivojlanishi uchun, albatta, ko‘p sonli odamlar orasidagi iqtisodiy munosabat bo‘lishi zarur. Millatning asosiy belgilari: umumiy hudud, umumiy til, umumiy madaniy-ma’naviy birlik hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayot tarzidan iborat bo‘lib, shu belgilarni o‘zida mujassamlashtirgan kishilar uyushmasini millat deyish mumkin. Demak, milliy til bir-biridan farq qiluvchi shevalarni o‘zaro birlashtiruvchi, yetakchi, iqtisodiy va madaniy markaz tili sifatida namoyon bo‘ladi.

Til birligi millatning asosiy belgilaridan biri hisoblanadi. Milliy til o‘z adabiy yozuv shakliga ega bo‘lib, tilning bu shakli mazkur millatning har bir a’zosi, har bir shevasi uchun umumiydir. Har bir millatning madaniy merosi ham ana shu tilda o‘z aksini topadi.Turli shevalarning umumiy qoidalarga bo‘ysungan holda ma’lum adabiy tilga birlashishi mujassamlashuv (integratsiya) deyiladi.

Har bir til o‘ziga xos rivojlanish davrini boshidan kechiradi va bu shu til amal qiladigan jamiyatga, undagi o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi. Birorta til paydo bo‘lganidan boshlab to hozirgacha o‘zicha rivojlanmaydi, u faqat jamiyat tildan foydalangani uchungina rivojlanadi. Demak, tilning rivojlanishi bevosita jamiyat bilan, uning tarixi jamiyat tarixi bilan uzviy bog‘langan.

Shuni ham qayd qilish kerakki, tildagi o‘zgarishlar keskin, to‘satdan sodir bo‘lmaydi. Tilda hech qachon inqilobiy o‘zgarishlar sodir bo‘lmaydi, tildagi o‘zgarishlar asta-sekin, evolyusion yo‘l bilan amalga oshadi. Shu bilan birga til taraqqiyotida turg‘unlik ham bo‘lmaydi, u doimo rivojlanishda bo‘ladi. Jumladan, milliy tillarning paydo bo‘lishi ijtimoiy tuzumga, millatning paydo bo‘lishiga bog‘liq bo‘lib, hamma yerda bir vaqtda sodir bo‘lmagan. Millat va milliy tillarning paydo bo‘lishi turli xalqlarda turlicha amalga oshadi. Ayrim xalqlar esa hali millat darajasigacha o‘sib yetmaganini, demak, ushbu jamiyatda milliy til ham shakllanmaganini kuzatish mumkin. Umuman, milliy tillarning paydo bo‘lishida 3 xil yo‘l alohida qayd etiladi.

Birinchisi milliy til paydo bo‘lgunga qadar mavjud bo‘lgan biror bir shevaga milliy til maqomini berish. Bunga hozirgi zamon fransuz tili yaxshi misol bo‘la oladi. Fransuz milliy tili asosida Parij va uning atrofida keng tarqalgan Il-de- Frans shevasi yotadi. 1539 yilda Fransisk I ning buyrug‘i bilan bu sheva Fransiyaning yagona davlat tili deb e’lon qilingan.

Ikkinchisi chatishuv orqali bo‘lib, bunga ingliz tilini misol keltirish mumkin. Ingliz tili o‘z rivojlanish tarixida asosan uch davrni boshidan o‘tkazgan:

Birinchi davr - qadim zamonlardan to XI asrgacha bo‘lgan davr. Bu davrda inglizllar, sakslar va yutlarning Britaniyani bosib olib, mahalliy kelt (hozirgi shotlandlar, irlandlar va uelslarning qadimiy ajdodlari) qabilalarini Britan yarim oroliga haydab, o‘zlari Britaniya oroliga hukmron bo‘lib olgan davrdir. Bu davrning IX-X asrlarida anglosakslar va daniyaliklar orasida urushlar bo‘lib o‘tadi va bu urushda daniyaliklar yengib, anglosakslarga qo‘shilib, chatishib ketadilar.

Ikkinchi davr XI-XV asrlarni o‘z ichiga oladi. Bu vaqt ichida normandlar Britaniyani bosib olib, hukmronlikni o‘z qo‘llariga oladilar. Ular fransuz tilida, anglosakslar german tilida gaplashardilar. Bu ikki til orasida uzoq vaqt kurash bo‘lib, oqibatda mahalliy til yengib chiqdi, lekin fransuz tiliga ma’lum darajada o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, ingliz tili tarixida sodir bo‘lgan «unlilarning buyuk siljishi» fransuz tili superstrati bilan tushuntiriladi.

Uchinchi davr XVI asrning oxiri, Shekspir ijodining boshlanishi bilan bog‘langan. Bu anglosakson tili orasidagi chatishuv jarayoni tugab, milliy tilning barpo bo‘lish davriga to‘g‘ri keladi.

Uchinchi yo‘l, ya’ni shevalarning mujassamlashuvi orqali milliy tilning hosil bo‘lishiga rus milliy tilining shakllanishini misol qilib keltirish mumkin. XVI-XVII asrda Moskva davlatining paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda Moskva dialekti asosida rus milliy tili shakllana boshlaydi. Ma’lumki, Moskva o‘sha vaqtda shimol va janub dialektlarining tutashadigan markazi edi.

Milliy tillarning shakllanishida badiiy so‘z ustalari, yozuvchi va shoirlarning ham hissasi juda kata bo‘ladi. Jumladan, o‘zbek adabiy tilining shakllanishida Alisher Navoiy, rus milliy tilining taraqqiyotida A.S. Pushkin, yangi gruzin tilining vujudga kelishida Shota Rustaveli, nemis tilining taraqqiyotida Martin Lyuter, ingliz tilining rivojlanishida Vilyam Shekspir va boshqalarning qo‘shgan hissalari beqiyosdir.



Tillarning o‘zaro munosabatlari. Til taraqqiyotida qo‘shni xalqlar o‘rtasidagi turli munosabatlar, savdo-sotiq va madaniy aloqalar, urushlar o‘z ta’sirini qoldirmay qo‘ymayadi. Bunday hodisalar ba’zi tillarda ko‘proq, ba’zilarida esa kamroq aks etadi. Masalan, hozirgi zamon ingliz tili lug‘at boyligining faqat 30 foizga yaqini sof ingliz tiliga oid, qolganlari roman va sharq tillaridan kirgan so‘zlardir. Tillarning bunday munosabatlari tillar hamkorligi deyiladi. Tillar hamkorligida tillarning chatishuviga odatda katta ahamiyat beriladi. Ba’zi olimlarning fikricha, har qanday hamkorlik ham tillar chatishuviga kiravermaydi. Masalan, bir tildan ikkinchi tilga so‘z o‘zlashtirilishi tillar chatishuviga kirmaydi, chunki o‘zlashtirilgan so‘zlar tilning grammatik ko‘rinishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi. Masalan, arab tilidan o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgan so‘zlar bunga yaxshi misol bo‘la oladi.

Fransiyaning XI asrda Britaniya orolini bosib olishi va fransuz tili bilan anglosakson tillari orasidagi aloqa tillar chatishuviga eng yaxshi misoldir. Ma’lumki, bu yerda g‘oliblar tili bo‘lmish fransuz tili bilan mag‘lublar tili – anglosakson tillari orasida uzoq vaqt davom etgan urushdan keyin, g‘oliblar o‘z tilini yo‘qotib, anglosakson tilini qabul qilishlariga to‘g‘ri keldi. Shuni ham aytish kerakki, anglosakson tili ham fransuz tilidan ba’zi elementlarni qabul qildi. Chatishuv sodir bo‘lganda substrat va superstrat (bu so‘zlar latincha bo‘lib, birinchisi tag qatlam, ikkinchisi esa, ustki qatlam degan ma’nolarni anglatadi) hodisalari to‘g‘risida fikr yuritish mumkin.

Har ikkala tushuncha mag‘lub tilning g‘olib tilda qoldirgan elementlari, izlarini bildiradi. Agar mag‘lub tilning elementlari g‘olib tilning fonetik, grammatik tuzilishini buzib, unga faol ta’sir qilgan bo‘lsa, unda substrat yoki superstrat hodisalari ro‘y beradi. Bir tildan ikkinchi tilga so‘z o‘zlashtirish substratga kirmaydi. Kelgindilar tilining mahalliy tilni siqib chiqarishi va ayni paytda ishlatilishdan chiqib ketayotgan tilning kelgindilar tiliga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi substrat hodisasi

Superstrat hodisasida esa, kelgindilar tili mahalliy til bilan kurashib, unga sezilarli darajada ta’sir o‘tkazadi, lekin uni siqib chiqara olmaydi. Bunga Britaniya orolining normandlar tomonidan bosib olinishi va normand tilining ingliz tiliga o‘tkazgan ta’siri eng yaxshi misol bo‘la oladi.

Nazorat savollari:

1. Tilshunoslik fani nimalarni o‘rganadi?

2. «Tilshunoslikka kirish» kursining vazifasi nimalardan iborat?

3. «Umumiy tilshunoslik» kursi o‘z oldiga qanday masalalarni qo‘yadi?

4. «Umumiy tilshunoslik» va «Tilshunoslikka kirish» fanlarining o‘rganish ob’yekti va ular orasidagi farqni tushuntiring.

5. Nima uchun til ijtimoiy hodisa sifatida qaraladi?

6. Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishida jamiyatning roli qanday?

7. Til va tafakkur orasida qanday bog‘liqliklar mavjud?

8. Tilni tilshunoslikdan tashqari yana qaysi fanlar o‘rganadi?

9.Tilni boshqa fanlarning ham o‘rganish sohasi sifatida olib, makrolingvistika va mikrolingvistika atamalarini sharhlab bering.

10. Tilning paydo bo‘lishi haqidagi farazlar to‘g‘risida gapirib bering.

11. Tilning shakllanishi va rivojlanishi to‘g‘risida gapirib bering.

12. Tillarning o‘zaro munosabatlarida qanday qonuniyatlar amal qiladi?

Tayanch ibora va tushunchalar (glossariy)

1. Til - aloqa-aralashuv vositasi, tilshunoslik - tilga xos xususiyatlarni o‘rganuvchi fan.

2. Xususiy tilshunoslik ma’lum bir tilning lug‘at tarkibi, fonetik sistemasi va grammatik qurilishini o‘rganadi,

3. Umumiy tilshunoslik til bilan tafakkur, tilning kelib chiqishi, jamiyatdagi o‘rni, taraqqiyot yo‘llarini o‘rganuvchi fan.

4. Makrolingvistika til hodisalarini keng miqyosda boshqa fanlar bilan birgalikda o‘rganadi, mikrolingvistika esa tilning ichki tuzilishini, fonetik, leksik va grammatik hodisalarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi.



5. Ekstralingvistika tilni ijtimoiy hodisa sifatida o‘rganuvchi fandir. .

6. Intralingvistika tilning ichki tizimini, uning birliklari va kategoriyalari, tilning yaruslari hamda ularning tuzilishini o‘rganadi.

7. Komparativistika qiyosiy-tarixiy tilshunoslik.

8. Kommunikativ lingvistika tilni aloqa-aralashuv vositasi sifatida o‘rganadigan, til va nutq, tilning jamiyatdagi asosiy vazifasi va o‘rni masalalari bilan shug‘ullanadigan sohadir.

9. Integratsiya (mujassamlashuv) turli shevalarning umumiy qoidalarga bo‘ysungan holda adabiy tilga birlashishi, differensiatsiya (farqlanish) tillarning shevalarga parchalanishidir.

10. Substrat (lot. tag qatlam) ishlatilishdan chiqib ketayotgan mahalliy tilning kelgindilar tiliga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi, superstrat (lot. ustki qatlam) kelgindilar tilining mahalliy tilga ta’sir o‘tkazishidir.

11. Sistema – o‘zaro bog‘langan va shartli qismlar yig‘indisi, struktura (lot. qurilish) butunlik qismlari ichidagi munosabatdir.

12. Paradigmatika - til birliklarini o‘xshashlik va farqlashga asoslida tanlab, saylab olish munosabati.

13. Sintagmatika - qator joylashgan birliklarning o‘zaro munosabati.



14. Ierarxiya -til birliklarining bosqichli ketma-ketlikdagi munosabati
Tavsiya etilgan adabiyotlar ro‘yxati

  1. Irisqulov M. Tilshunoslikka kirish. – T., 2008.

  2. Yo‘ldoshev I. , Sharipov O‘. Tilshunoslikka kirish. T., 2007.

  3. Yoldoshev I., Muhamedova S., Sharipova O`., Madjidova R. Tilshunoslik asoslari. T., 2013.

  4. Maslov Yu.S. Vvedenie v yazikoznanie. M, 2007.

  5. Mechkovskaya N. B. Umumiy tilshunoslik, tillarning tuzilmaviy va ijtimoiy tipologiyasi. – T., 2006

  6. Reformatskiy A.A. Vvedenie v yazikoznanie. – M., 2006

Download 45.31 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling