Kirish G. Gegel falsafasi Yakkalik, xususiylik va umumiylik dialektikasi. Mohiyat va hodisa dialektikasi
Download 54.85 Kb.
|
Gegel dialektik mantiqning asoschisi
G.Gegel falsafasining eng kuchli tomoni dialektika hisoblanadi. U dialektikani mantiq va bilish nazariyasi bilan tenglashtiradi. Gegel falsafasida dunyo mutlaq ruhning o‘z-o‘zini rivojlantirishi sifatida namoyon bo‘ladi. Mutlaq ruh bir vaqtning o‘zida ham substansiya (borliq asosi), ham sub'ekt, ya'ni o‘z rivojlanishi va bilishining manbaidir. Inkorni-inkor Gegel falsafasining asosiy tamoyili hisoblanadi. Ikki tomonlama inkor etish g‘oyasiga muvofiq mutlaq g‘oyaning rivojlanishi quyidagi uch bosqichdan o‘tadi: sof borliq (tezis), yo‘qlik (antitezis); mavjud borliq vujudga kelish va yo‘q bo‘lish sifatida, shakllanish (sintez). Bilishning uch bosqichi (triada) g‘oyasi Gegel falsafasini to‘la qamrab oladi. Nafaqat Gegelning butun falsafasi, balki u ilgari surgan fikrlarning har bir kichik hujayrasi ham uch qismga bo‘linadi («Mantiq fani», «Naturfalsafa», «Ruh falsafasi»). Masalan, mantiqni Gegel ilohiy aqlga mos keladigan sof aql sohasi sifatida ta'riflaydi. U uch qismdan iborat:
- borliq; - mohiyat; - tushuncha. Mantiqning birinchi qismida Gegel borliq tushunchasini tavsiflovchi kategoriyalar: sifat, miqdor, me'yorga ta'rif beradi. Sifatni Gegel «borliq bilan ayniy bo‘lgan bevosita muayyanlik» deb ta'riflaydi. Ayni shu sababli predmet o‘z sifatini yo‘qotar ekan, o‘zining avvalgi mohiyatini ham yo‘qotadi4. Miqdor sifatning inkoridir: «Miqdor sof borliq bo‘lib, unda muayyanlik borliq bilan ayniy emas, balki yo‘qolgan yoki befarq tus oladi»5. Me'yor – predmet borlig‘ining, miqdor o‘zgarishlarining shunday bir chegarasiki, bunda predmet o‘zining aniq sifatini yo‘qotmaydi. Miqdor o‘zgarishlari me'yori chegarasidan o‘tar ekan, predmet yangi sifat holatiga o‘tadi. Gegelning mohiyat haqidagi ta'limoti - bu harakatlantiruvchi kuch haqidagi ta'limotdir. Mohiyat ichki ziddiyat, qarama-qarshiliklarning ayniyligi. Ayniyatni Gegel tafovutni o‘z ichiga oluvchi nisbiy ayniyat sifatida tushunadi. Gegel ayniyatning matematik tipdagi (AA qabilidagi) formal-mantiqiy talqinini tanqid qiladi. Ayniyat haqidagi ta'limotda Gegel ayniyat, tafovut, qarama-qarshiliklar, ziddiyatlar kabi tushunchalarga ta'rif beradi. Gegel mohiyatni u yoki bu darajada tavsiflovchi ayrim boshqa kategoriyalar, chunonchi: asos, hodisa, mavjudlik, namoyon bo‘lish, munosabat, borliq, substansiyalilik, kauzallik, o‘zaro bog‘lanishni ham ko‘rib chiqadi. Gegel mohiyat refleksiya sifatida ham, ob'ektivlik omili sifatida ham tavsiflanishi mumkinligini qayd etadi. Mohiyat hodisadan ayri holda mavjud narsa emas, hodisa esa mohiyatni yashiruvchi narsa emas, u mohiyat bilan uzviydir. Mohiyat hodisada qanday namoyon bo‘lishini va hodisa mohiyatni qanday ifodalashini ko‘rish lozim. Mohiyat ko‘rinish (ro‘yo) va namoyon bo‘lishga ajratish mumkin bo‘lgan hodisaning tomoni hisoblanadi. Ammo ro‘yo ham hodisani nafaqat niqoblaydi, balki uni namoyon etadi. Tushuncha haqidagi ta'limotda Gegel ob'ektiv tushunchani farqlaydi u narsalarning o‘zida yashaydi, uning mavjudligi tufayli narsalar mohiyat kasb etadi, narsani anglash uning tushunchasini anglash demakdir. Sub'ektiv tushuncha bizning borliqni bilish usulimiz sifatida ta'riflanadi. Umuman olganda Gegel mantig‘ida tushunchalar (kategoriyalar)ning rivojlanuvchi tizimi o‘z ifodasini topadi. Uning fikricha, tushunchalar dialektikasi narsalar dialektikasini belgilaydi. Har bir kategoriya muayyan mazmunga ega bo‘ladi va inkorni-inkor tamoyiliga ko‘ra hal qilinadigan o‘z qarama-qarshiligining mavjudligini nazarda tutadi. Natijada yanada umumiyroq tushunchalar tizimi vujudga keladi. Gegel naturfalsafasida o‘zi yashagan davrning ma'lum bo‘lgan ilmiy tasavvurlarini bayon etadi. U tabiatni mutlaq ruhning o‘zgacha borlig‘i sifatida tavsiflaydi va uning vazifasi o‘z falsafasining uchinchi qismi – ruh falsafasida amalga oshadigan sintezga zamin yaratishdan iborat ekanligini qayd etadi. Gegel ta'riflab bergan tabiatni o‘rganishning asosiy tamoyillari hozirgi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. Bular: antireduksionizm, tabiatni o‘rganishga nisbatan yaxlit yondashuv, tabiatning asosiy sohalari: mexanika, fizika, organikaning o‘ziga xos xususiyati kabilardir. XX asrda biz yashayotgan sayyora qiyofasi butunlay o‘zgardi. Insonning ishlab chiqarish faoliyati insoniyatni dunyo miqyosidagi ekologik tanglikka giriftor etdi. Yutuqlar va ziddiyatlardan iborat og‘ir va mashaqqatli globallashuv jarayoni yuz berdi. Fanda, xususan astrofizikani, Olamning kelib chiqishini o‘rganish borasida erishilgan ajoyib yutuqlar, ehtimollik nazariyasini matematik asoslash, tizimlar umumiy nazariyasi, turli tipdagi tizimlarning qonuniyatlari haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi va hokazolar dialektikaning kategoriyalar apparatini sezilarli darajada boyitdi va ularga aniqlik kiritdi. Dialektika kategoriyalari haqidagi tasavvurlarga sinergetika ham jiddiy tuzatishlar kiritmoqda. (Uning kategoriyalarini biz tegishli bo‘limlarda ko‘rib chiqamiz). So‘nggi o‘n yilliklarda falsafiy tadqiqotlar doirasiga butunlay yangi soha – virtualistika kirib kelmoqda. Uning falsafiy maqomini va kategoriyalar tizimini belgilash shakllanish bosqichini boshdan kechirmoqda. Hozirgi zamonda falsafada ilmiy va noilmiy bilishning nisbati, bilish sub'ektining roli, falsafiy kategoriyalarning bilish jarayoni va odamlar amaliy faoliyatidagi rolini tushunishga nisbatan yondashuvlarda tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bu falsafa o‘tmishning falsafiy tafakkuri erishgan yutuqlardan voz kechyapti, degan ma'noni anglatmaydi. O‘tmish mutafakkirlarining dunyoqarashi qanday qonunlarga muvofiq o‘zgargan bo‘lsa, hozirgi zamon falsafasi ham shu qonunlarga muvofiq o‘zgarmoqda va rivojlanmoqda: fan va amaliyot muqarrar tarzda bizning dunyo haqidagi tasavvurlarimizga tuzatishlarini kiritmoqda. Download 54.85 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling