Kirish I bob istemolchining raqobat hulqi


Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish organlarining roli


Download 50.27 Kb.
bet3/5
Sana08.05.2023
Hajmi50.27 Kb.
#1445271
1   2   3   4   5
Bog'liq
Iqtisodiyot KI

1.2 Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish organlarining roli.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida samarali siyosatni amalga oshirish iste’molchilar huquqlarini himoya qilish milliy tizimining tarkibiy qismi bo‘lgan davlat boshqaruv organlari, tadbirkorlik sub’yektlari va jamoat tashkilotlarining rivojlanishiga hamda ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning mavjudligiga chambarchas bog‘liq. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish milliy tizimini yaratish davlatning ichki siyosati hisoblanib, ko‘plab omillar, shu jumladan, huquqiy rivojlanish, ijtimoiy-iqtisodiy holat, urf-odatlar va huquqiy madaniyat darajasi muhim ahamiyat kasb etadi.
Qaysi davlatda bo‘lishidan qat’iy nazar, iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga vakolatli bo‘lgan organlarning asosiy maqsadlari va vazifalari:
mamlakatda xavfsiz iste’mol muhitini yaratish, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va buning uchun sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish;
iste’molchilik madaniyatini oshirish, sifatli tovarlar va xizmatlar bozori yaratilishini rag‘batlantirish, iste’molchilarga ishlab chiqarilayotgan va taklif etilayotgan tovarlar va xizmatlar sifati to‘g‘risida ob’yektiv ma’lumotlarni tarqatishdan iborat.
Dunyoda iste’molchilarning huquqlarini himoyalashni ta’minlaydigan turli xil tizimlar mavjud, ular bir-biridan hukumat tarkibidaligi va avtonom sub’yekt ekanligi bilan farqlanadi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish organlarining jamoat tuzilmasi sifatida faoliyat yuritishi aholining e’tiborini jalb qilish imkonini beradi, iste’molchilar bilan aloqalarni o‘rnatishni ta’minlaydi. Bunday amaliyot iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish siyosatiga bevosita ta’sir qiladigan sharoitlarni yaratishga imkon yaratadi. Biroq, boshqa tomondan, keng vakolatlarga ega davlat organining rasmiy maqomi, unga yuqori nufuz beradi hamda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida yagona siyosatni amalga oshiradi. Ta’kidlash joizki, aksariyat rivojlangan va rivojlanib borayotgan davlatlarda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida yagona siyosat olib borilishida davlat organlarining o‘rni yuqoridir.
Xorij davlatlari amaliyotiga nazar tashlar ekanmiz, turli davlat muassasalari ko‘rinishidagi vakolatli davlat organlarining faoliyat yuritishiga guvoh bo‘lishimiz mumkin, jumladan, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat vakolatli organlari Savdo vazirligi huzurida, Bosh vazir devoni tarkibidagi bo‘limlar ko‘rinishida yoki alohida idora va ba’zi hollarda Iste’molchilar ishlari vazirligi kabi davlat organlari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Aksariyat hollarda, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazifasi bir necha sohalarni tartibga soluvchi vazirliklarga tegishli, masalan, Avstriyada xotin-qizlar faoliyati vaziriga, Avstraliyada ilm-fan va turizm vaziri vakolatlari doirasiga, Norvegiyada esa bolalar va oila faoliyati vaziriga qarashli. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa komissarlari ham ushbu faoliyatni ko‘plab qo‘shimcha sohalar bilan birgalikda olib borishadi.
Davlat organi va vazirlik o‘rtasidagi farq qarorlarni mustaqil va tezkor qabul qilish hamda jamoatchilik bilan ishlash ob’yektivligi va tezkorligini oshirish nuqtai nazaridan muhim bo‘lishi mumkin. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish muassasalari vazirliklar tarkibida bo‘lgan taqdirda ham, ularning faoliyati asta-sekin mustaqil organ sifatida iste’molchilar e’tiborini tortishi mumkin.
Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish tizimining yana bir modeli mavjudki, unda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining barcha sohalarini qamrab oladi, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hukumat organlari energetika, telekommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi tarmoq vazirliklarida muayyan vakolatlarga ega bo‘ladi.
Ko‘plab davlatlarning konstitutsiyasida iste’molchi huquqlarini davlat tomonidan himoya qilinishini kafolatlangan. Ya’ni, davlat, o‘z fuqarolarini sifatli va xavfsiz tovarlar, xizmatlar va ish joylari bilan ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib va xalqaro tajribaga asoslanib, shuni aytish mumkinki, aynan iste’molchilarning huquqiy madaniyati yuqori bo‘lgan rivojlangan davlatlarda jamoat tashkilotlarining roli sezilarli darajada yuqori va iste’molchilar o‘zlarini mustaqil himoya qila oladi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoat tashkilotlarining to‘laqonli tizimini yaratish uchun har qanday davlat iste’mol bozorining barcha sohalarini qamrab oladigan huquqiy bazaga ega bo‘lishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirli qonunlarni qabul qilinishi va mamlakat aholisining huquqiy savodxonligini oshirish uchun sharoit yaratilishi kerak.
Iste’molchilarning huquqiy madaniyati nisbatan past bo‘lgan davlatlarda iste’molchilar huquqini himoya qilish sohasida sud amaliyoti mavjud yetarli darajada emas, bu esa o‘z manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat organlariga murojaat qilgan fuqarolar sonining oshishiga olib keladi. Shu sababli, dastlabki bosqichda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi jamoat tashkilotlari tizimini rivojlanishi uchun davlatning ishtirok etishi muhim. Keyingi bosqichlarda iste’molchilar huquqiy savodxonligi oshib borgani sari, jamoat tashkilotlari sonining ko‘payishi ham kuzatiladi.
Quyida davlat organlarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi ishtiroki yuqori bo‘lgan xorijiy mamlakatlar tajribasini ko‘rib chiqamiz.
AQSh. AQShda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish borasidagi eng taniqli va faol organ bo‘lib, Federal savdo komissiyasi (Federal Trade Commission) hisoblanadi. FSK huzurida Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha byuro (Bureau of Consumer Protection) ish yuritadi. Byuroning asosiy maqsadi biznesni adolatsiz, nohaq va firibgarlik yo‘li bilan yuritishni oldini olishdan iborat. Byuro shuningdek, ma’lumotlarni himoya qilish, soxta reklama va shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha iste’molchilar murojaatlarini qabul qiladi. 2009 yilda FSK tarkibida Iste’molchilarni moliyaviy himoya qilish byurosi (Consumer Financial Protection Bureau) ham tashkil etildi. Ushbu Byuroning asosiy vazifalaridan biri qoidalar yozish, kompaniyalarni nazorat qilish va qonun hujjatlariga amal qilinishini ta’minlash orqali adolatsiz, chalg‘ituvchi yoki haqoratli xatti-harakatlar va amaliyotni bartaraf etishdan iborat.
Germaniya. Germaniyada 2013 yildan Germaniya Respublikasi Federal adliya va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi (Bundesministerium der Justiz und für Verbraucherschutz) iste’molchilik munosabatlariga mas’ul hisoblanadi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish siyosati iste’molchilar uchun ishonchli va o‘z-o‘zini tartibga soluvchi mexanizmlar yaratishga qaratilgan. Federal vazirlik umummilliy iste’mol tashkilotlariga ko‘mak berishga javob beradi va Consumer Research Network (Iste’molchilarni o‘rganish tarmog‘i) orqali o‘z mustaqil o‘rganishlarini olib boradi. Ta’kidlash joizki, Germaniya iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash vazirliklarida iste’molchilar bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha iste’molchilar sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarni ishlab chiqishda yordam beradigan maxsus bo‘limlar mavjud.[3]
Buyuk Britaniya. 2013 yilda tashkil etilgan Raqobat va bozorlarni tartibga solish boshqarmasi (The Competition and Markets Authority) Buyuk Britaniyaning raqobat va iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir asosiy organi hisoblanadi. Boshqarma Angliyada va qirollikning boshqa hududlarida iste’molchilar manfaati yo‘lida raqobat muhitini shakllantirishga va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish ustida ishlar olib boradi. Asosiy maqsad barcha diqqat e’tiborni bozorlarni iste’molchilar, korxonalar va iqtisodiyot manfaatlari yo‘lida xizmat qilishiga qaratishni ta’minlashdan iborat. Raqobat va bozorlarni tartibga solish boshqarmasi qonunlarga rioya etilishini va to‘g‘ri tushunilishini ta’minlash va hamda iste’molchilarga to‘g‘ri tanlovni amalga oshirish imkoniyatini taqdim etish maqsadida boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi. Boshqarma kam ta’minlangan iste’molchilarni himoya qilish, bozorlarga ishonchni oshirish, iqtisodiy o‘sish va ishlab chiqarish mahsuldorligini qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan Buyuk Britaniya iqtisodiy hayotining markazi bo‘lib hisoblanadi.
Saudiya Arabistoni. Ushbu mamlakatda iste’molchilarning huquqlarini Saudiya Arabistoni Savdo vazirligi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi amalga oshiradi (Consumer Protection Agency at Ministry of Commerce). Agentlik iste’molchilarni firibgarlikdan, aldovdan hamda reklama qilishning ta’qiqlangan usullaridan, nohalol raqobatdan himoya qiladi, shuningdek, xavfsizlikni ta’minlash uchun tovarlar va xizmatlar ustidan nazoratni amalga oshiradi, iste’molchilik savodxonligini oshirish va tovarlar sifatini yaxshilash hisobiga milliy iqtisodiyotni mustahkamlash ham tashkilotning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Savdo vazirining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Agentlik rahbari sifatida faoliyat yuritadi va iste’molchilarga taalluqli normativ hujjatlarni ishlab chiqish va amalda qo‘llash, shuningdek, iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish uchun va zaruriy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli vazirlik va muassasalar bilan hamkorlikni amalga oshiradi.
Singapur. Singapur raqobat va iste’molchilar masalalari bo‘yicha komissiyasi (Competition and Consumer Commission of Singapore) davlat boshqaruv agentligi hisoblanib, uning asosiy vazifalari sifatida bozorlar adolatli faoliyat yuritishini rag‘batlantirish hamda iste’molchi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun teng imkoniyatlar yaratilishini ta’minlash hisoblanadi. Komissiya iste’molchilardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaatlarni qabul qilmaydi, bu vazifani boshqa nodavlat tashkilotlar amalga oshiradi. Biroq Komissiya iste’molchilarga adolatsiz munosabatda bo‘lgan tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan qonuniy chora qo‘llash vakolatiga ega hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu davlat organi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini olib boradi, shuningdek iste’molchilar bilimini oshirish maqsadida ko‘plab axborot materiallarini tayyorlaydi.
Rossiya Federatsiya. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (Rospotrebnadzor) nafaqat iste’molchilar huquqlarini ta’minlash, balki epidemiologik va sanitariya nazorati uchun ham mas’ul organ hisoblanadi. Rospotrebnadzor iste’molchilar barcha guruhlari xavfsizligini va farovonligini ta’minlashga kompleks yondoshuvchi organ hisoblanadi. Bundan tashqari, Rospotrebnadzor iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatini muvofiqlashtiradi va ushbu sohada ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi. Ta’kidlash lozimki, Rospotrebnadzor muvofiqlashtirish siyosati iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlarga joriy muammolarga o‘z e’tiborini qaratishga va ularni hal qilishda yanada samarali harakat qilishga imkon yaratadi.[7]
Qozog‘iston. Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish Qozog‘istonda ham faol rivojlanmoqda. Oxirgi yillarda, mamlakatda ushbu soha bilan bog‘liq bo‘lgan bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Demak, 2019 yilda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha funksiyalar va vakolatlar Qozog‘iston Respublikasi Milliy iqtisodiyot vazirligidan Savdo va integratsiya vazirligiga topshirilib, uning huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tashkil etildi. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi yaxlit va samarali davlat siyosatini ta’minlash maqsadida davlat organlari faoliyatini tarmoqlar bo‘yicha muvofiqlashtirish Qo‘mitaning asosiy vazifasi sifatida belgilandi. Qo‘mita iste’molchilar huquqiy himoyasini oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va sohaga ta’sirini baholash bo‘yicha ishlar olib boradi.


Download 50.27 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling