Kirish I bob. XIV asrning yarmida movarounnahrda siyosiy vaziyat


Mo’g’illarning Movarounnahrga bosqini va uning oqibatlari


Download 131.5 Kb.
bet4/7
Sana06.04.2023
Hajmi131.5 Kb.
#1333587
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
Sarbadorlar

1.2. Mo’g’illarning Movarounnahrga bosqini va uning oqibatlari.
Movarounnahrda hokimyat Amir Qazag‘an qo‘liga o‘tgan vaqtda Yettisuv va Sharqiy Turkistonda dug‘lat amirlarining ta’siri kuchayib borayotgan edi. “Dug‘lat” mo‘g‘ulcha so‘z bo‘lib, cho‘loq degan ma’noni bildiradi. Dug‘lat qabilasiga Oqsuv shahri atroflari Chingizxon tomonidan in’om etilgan bo‘lib, bu ulus “Manglay suba” (oftob ru, oftobga qaragan o‘lka) deb atalgan. Dug‘latlardan chiqqan birinchi mashhur davlat arbobi Amir Boydarxondir. U Chig‘atoy xonlaridan Qaydu, Duva CHechanxonlar davrida katta obro‘ga ega bo‘lgan. Bu davrda unga tegishli ulusning xududi kengayib, Oqsuv, Qoshg‘ar, Xo‘tan, Yorkend, Koson, Axsikat, Andijon, Otboshi, Kavsan shaharlari ham dug‘lat amirlari tasarrufiga o‘tgan edi. Biz tadqiq etayotgan davrda Farg‘ona vodiysi shaharlari dug‘lat amirlari ta’sirida bo‘lmasada, ularning Yettisuv va Sharqiy Turkistonda ta’siri juda kuchli edi. Movarounnahrda vaziyatda unumli foydalangan Boydarxonning o‘g‘li Po‘lodchi 1348 yili Eson Buqaxonning o‘g‘li Tug‘luq Temurxonni xon deb e’lon qildi. Natijada, Chig‘atoy ulusidan ajralib chiqqan Mo‘g‘uliston davlatiga asos solindi.
Tug‘luq Temurxon va Amir Po‘lodchi Mo‘g‘ulistonda o‘z hokimyatlarini mustahkamlab olganlaridan so‘ng Movarounnahrni ham zabt etishga harakat qila boshladilar. Movarounnahrda vaziyat ham buning uchun juda qulay edi.
1360 yili Tug‘luq Temurxon katta qo‘shin bilan Movarounnahrga yurish boshladi. U o‘z amirlaridan Ulug‘ Temur, Hojibek va Bekkichiklarni ilg‘or sifatida yubordi. Bu uch amir Sirdaryodan o‘tishi bilan Xo‘jand hokimi Boyazid Jaloyir jangsiz taslim bo‘ldi. Kesh hokimi Hoji Barlos esa dastlab qo‘shin yig‘ib, jangga kirmoqchi edi, lekin dushmanning ulkan lashkariga bas kelish qiyinligini anglagan holda Xurosonga chekinishga qaror qildi. SHu o‘rinda Hoji Barlos va Amir Temur munosabatlariga ham to‘xtalib o‘tsak. Hozirgi kunda mavjud ilmiy va ilmiy-ommabop adabiyotlar hamda darsliklarda Hoji Barlos Amir Temurning amakisi ekanligi ta’kidlanadi. V.V. Bartoldning yozishicha,- “Zafarnoma” muallifi Nizomiddin Shomiy Hojini Temurning amakisi deb ataydi, lekin bu ifodani aftidan faqat bir urug‘ga tegishlilik mazmunida tushunish lozimdir, xuddi Shunday mazmunda yana bir necha barlos harbiy boshliqlarini Temurning akalari, deb ataganlar3. Bu satrlar orqali V.V. Bartold Hoji Barlosni Temurning amakisi emas, balki barlos qabilasining boshqa harbiy boshliqlari kabi bir urug‘ga mansublik darajasida qarindosh bo‘lgan, degan fikr bildirmoqchi bo‘ladi. Muallifning bu fikri o‘z vaqtida R. Nabiev tomonidan tanqid qilingan4. Lekin tarixiy manbalarni o‘rganish chog‘ida V.V. Bartoldning fikrlarida asos borligiga ishonch hosil qilish mumkin.
Bu masala haqida Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma»sida ikki xil ma’lumot mavjud. Sharafuddin Ali Yazdiy esa Hoji Barlos Temurning amakisi bo‘lganligi xususida quyidagicha yozadi: «Ota ketgan, amaki qochib qolgan.
Begonadan o‘lka parishon bo‘lgan»5.
Asarning boshqa joyida- Hoji Barlos shajarasi ham keltirilgan: «Amir Hoji Barlos ibn Bo‘rilg‘iy ibn Namvala ibn Yisu-Munko ibn Qorachor- no‘yon”6. Xuddi shu asarning, sharqshunos olim O. Bo‘riev tomonidan nashr ettirilgan «Amir Temur ajdodlari» nomli muqaddima qismida Amir Temur shajarasi quyidagicha berilgan: “Temur Ko‘ragon ibn Amir Tarag‘ay ibn Amir Burkul ibn Ilangiz- baxodir ibn Iyjil-no‘yon ibn Qorachor-no‘yon»7. Sohibqironning nabirasi Mirzo Ulug‘bek esa o‘zining “To‘rt ulus tarixi” asarida bobosi shajarasini: “Amir Temur Ko‘ragon ibn Amir Tarag‘ay Amir Berkli Ibn Amir Alangiz no‘yon ibn Amir Ejil no‘yon barlos ibn Qorachor barlos” deb yozgan bo‘lsa,8 Amir Hoji barlosni “Eso Munko Ibn Qorachor nuyon avlodi” deb ma’lumot beradi.9 Bu haqida Xofizi Abru yanada aniq ma’lumotlar keltirgan. Uning asarida ham Amir Temur va Hoji Barlos shajarasi faqat Qorachor no‘yonda birlashishi bayon qilingan bo‘lib, Sohibqironning amakisi Amir Balta ekanligi ta’kidlangan.10 Boshqa tarixiy manbalar va “Zafarnoma” ning boshqa nashrlarida ismlar o‘qilishida bir oz farq bo‘lsa-da, shajaralar deyarli Shunday berilgan. Ko‘rinib turibdiki, aslida Amir Hoji Barlos Amir Temurning amakisi bo‘lmay, ularning shajarasi faqat beshinchi ajdodlari Amir Qorachor no‘yonda birlashadi. Demak, V.V. Bartold Amir Hoji Barlosni Temurning amakisi emas, deb bu masalaga aniqlik kiritadi. SHajarasi Amir Temur bilan Qorachor no‘yon birlashadigan amirlar qatoriga Jaku Barlos, CHug‘am Barlos kabilarni ham kiritish mumkin117
Bevosita Amir Temur va Hoji Barloslarning o‘zaro munosabatlariga to‘xtalib, shuni aytish mumkinki, tarixiy manbalarda qabiladosh bo‘lgan bu amirlarning aloqalari qachon boshlanganligi haqida ma’lumotlar uchramaydi. Lekin Amir Temur Movarounnahr hukmdori Amir Qazog‘onning kuyovi ekanligini hisobga olsak, hukmdor vafotiga Ya’ni 1358 yilga qadar uning xizmatida bo‘lganligini taxmin qilishimiz mumkin.
Amir Qazog‘on o‘ldirilgach merosxo‘r sifatida hokimiyatni egallagan Amir Abdulloh aynan Amir Hoji Barlos va uning ittifoqchisi Bayon sulduz tomonidan tor-mor keltiriladi. Aftidan bu janglarda Amir Temur qatnashmagan bo‘lsa kerak. CHunki tarixiy manbalarda bu xususida hech narsa deyilmaydi. Amir Abdulloh o‘ldirilgach, Movarounnahr mayda bekliklarga bo‘linib ketadi va Hoji Barlos Kesh va Qarshining mustaqil hokimiga aylanadi. Faqat Shundan so‘ng Amir Temur Hoji Barlos huzuriga kelgan bo‘lishi mumkin. Har holda 1360 yili Mo‘g‘uliston hukmdori To‘g‘luq Temurxon Movarounnahrga bostirib kelganda u Hoji Barlos bilan birga edi.
Bu vaqtda Movarounnahr hokimlari To‘g‘luq- Temurxonga qarshi birlasha olmadilar va har tomonga qocha boshladilar. Hoji Barlos ham dushman yetib kelmasdan oldinoq Xurosonga jo‘nashni ma’qul topadi. Lekin Amir Temur Hoji Barlosdan farqli o‘laroq, yurtni o‘z holiga tashlab ketishga ko‘nmaydi. Sohibqironning maqsadlari Amir Hoji Barlosga aytgan quyidagi so‘zlarida ham namoyon bo‘ladi: “Agar mamlakat hokimsiz qolur bo‘lsa, uning avzoyiga so‘zsiz ko‘p zahmat etgay, el va ulus ersa, g‘animlar qahri va bosqinchiligi ziyonidan butunlay xonavayron bo‘lgay.... Men Kesh tarafga qaytsam, ulusga taskin berib, ul erdan xon xizmatiga o‘tsam, amirlar va arkoni davlat bilan ko‘rishsam toki viloyat xarob bo‘lmasin”12. Shunday qilib, dahshatli yov qarshisida ozgina askari bilan bir o‘zi qolgan, endigina 25 yoshga kirgan Amir Temur mo‘g‘ul amirlari bilan muzokara olib boradi, ularni yurtni talash fikridan qaytaradi, buning evaziga esa To‘g‘luq Temurxon xizmatiga kirishga majbur bo‘ladi. Natijada xon Kesh viloyatini boshqarishni Amir Temurga topshiradi. Amir Temurning bu xatti -harakati viloyatni talon-tarojdan saqlashni va uni barlos qabilasining qo‘lida saqlab qolishning birdan-bir yo‘li bo‘lib, Temur diplomatiyasining yutug‘i edi. Amir Temurning o‘zi ham keyinchalik bu voqeani puxta o‘ylangan reja, yuz ming kishilik qo‘shindan kuchli deb baholagan edi.
Mo‘g‘ullarning talonlari va ularning kelajakdagi og‘ir zulmlari arafasida turgan shahar aholisi Samarkandni mudofaa etish sharoitlarining qiyin bo‘lishiga qaramay, kurash boshlaydi. Xalq jome masjidiga jam bo‘lganda Mavlonozoda masjid minbari ustiga chiqib, nutq so‘zlaydi: „ Yo masharalmuslimin. Bu kun g‘olib kofirlar musulmonlarning xonumon va jonlari qasdiga kelganlar va boju-xiroj nomi bilan musulmonlardan juzya olib, uni o‘zicha xarj qiladigan hokim dushmanning paydo bo‘lishi bilan, kofirlar oldida musulmonlarni tashlab qochdi. Bu shaharning aholisi har qancha garov va hadyalar bersalar ham qutilaolmaydilar va qiyomat kuni buzrugonlar sizlardan javob talab qiladilar. Kim islomning ishiga mutasaddi va xosu avomnnng javobgarligini ustiga oladiki, biz uning oyoq ostiga bosh qo‘yib, xizmatiga hozir bo‘lsak?". Bu so‘roqqa hechkim javob bermaydi. Mavlonozoda davom ettiradi. „Modomiki hech kim javobgarlikni ustiga olmas ekan, agar men qabul qilsam birga bo‘lib, yordam berasizlarmi?"13. Bu so‘nggi so‘roqqa hamma o‘z roziliklarini bildirib, uni boshliq qilib ko‘taradilar.
Mavlonozoda shahar aholisining turli tabaqalaridan qo‘liga qurol ko‘tarishga qodir bo‘lganlarning ro‘yxatini olib, raxnalarga qorovullar qo‘yadi. Bog‘lar ko‘chasini dushman otliqlari o‘tolmaydigan darajada band qiladi. Band (barrikada) boshlarini mahkam qilib, ko‘chalarga mergan kamonchilarni joylashtiradi. Kishilarning uylariga borishlari, yoki urush bo‘lgan erga o‘z joylarini tashlab ketishlari, qanday yo‘llar orqali bo‘lmasin, mo‘g‘ullar bilan so‘zlashish kabi intizomsizliklar qat’iy man etildi. SHahar ko‘chalaridan biri butunlay bo‘sh va ochiq qoldirilib mingtacha odamni pistirmaga qo‘yadi. Mavlonozodaning o‘zi ming piyoda tiyrandoz bilan Bog‘ ko‘chasining oxiriga borib turadi. O‘zlarining kelgusi „g‘alabalariga" ishongan mo‘g‘ullar hech qo‘rquvsiz bo‘shatib qo‘yilgan ko‘chaga kirib, uning oxiriga—Mavlonozodaga yaqinlashgandan keyin, rahbarlarning bergan maxsus signali bilan, mo‘g‘ullarga hamma tomonlardan birdaniga hujum boshlanadi. Kurollilar o‘z qurollari bilan, hujum etgan bo‘lsalar, qurolsizlar mo‘g‘ullarni qora kaltak va toshbo‘ron ostiga oladilar. Bunda mo‘g‘ullardan ming kishi yarador bo‘lib, yuz kishi asirlikka tushadi. Mo‘g‘ullar bu mag‘lubiyatdan so‘ng, ikkinchi kuni yana hujum qiladilar, bu safar ular butun harbiy qoidalarni ishlatadilar. Lekin g‘alaba mudofaachilar tomonida qoladi. Mo‘g‘ullar shaharni kuch bilan olaolmagandan so‘ng had’ya, ehsonlar olib qaytishga rozi bo‘ladilar, lekin ularga bu ham muyassar bo‘lmadi. Nihoyat o‘zlarining odatlari bo‘yicha shahar atroflarini talab qaytadilar. Muiniddin Natanziy bu mag‘lubiyat dushmanga juda qattiq ta’sir qilganligi haqida quyidagicha bayon qiladi: “... mo‘g‘ul otliqlariga shunaqayam zarba berishdiki, hanuzgacha Mo‘g‘ulistonda bu voqeani dostonlarda yod yetib yig‘inlarda eslab yurishadi. Bu voqea ularning dimog‘lariga etkanda, taajjubdan fig‘onlari ettinchi osmonga chiqadi.”14
Mo‘g‘ullarning yengilishining sabablaridan biri ko‘pchilik tarixchilarining ko‘rsatishlaricha, ularning otlariga vabo kelganligidadir. Mo‘g‘ullarning yengilishiga sabab shahar aholisining astoydil dushmanga qarshi qurol ko‘tarishlari va mudofaa choralarining yaxshi tashkil etilishidir. SHarafiddin Ali Yazdiy ham garchi mo‘g‘ullarning yengilishiga, ularning otlariga vabo kelishini sabab qilib ko‘rsatsada, mudofaachilarning jiddiy harakatlarini inkor qilmaydi. “ Ma’lum muddat raiyat hech bir podShohning shon-shukuhisiz bosh-oyoq qurollangan g‘addor yov bilan adolat va haqiqat uchun mardlarcha kurashdilar. Dushmanga hujum qilishda va mudofaada Shunday matonat kzrsatdilarki, g‘animlarning hukmronligi va istilo qo‘li ul shahar aholisining nomus va moli etagiga etmadi"15. Ikkinchi bir joyda u yana Shunday deydi: “PodShohlarning himmati va ularning noiblari matonatiga mansub bo‘lmish yurtni muhofaza qilish va ana Shunday lashkarga qarshi turishdek ishlar raiyatlar qo‘li bilan amalga oshdi"16.
Samarqand sarbadorlari shahardagi katta mol-mulkka ega bo‘lgan boylarni talaydilar, ularni o‘ldiradilar. Bu haqda SHarafiddnn Ali Yazdiy mana bunday deydi: “(Lekin) bir muncha kuch va ixtiyorga ega bo‘lgan bir guruh (kishilar)ning tasavvuri boshiga mag‘rurlik shamoli kirib, ularning jasorat oyoqlarini o‘z mavqelaridan yuqoriroqqa qo‘ydilar, hamda hukmronlik va zo‘ravonlik qo‘llarini qon to‘kish va fitna fasod uyushtirishga cho‘zdilar” 17.
Mo‘g‘ullar hujumiga qattiq zarba berilgandan keyin, sarbadorlar 1366 yil ko‘klamiga qadar, bir qish davomida davlatni boshqardilar. SHarafiddin Ali Yazdiyning aytishicha, Temur bilan Husayn shahar atrofiga kelib tushganlaridan keyin „sarbadorlarni yo‘qotishni davlat va dinning zaruriy ishlaridan sanadilarki, bular bu muddat ichida bu bo‘sh maydonni (shaharni) isyon va tug‘yon qadami bilan o‘lchagan edilar,. Ular turli yaramasliklar—qatl, tolonlar va shunga o‘xshagan narsalarni qilganlari uchun, ularning hammasini qo‘lga olishga farmon chiqardilar"18. Bu dalildan sarbadorlarning mamlakatni mo‘g‘ullar hujumidan himoya qila olmagan amaldorlarga va din namoyandalariga qarshi ekanlari ravshan ko‘rinadi. Shuning uchun ham taxtdan sarbadorlarni yo‘qotish Sharofuddin Ali Yazdiyning nazarida, davlat va dinning zaruriy hamda eng ahamiyatli ishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Ko‘zg‘olon boshliqlari haqida manbalarda juda oz ma’lumot bo‘lsa-da, ularning qaysi tabaqadan ekanliklari haqida qisqacha to‘xtab o‘tish mumkin. Ko‘zg‘olonning ikki boshlig‘i „Mavlonozoda unvoni bilan yuritilib—ularning biri Buxoro buzrukzodalaridan ekanligi haqida ba’zi manbalar aniq ma’lumot beradi. Masalan Muiniddin Natanziy uni Buxoro zadogonlaridan ekanligini, Samarqandga esa tahsil olish uchun kelib, xalq orasida katta e’tiborga ega bo‘lishga erishganligini ta’kidlaydi.19 Manbalar Mavlonozodai Samarqandiyning ham, Mavlono Xo‘rdakiy Buxoriyning ham jasurlikda, qahramonlikda, boshqalardan ayrilib turganlarini yozadilar. Bundan tashqari Mavlono Xo‘rdakka harbiylik va tirandozlik xususiyatlari beriladi. Bular ham kelib chiqishlari ham xususiyatlari bilan Xuroson sarbadorlarining rahbarlari Amir Abdurazzoq bilan Amir Mas’udga juda yakindirlar. Samarqand qo‘zg‘olonining manbalarda ko‘rsatilgan uchinchi rahbari Abubakr Kalaviy Naddofdir. U hunarmandlardan chiqqan naddof Ya’ni paxta tituvchi bo‘lgan. Hammadan avval Temur tarixini yozgan Nizomuddin Shomiy o‘z “Zafarnoma”sida Samarqand qo‘zg‘oloni haqida juda kam gapirgan bo‘lsa-da, qo‘zg‘olonchilarning kimlardan iborat ekanliklarini aniq ibora bilan yozadi. “Mavlonozodai Samarqandiy, Mavlono Xo‘rdaki Buxoriy va Abubakr Naddof,—har uchalasi boshliq bo‘lib, yovuz, kishilar bularning yonida to‘plangan edilar"20.
Mo‘g‘ul askarlari Samarqandda mudofaachilardan yengilib qaytishlari bilan, Temur mo‘g‘ullar harakatidan xabar olish uchun yuborgan o‘z kishisi Abbos Bahodir orqali Samarqand voqeasidan xabardor bo‘ladi. Ba’zi manbalarda bu xabar ko‘zg‘olon boshliqlaridan biri Mavlonozoda tomonidan berilganini gapiradiki, bu haqiqatdan uzoq emas. CHunki voqealarning keyingi rivojiga nazar solsak, qo‘zg‘olon boshliqlari va qo‘zg‘olonchilar Amir Temur va Husaynlar tomonidan jazolanganida, Temur Mavlonozodani o‘limdan qutkazib olganligini ko‘ramiz. Bu esa ular o‘rtasida avvaldan aloqa bo‘lganligini taxmin qilish uchun asos bo‘la oladi.


Download 131.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling