Ishlab chiqarish asosiy fondlari moddiy ishlab chiqarish sohasida qatnashadi. U o’zining amal qilish sikli davomida ishlab chiqarish jarayonida bir necha marta ishlatiladi. Ishlab chiqarish asosiy fondlari bosqichma – bosqich eskirib, o’z qiymatini ishlab chiqarilayotgan mahsulotga qismlab o’tkazib boradi. Ular amortizatsiya ajratmalari hisobidan qoplanadi.
Noishlab chiqarish asosiy fondlariga korxona balansida turgan, xodimlarga xizmat qiladigan turar joylar, bog’cha, sport muassasalari va boshqa madaniy-maishiy xizmat ko’rsatuvchi ob’ektlar kiradi. Ishlab chiqarish fondlaridan farqli o’laroq ular ishlab chiqarish jarayonida qatnashmaydi va o’zining qiymatini mahsulotga o’tkazmaydi.
Korxona asosiy ishlab chiqarish fondlari quyidagi guruhlarga bo’linadi:
yer uchastkalari, egalik qilish huquqiga ega korxonaga tegishli bo’lgan tabiatdan foydalanish ob’ektlari (suv,yer osti boyliklari; boshqa tabiiy resurslar);
binolar (ishlab chiqarish – texnik, yordamchi binolar va boshqalar);
inshootlar (injenerlik qurilish ob’ektlari, ishlab chiqarishga yordamlashuvchi inshootlar);
uzatish qurilmalari (elektr uzatish shaxobchalari);
mashina va jihozlar;
o’lcham va nazorat qilish asboblari, qurilmalari va laboratoriya jihozlari;
hisoblash texnikasi;
transport vositalari (ichki va tashqi ishlab chiqarish)
qiymati eng kam oylik ish haqining 50 barobaridan ko’p bo’lgan asbob va moslamalar;
ishlab chiqarish va xo’jalik inventarlari;
xo’jalik ichidagi yo’llar.
Sanoatning turli tarmoqlariga tegishli korxonalarda asosiy ishlab chiqarish fondlari tuzilmasi bir xil bo’lmaydi. Masalan yengil va oziq – ovqat sanoatida binolar asosiy o’rin egalaydi (44-46%), yonilg’i sanoatida inshootlar (17-19%), elektroenergetika sanoati korxonalarida uzatish qurilmalari (30-33%), mashinasozlik korxonalarida mashina va jihozlar asosiy o’rin egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |