Kulliyev Mansurning “Cholg`u” mt 3-semestr uchun
Download 0.62 Mb. Pdf ko'rish
|
1 2
Bog'liqKulliyev Mansurning cholg`u
Davr javridan tanu jonimda rohat qolmadi, Surati holimda osori farog‘at qolmadi. Mehnatu g‘am chekmakka minba’d toqat qolmadi, Rahm qil, davlatli sultonim, muruvvat chog‘idur. Pochcham to‘ylarda san’atkorlardan doim “Dilxiroj”ni so‘rashi bejiz emas ekan-da. “Dilxiroj” kuylangan to‘ylarda pochchamning eshilib raqsga tushganlari, “Dilxiroj”ni qoyil qilib aytgan hofizlarga cho‘ntagidagi bor pulini qistirib yuborganlari ko‘z oldimga keldi. “Dilxiroj” aytganlar ichida Xayrulla Lutfullaevnigina tan olardi. Keyin “Beshqarsak”chilarni, Majidxonni, Tursunxonni. “Shuhratni uylantirsam Xayrulla Lutfullaevni olib kelaman, o‘shanda ko‘rasizlar haqiqiy “Dilxiroj”ni, o‘shanda ko‘rasizlar mening qanday raqsga tushishimni”, derdi suhbatlarda. - Xullas, gap shu, maqomdan o‘n beshta, Sherali Jo‘raevdan yigirmata, Komiljon Otaniyozov, Jo‘raxon Sultonov, Ma’murjon Uzoqovlardan beshtadan ashula yodlaysan. “Dilxiroj”ni aytib berasan, bo‘ldi. O‘zim seni to‘ylarga olib chiqaman! * * * Pochcham va’dasida turdi. Meni o‘z “imtihoni”dan o‘tkazib olgach, qishlog‘imizdagi Qurbon ismli doirachini va Abdunazar ismli garmonchini olib, bir o‘rtog‘inikiga to‘yga olib bordi. O‘rtog‘i ham, to‘yxonadagilar ham xursand bo‘-lishdi. Pochchamning ham ko‘ngli to‘ldi. Biz ham xursand edik. Yigirma besh so‘mdan pul olganimizga emas, bizning qo‘shiqlarimizni eshitishganiga. Pochchamning o‘rtoqlari judayam ko‘p edi. Biz ketma-ket to‘ylarga chiqa boshladik. Keyinchalik xizmat doiramiz kengayib, qo‘shni tumanlar, hatto boshqa viloyatlarga ham haftalab to‘ylarga bora boshladik. Menga maza edi, boshqa hofizlarga o‘xshab sozanda yo raqqosa izlab yurmas edim. Hammasini pochcham hal qilardi. Yaxshiroq sozanda chiqibdi, deb eshitsa topib to‘yga olib kelardi. San’ati, odobi yoqsa biz bilan birga yuraverardi. To‘y qiluvchilar ham aksariyat hollarda pochcham bilan kelishib, to‘y kunini u kishining yon daftariga yozdirib ketishaverardi. Qolganini pochchamning o‘zi hal qilardi. Xullas, to‘ylargayam bordik, orada radioga, televizorgayam chiqdik. “Xalqlar do‘stligi”da chiqish esa armon bo‘lib qoldi. Undan boshqa armonlar ham kam emasdi. * * * Pochcham kutilmaganda ozib keta boshladi. Avvaliga o‘qtin-o‘qtin o‘qchiydigan pochcham keyinchalik ovqat yesa qayt qiladigan bo‘lib qoldi. Samarqanddagi eng nomdor kasalxonada uzoq davolandi. Har gal borsam kasallikdan, dori- darmondan, hatto turmush ikir-chikirlaridan ham deyarli gaplashmasdik. Suhbatlarimiz san’at haqida, qo‘shiqchilik haqida bo‘lardi. Ular uzoq, meni hamshira chiqarib yuborgunicha davom etardi. - Haligi “Toybola”ni aytgan yigit yaxshi ashula qipti- ya, uka, “O‘g‘il bola” degan. Kecha radiodan eshitdim. Zo‘r qo‘shiq bo‘pti. Odamning o‘ynagisi keladi. Yotgan joyimda o‘ynadim. Sho‘x ashula qilsang ana shunaqa qil! - Raisning to‘yi esingdami, - deb qoldi bir gal. - Ammo san’atkorlarini yomon uyaltiruvdim, esingdami? Toshkentdan kelgan hofizi “Dilxiroj”ni aytolmas ekan. Uch-to‘rt marta borib “Dilxiroj”ni ayting, hofiz, iltimos”, deb pul qistirib keldim. Oxiri, “Aka, u qo‘shiqni aytolmayman, bilmayman, zamonaviyroqlaridan so‘rang”, dedi. Achchig‘im chiqib ketdi. Shartta mikrofonni olib, “Rais bobo, “Dilxiroj”ni bilmaydigan artistni Toshkentday joydan olib keldingizmi? Undan ko‘ra Qamariddinni xizmatga aytsangiz durust emasmidi”, dedim. Keyin “E, sizga besh ketmadim”, deb bir dasta pulni Toshkentdan kelgan artistning ustidan sochib, to‘yxonadan chiqib ketuvdim. - Ammo sening to‘yingda yayrovdik, - dedi pochcham picha o‘ylab yotib. - Sherali o‘g‘lingning sunnat to‘yida hofizman degani keluvdi. Ammo kechqurun “Beshqarsak”chilar kelishdi. O‘ziyam “Dilxiroj”ni besh marta ayttirdikmi, olti marta ayttirdikmi, esimda yo‘q. Ana o‘shanda raqsga tushishning xumoridan chiqqanmiz- a? Kun bo‘yi charchaganlarimiz ham chiqib ketuvdi o‘shanda. Opangga “Haqiqiy qo‘shiq “Dilxiroj”, o‘ynasang “Dilxiroj”ga o‘yna”, deb uniyam rosa raqsga tushirganman. Bir opkeb videosini qo‘yib berasan-da. Bir safar borsam “Uyga olib ketinglar”, deb qoldi. - Hali sog‘ayib ketmadingizku, - dedim judayam ozib ketgan pochchamning so‘lg‘in yuzlariga qarab. - Endi bo‘ldi, - dedi pochcham. - O‘z uyimda, bola- chaqamning oldida jon beray. - Nega unaqa deysiz, nafasingizni issiq qiling, - dedim xafa bo‘lib. - Uka, xafa bo‘lishning, g‘amga botishning hojati yo‘q. Xudoga shukr, erkak bo‘lib dunyoga keldim, erkakday yashadim. Endi o‘limni ham erkakday qarshi olish kerak. Mening dardim bedavo, kelganimdayoq bilganman oshqozonim rak bo‘lganini. Uyga borganda opangga “Pochcham rak ekan”, deb aytib qo‘yma. “Biror hafta dam olib ketgani keldi”, deb qo‘yaver. Rak desang opang bu g‘amni ko‘tarolmaydi. Pochchamni uyga olib bordik. Kechqurun oldiga kirayotsam opam yengimdan tortib tayinladi: - Tag‘in pochchangga do‘xtirlar “Bu kishi rak, tuzalmaydi, bir haftalik umri qolgan”, deganini aytib qo‘yma. Rakligini bilsa umidsizlikka tushadi, bu dardning g‘amini ko‘tara olmaydi. O‘shanda o‘zimni tutolmadim. Ana o‘shanda yig‘ladim. Uzoq yig‘ladim. Pochchamning rak ekaniga emas, ko‘z oldimizda pochchamizning erib borayotgan shamdek umr nuri so‘nayotganiga ham emas, pochchamning o‘zi bilgan dardini opamga aytmay uni ayayotganiga, opam ham hammaga ayon haqiqatni eriga aytmay uni o‘zicha ayayotganiga yig‘ladim. “Olloh buncha irodani odamzotga qaerdan berdi” deb yig‘ladim. “So‘nggi nafaslarida ham opamni avaylash, ayash uchun pochcham kuchni qaerdan oldi”, deb yig‘ladim. “Mehr- muhabbatning cheki- chegarasi qaerda”, deb yig‘ladim. * * * “Bir haftalik umri qolganmish”. Bu gap hamma yoqqa tarqaldi. Tez tarqaldi. Yoshu-qari, erkagu-ayol, qarindoshu begona kasalni ko‘rgani, aslida pochcham bilan vidolashgani kela boshlashdi. Zero, pochcham qishloqning erkasi edi. Uni hamma yaxshi ko‘rardi. Pochcham ham elga xizmati singgan yigit edi. Yoshu qarining xizmatini beminnat qilardi. Oqsoqollar kengashdi. Mulla Safar boboning gapi jo‘yali keldi. Pochchamning fotihali qizini uzatishga qaror qilishdi. “Qiz bola birovning omonati. Otasining ko‘zi ochiqligida olib ketishsin. Qizini kelinlik libosida ko‘rib ko‘ngli xotirjam bo‘lsin”. Pochcham chiqolmadi. Oyog‘iga bosh qo‘ygan qizini yotgan joyida duo qildi. Uch kun o‘tib biz tomonda talbon deyiladigan charlarni ham o‘tkazishga qaror qilishdi. “Xursandchiliklarni ko‘rgani g‘animat. Qiziyam talbondan keyin emin-erkin kelib ketaveradi” - Davrani o‘zing olib borasan, - tayinladi pochcham. - Men haqimda ko‘p gapirib yotma. Opangni maqta. Opang tillo ayol. Opangning o‘rnida tosh bo‘lsa erib ketardi. Opangni maqtayver. O‘ynab kulsin, bechora. Menga qarayverib siqilib ketdi o‘ziyam. Xizmatga Qamariddinni chaqiringlar, “Dilxiroj”ni yaxshi aytadi. Charlar baribir charlar-da. Yoshlar o‘yin-kulguni yoqtirishadi. Kuy-qo‘shiq avjida edi... Olloh pochchamga qaerdan kuch berdi, bilmayman. - Meni to‘yxonaga olib chiqinglar, - dedi pochcham. - Qani, qizim qanday kelin bo‘pti? Ikki kishi ikki yonidan suyab yosh bolani yurgizgandek avaylab ozib, quruq suyagi qolgan pochchamni davraga olib chiqdik. Pochcham to‘g‘ri kelin-kuyovning ro‘parasiga bordi. Kelin ham, kuyov ham pochchamga peshvoz chiqib ta’zim qilishdi. - Baraka top, qizim, barakalla, - dedi pochcham ularga. - Iloyo baxtli bo‘linglar, qo‘sha qaringlar! Pochchamning ko‘zlaridan ikki tomchi yosh dumaladi. Balki ular sevinch yoshlaridir, ammo qarab turganlar buni o‘zlaricha tushundilar. Chekka-chekkadan piqillagan yig‘i tovushlari eshitila boshladi. Yig‘laganlarni ko‘rib boshqalar ham qo‘shildilar. - To‘y to‘yday bo‘lsin-da, jo‘ralar, - dedi pochcham. - Qamariddinga ayt, “Dilxiroj”ni aytsin! Qamariddin ham bir imodan tushundi. “Dilxiroj” chalindi. So‘zlari aytila boshlagan damda “Meni qo‘yib yuboringlar!”, dedi pochcham. Biz qo‘rqib-qo‘rqib qo‘llarimizni pochchamning qo‘ltig‘idan oldik. Pochcham qo‘llarini ko‘tardi. Oyoqlarini “qaychi” qilib raqs tusha boshladi. Yo qudratingdan! Pochcham xuddi navqiron paytlaridagidek, soppa- sog‘ vaqtlaridagidek, to‘y- hashamlarni guldiratib yurgan damlaridagidek keng quloch yozib, erkakchasiga raqs tushardi. Qamariddin bir qo‘lida mikrofon, bir qo‘li bilan ko‘z yoshlarini artib kuylardi: Hosilim barqi havodisdan malomat dog‘idur, Masnadim ko‘yi malomatda fano tuprog‘idur... Qaytar dunyo ekan. Bir vaqtlar “Dilxiroj”ni qoyil qilgan hofizning boshidan bor pulini sochgan pochchamning, “Dilxi-roj”ga erkakcha qilib o‘ynagan yigitlar boshidan bor pulini sochgan pochchamning boshidan pullar sochildi, bearmon sochildi. Ana o‘shanda yomon yig‘ladim. Ana o‘shanda tomog‘imga bir narsa yomon tiqildi. Pochcham qizini va kuyovini duo qildi. Biz kelin-kuyovni kuzatib, ichkariga kirdik. Opam pochchamning boshini tizzalari ustida ushlagancha jimgina ko‘z yosh to‘kardi. Pochcham nimtabassum qilib yotar, u o‘zi aytgandek, o‘limni ham mardona, ya’ni, erkakchasiga qarshi olgan edi. Download 0.62 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling