Yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortish
O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq, yakka tartibdagi tadbirkorlar soliqlarni quyidagi tartibda to‘laydi:
I. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realiza t siya qilishdan olingan daromadi 100 mln. so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar daromad solig‘ini ikki xil usulda:
1) har oyda qat’iy belgilangan miqdorlardagi soliqni to‘lashi;
2) tadbirkorlik faoliyatidan olingan haqiqiy daromadi bo‘yicha ushbu daromadlarni olish bilan bog‘liq xarajatlar summasini chegirib tashlagan holda doimiy yashash joyidagi davlat soliq inspeksiyasiga deklaratsiya topshirish yo‘li bilan daromad solig‘ini to‘lashi mumkin.
II. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 100 mln. so‘mdan oshgan biroq 1 mlrd. so‘mdan oshmaydigan yakka tartibdagi tadbirkorlar aylanmadan olinadigan soliqni (avvalgi yagona soliq to‘lovi) to‘lashga o‘tkaziladi.
Bunday tadbirkorlar ham ikki xil usulda soliqlarni to‘lashni tanlashi mumkin:
kalendar yilida realizatsiya tushumi 100 mln. so‘mdan oshganda, oshgan summadan aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashi;
kalendar yilida realizasiya tushumi 100 mln. so‘mdan oshganda, aylanmadan olinadigan soliqni to‘lash o‘rniga ixtiyoriy tarzda qo‘shilgan qiymat solig‘ini va foyda solig‘ini to‘lashni tanlashi mumkin.
III. Kalendar yilida tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi 1 mlrd. so‘mdan oshgan yakka tartibdagi tadbirkorlar qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tadi.
Shuningdek, soliqlarni yuridik shaxslar uchun belgilangan tartibda to‘lashga o‘tgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga foyda solig‘ini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlashga huquqi berildi.
Bunda, foyda solig‘ining soddalashtirilgan tartibdagi soliq bazasi jami daromadning 25 foizi miqdorida belgilanadi.
Yakka tartibdagi tadbirkor foyda solig‘ini hisoblab chiqarishning soddalashtirilgan tartibini tanlaganda soliqni hisoblab chiqarish maqsadida xarajatlar hisobini yuritish majburiyatlaridan ozod qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |