M. Hamroev, D. Muhammedova, D. Shodmonqulova, X. G`ulomova, sh. Yo’ldasheva
-§. Gap bo‘laklarining joylashish tartibi
Download 1.88 Mb. Pdf ko'rish
|
ona tili
4-§. Gap bo‘laklarining joylashish tartibi O‘zbek tilida gap bo‘laklarining tartibi, asosan, erkin. Ularning o‘rnini almashtirish odatda grammatik holatni o‘zgartirmaydi. Masalan: Oppoq bulutlar qishloq ustidan shoshilmay, toqqa qarab o‘tib ketadi. (S.Ahmad). - Qishloq ustidan oppoq bulutlar shoshilmay o‘tib ketadi toqqa qarab. - O‘tib ketadi shoshilmay toqqa qarab oppoq bulutlar qishloq ustidan. – SHoshilmay o‘tib ketadi qishoq ustidan toqqa qarab oppoq bulutlar. Mazkur gaplarda gap bo‘laklarining o‘rinlarini almashtirish grammatik holatni o‘zgartirmagan, ammo gap mazmuniga ma’lum darajada ta’sir etgan, negaki har gal boshqa-boshqa gap bo‘laklariga odatdagidan ko‘proq ahamiyat berilgan. Lekin, shunga qaramay, gap bo‘laklari ma’lum bir normativ tartibda joylashish xususiyatiga ega. O‘zbek tilida ega, odatda, gap boshida, kesim gapning oxirida keladi. Ikkinchi darajali bo‘laklar esa ega va kesim orasida joylashadi. Bunday tartib, asosan, darak gaplarda bo‘lib, u to‘g‘ ri yoki normativ tartib deyiladi. Har bir gap bo‘lagiga nisbatan tartib quyidagicha bo‘ladi: I. Ega, odatda, gap boshida keladi: Kishilar mirishkor raisni qarsaklar bilan olqishladilar. (YO.SHukurov). Yoyiq gaplarda ega ba’zan kesim oldida ham kelishi mumkin: Uning yigirmataga yaqin qo‘y-echkisi borligini ko‘p odam bilar edi. (P.Qodirov). Ba’zan ega gapning oxirida ham keladi: G‘ o‘za umriga zavol-ku u. (J.Abdullaxonov). II. Kesim odatda gapning oxirida keladi: Bog‘ da etti-sakkiz tup mevali daraxt, ikki chinor, ikki tup mirzaterak o‘sgan edi. (J.Abdullaxonov). SHe’riyatda, ishorlarda kesim gapning boshida ham keladi: Intilar borliqni inson Barkamol etmoq uchun. Ne ajab, insonni borliq Barkamol etgan emas. (E.Vohidov.) III. Vositasiz to‘ldiruvchi odatda fe’l kesim oldida keladi. Masalan: Mashina shamoli brezentning uchini hilpiratib, chakmonning etaklarini tortqilaydi. (P.Qodirov). Ba’zan vositasiz to‘ldiruvchi gapning boshida keladi: YOmonlik o‘tini faqat yaxshilik o‘chiradi. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). 204 Vositali to‘ldiruvchi ham ko‘pincha kesimdan oldin keladi: Hayrli va sababli ishlar insonni turli halokatlardan saqlaydi. (Hadis namunalari). IV. Hol ham asosan kesimdan keladi: 1. Payt holi, odatda, gap boshida, ba’zan egadan keyin, ayrim hollarda kesimdan oldin keladi. Masalan: Bugun vaxshiy tog‘lar orasida u bilan yuzma-yuz keldi. (S.Ahmad). Tolibjon dunyoda nimalar bo‘layotganidan bexabar. Gazeta yo‘q, televizor hali ham ishlamaydi. (S.Ahmad). Erali allaqachon juftakni rostlab qolgan edi. (S.Ahmad). 2. O‘rin holi, odatda, kesimdan oldin keladi, ba’zan esa gap boshida keladi: ... mashina tog‘ etagidagi ellik-oltmish hovlilik Oyko‘l qishlog‘iga kirib bordi. (P.Qodirov). Tekislikka yoqqan yomg‘ir tog‘ tepasiga qor bo‘lib tushgan ekan. (P.Qodirov). Tekislikning uzoq chetidan chiqib kelgan yuk mashinasi shu toqqa qarab jadallab boryapti. (P.Qodirov). 3. Ravish holi, odatda, kesim oldida, ba’zan gap boshida keladi: ... barglar orasiga to‘planib qolgan oppoq yomg‘ir suvi oftobda yaltirab, tirqirab to‘kildi. (P.Qodirov). – Keling,- deb sovuqqina ko‘rishdi. (P.Qodirov). Qo‘qqisdan qorasovuq boshlanib, cho‘ponlarni tashvishga solib qo‘ydi. (M.Qoriev). 4. Miqdor-daraja holi ham kesim oldida keladi: Ko‘p yurgan ko‘p ko‘rar, ko‘p o‘qigan ko‘p uqar. (Maqol). 5. Sabab va maqsad hollari kesimdan oldin, gapning boshida yoki o‘rtasida keladi: Aqlning eng katta g‘alabalari, ehtimol, ehtiroslar tufayli ro‘yobga chiqqandir. («Tafakkur gulshani»). Atay izlab keldim, oq qoya, sen naqadar mag‘ rur va kibor. (Mirtemir). Endi ularning xatosini tuzatish uchun hammamiz qancha mashaqqat chekamiz. (P.Qodirov). V. Aniqlovchi aniqlanmishdan oldin keladi. Agar bu tartib o‘zgarsa, ularning grammatik holati ham o‘zgaradi. 1. Qaratuvchi qaralmishdan oldin keladi: Har bir kishining so‘zi o‘z fazilatlari dalili va aqlining tarjimonidir. («Oz-oz o‘rganib dono bo‘lur»). 2. Sifatlovchi sifatlanmishdan oldin keladi: Havoda ... yong‘ oq hazonlarining o‘tkir hidi gurkirardi. (O‘.Hoshimov). Muvaffaqiyatli tarbiyaning siri - o‘quvchiga hurmatda bo‘lish. («Tafakkur gulshani»). Gapda sifatlovchi birdan ortiq qo‘llansa, ularning tartibi quyidagicha bo‘ladi: 1) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: U atrofida mavj urib turgan yashil daraxtlarga ... zavq bilan tikilardi. (P.Qodirov). 2) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi + olmosh bilan ifodalangan sifatlovchi + sifat bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: Osmonning yarmigacha chiqib borgan bu bahaybat devorning u er - bu erida cho‘ponlar yoqqan gulxanlar milt-milt qiladi. (P.Qodirov). 3) –dagi affiksli so‘z bilan ifodalangan sifatlovchi + sifat bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: Hulkar chelakdagi tiniq suvdan ... olib kelib berdi. (P.Qodirov). ... ko‘zi akasining chap qo‘lidagi qo‘shaloq barmoqqa tushdi. (P.Qodirov). 205 4) miqdor tushunchasini bildiruvchi so‘z (son, olmosh, ravish) bilan ifodangan sifatlovchi + sifat bilan ifodangan sifatlovchi + sifatlanmish: ... suvdan bir chini kosa olib kelib berdi. (P.Qodirov). 5) sifatdosh bilan ifodalangan sifatlovchi + son bilan ifodalangan sifatlovchi + sifatlanmish: YOmg‘irdan keyingi loyqada muhrlanib qolgan ikkita izning nimasidir go‘dak tovonini eslatar edi. (P.Qodirov). Izohlovchi izohlanmishdan oldin yoki keyin keladi: O‘shanda Oxunboboev bilan quvalik temirchi SHakarxon Mo‘minova degan juvonning suvrati gazetada chiqqandi. (S.Ahmad). Norboy ota usta Qambarga gap uqtirib ketdi. (P.Qodirov). Agar gap bo‘laklarining normativ, to‘g‘ ri tartibi o‘zgarsa, inversiya hodisasi ro‘y beradi. Inversiya hodisasi ko‘proq jonli tilda va she’riyatda kuzatiladi. Inversiyada odatda gap bo‘laklarining grammatik holati o‘zgarmaydi. Masalan: G‘ o‘za umriga zavol-ku u. (J.Abdullaxonov). Zotiljam kasaliyu yurak siqilishi nimaligini bilmaydi o‘sha xonadon ahli. (J.Abdullaxonov). (Ega, ega tarkibi gap oxirida kesimdan so‘ng kelgan). CHindan ham hayvonot bog‘i desa bo‘larkan bu erni. (J.Abdullaxonov). (Vositasiz to‘ldiruvchi inversiyaga uchrab kesimdan keyin qo‘llangan.) Temirjon uchun barcha notanish, barcha begona ham. (J.Abdullaxonov). Qaysi bir gazetada ota-bolaning ko‘chat ekib turgandagi surati ham e’lon qilingan edi bir yili. (J.Abdullaxonov). (Payt holi gap oxirida kesimdan keyin kelgan.). Takrorlash uchun savollar: 1. Qanday so‘zlar gap bo‘lagi bo‘la oladi? 2. Gap bo‘laklarining turi qanday aniqlanadi? 3. Gap bo‘laklari gapda tutgan mavqeiga ko‘ra qan- day turlarga bo‘linadi? 4. Gap bo‘laklarining tuzilishiga ko‘ra turlari haqida gapiring. 5. Eganing ta’rifi va so‘roqlari. 6. Ega qanday so‘zlar bilan ifodalanadi? 7. Ega qanday kelishikdagi so‘zlar bilan ifodalanishi mumkin? 8. Kesimning ta’rifi va so‘roqlari. 9. Ifodalagan hukm turlari bo‘yicha kesim qanday guruhlarga bo‘linadi? 10. Kesimning qanday so‘z turkumlari bi-lan ifodalanishi bo‘yicha turlari. 11. To‘ldiruvchining ta’rifini ayting. 12. Vositasiz to‘ldiruvchi va uning ifodalanishi haqida gapiring. 13. Vositali to‘ldiruvchi va uning ifodalanishi haqida gapiring. 14. Vositali to‘ldiruvchi va vaziyat holi o‘xshash bo‘lgan holatlar haqida gapiring. 15. Aniqlovchining ta’rifini ayting. 16. Aniqlovchi gapda qaysi bo‘laklarga tobe bo‘lib keladi? 17. Sifatlovchi aniqlovchi va uning ifodalanishi haqida gapiring. 18. YOyiq sifatlovchi aniqlovchi haqida gapiring. 19. Qaratqich aniqlovchi va uning ifodalanishi haqida gapiring. 20. Izohlovchi haqida gapiring. Mavzuni mustahkamlash uchun test savollari: 1. Jumla tarkibidagi so‘zlar qanday holatda gap bo‘lagi bo‘lib kela oladi? A) gap tarkibida o‘zaro faqat tobe bog‘langan so‘zlar gap bo‘lagi vazifasida kela oladi B) gap tarkibida faqat o‘zaro teng bog‘langan so‘zlar gap bo‘lagi vazifasida kela oladi C) gapda qo‘llangan har qanday so‘z gap bo‘lagi vazifasida kela oladi D) gapda qo‘llangan barcha mustaqil so‘zlar gap bo‘lagi vazifasida kela oladi 2. Rejasiz ish – qolipsiz g‘isht. Gap qanday bo‘laklardan tashkil topgan? 206 A) aniqlovchi, ega, to‘ldiruvchi, kesim B) aniqlovchi, ega, kesim C) ega, kesim, to‘ldiruvchi D) ega, kesim 3. Qaysi hukm noto‘g‘ri? A) ega va kesim o‘zaro faqat tobe bog‘lanadi B) ega va kesim o‘zaro teng va tobe bog‘lanishi mumkin C) ega va kesim shaxs va sonda moslanishi shart D) A, C 4. Ona-yu bola – gul-u lola. Mazkur gapda so‘zlar o‘zaro qaysi vosita orqali sintaktik bog‘langan? A) ko‘makchilar B) bog‘lovchilar C) bog‘lovchi vazifasida qo‘llangan yuklamalar D) ohang orqali 5. So‘zning gapda gap bo‘lagi bo‘lib kelishi so‘z turkumlarining qanday belgisi hisoblanadi? A) morfologik belgisi B) sintaktik belgisi C) leksik belgisi D) uslubiy belgisi 6. Quyidagi xususiyatlardan qaysi biri gap bo‘laklariga xos emas? A) Gap bo‘lagi ba’zan bir so‘z bilan ifodalanadi. B) Gapni bo‘laklarga ajratishda so‘zlarning tobe aloqaga kirishishi asosiy mezon hisoblanadi. C) Barcha so‘z turkumlariga oid so‘zlar gap bo‘lagi vazifasini bajaradi. D) yordamchi so‘zlar mustaqil so‘zlar bilan birgalikda. gap bo‘lagi vazifasida keladi. 7. Valining keksa onasi uzundan-uzoq duo o‘qidi. Ushbu gapdagi egani toping. A) Valining keksa onasi B) keksa onasi C) onasi D) duo 8. Ishlamay egan og‘rimay o‘lar. (Maqol) Eganing ifodalanishi to‘g‘ri ko‘rsatilgan qatorni toping. A) sifatdosh bilan ifodalangan B) fe’l bilan ifodalangan C) birikma bilan ifodalangan D) otlashgan sifatdosh bilan ifodalangan 9. Quyidagi gapda ega qaysi so‘z turkumi bilan ifodalangan? Bilgan bilganin ishlar, bilmagan barmog‘in tishlar. A) Ot bilan B) Fe’l bilan C) Otlashgan sifat bilan D) Otlashgan sifatdosh bilan 10. Birlashgan daryo bo‘lur, tarqalgan irmoq bo‘lur. Ega qaysi so‘z turkumi bilan ifodalangan? A) Sifat B) Fe’l C) Sifatdosh D) Otlashgan sifatdosh 11. Ega qatnashgan gapni aniqlang. A) Jon qizim, o‘zingni ehtiyot qil. B) El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi. C) Aqlni beaqldan o‘rgan. D) Ko‘pchilik bu voqeani o‘sha kuniyoq eshitdi. 12. Quyidagi gapda egalar qaysi so‘z turkumi bilan ifodalangan? Bor boricha, yo‘q – holicha. A) taqlidiy so‘z B) olmosh C) bosh kelishikdagi ot D) modal so‘z 13. Endi g‘alabamiz yaqin, do‘stim! gapining kesimi qaysi so‘z turkumi bilan ifodalangan? A) ot B) sifat C) fe’l D) ravish 14. Kesimi o‘zlik nisbatdagi fe’l bilan ifodalangan gapni toping. A) Kamchiliklar ro‘y-rost ochib tashlandi. B) Ayvon yonidagi o‘choqqa o‘t qalangan. C) Atayin ho‘l sochiq bilan artindi. D) Doklad uchun Ziyodaxonga so‘z berildi. 15. Sobir endi kalavaning uchini topdi. Gapda kesim qanday ifodalangan? A) Fe’l B) Sifat C) Ibora D) Ajralmas birikma 16. Gapdagi kesimni aniqlang. Choyxona yangi solingan, qo‘shni binoga ko‘chib kirishi va bayramda ochilishi kerak edi. A) ko‘chib kirishi, ochilishi kerak edi. B) ko‘chib kirishi C) ochilishi D) solingan 17. Kesimning tuzilishiga ko‘ra turlari to‘liq berilgan qatorni aniqlang. A) Sodda va murakkab B) Sodda ot-kesim va sodda fe’l-kesim C) Murakkab ot-kesim, murakkab fe’l-kesim D) A, B, C. 207 18. Ravishga oid so‘z bilan ifodalangan kesim qaysi javobda berilgan? A) Shamol qo‘zg‘alib, daraxtlarning uchi silkina boshladi. B) Tog‘ni yaqindan sira ko‘rmaganman. C) Samarqand tonglari shavqli, farahli. D) Shoshilgan ishning pushaymoni ko‘p. 19. Quyidagi gaplardan qaysi birida bo‘lmoq so‘zi bog‘lama vazifasida kelgan? 1. Men vrach bo‘laman (kelajakda) 2. Men vrach bo‘laman (hozir) 3. Siz ulug‘ odam bo‘lasiz (hozir) 4. Siz ulug‘ odam bo‘lasiz (kelajakda) A) 1, 3 B) 1, 4 C) 2, 4 D) 3, 4. 20. Qaysi qo‘shimchalar bog‘lamalar deb yuritiladi? A) egalik qo‘shimchalari B) kelishik qo‘shimchalari C) –man, -san, -dir qo‘shimchalari D) barchasi to‘g‘ri. 21. Ega va kesim shaxsda moslashmagan gapni toping. A) Qushlar sayraydi. B) Dadam keldilar. C) Shularni ko‘rib, tabiatga hayron qolasan kishi. D) A va B. 22.Qaysi gapda fe’l-kesim ega bilan sonda moslashmagan? A) Jur’atsizlik bizda faqat nafrat uyg‘otadi. B) Hasad hech qachon quvonchni bilmaydi. C) Izlaganimiz yonimizda bo‘lganligini biz doim kechikib tushunamiz. D) Moviy osmonda oq bulutlar suzib yuribdi. 23. Qaysi gapda fe’l-kesim ega bilan sonda moslashmagan? A) Bizning nevaralarimiz, shubhasiz, xalqimiz qahramonligini eslaydilar. B) Har kimning qalbida o‘z xalqining jajji qiyofasi yashaydi. C) Yaxshi kishilar yuksak axloqiy etuklik va yuksak axloqiy obro‘ bilan ajralib turadilar. D) Moviy osmonda oq bulutlar suzib yuribdi. 24. Qaysi gapda ega bilan kesim orasida tire ishlatilishi kerak? A) Har bir bolaning eng muqaddas burchi o‘qishdir. B) Bu qiz Mahbubaning dugonasi Ozoda edi. C) O‘qish juda katta baxt. D) Suv bor erda hayot bor. 25. Qaysi qatorda ega bilan kesim orasida tire noto‘g‘ri qo‘yilgan? A) Mening eng yaqin do‘stim – sensan. B) Bilim olish – yuksalish. C) Besh karra besh – yigirma besh. D) Halol yashamoq – xalqqa xizmat qilmoq. 26. Qaysi gapda ega bilan kesim orasida tire ishlatilishi lozim? A) Jamoa xo‘jaligi xalq mulki. B) O‘g‘limdan umidim ko‘p C) Hamma yoq toptoza, yovvoyi o‘tlar yo‘q. D) qo‘shnilarim ham halol odamlar. 27. To‘ldiruvchining grammatik belgisi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan qatorni toping. A) To‘ldiruvchi odatda boshqa so‘zlarga boshqaruv yo‘li bilan bog‘lanadi. B) To‘ldiruvchi tushum kelishigidagi so‘z bilan belgili yoki belgisiz qo‘llanishi mumkin. C) To‘ldiruvchi o‘rin- payt, chiqish, jo‘nalish kelishiklari shaklida bo‘lishi mumkin. D) To‘ldiruvchi o‘zi bog‘langan so‘zga nisbatan tobe yoki hokim sanalishi mumkin. 28. Belgisiz to‘ldiruvchi doim qanday gap bo‘lagi oldida joylashadi? A) hol oldida B) ot-kesim oldida C) fe’l-kesim oldida D) hol va kesim oldida 29. Ravish gapda to‘ldiruvchi vazifasini bajargan qatorni aniqlang. A) Mayor sabrsizlanib, har yoqqa tikildi. B) Xayollarim shamoldan tezroq uchardi. C) Ko‘p kitoblar o‘qib chiqdim. D) Ko‘pdan quyon qochib qutulmas. 30. Otlashgan so‘z bilan ifodalangan to‘ldiruvchini toping. A) Sen o‘zingni maqtama, seni birov maqtasin. B) Chiniqqanga dard yuqmas. C) Kulgi yuzni go‘zal qiladi. D) Ko‘rmaganlar ko‘rishni orzu qildilar. 31. Izohlovchini toping. A) O‘zaro izzat-hurmatsiz hech qanday do‘stlik bo‘lmaydi. B) Agar uzayib ketsa, eng yaxshi nutq ham jonga tegadi. C) Professor G‘affor Nasriddinov matematikani iqtisod bilan bog‘lab, talabalarga ma’ruza o‘qiydi. D) Aql barkamollashib, yosh ulg‘aygandagi do‘stlikkina mustahkam bo‘ladi. 208 32. Izohlovchi bildiradigan ma’nolar qaysi javobda berilgan? A) amal, unvonni B) A, C C) mashg‘ulot, kasb, mutaxassislikni D) hajm-vaznni 33. Qaysi qatorda to‘ldiruvchili birikmalar berilgan? A) qishloqdagi binolar, kitobdan ko‘chirmoq B) tunda kelmoq, qunt bilan ishlash C) choynakdan kattaroq, Hasanning taqdiri D) otdan baland, kitobni o‘qib chiqmoq 34. Qaysi qatorda aniqlovchiga to‘g‘ri ta’rif berilgan. A) Gapdagi biror bo‘lakni to‘ldirib, unga boshqaruv yo‘li bilan bog‘langan bo‘lak. B) Gapdagi biror bo‘lakning belgisini yoki bir narsa-buyumning boshqasiga qarashli ekanligini bildirgan bo‘lak. C) Kesimga bog‘lanib, uning belgisini bildiradigan bo‘lak. D) Gapning kim yoki nima haqida ekanligini bildirib, boshqa bo‘laklarga grammatik tobe bo‘lmagan bo‘lak. 35. Chiqish kelishigidagi so‘z gapda qaysi sintaktik vazifalarda kela oladi? A) faqat hol vazifasida B) faqat to‘ldiruvchi vazifasida C) hol va to‘ldiruvchi vazifasida D) hol, to‘ldiruvchi, kesim vazifasida 36. Karima derazadan boshini chiqarib, ularga qarab qo‘ydi. Ushbu gapdagi vaziyat holini aniqlang. A) ularga B) qarab C) derazadan D) boshini chiqarib 37. Mahmud majlisda qatnashmagan bo‘lsa-da, topshiriqni bajardi. Ushbu gapda holning qaysi turi mavjud? A) sabab holi B) maqsad holi C) vaziyat holi D) to‘siqsizlik holi. 38. Uning kelayotganini sezmasdan eshikni yopdi. Ushbu gapda holning qaysi turi mavjud va u qanday so‘z bilan ifodalangan? A) harakat nomi bilan sabab holi ifodalangan B) ravishdosh bilan sabab holi ifodalangan C) sifatdosh bilan sabab holi ifodalangan D) Ushbu gapda hol qo‘llanmagan 5. 1) Paxtani zavq bilan terdim. 2) Paxtani mashina bilan terdim. Gaplarda bilan ko‘makchisi qanday gap bo‘lagi tarkibida ishtirok etgan? A) har ikkala gap tarkibida ham hol tarkibida B) birinchi gapda hol, ikkinchi gapda to‘ldiruvchi tarkibida C) har ikkala gapda ham kesim tarkibida D) birinchi gapda to‘ldiruvchi, ikkinchi gapda hol tarkibida 39. 1. Suvni nimaga quymoqchisan? 2. Sen nimaga kechikding? Ushbu gaplarda nimaga so‘zi qanday gap bo‘lagi vazifasida kelgan? A) har ikkala gapda ham aniqlovchi B) har ikkala gapda ham to‘ldiruvchi C) har ikkala gapda ham hol D) birinchi gapda to‘ldiruvchi, ikkinchi gapda aniqlovchi. 40. Ovqatni do‘stim bilan edim. Ovqatni ishtaha bilan edim. Ushbu gaplarda bilan ko‘makchisi qanday gap bo‘lagi tarkibida ishtirok etgan? A) har ikkala gapda ham kesim tarkibida B) har ikkala gapda ham to‘ldiruvchi tarkibida C) har ikkala gapda ham hol tarkibida D) birinchi gapda to‘ldiruvchi, ikkinchi gapda hol tarkibida. 41. Vatan uchun to‘kkali, yo‘qmi bir qoshiq qoning? Ushbu gapdagi ravishdoshning sintaktik vazifasini toping. A) maqsad holi B) payt holi C) qo‘shma gapning kesimi D) sabab holi 42. Qaysi qatorda holli birikmalar berilgan? A) qalam bilan chizmoq, do‘stlar bilan uchrashmoq B) kuchli sel, qiyinchilik bilan ulg‘aymoq C) tez termoq, yoppasiga jonlanmoq D) tadbirkorlar haqida so‘zlamoq, katta kuch 43. Qaysi qatorda gap bo‘laklarining odatdagi tartibi noto‘g‘ri ko‘rsatilgan? A) Ega oldin, kesim gap oxirida keladi B) Payt holi egadan oldin keladi C) Vaziyat holi egadan oldin keladi D) To‘ldiruvchi egadan keyin keladi 44. Oppoq qordir tog‘larning toshi (H.O.) jumlasidagi gap bo‘laklarining joylashuv tartibi ko‘rsatilgan qatorni aniqlang. 209 A) aniqlovchi ega aniqlovchi – kesim B) hol kesim aniqlovchi – ega C) ega kesim aniqlovchi – hol D) aniqlovchi kesim aniqlovchi – ega E) kesim aniqlovchi aniqlovchi hol 45. Eshikning qo‘qqisdan ochilishi xotinlarni cho‘chitib yubordi(A.Qod) jumlasida gap bo‘laklari joylashuvi to‘g‘ri ko‘rsatilgan qatorni aniqlang. A) aniqlovchi, hol, ega, to‘ldiruvchi, kesim B) aniqlovchi, to‘ldiruvchi, ega to‘ldiruvchi, kesim C) aniqlovchi, aniqlovchi, ega, to‘ldiruvchi, kesim D) to‘ldiruvchi, aniqlovchi, ega, aniqlovchi, kesim 46. Biz tong qorong‘isida Rishtonga etdik. Mazkur gap qaysi qatorda to‘g‘ri tahlil qilingan? A) Biz – ega, etdik – kesim, tong – belgisiz qaratqich aniqlovchi, qorong‘isida – hol, Rishtonga – hol. B) Biz – ega, etdik – kesim, tong – aniqlovchi, qorongisida – to‘ldiruvchi, Rishtonga – hol. C) Biz – ega, etdik kesim, tong qorong‘isida – hol, Rishtonga – to‘ldiruvchi. D) Biz – ega, etdik – kesim, tong qorong‘isida – hol, Rishtonga - hol Download 1.88 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling