Madaniy landshaftlarni bunyod etishning geoekologik tamoyillari
Download 27.75 Kb.
|
Madaniy landshaftlarni bunyod etishning geoekologik tamoyillari
Madaniy landshaftlarni bunyod etishning geoekologik tamoyillari Reja:
1.Landshaft haqida umumiy tushuncha.
Landshaft so`zi aslida nemischa bo`lib, o`zaro aloqadorlik va bog`liqlikni aks ettiruvchi suffiks, adabiy tilda manzara, joyning ko`rinishi degan ma`noni anglatadi. Landshaft atamasi geografiyaga dastavval deyarli bir vaqtda A.A.Borzov. L.S.Berg, D.F.Morozovlarning ilmiy ishlari orqali tabiiy geografik mujassama so`zining sinonimi sifatida kirib kelgan. Keyinchalik landshaft tushunchasini chuqurlashtirish va uning ta`rifini mukammallashtirish jarayonida tabiiy geograflar uch guruhga bo`linib ketishdi. Birinchi guruh tabiiy geograflarning fikricha landshaft ham xuddi re-lyef, iqlim, tuproq, o`simlik tushunchalari kabi umumiy tushunchalardir. Bu holda landshaft atamasi xohlagan ko`lamda tabiiy geografik mujassamlarga nisbatan, ularning katta-kichikligidan qat`iy nazar ishlatilishi mumkin. Bu tushuncha tarafdorlari (F.N.Milkov, D.L.Armand, ІO K.Yefremov, V.I.Proka-yev kabilar) fikricha landshaft bizning ko`z o`ngimizda tarixiy shakillangan va uzluksiz rivojlanishida bo`lgan u yoki bu tabiiy geografik mujassama qiyofa-sida namoyon bo`lgan o`zaro bog`liq va aloqadorlik bo`lgan narsa, hodisalarning yig`indisidir. Landshaftga berilgan ushbu ta`rifdan ko`rinib turibdiki, landshaft ham, tabiiy geografik mujassama ham ikkalasi bir narsadir. Tabiiy hududiy muj-assama so`zi aniq ifodaga egaligiga qaramay, atama sifatida noqulay. Shuning uchun tabiiy hududiy mujassama so`zining ma`nosini anglatadigan, ammo qisqagina va ishlatilishda qulay bo`lgan landshaft atamasidan foydalanish ma`qullandn. Uning fikricha Yer yuzasidagi barcha landshaftlar birgalikda Yerning landshaft qopqog`i tashkil qiladi. Bu holda "landshaft qobig`i" atamasi "Geografik qobiq" atamasining sinonimi sifatida ishlatiladi. Yerning landshaft qobig`i deganda, F.N.Milkov (1970) geografik qobiqdan farqli o`laroq, uning o`rta qismida litosfera, atmosfera, gidrosferalarning bevosita bir-biriga tutashib va faol ta`sir etib turadigan hamda organik hayot rivojlanishiga eng qulay sharoit yuzaga kelgan yupqa (qalinligi 200-250 m gacha bo`lgan) qatlamni tushunadi. F.N.Milkov geografik qobiqning ichida 4 ta qatlamni ajratadi: 1. Yuqori havo qatlami; 2. O`rta landshaft qatlami; 3. Landshaft orasidagi suv qatlami; 4. Quyi (litosfera) tosh qatlami; , Ikkinchi guruh geograflar ta`kidlashicha landshaft ma`lum bir hududni egallagan, o`ziga xos xususiyatga ega bo`lgan regional birlikdir. Masalan, N.A.Solnsev landshaftni asosiy geografik birlik deb qaraydi va geologik tuzilishi, relyef shakllari, yer osti va yer usti suvlari, mikroiqlimi, tuproq xillari, fitogeotsenozlari o`zaro bog`liq bo`lgan birikmalari qonuniy va tipik qaytalanib turadigan genetik jihatidan bir butun hududni landshaft deb ataydi. Landshaftning ta`rifini boshqacharok va qisqaroq qilib A.G.Isachenko (1991) quyidagicha ta`riflaydi: Landshaft - mahalliy ko`lamdagi geotizim-larning o`ziga xos yig`indisidan iborat bo`lib o`zining zonal va azonal belgi-lari bo`yicha bir butun hamda genetik jihatidan yaxlit geotizimdir. A.G.Isa-chenko fikricha landshaft o`zidan kichik geotizimlar yig`indisidan iborat bo`lishi bilan bir vaqtning o`zida, o`zidan katta va murakkabroq tuzilgan geotizimning bir qismi bo`lib xizmat qiladi. Shuning uchun landshaftlarni hosil bo`lishini geografik rivojlanishi va tabaqalanishi natijasi deb qarash kerak. Undan tashqari landshaft tabiiy geografik mujassamalarining taksanomik tizimida shunday bir pog`onani egalaydiki, u o`zining va zonal xususiyatlari bo`yicha bir butundir. Demak. tabiiy geografik rayon rayon-lashtirishning eng kichik va qulay asosiy birligidir. A.G.Isachenko fikricha landshaft va tabiiy geografik rayon ikkalasi bir narsadir. Bu holda landshaft bir konturlidir. Yer yuzasida bir landshaft bir marta uchraydi. Uchinchi guruh geograflar landshaft tipologik birlikdir degan tushuncha tarafdorlaridir. Ular landshaftlarning nisbatan bir xilligi tushunchasiga asoslanadilar. Bunda landshaft ma`lum xarakterdagi hudud yoki joy deb qaraladi. Bundan tashqari landshaft tabiiy komponentlar (geologik tuzilishlari relyef, tuproq, o`simlik va h.k) ning dialektik birligi, majmuasi hamda nisbatan bir xil bo`lgan tabiiy geografik mujassama deb qaraladi. Landshaftlarni ularning hududiy tarqalishidan qat`iy nazar xususiyatlariga qarab aniqlanadi. Landshaftga nisbatan bunday ko`z qarashning faol targ`ibotchisi N.A.Gvoz-detskiyning (1973) atashicha, landshaft-tabiiy geografik majmuasining turi, kichik turi, xilidir. Masalan, geomorfologiyada relyef turi, tuproqshunos-likda tuproq turi, xili tushunchalari qaysi ma`noda ishlatilsa, tabiiy geografiyada ham shunday ma`noda ishlatilishi kerak. Masalan, dasht tuproq-lari deyilganidek, dasht landshaftlari deyish mumkin. Landshaft tipologik birlik sifatida katta-katta maydonlarni ham yoki kichik joyni ham egallashi mumkin. Bir holdagi yoki bir turdagi landshaft ma`lum hududda katta-katta uchrashi ya`ni ko`p konturli bo`lishi mumkin u yoki bu landshaftning tarqalishi areali, hududi u yoki bu tuproq yoki relyef turining tarqalishi areali kabi uzuk bo`lishi mumkin. Ana shunday landshaftlarning ma`lum bir yig`indisi tabiiy geografik rayonlarni tashkil qiladi. N.A.Gvozdetskiy fikricha tabiiy geografik regional birliklar va landshaft tipologik birliklari ikki xil tizimidagi birliklardir. Ular geografik qobiqning tabiiy geografik tabaqalanishini o`rganishdagi ikki xil yondashishning natijasidir. Landshaftlar regional birlik deb qaralganda ular orasidagi har xillikka ko`proq e`tibor berilsa, tipologik birlik deb qaralganda uning nisbatan bir xilligiga e`tibor beriladi. Landshaft tushunchasiga nisbatan yuzaga kelgan bu uch xil qarash landshaft-shunoslikda hosil bo`lgan uch yo`nalish deyilsa ham bo`ladi. Landshaftshunoslikka bag`ishlangan ko`pgina ilmiy asarlar, darslik va qo`llanmalarda asosan yuqorida bayon etilgan uch xil tushuncha haqida va ularning mohiyati haqida so`z yuritiladi. Ammo ularning qaysi biri haqida yaqin, qaysi biri to`g`ri degan savolga javob berishda mualliflar u yoki bu guruhga qo`shilib ketadilar. Biz ham ana shu savolga javob izlash jarayonida yirik landshaftshunos olim, Moskva davlat universitetining professori V.A.Nikolayev ilmiy izlanishlarining natijalariga e`tibor berishga harakat qildik. Bu olimning 1979 yili bosilib chiqqan "Regional landshaftshunoslik muammolari" degan kitobi uning qariyb 20 yildan ortiqrok vaqtni o`z ichiga olgan ilmiy izlanishlarnnig samarasidir. Bu izlanishlar asosida V.L.Nikolayevning Qozog`iston dashtlarida olib borgan landshaftlarni aniqlash, xaritaga tushirish, ta`riflab berish, landshaftlarning tuzilishi, dinamikasi, rivojlanishi, yoshi kabilarni aniqlash hamda landshaftlarni xo`jalik nuqtai-nazaridan baholash, ularning rivojlanish kelajagini oldindan aytib berish kabi masalalarni hal qilish maqsadida to`plangan juda katta xajmdagi ilmiy ma`lumotlari yotadi. V.A.Nikolayevning fikricha landshaftni faqat o`ziga o`ziga xos xususiyatiga ega bo`lgan regional birlik deb qarash ham, yoki uni faqat tipologik birlikdir deb qarash ham bir yoqlamalikka olib keladi. Vaholanki, N.A.Gvozdetskiyga o`xshab, landshaftni tipologik birlik deb tushunish har bir konkret landshaftni tahlil qilishdan kelib chiqishi kerak. Har bir landshaft-tabiiy geografik jihatdan o`ziga xos. Ammo bir vaqtning o`zida u qandaydir bir tipologik umumiylikning bir qismidir. Xuddi shunga o`xshash fikrni biz N.A.Solnsevning shogirdlari G.N.Annenskaya va boshqalar (1962) ishida ham uchratamiz. Ularning yozishlaricha landshaft ham uning morfologik qismlari ham boshqa har qanday qo`lamdagi tabiiy geografik mujassamalar kabi ham regional, ham tipologik yo`nalishda o`rganilishi mumkin. Bu borada A.G.Isachenko (1991) o`z fikrini quyidagicha bildiradi: hodisalarni turlarga ajratish, ularni o`rganishdagi tipologik yondoshish har qanday ilmiy izlanishning, jumladan landshaft izlanishlarning ham zaruriy shartlardan biridir. Ammo tur tushunchasiga o`tgunga qadar ma`lum miqdorda muayyan obyektlarni o`rganish kerak. Chunki landshaft turi tabiatda obyektiv mavjud bo`lgan ko`plab muayyan mavjud landshaftlarni ilmiy umumlashtirish orqaligina aniqlanadi. Landshaftshunoslik sohasidagi izlanishlarda alohidalik bilan umumiylikning birligi va qarama-qarshiligini e`tirof etishimiz kerak. Alohida muayyan landshaft haqidagi ma`lumotlarsiz umumlashtirish mumkin emas. Shunday qilib, Yer yuzasida obyektiv mavjud landshaftlarni ma`lum belgilariga qarab umumlashtirish, ya`ni xil, tur, sinf kabilarga birlashtirish mumkin ekan. Yuqorida keltirilgan fikrlarga xulosa qilib aytganda landshaft genetik jihatdan bir butun bo`lgan geotizimdir. U bir geologik tuzilishi, bitta relyef turi, bir xil iqlimi hamda faqat shu landshaftga mos bo`lgan, dinamik jihatdan bog`liq bo`lgan urochishelar yig`indisidan iborat. Landshaft bir jihatdan qaraganda zona, provinsiya okrug, rayon kabi regional geotizimlarni tashkil qiluvchi eng oddiy geotizimdir. U geografik qobiqning eng oddiy va eng kichik to`qimasi (birligi) bo`lsa, ikkinchi jihatdan o`zidan kichik bo`lgan urochishe, fatsiya kabi ko`p yaruslik va dinamik geogizimdir. Landshaft qo`shni landshaftlar bilan modda va energiya almashinishi orqali doimo o`zaro ta`sirda bo`lib turadigan ochiq geotizimdir. Yer yuzida inson paydo bo‘libdiki, to‘xtovsiz ravishda tabiatga ta’sir ko‘rsatib, undan foydalanish va o‘ziga qulay qilish maqsadida o‘zgartirib kelmoqda. Insonning xo‘jalikdagi faoliyati ta’siri antropogen ta’sir deyilib, uning oqibatida geotizimlarning o‘zgarish darajasi, miqyosi va jadalligi turlicha bo‘ladi. Bu bir tomondan geotizimlarning o‘ziga xos tabiiy xususiyati bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan insonning geotizimga ta’sir ko‘rsatishiga bog‘liqdir. Geotizimlarning tabiiy xususiyatlari, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarishi va qayta tiklanish xususiyatining kuchli yoki kuchsizligi, antropogen ta’sirga chidamliligi yoki chidamsizligi turli geotizimlarda har xil bo‘ladi. Shu bilan birga, inson faoliyati ham turlichadir. Masalan, inson geotizimlarga konchilik sanoati orqali bir xil ta’sir ko‘rsatsa, shahar qurilishida boshqa xil, dehqonchilik, chorvachilik, o‘rmon xo‘jaligida esa yana boshqacharoq ta’sir etadi. Natijada har xil daraja va ko‘rinishda inson uchun ijobiy va salbiy o‘zgargan geotizimlar hosil bo‘ladi. Ko‘pincha insonning xo‘jalik faoliyati ma’lum tabiat komponentlari bilan bog‘liq bo‘ladi. Lalmi dehqonchilikda tuproq, chorvachilikda va o‘rmonchilikda o‘simlik (o‘t o‘simliklar va daraxt), konchilik sanoatida tog‘ jinsi (foydali qazilma) bilan bog‘liq bo‘ladi. Binobarin, ushbu komponentlar o‘sha hududlarda ma’lum darajada o‘zgarishga uchraydi. Ba’zan bu o‘zgarishlar boshqa komponentlarning ham u yoki bu darajada o‘zgarishiga olib keladi. Ayrim xo‘jalik sohalarida inson ikki va undan ortiq tabiat komponentlari bilan munosabatda bo‘ladi. Sug‘oriladigan dehqonchilikda tuproq va suv, sanoat ishlab chiqarishida tuproq, suv, havo, o‘simlik bilan munosabatda bo‘ladi. Tabiat komponentlarining, shuningdek, yonma-yon geotizimlarning uzviy bog‘liqligi komponentlardan biriga biror maqsadda qilingan ta’sir, ko‘pincha boshqa komponentlarga ataylab qilinmagan ta’sirning sodir bo‘lishiga olib keladi (suvomborlarini qurish – atrofdagi yerlarni suv bosishiga, yerosti suvlarining olinishi – yer yuzasining cho‘kishiga va h.k.). Aslida, xo‘jalik faoliyatining deyarli barcha turi (ishlab chiqarish, rekreatsiya, tabiatni muhofazalash, ilmiy-tekshirish) amalda doimiy yoki vaqti-vaqti bilan geotizimlarga ta’sir etadi. Mazkur ta’sirning miqyosi, tezligi va boshqa ko‘rsatkichlari asosida geotizimlar ma’lum darajada o‘zgarishga uchraydi. Geotizimlardagi o‘zgarish, o‘z navbatida, aholining sog‘lig‘i va xo‘jalik faoliyatida ijobiy yoki salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi. Aslini olganda, geotizimlar juda ko‘p va turli-tuman omillar ta’sirida shakllanadi, rivojlanadi, o‘zgaradi. O‘tgan asrning 70-yillariga kelib, inson xo‘jalik faoliyati ta’sirida o‘zgargan geotizimlarni antropogen landshaftlar deb, ularni alohida o‘ziga xos geotizim sifatida ilmiy tadqiq etish boshlandi. Aslini olganda, inson, hozircha, butun boshli landshaftlarni yaratishga qodir emas. Inson o‘z xo‘jalik faoliyati davomida tabiiy landshaftlarning u yoki bu xususiyatini o‘zgartiradi. Landshaftga kiritayotgan biron o‘zgarish (ya’ni, shu landshaftga xos bo‘lmagan o‘simlik, hayvon, tog‘ jinsi, suv va boshqlar) ham, aslida, boshqa bir landshaftdan olingan bo‘ladi. Shuningdek, inson tomonidan kiritilgan "begona” tarkibiy qismlar ham shu landshaftdagi tabiiy qonuniyatlar asosida rivojlanadi. Masalan, kanallar daryolarga o‘xshab qirg‘oqlarini va tubini yemiradi, ulardan suv bug‘lanadi, qirg‘oqlarida to‘qayga xos o‘simliklar pay- do bo‘ladi. Suvomborlari ko‘llarga o‘xshab qirg‘oqlarini yemiradi, tagi oqiziq jinslar bilan to‘ladi, atrofdagi grunt suvlari sathiga ta’sir etadi. Muhandislik inshootlari va yo‘llar nurab, yemiriladi. Madaniy o‘simliklar shu landshaftga xos o‘simliklar bilan aralashib, moslashib ketadi va h.k. Shu nuqtayi nazardan antropogen ta’sir natijasida o‘zgargan landshaftlarni antropogen landshaftlar deb atashdan ko‘ra, antropogen omil ta’sirida o‘zgargan landshaftlar, deb atash to‘g‘riroq bo‘lar edi. Lekin bu atama qo‘llashda qulay emasligidan antropogen landshaftlar atamasidan foydalaniladi. A.G.Isachenko antropogen ta’sir oqibatida geotizimlarning qay darajada o‘zgarganligini asos qilib oladi va barcha antropogen landshaftlarni 4 guruhga ajratadi: 1. Shartli o‘zgartirilmagan (ibtidoiy landshaftlar). Ular bevosita inson ta’siriga va xo‘jalikdagi faoliyatiga duchor bo‘lmagan landshaftlardir. Ularda inson faoliyatining kuchsiz va bilvosita ta’siri izlarinigina payqash mumkin, xolos. Masalan, baland tog‘lardagi qor-muzliklar va o‘rmonlar, qo‘riqxonalar, va h.k. 2. Kuchsiz o‘zgartirilgan landshaftlar. Bular, asosan, inson faoliyatining ekstensiv (ovchilik, baliqchilik kabi) xili ta’siriga duchor bo‘lgan landshaftlar. Bunday landshaftlarda inson faoliyati ayrim komponentlargagina ta’sir etib, tabiiy aloqadorliklar hali buzilmagan va avvalgi o‘z holatini tiklab olishi mumkin; 3. Kuchli o‘zgartirilgan (buzilgan) landshaftlar. Bu guruhdagi land- shaftlar, asosan, inson faoliyatining jadal ta’sirida o‘zgargan landshaftlardir. Ularning ko‘p komponentlari o‘zgarib, landshaftlar tuzilishining sezilarli darajada buzilishiga olib kelgan. Masalan, karyerlar, konchilik sanoati chiqindilari uyumlari va h.k. 4. Madaniy landshaftlar. Tuzilishi inson tomonidan jamiyat manfaatlarini ko‘zlagan va ilmiy asoslangan holda oqilona o‘zgartirilgan landshaftlar. Masalan, sifatli ishlov berilayotgan bog‘lar, paxtazorlar, plantatsiyalar va h.k. Antropogen landshaftlar haqida so‘z borganda madaniy va buzilgan landshaftlar atamalari ko‘p ishlatiladi. Madaniy landshaft – jamiyat manfaatlarini ko‘zlab xususiyatlari inson tomonidan il miy asosda va oqilona o‘zgartirilgan landshaftlar. Ularga quyidagi eng muhim ikki sifat xos: 1) odamlarning yashashi uchun qulay, sog‘li g‘ini saqlashi, jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga yordam beradigan muhit; 2) yuqori mahsuldorlik va iqtisodiy samaradorlik. Bunda inson tomonidan landshaftlarning ichki imkoniyatini rivojlantirish, tabiiy jarayonlarni faollashtirish va landshaftlarning samaradorligini oshirish asosiy maqsad bo‘ladi. Respublikamizda uzoq yillardan buyon o‘zlashtirilib, obodonlashtirib kelinayotgan vohalar – madaniy landshaftlardir. Vohalarda atrofdagi cho‘l yoki tog‘ geotizimlariga nisbatan aholi yashashi uchun ekologik muhit qulay, xo‘jalik faoliyati esa bir necha barobar samaralidir. Buni quyidagilarda ko‘rish mumkin: Respublika aholisining qariyb 9/10 qismi vohalarda yashaydi. Sug‘oriladigan yerlar respublikamiz yer fondining 1/10 qismini tashkil etgani holda qishloq xo‘jaligida yetishtiriladigan mahsulotlarning qariyb 9/10 qismini beradi. Buzilgan landshaftlar bu umumiy tushuncha bo‘lib, aslida, landshaftlar biron tabiiy yoki antropogen ta’sirlar natijasida to‘liq buzilishga uchramaydi. Balki ularning tarkibiy qismlari – biron komponenti yoki ayrim qismlarida kuchli o‘zgarish, buzilish ro‘y beradi. Shuning uchun "buzilgan yerlar” deb ifodalangani ma’qul. Buzilgan yerlar – inson faoliyati va tabiiy jarayonlar oqibatida xo‘jalik qiymatini yo‘qotgan, ya- roqsiz yoki kam yaroqli holga kelgan, tuproq-o‘simlik qoplamining va gidrologik rejimining o‘zgarishi, texnogen relyefning vujudga kel tirilishi munosabati bilan atrof-muhitga salbiy ta’sir manbayi bo‘lgan, yoqimsiz manzarali hududlar. Ular tuproq, suv, havoning ifloslanish manbayi hisoblanadi, odamlarning yashash va mehnat faoliyati muhitini murak- kablashtiradi. Bunday yerlar, ko‘pincha, insonning tabiatga nooqilona ta’siri natijasida vujudga keladi. Ekin dalalaridagi jarlar, suvomborlari yonidagi botqoqlar, konchilik sanoati hududlaridagi surilmalar, o‘pirilishlar va tashlamalar, chiqindixonalar va h.k. Ularni qayta tiklash ishlariga juda katta mablag‘ talab qilinadi. Respublika mizda hozirgi paytda bunday yerlarda yaylovlar, bog‘lar, ko‘llar, rekreatsiya maskanlari barpo etilib, xo‘jalikda foydalanilmoqda. Antropogen omilning tabiatga bo‘ladigan ta’sirining bir ko‘rinishi texnika ta’siri bo‘lib, texnikaning tabiat bilan o‘zaro tutashib ketishi natijasida yaxlit tabiiy-texnik tizimlar vujudga keladi. Ularni fanda geotextizimlar deb yuritiladi. Geotextizim tabiiy-texnik tizimlarning alo- hida o‘ziga xos geografik xili; texnika va tabiat, yoki tabiiy va texnik kichik tizimlarning uyg‘unligi tushuniladi va tizimning bir butunligi tushunchasi alohida ahamiyat kasb etadi. Geotextizimlarga misol tariqasida suvomborlari, yirik kanallar, sug‘oriladigan ekin maydonlari, turli xil zavod va fabrikalar, ular joylashgan landshaftlar hamda yon atrofdagi o‘zaro aloqada bo‘lishi mumkin bo‘lgan landshaftlarni aytish mumkin. Geotextizimlarda ularning texnik qismida ro‘y beradigan jarayonlar bilan landshaftda yuz beradigan jarayonlar o‘zaro jadal kirishib ketgan bo‘ladi. Masalan, sug‘orib dehqonchilik qilinadigan landshaftlarda o‘simlik, tuproq kabi komponentlarning xususiyatlari texnika yordamida inson tomonidan belgilanib, sozlanib turiladi. O‘z navbatida, sug‘orish tizimining rejimi esa landshaftning holati bilan belgilanadi, ya’ni boshqariladigan geotextizimdagi aloqadorliklar to‘g‘ri va teskari aloqalar yordamida hosil bo‘ladi. Bunday hollarda texnika yordamida boshqari ladigan obyekt sifatida landshaftning biotik komponentlari, suv va hokazolar xizmat qiladi. Buni respublikamizdagi ko‘plab kanallar yoki suvomborlar misolida ko‘rish mumkin. Geotextizimlar faqat kanallar yoki suvomborlardagina emas, balki yirik sanoat obyektlari atrofda ham shakllanishi mumkin. Bunday geotextizimlarda kichik tizimlar sifatida tabiat, ya’ni landshaft bilan sanoat obyekti o‘zaro aloqa va ta’sirda bo‘ladi. Asosiy aloqalar esa yana suv yoki havo orqali amalga oshadi. Geotextizimlarning texnika qismi vazifasini turli xil issiqlik elektr stansiyalari, tog‘-kon metallurgiya kombinatlari, yirik qazilma konlar va boshqalar bajarishi mumkin. Tor ma’noda landshaft — yer yuzasidagi tabiiy chegaralari bilan ajralib turuvchi joydir. Landshaft hududiy yaxlitligi, vujudga kelishiga ko‘ra bir butunligi, geografik tuzilishi, relyefi, iqlimi, tuproqlari, o‘simlik va hayvonot dunyosining bir xilligi bilan ajralib turadigan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, Qizilqumdagi qumli, gilli, taqirli, sho‘rxokli landshaftlar, tog‘lardagi yaylov, o‘rmon, vodiy landshaftlari shular jumlasidandir. Odatda landshaftlar tabiiy va antropogen landshaftlarga ajratiladi. Tabiiy landshaft — faqat tabiiy omillar ta’sirida shakllangan yoki shakllanayotgan landshaftdir. Unga inson faolliyati ta’sir etmagan bo‘ladi. Masalan, Chotqol biosfera qo‘riqxonasidagi archazorlar shular jumlasiga kiradi. Antropogen landshafti — tabiiy va antropogen omillar ta’sirida shakllangan va shakllanayotgan landshaftdir. Bunga inson faoliyati ta’sirida vujudga kelgan landshaftlar kiradi. Tabiatning barcha komponentlari va landshaftlar u yoki bu darajada inson ta’sirida bo‘ladi. Fan-texnika inqilobi sharoitida insonning tabiatga ta’siri tobora kuchaymoqda. Mazkur landshaftlar insonning xo‘jalik faoliyati ta’sirida shakllanadi, ammo tabiiy xususiyatlarini saqlab qoladi va tabiat qonunlariga bo‘ysunadi. Antropogen landshaftlar quyidagi turlarga bo‘linadi: qishloq xo‘jalik yoki agrolandshaftlar (ekinzorlar, bog‘lar, yaylovlar); suv yoki gidrogen landshaftlar (kanallar, hovuzlar, suv omborlari); shahar yoki seliteb landshaftlar (shaharlar, qishloqlar); sanoat landshaftlar (zavodlar, shaxtalar, chiqindilar uyumi, aerodromlar, yo‘llar va h.k.). Landshaftlar joy, maydon va fatsiyadan tuzilgan bo‘lib, uning eng kichik birligi fatsiyadan iboratdir. Fatsiya — bir xil tog‘ jinslariga, relyefga, tuproqqa, namlikka, mikroiqlimga, o‘simlik va hayvonot dunyosiga ega bo‘lgan eng kichik tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, qayir fatsiyasi, o‘zan fatsiyasi, toshli qayir, gilli qayir fatsiyalari. Maydon (urochisha) — fatsiyalar tizimidan iborat tabiiy hududiy kompleksdir. Demak, maydon hudud jihatdan katta bo‘lib, bir necha fatsiyalarni birlashtiradi. Masalan, botiqdagi sho‘r va sho‘rxoklar; oq saksovulli tekis qumlar; do‘ngli qumlar va h.k. Joy — maydonlar majmuasidan iborat bo‘lgan tabiiy hududiy kompleksdir. Masalan, yoyilmalarning yuqori, o‘rta va quyi qismlari, tog‘larning suvayirg‘ichi, yonbag‘irlari va h.k. Ma’lum bir hududdagi joylar yig‘indisi landshaftni tashkil qiladi. Masalan, cho‘l landshafti — qumli, gilli, toshli, taqirli joylardan iborat.
Download 27.75 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling