Magistratura bosqichi 5A120102 Lingvistika (o‘zbek tili) mutaxassisligi
Tafakkursiz til bo‘lmagandеk, tilsiz tafakkur ham bo‘lmaydi
Download 295.08 Kb.
|
1-kurslar uchun UMK. Tilshunoslik metodologiyasi.
Tafakkursiz til bo‘lmagandеk, tilsiz tafakkur ham bo‘lmaydi.
Til bilan tafakkurning o‘zaro munosabati, birligi haqidagi masala falsafa tarixida ham, umumiy tilshunoslik tarixida ham eng muhim muammolardan hisoblanib keladi va kelmoqda. Til va tafakkurning o‘zaro jamiyat o‘rtasidagi aloqani puxta o‘rganish lozim bo‘ladi. Til bo‘lmasa, jamiyat a’zolari orasida ijtimoiy aloqa va munosabat ham, odamlar yashayotgan jamiyatning o‘zi ham bo‘lmas edi. Til vositasida bir narsa va xodisalarning mohiyatini chuqurroq bilib olamiz. Bu jarayon tafakkur yordamidagina amalga oshiriladi. Insonning amaliy faoliyati tafakkursiz kechmaydi. Til tafakkur bilan mustahkam bog‘liq bo‘lib, fikrni moddiylashtiradigan, kishilarning fikr almashishlarini ta’minlab beradigan quroldir. Shu jihatdan til va tafakkur bir biridan ajratib bo‘lmaydigan dialektik birlik deb qarash lozim. Til va tafakkur masalasi nihoyat darajada murakkab jarayon bo‘lib, u tilshunoslikdan tashqari falsafa, mantiq, psixologiya, fiziologiya fanlari bilan bevosita aloqadadir. Til abstrakt, umumlashma tafakkurning amalga oshishi va mavjud bo‘lishi uchun asosiy vositadir. Til va tafakkur dialektik aloqada, dialektik birlikdadir. Bu shakl va mazmun munosabatiga ham aloqadadir. Mazmun qanchalik chuqur va to‘g‘ri bo‘lsa, shakl shunchalik ixcham bo‘ladi. Mazmun qanchalik hayotiy bo‘lsa, shakl shuncha aniq bo‘ladi. Mazmun qanchalik aktual bo‘lsa, shakl shunchalik tushunarli bo‘ladi. Umumiylik tafakkurning o‘ziga xos belgilaridan biri hisoblanadi. Bu umumiylik buyum va hodisalar turlarining muhim belgilariga, mohiyatiga asoslanadi. Ana shunday umumlashtirish xususiyati tilda ham, so‘zda ham mavjud. Gnoseologik muammo bilan shug‘ullanuvchi olimlarning diqqat markazida til va mantiqning o‘zaro munosabati masalasi turadi. Ilmiy tadqiqotning metodologiyasiga bog‘liq holda til kategoriyasi va mantiq kategoriyasi o‘zaro chog‘ishtiriladi, tenglashtiriladi yoki qarama-qarshi qo‘yiladi. Grammatik kategoriyalar bilan mantiqiy kategoriya orasidagi munosabat ham murakkabdir. Grammatik kategoriyalarni mantiqiy kategoriyalarga, mantiqiy kategoriyalarni grammatik kategoriyalarga bo‘ysundirish yoki ularni qorishtirish mumkin emas. Mantiqiy kategoriyalar til vositalari orqali ifodalangan grammatik kategoriyalarga aylanadi. Til va tafakkurning aloqasi masalasi gnoseologik asosda yondoshuv so‘z, tushuncha, gap va hukm haqida ilmiy izlanish olib borishga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik so‘zlar bir-biri bilan shakl, narsa (hodisa) va mazmun kabi uch jihatdan tashkil topadi. So‘zlar tilda nominativ atash vazifasini bajaradi. Bu vazifani ko‘pchilik so‘zlar bajara olsa-da, ba’zilar bu vazifani bilvosita bajaradi, boshqalari esa umuman bajara olmaydi. So‘z bilan u atagan narsa va hodisa orasida bevosita bog‘lanish yo‘q. Tilshunoslik tarixida bu masala yuzasidan ko‘p munozaralar bo‘lgan. Qadimgi Yunonistonda bu munozaralar natijasida ikki katta oqim: anomalistlar va analogistlar oqimi yuzaga kelgan. Analogistlar narsa (ya’ni denotat) bilan uning nomi orasida bog‘lanish bor, so‘zlar o‘zlari anglatgan narsaning biror xususiyatini hisobga olgan holda paydo bo‘lgan deb hisoblashadi. Anomalistlar esa bu fikrga qarshi chiqib, narsa va uning nomi so‘z o‘rtasida hech qanday umumiylik yo‘q deganlar. XIX asrning oxiri va XX asr boshlarida Avstraliyada Rudolf Meringer boshliq «So‘z va narsa» nomi bilan maxsus maktab ham vujudga kelgan. Bu maktab vakillari ham mazkur masala yuzasidan bir qancha fikrlar aytishsa-da, lekin uni to‘g‘ri hal qilisha olmaydi. Nihoyat, hozirgi tilshunoslikda bu masala yuzasidan uzil-kesil bir fikrga kelindi: so‘z bilan narsa o‘rtasida hech qanday aloqa, bog‘lanish yo‘q. Tillardagi barcha so‘zlar uch xil munosabatga kirisha oladi:
So‘zning o‘zi anglatgan predmet va hodisaga; So‘zning inson fikriga, hissiyotiga, xoxish-istaklariga; So‘zning boshqa so‘zlarga nisbatan. So‘zning o‘zi anglatgan narsa va hodisalarga munosabati tushuncha bilan uzviy bog‘langan. So‘zning fizik qiyofasi bilan u anglatgan narsaning fizik qiyofasi o‘rtasidagi bog‘lanish birligini ma’no deb ataydilar. So‘z o‘zining ma’nosi tufayli narsa va hodisalarni atay oladi, tushunchani anglatadi, vaholanki, predmet ham, tushuncha ham o‘z-o‘zicha so‘zning ma’nosini tashkil etmaydi. So‘z ma’nosining predmetga bo‘lgan munosabati denotativ munosabat deyiladi. Demak, ma’no borliqdagi predmetni aks ettiradi, so‘zning moddiy tomoni esa predmetning ishorasi bo‘lib xizmat qiladi. Ma’noning tushunchaga munosabati signifikativ munosabatni tashkil etadi. Uning mohiyati shundaki, ma’no asosida tushuncha shakllanadi, so‘zning moddiy qobig‘i orqali tushuncha aks ettiriladi, ifodalanadi. Bir ma’no (so‘z)ning boshqa ma’no (so‘z)ga munosabati struktural munosabat deyiladi. Bunday munosabat tufayli, so‘zlar tiplarga, guruhlarga ajraladi. So‘zlar tildagi vazifasini denotativ, signifikativ va grammatik munosabatga kirishib bajaradi. So‘zning denotativ vazifasi esa so‘z boyligining turli ma’no guruhlarini hosil qiladi. So‘zning moddiy tomoni (qobig‘i) tushunchani aks ettiradi va u tushunchaning ishorasi deb qaraladi. So‘zning moddiy qobig‘i tushunchaning ishorasi, so‘zning ma’nosi esa tushunchaning shakllanish asosidir: so‘z yordamida va uning asosida paydo bo‘ladi. So‘zlarning leksik ma’nosi to‘g‘risida gap borganda, dastlab ularning tildagi ma’nolari bilan nutqdagi ma’nolarini farqlash zarur. So‘zlarning aniq, muayyan ma’nolari faqat nutqda aniq bo‘ladi. So‘z jamiyat a’zolari o‘rtasida bir xil tushuniladi yoki umumiy tushunchaga ega bo‘ladi. Tushuncha ayrim predmet va uning xossalarini umumlashtiradi, predmetning umumiy belgi va xususiyatlarini ko‘zda tutadi. Inson tushunchalari harakatsiz emas, balki harakatda bo‘lib, bir-biriga o‘tib turadi, biri ikkinchisiga qo‘shilib turadi, busiz ular tirik hayotni aks ettirmaydi. Gap va hukm munosabati munozarali masalalardan biridir. V.Z.Panfilov birinchilardan bo‘lib, grammatika va mantiqning muhim masalalariga, tafakkur va tilning shakllanishi, taraqqiyoti inson mehnati faoliyati bilan birgalikda yoritiladi. Har bir gap real borlikning aks ettirish jarayoni bilan bog‘liqdir. Gap, keng ma’noda til tushuncha bilan chambarchas bog‘liq, u inson fikrining ifodalanish shaklidir. Gapda fikr, shuningdek, so‘zlovchining shu fikrga, ob’yektiv voqelikka munosabati ham ifodalanadi. Fikr gap, nutq yordamida yuzaga keladi. Demak, bu hodisalar o‘zaro bog‘liq, lekin ular bir-biriga teng emas, ulardan har birining maxsus xususiyatlari va farqlari bor. Gapni o‘rganar ekanmiz, uni fikr bilan bog‘lab tekshiramiz. Til va tafakkur dialektik birlikdadir. Tilni tushunish bilan bog‘lab tekshirish, tilning o‘z xususiyatlarini tashlab, uning qonunlarini to‘la ravishda tafakkur qonunlari bilan o‘lchash, ularni tenglashtirish emas. Til bilan tafakkur, gap bilan mantiqiy hukm to‘la teng kelmaydi. «Grammatik gap mantiqiy hukm bilan teng va parallel emas» (A.A.Potebiya). Hukm tafakkur borliqning bilish shakllaridan bo‘lib, unda predmet, hodisa kabilarning belgilari tasdiq yo inkor yo‘li bilan ifodalanadi: kaklik – paranda. Osmon tiniq. Havo sovuq emas. Belgining predmetda borligi yoki yo‘qligini, unga xosligi yoki xos emasligini tasdiqlash yoki inkor qilish bilan predmetlarning o‘xshashligi yoki farqi ko‘rsatiladi. Fikrning, hukmdan tashqari, so‘rash va undash shakllari ham mavjud. Til va tafakkurning bir-biri bilan bog‘liqligi fikrning til orqali ifodalanishidangina iborat emas. Tafakkurning o‘zi til bazasida tug‘iladi, fikr tilsiz yashamaydi. Bundan tilning tafakkur bilan – gapning fikr bilan o‘zaro bog‘liqligi anglashiladi. Tafakkur sub’yektning faoliyati bo‘lishi bilan birga, borliqning – predmet, hodisa va boshqalarning in’ikosidir, obrazidir. Borliqning bu in’ikosi til orqali, uning bir parchasi – gap orqali ifodalanadi. Til bilan tafakkur, grammatika bilan mantiq bir-biriga bog‘liq, lekin ularning har biri o‘zi ayrim xususiyatlarga ega. Mantiqiy va grammatik kategoriyalar bir-biri bilan aloqador, lekin ular doim bir-biriga mos kela bermaydi. Hukm mantiqiy kategoriya bo‘lib, uning ifodalanish shakli gapdir. Lekin gapni hukm bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Tasdiq va inkor hukmning zarur belgisidir: U semiz. Temir –metall. kabi turlarida bunday bevosita ifodalanish aniq ko‘rinmaydi. Kim keldi? Dushmanni qiringiz! Yong‘in! Ana xolos! Ko‘rinishidagi gaplarda, ba’zi olimlar hukm bor desalar, boshqalar inkor qiladilar. Hukmni o‘rganuvchi mantiqning gapni o‘rganuvchi grammatikaning o‘z kategoriyalari mavjud. Mantiqiy kategoriya hukmda ikki asosiy birlik (sub’yekt, predikat) va bog‘lama mavjud. Bog‘lamaning vazifasi sub’yekt bilan predikat orasidagi aloqani ko‘rsatish, predikatdagi belgining hukm predmetiga xos yo xos emasligini - fikrning tasdiq-inkorini belgilashdir. Grammatik kategoriya gapda uch asosiy birlik ega, kesim va ikkinchi darajali bo‘lak mavjud. Gap va hukm bir-biriga mos keladi: Bola yugurdi. Gap va hukm bir-biriga mos kelmaydi: Rasm bolalar tomonidan ishlandi. Bunda ega (rasm) mantiqiy ob’yektni, ikkinchi darajali bo‘lak esa (bolalar) mantiqiy sub’yektni ko‘rsatadi. Gap va hukmning bir-biriga mos kelmaslik hollarini quyidagilarda ko‘ramiz: 1. Tongning mayin shamollari bog‘dagi ko‘m-ko‘k daraxtlarni tebratmoqda; gapida mantiqan ikki birlik mavjud: 1) tongning mayin shamollari (sub’yekt); 2) bog‘dagi ko‘m-ko‘k daraxtlarni tebratmoqda (predikat); Grammatik jihatdan yetti bo‘lak bor: aniqlovchi Q aniqlovchi aniqlanish-ega Q aniqlovchi Q aniqlovchi Q aniqlanish-to‘ldiruvchi Q kesim. 2. Har bir gapdan mantiqiy sub’yekt va predikatni ko‘rsatadigan qism izlangan, lekin hamma gapdan ega va kesim ajralib chiqa bermaydi: Jim! Zilzila! Xullas, turli tillarda gapning sintaktik strukturasi turlicha bo‘lsa ham, gapning mantiqiy grammatik jihatdan bo‘linishi, fikrning mantiqiy strukturasi barcha tillar uchun universal bo‘ladi. Hamma jonli narsalar ichida faqat odamgina gapirish qobilyatiga egadir. Hayvonlarda tom ma’nodagi til ham tafakkur ham yo‘q. I.P.Pavlov ob’yektiv borliq va sezuv organlari haqida gapirib, ikkinchi signal sistemasi haqida ta’limot yaratdi. Til sistemasining asosiy komponentlari ong, fikr, tafakkur, miya faoliyati bilan, miyaning funksional hosil bo‘lish o‘rni bilan bog‘liq. Bu jarayon neyrolingvistikaga suyanib ish ko‘radi. Neyrolingvistika – tilshunoslikning eng yangi sohasi sifatida ma’lum bo‘lib, u miyadagi neyronlarning tilni hosil qilishdagi xizmatini o‘rganuvchi sohadir. Tashqi dunyoning kishiga ta’siri uning miyasida gavdalanadi. Shuning uchun ham kishilar tabiatdagi voqealar, hodisalar haqida ma’lum bir tafakkurga ega bo‘lar ekanlar, uni faqat til orqali ro‘yobga chiqaradigan va bu haqda boshqalar bilan aloqa bog‘laydilar, fikrlashadilar. Til va tafakkurning eng muhim elementi ichki nutq hisoblanadi. Ichki nutq inson ongi va aqliy faoliyatining asosiy, universal qurolidir, unda fikr va til birgalikda tafakkurning nutq mexanizmini harakatga keltiradi. Ichki nutq inson ongining muhim omillaridan biridir. Inson tafakkurining mexanizmi ikki qarama-qarshi dinamik zveno-nutq harakati va predmet tasviri shaklida ichki nutq eksperimental tadqiqotning ob’yektiga aylanadi. Ichki nutqni tekshirish jarayonida tilshunoslik bilan psixologiya fanlarini bir-biriga uzviy bog‘laydigan yangi fan – psixolingvistika paydo bo‘ldi. Inson ma’lum tajriba va qoidalar yordamida cheksiz miqdorda yangidan-yangi jumlalarni yaratish qobilyatiga ega. Psixolingvistika fanining asosiy maqsadlaridan biri ana shu qobilyatning tabiatini va rivojlanish qonuniyatlarini ilmiy o‘rganishdir. Shuningdek, bu fan tilning real psixik birligi muammosi, nutq hosil qilish modeli: nutq madaniyati, nutq patalogiyasi, fikr va nutq o‘rtasidagi o‘zaro munosabat, nutq genezisi yoki nutqning paydo bo‘lishi kabilarni o‘rganadi. Xullas, fikr va tilda voqelik turmush, hayot namoyon bo‘ladi. Tafakkur shakllari tilda ifodalanadi. Download 295.08 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling