Ma’lumki, ko’pgina toponimlar zaminida oddiy atamalar, turdosh so’zlar yotadi. Shu bilan birga bir qancha joy nomlari ayrim shevalargagina xos so’zlardan tarkib topgan. Professor Ye. D
Download 11.93 Kb.
|
Ma’lumki, ko’pg-WPS Office
Ma’lumki, ko’pgina toponimlar zaminida oddiy atamalar, turdosh so’zlar yotadi. Shu bilan birga bir qancha joy nomlari ayrim shevalargagina xos so’zlardan tarkib topgan. Professor Ye.D.Polivanov turkiy tillardan hech birida shevalar o’zbek tilidagidek ko’p emas deb yozgan edi. O’zbek shevalarida shunday so’zlar uchraydiki, deb davom etgan edi olim, ularning bir qismi adabiy tilda yoki boshqa shevalarda muqobili yo’q bo’lib, bir qismini esa boshqa so’z bilan ifodalanadigan variantlari mavjud. O’zbekiston toponimiyasining xarakterli xususiyatlaridan biri ana shu «muqobili yo’q» so’zlardan tarkib topgan toponimlarning ko’pligidir. Chunonchi, Jizzax viloyatining bir qancha tumanlarida tangi (tor dara), gaza (tog’ qirrasi), zov (tik qoya), qashqa (yo’l o’tgan tepalik, tog’ suvi), tagob (takob - suv yoqasi, o’zani, dara), shiver (botqoqlik), aqba- ovg’a (tog’ dovoni) kabi geografik atamalar xalq shevalarida juda faol ishlatiladi va ayni vaqtda bu tumanlarda ana shu so’zlar asosida paydo bo’lgan toponimlar uchraydi. Shu narsa e’tiborga molikki, yuqorida qayd qilingan so’zlarning ko’pchiligi qadimgi turkiy yozma yodgorliklarda, chunonchi, Mahmud Koshg’ariy «Devoni»da, «Boburnoma»da uchraydi. Demak, bu atamalar ilgari vaqtlarda hozirgiga nisbatan ancha keng doirada ishlatilgan. O’zbekiston toponimiyasining xarakterli xususiyatlaridan yana biri unda etnotoponimlarning, ya’ni turli millat, xalq, elat, qabila va urug’-aymoq nomlari bilan atalgan toponimlarning nihoyatda keng tarqalganligidir Mintaqa joy nomlari xususan mikrotoponimlar ichida antropotoponimlar, ya’ni kishilarning ismi, familiyalari hamda laqablari bilan ataladigan toponimlar son jihatidan etnotoponimlardan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Ba’zi bir kishi ismlarini bilib olish oson emas. Kishi ismlari orasida sarimsoq, piyoz, hatto yovshon (shuvoq) kabi o’simlik nomlari, yo’lbars, sher, bo’ri, to’ti, qo’zi, to’qli, xo’roz kabi hayvon nomlari uchraydi. Kishilarning laqablari ayniqsa, xilma-xil bo’lgan. Laqab ko’pincha, familiya rolini o’tagan deyish mumkin. Bir xil ismli (adash) kishilarda har birining o’z laqabi bo’lgan. Zomin tumani Tamtum qishlog’idagi kishilar laqablaridan misollar keltiramiz: Boy Sariboy- Sarimesh (semiz kishi bo’lgan), Sariboy do’shi keng (ko’kragi keng kishi ekan), Sulton dev - Sulton qayqi, Bo’ronboy beparvo - Bo’ronboy ko’zi yomon (shilpiq ko’z), Musa teshik (oqma) - Musa it etmas (chopqir), Abdi yo’g’on (o’jar odam bo’lgan) - Abdi devona (bechoragina kishi bo’lgan) - Abdi zarang (garang - qulog’i og’ir kishi o’tgan). O’zbekiston tomonlarining grammatik xususiyatlari to’g’risida shuni aytish kerakki, toponimlarning ko’pchiligi ikki va uch komponentdan tuzilgan. Bob,Yom, So’x, Pop kabilar bir komponentli elliptik, ya’ni qisqargan toponimlardir. Antropotonimlar, ayniqsa, etnotoponimlar ham bir komponentli bo’lishi mumkin. Qo’ng’irot, Chinoz, Boyovut, Beruniy, Navoiy ana shunday nomlar jumlasidan. Boshqa turkiy toponimlar kabi, o’zbekcha toponimlar orasida ham fe’l shakllari keng tarqalgan. Kuyganyor, Qolgan Sir, Qolgan Chirchiq, Shomurot yorgan. Fe’llar mikrotoponimlar tarkibida ayniqsa, ko’p uchraydi: G’ajiruchti, Takasakragan, Qatiqto’kildi va hokazo. O’zbekcha toponimlarda geografik atama (indikator, nomenklatura atama, turdosh so’z) toponim oxirida, aniqlovchi esa so’z boshida keladi: Toshkent, Mirzacho’l, Dehqonobod, Oyoqquduq va hokazo. Geografik nomlar, ayniqsa, mikrotoponimlar ba’zan butun-bir gaplardan iborat bo’ladi: qozoqoldi kalonyuqori, qozoqoldi kalono’rta, Mulla qoraning eri, Yo’ldoshning oti yiqilgan (qoya) va hokazo. Boshqird olimi J.G.Kiekboev ana shunday toponimlarga Amin Mulla besen sapkan — «Mulla Amin pichan chopgan (er)» degan topo-nimni misol qilib keltiradi. Bu misollar A.V. Nikonovning «Mikrotoponimlar atoqli otlar bilan turdosh so’zlar o’rtasida oraliq mavqeni egallaydi» degan fikrini isbotlaydi. O’zbekcha toponimlar orasida suffiksli toponimlar ham bor. Biroq o’zbekcha toponimlarda suffiks slavyan xalqlari yashaydigan mam-lakatlardagi kabi katta o’rin tutmaydi. Masalan, rus aholi punktla-rining 90 foizidan ko’prog’i suffikslidir. O’zbekiston toponimlari tarkibida eng ko’p keladigan affikslar (topoformantlar): -zor (Marg’zor, Olmazor), -kat, -kent (Navkat, Binkat, Parkent), -iston (Guliston, Bog’iston), -loq (Toshloq, Sangloq, qum-loq), -obod (Dehqonobod, Dashnobod, Xalqobod, Xonobod), -li, -lik, -liq, (Gazli, Tolli, Soylik, Ohaklik, Bo ‘stonliq, qo yliq), -on (Ohangoron, Childuxtaron, So’zangaron), -xona (Arabxona, Bo’rixona, Urganjixona), -goh, go (Namozgoh, Janggoh), -chi (Sho’rchi, o’qchi, Chiroqchi), -cha (Sho’rcha, Ko’kcha, Shoxcha),-ak, -ik (Hisorak, Jizzax, Bog’dodiq, Xumdonak), -kor (Paxtakor, Lalmikor) va boshqalar. Shuni alohida qayd qilib o’tish kerakki, -chi kabi affikslar etnonimlar tarki-bida ham uchraydi. Masalan, bolg’ali, jag’albayli, oytamg’ali, qo’shtamg’ali, uchtamg’ali, to’rttamg’ali, qanjig’ali, qaychili, qarg’ali, sirg’ali, so’loqli, taroqli, tuyoqli, ba’zan, qutchi kabi etnonimlar ana shular jumlasidan. Bundan shunday xulosa chiqadiki, O’zbekiston toponimlarini af-fikslariga qarab tasnif qilganda atamalar toponimga aylanmasdan ol-din ularning tarkibida affiks bor-yo`qligini uzil-kesil aniqlab olish shart. Etnonimlardan nom olgan har qanday geografik obyekt etnotoponim hisoblanadi, ular viloyat toponimiyasi tarkibida son jihatdan ko’p bo’lishidan tashqari, ancha qadimiyligi bilan ajralib turadi. Etnotoponimlarning aksariyat qismi oykonimlar, ular mintaqa aholisining tarixiy shakllanishi, taraqqiyoti, xalqlarning qadimiy munosabati, integrasiya va migrasiyasini ko’rsatuvchi muhim manba hisoblanadi. To’plangan etnotoponimlar tahlili hudud miqyosida ularning areali turlicha ekanligidan dalolat beradi. Suv bo’ylari, dehqonchilik va chorvachilik uchun qulay joylar, yirik aholi punktlarida, turli etnik guruh vakillari aralash yoki yonma-yon yashagan joylarda etnotoponimlar zichroq tarqalgan. Viloyat aholisining etnik tarkibi o’tmishda murakkab, etnografik kartasi ancha rang-barang bo’lgan. Tarixan bu hududda madaniy taraqqiyoti turlicha bo’lgan va xo’jaligining turli sohalari bilan shug’ullangan urug’ va qabilalar, qavm va elatlar hamda etnik guruh vakillari yashaganligi ma’lum. Mutaxassislarning fikricha, ushbu hududda milodning boshlari va birinchi ming yillikda eroniy va turkiy tillarda so’zlashuvchi elatlar, xalqlar istiqomat qilgan. Keyingi davrlarda turkiy xalqlarning ko’payishi natijasida eroniy tillarda so’zlashuvchi aholining ma’lum bir qismi assimlyasiyalashgan. Masalan, H.Haydarov yozishicha: «Jizzax hududlarini dushman hujumidan saqlash maqsadida Abdullaxon O’ratepa bekligiga qarshi urushda bir qancha qishloqlarni istilo qilib, u yerlarda yashayotgan to’rtta o’zbek qabila vakillarini (yuz, qirq, qang’li va saroy) Jizzax va Sangzor vohasiga ko’chirib kelgan». Qabila vakillari Jizzax atrofi va Sangzor daryosining unumdor yerlarida o’rnashib, asosan o’troq hayot kechirib, dehqonchilik va qisman chorvachilik bilan shug’ullanganlar. Ular yangi barpo qilgan qishloqlarini ko’pincha o’zlarining urug’ va qabila nomlari bilan ataganlar. Masalan, hozirgi viloyat hududidagi bir qancha qishloqlar yuz qabilasi tarkibidagi xitoyyuzi, so’loqli, solin, bolg’ali, tuyoqli, chuvulloq, beshbola urug’lari, qirq qabilasi tarkibidagi og’ajon, moltop Rus olimi L.N.Sobolev o’tgan asrning o’rtalarida Zarafshon vodiysiga qilgan ilmiy safari chog’ida biron urug’ yoki to’p nomi bilan atalgan aholi punktlarida endi ko’pincha boshqa urug’ vakillari ham yashashini aniqlagan. Masalan, olimning yozishicha, Tuyoqli deb atalgan qishloqda turk etnik guruh vakillari ham yashashgan. Bunday holatni Jizzax viloyati hududida ham kuzatish mumkin. Viloyatning tog’li tumanlarida ko’pincha qishloqlar birinchi bo’lib ushbu joyga kelib qishloqqa asos solgan urug’ yoki to’p nomi bilan atalgan. Keyinchalik asli kelib chiqishi bir qabiladan, ammo boshqa urug’ va to’p vakillari, ya’ni qabiladoshlar ham kelib, qon-qarindosh sifatida birga yashaganlar. Masalan, Baxmal tumanida Yumaloqbosh nomli aholi punkti bor. Yumaloqbosh yuz qabilasi tarkibidagi urug’ nomi. Qishloqda yumaloqboshlardan tashqari yuz qabilasi tarkibidagi mullato’p, kalto’p, egarchi, olomon kabi etnik guruh vakillari ham istiqomat qilishadi. Zomin tumanida yuz qabilasi tarkibida bo’lgan uyas, boymoqli, quriqozon, tig’iriq, beshkuvi, bog’machchoyi, mug’ol, uvol(olmasuvon), nebo’sa, qarapchi, qo’shtamg’ali, parchayuz, beshyuz, quyonquloqli, sirgali, so’loqli, og’ar va boshqa urug’ nomlari oykonimlar sifatida o’z aksini topgan. Yuzlar tarkibidagi urug’ nomlari bilan ataladigan oykonimlar viloyatning boshqa tumanlari toponimiyasi tarkibidan ham keng o’rin olgan. Yuz (juz) terminining kelib chiqishi to’g’risida turli qarashlar mavjud. Masalan, V.V.Radlov yuz (juz) «yuzta urug’ning birlashmasi, urug’lar ittifoqi» ma’nosida bo’lsa kerak, deb hisoblaydi. V.V.Grigoryev esa juz (yuz) arab tilida «tarmoq, bo’lak, biron narsaning qismi» ma’nolarini bildiradi deb yozadi va juz terminini xuddi shu ma’noda bo’lsa kerak, deb hisoblaydi. X.Doniyorovning yozishicha, «Q.Najimovning «Antropologicheskiy sostav naseleniya Surxandarinskoy oblasti» degan asarida yuzlar to’g’risida anchagina yaxshi ma’lumotlar berilgan. Hozirgi O’zbekiston hududida islomgacha va islom dini tarqalgan dastlabki asrlardagi tarixiy yozma manbalardan ma’lum bo’lishicha, ushbu hududda kelib chiqishi turkiy bo’lgan nomlar keng tarqalgan.va mintaqa toponimiyasining salmoqli qismini tashkil etgan. Bundan tashqari so’ngi asrlar yozma manbalarda va hozirgi davrdagi mintaqa turkiy toponimiyasi tarkibida kelib chiqishi qadimgi turkiy tillar bilan bog’liq bo’lgan toponimlar ham ko’pligini tasdiqlaydi. Ushbu nomlar ilk o’rta asrlardagi tarixiy yozma manbalarida qayd qilinmagan bo’lsa ham, ammo ular qadimgi turkiy tillar negizida shakllanganligini inobatga olib, turkiy toponimlar mintaqa toponimiyasida ancha qadimgi davrlarda paydo bo’lgan degan xulosaga kelish mumkin. Shuni ham aytish kerakki, yuqorida bayon qilingan etimologiyalar uzul - kesil o’z yechimini topgan deyish qiyin. Ammo, shubhasiz kelajakda O’zbekiston, jumladan Jizzax viloyati qadimgi turkiy toponimiyasini tadqiq etish jarayonida muayyan qo’shimchalar, o’zgartirishlar kiritiladi va taklif qilingan etimologiyalar o’z tasdig’ini topadi. Download 11.93 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling