Ma’lumot-axborot hujjatlari bilan ishlash muammolari lushiyeva Ro‘shana Zayniddin qizi


Download 22.55 Kb.
Sana28.03.2023
Hajmi22.55 Kb.
#1302149
Bog'liq
LUSHIYEVA RO\'SHANA MAQOLA. TTT


MA’LUMOT-AXBOROT HUJJATLARI BILAN ISHLASH MUAMMOLARI
Lushiyeva Ro‘shana Zayniddin qizi
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti O‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish fakulteti 1-bosqich talabasi
rlushiyeva25@gmail.com
Ilmiy maslahatchi: Rafiqjon Zaripov. Filologiya boʻyicha falsafa fanlari doktori.


Annotatsiya: Ushbu maqolada hujjatchilik tarixi va o‘zbek hujjatchiligi to‘g‘risida so‘z yuritilgan. Hujjatchilik tarkibiga kiruvchi ma’lumot-axborot hujjatlarining ayrim kamchiliklari haqida fikr bildirilgan.
Kalit so‘zlar: hujjatchilik, ma’lumot-axborot hujjatlari, ariza, bayonnoma, bildirishnoma, ishonchnoma, rus tili, o‘zbek tili.
Announcement: This article discusses the history of documentary and Uzbek documentary. Some of the shortcomings of the information documents included in the document are commented on.
Keywords: documentation, information document, application, protocol, notification, power of attorney, Russian, Uzbek.

Bugungi kunda jamiyat hayotining muhim qismi hujjatlardir. Albatta, kishilik jamiyatining taraqqiyoti ijtimoiy-iqtisodiy tuzilmaning almashina borishi, aniqrog‘i, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarning takomillasha borishi barobarida hujjatlar ham tashkil topib borgan. Hujjatlar qadimdan mavjud bo‘lib, Bobilning miloddan avvalgi 1792-1750-yillardagi podshohi Xammurapining adolatpesha qonunlar majmuyi, undan ham qadimroq podshoh Ur-Nammu (mil.av. 2112-2094-yillar)ning qonunlari va boshqa manbalarning mavjudligi buning dalilidir. Dastlab hujjatlar farmon, noma, bitimlar, arznoma, qarznomalar, vasiqa, tilxat yoki mazmunan shunga o‘xshash shaklda bo‘lgan. Yorliqlar mazmunan xilma-xil bo‘lgan: xabar, tavsif, farmoyish, bildirish, tasdiqlash va hokazo[Mahmudov va boshqalar, 2007: 62].


Bu o‘rinda To‘xtamishxonning 1393-yilda polyak qiroli Yag‘alaga yo‘llagan yorlig‘i, Temur Qutlug‘ning 1397-yildagi yorlig‘i, Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzoning Mir Sayid Ahmad ismli shaxsga 1469-yilda bergan yorlig‘i, Toshkent hokimi Yunusxo‘janing 1779-yilda Peturburgga – Rossiya podshosiga o‘z elchilari orqali yuborgan yorlig‘i va boshqalarni eslatib o‘tish mumkin[Mahmudov va boshqalar, 2007: 63].
Ma’lumki, davlatchilikning boshlang‘ich shakllarida, hali yozuv bo‘lmagan paytlarda, ma’lum odat tusiga kirgan og‘zaki huquqiy me’yorlar asosida ish olib borilgan. Bu odatlarni Z. Muqimov ‘‘ma’lum bir joyning yozib qo‘yilmagan, og‘izdan og‘izga avloddan avlodga o‘tib kelgan, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan rasm-rusumlari va tartiblaridan kelib chiqadigan qoidalar yig‘indisidan iboratdir”, deb izohlaydi[Karimov va boshqalar, 2003: 119].
O‘zbek hujjatchiligini shakllantirish va takomillashtirishdagi eng muhim va dolzarb masalalardan biri hujjatchilikning tili va uslubi masalasidir. Bu masala, nafaqat, O‘zbekistonda, balki butun xorijiy davlatlarda ham asosiy masala hisoblanadi. Hozirgi kunda hujjatlarsiz hech bir davlatni boshqarib ham rivojlantirib ham bo‘lmaydi. Hisob-kitoblarga qaraganda, boshqaruv sohasidagi xizmatchilar o‘z ish vaqtining 80%ini hujjatlashtirish ishiga sarflar ekan[Aminov va boshqalar, 2017: 13]. Ammo faqat hujjatchilikni mukammal egallash bilan ish bitmaydi. Hujjat bilan ishlagan har bir shaxs o‘z tili qonuniyatlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi, imlo qoidalarini puxta o‘rganishi shart va zarurdir. Respublikamizda o‘zbek adabiy tilining rasmiy - ish uslubini o‘rganish bo‘yicha ilk qadamlar qo‘yilgan. Lekin hali juda ko‘p ishlar qilinishi kerak. Masalan, muayyan ish hujjatini barqaror, boshqa hujjatlar bilan o‘xshashligi bo‘lmagan tartib va qoidasini ishlab chiqish, ularni muayyan o‘z qolipiga solish. Hozirgi paytda hujjatlar bilan ishlashda biroz chalkashliklarga duch kelamiz, ya’ni bir hujjat turi bilan boshqasini farqlashga qiynalamiz. Ko‘rsatma, buyruq va farmoyish bir-biriga o‘xshash. Bu hujjat turlarida deyarli bir xil iboralar (‘‘ TAVSIYA ETAMAN”, ‘‘ BUYURAMAN ”) qo‘llaniladi. Bundan tashqari, mazmunan ham bir-birini taqozo etadi. Shu kabi o‘xshashliklarni oldini olib, hujjat turlarini muayyan darajaga keltirish lozim.
O‘zbek hujjatchiligida ma’lumot-axborot hujjatlari asosiy o‘rinni egallaydi. Ma’lumot-axborot hujjatlariga quyidagilar kiradi: ariza, bayonnoma, bildirishnoma, dalolatnoma, vasiyatnoma, ma’lumotnoma, tavsifnoma, tavsiyanoma, tarjimayi hol, ishonchnoma, tilxat, e’lon, hisobot. Bu kabi hujjat turlari oddiy fuqarodan boshlanib mansabdor shaxslar hayotida ham ko‘p uchraydi. Masalan, ariza tilxat, ishonchnoma, e’lon va bayonnoma. Bularga har bir shaxs hayoti davomida duch keladi. Hatto ariza, tilxat va tarjimayi hol kabi hujjat turlarini o‘z qo‘lida yozadi. Biroq hujjatlar til bilan uzviy bog‘liqligi uchun muammoli tomonlari ham kelib chiqadi. Sho‘ro davrida o‘zbek xalqining idoraviy ishlari, asosan, rus tilida olib borilgan. Rus tili o‘zbek tiliga katta ta’sir ko‘rsatgan. O‘zbek tilidagi ko‘plab so‘zlar o‘rnida rus tilidagi so‘zlar qo‘llangan. Hattoki, hozir ham keksa kishilar nutqida ruscha so‘zlarni eshitamiz. O‘z navbatida, bu hujjatchiligimizga ham bevosita ta’sir qilgan. Bir necha tur hujjatlar rus tilida qanday nomlansa, o‘zbek tilida ham shunday nomlanadi. Masalan, spravka, pratakol, akt kabilar.
Hujjatchiligimizdagi ma’lumot-axborot hujjatlari bilan ishlashdagi ayrim kamchliklarni oldini olish zarur. Birinchidan, ularning qolipini ishlab chiqish maqsadga muvofiq. Masalan, ariza yozishda avval sana, imzo, imzo yoyilmasi ketma-ketligida bo‘lgan. Hozir esa birinchi imzo so‘ng sana va imzo yoyilmasi ketma-ketligida qilib o‘zgartirish kiritildi. Buni o‘zgartirishni nima keragi bor? Shu kabi jihatlar muammolarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, bir hujjat turi uchun bitta nom qo‘yish kifoya. Masalan, M. Aminov, A. Madvaliyev, N. Mahkamov, N. Mahmudov Ish yuritish amaliy qo‘llanma kitobida bildirishnoma, ham ‘‘bildirish’’ ham ‘‘bildirishnoma’’ deb nomlangan[Aminov v.b, 2017: 177]. Bu hujjatni bir nom bilan bildirishnoma deb nomlasak, maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Aslida bu kabi kamchiliklarni oldini olish uchun har bir shaxsning o‘zi harakat qilishi kerak. Darsliklarda sanani avval yil so‘ng kun va oy (0000.00.00)shaklida yozish kerakligi haqida aytilgan. Lekin nega biz o‘z qo‘llanmalarimizga amal qilmaymiz? Barcha joyda birinchi kun so‘ng oy va yil (00.00.0000) tarzida foydalanamiz. Universitet ta’limida davlat tilida ish yuritish fanida o‘tilgan hujjat turlarini qolipi bilan ish yuritishdagi hujjatlarimizning qolipi bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, bayonnoma o‘quv qo‘llanmada aniq ketma-ketlikda qanday tuzilishi berilgan. Biz talabalar buni o‘rganamiz. Lekin universitet va boshqa muassasa tomonidan tuzilgan bayonnomaning asl nusxasini olib qarasak, darslikdagi namuna va bayonnomaning asl nusxasi bir-biriga muvofiq emas. Bunday hollarda davlat tilida ish yuritish fanini o‘tishdan hech qanaqa natija qolmaydi. Barcha har xil ko‘rinishda hujjat tuzsa, ish yuritish borasida muammolar ko‘payib ketib, anglashilmovchiliklarga olib kelishi mumkin.
Ma’lumotnomaga kelsak, ma’lumotnoma ma’lumot-axborot hujjatlarining eng asosiy hujjat turiga kiradi. Ma’lumotnoma bitta hujjat turi bo‘lsa, buning ham mazmuniy turlari bor. Biz ularni o‘zbek tilidagi nomlar bilan atashimiz lozim. Masalan, oilaviy ma’lumotnoma, yashash sharoit ma’lumotnomasi, tibbiy ma’lumotnoma va hokazo. Biz tibbiy ma’lumotnomani ‘‘spravka’’ deb ataymiz. Buni tibbiy ma’lumotnoma deb nomlashimiz kerakligini atrofdagilarga ham uqtirsak, nutqimizga o‘zbekcha nom bilan o‘zlashadi.
Asosan, ishonchnomaga avtomobildan foydalanishda duch kelamiz. Ammo nutqimizda ‘‘doverennost’’ deb ataymiz. Ongimizda shu nomda muhrlanib, faqat avtomobil uchun deb o‘ylaymiz. Aslida esa ishonchnoma mol-mulkdan tashqari boshqa davlat va nodavlat idoralarda ish olib borish va boshqa ishlarni amalga oshirish uchun ishonch bildirish hujjatidir. ‘‘Doverennost’’ deb aytsak, barcha yoshi katta kishilar tushunadi. Biroq ishonchnoma desak, tushunishi qiyin. Chunki rus leksimasini hujjat nomiga aylantirib olgan. Bu ham muammoli jihatlardan biridir.
Hujjatchilikning mukammallik darajasi davlatchilikning shakllanishi va hujjatlardan foydalanuvchilarning saviyasiga bog‘liq bo‘ladi. Qayerda davlatchilik an’analari uzoq tarixga ega bo‘lsa, xalqning umumiy madaniyati va savodxonlik darajasi yuqori bo‘lsa, o‘sha yerda hujjat yuritish ishlari ham bir qadar takomillashgan bo‘ladi[Karimov v.b, 2003: 122]. Ana shuning uchun ham ta’lim tizimining barcha bosqichlarida o‘quvchilarimizni hujjatlar bilan tanishtirib borishimiz lozim. Chunki ma’lumoti haqidagi tegishli hujjatni olgan har bir shaxs davlatning qaysidir sohasida ishlaydi. Hujjat yuritish ishiga yuzaki qaramasdan, mas’uliyat bilan yondashib, fuqarolik burchi sifatida qarashimiz maqsadga muvofiqdir.
Xulosa qilib aytganda, hujjatchiligimiz uchun universitet ta’limi davlat tilida ish yuritish fanidagi o‘quv qo‘llanmalarni to‘liq, aniq va qat’iy qilib, o‘zbek yozuvidagi variantini ishlab chiqsak, shu qo‘llanma asosida ish yuritsak, hech qanday muammolar chiqmaydi. Hujjat bilan ishlaydigan barcha shaxslar : fuqarolar yig‘ini raislari, o‘qituvchilar, korxona rahbarlari, oliy toifali mansabdor shaxslar, professorlar va boshqalar hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek yozuvida yozsa, muammolarimizning katta qismi bartaraf etilgan bo‘lar edi.


Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Aminov M., Madvaliyev A., Mahkamov N., Mahmudov N. Ish yuritish amaliy qo‘llanma. – T : ,,O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017. – B. 451.

  2. Mahmudov N. Davlat tilida ish yuritish 2-nashri. – T: ,,Cho‘lpon nomidagi nashriyot matbaa ijodiy uyi”, 2007. – B 130.

  3. Karimov S.A., Maxmatmurodov Sh.M., Karimova O.N. Nutq madaniyati va davlat tilida ish yuritish. – T: ,,O‘zbekiston nashriyoti”, 2003. – B 193.

Download 22.55 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling