Obyektivlik prinsipi. Ushbu umumilmiy prinsip bilish jarayonini dialektik-materialistik talqin qilish bilan bog'liqdir. Obyektiv mavjud bo'lgan borliqni to'g'ri yoki taxminan to'g'ri aks ettiruvchi ilmiy bilimning obyektivligini tan olish uning o'zagini tashkil etadi. Haqiqat bilimlarning mohiyatidan iboratdir, ular bilimni anglovchi kishining irodasi va istaklariga bog'liq bo'lmaydi. Ammo ayni vaqtda obyektiv sifatlar, aloqalar va tashqi dunyoning munosabatlari bilim subyektining ongida in'ikos etib, uning bilish predmetiga aylanadi, undan muayyan xulosalar chiqariladi, u yoki bu munosabat shakllantiriladi.
Ushbu subyektiv holatlar ta'lim jarayoni sifatini boshqaruvchi maktabgacha ta'lim muassasasi pedagogik va boshqaruv xodimlarining yaxshi nazariy tayyorgarligi sharoitida obyektiv mazmun bilan mos keladi.
Modomiki, maktabgacha ta'lim sifatini boshqarish jarayoni hamisha, eng awalo, baholash ko'rsatkichlarini tanlash, tegishli baholash mezonlaridan foydalanish, olingan ma'lumotlarni ekspert baholashi mobaynida talqin qilishning to'g'riligi va hokazolar bilan bog'liq yetarlicha miqdordagi subyektiv omillarni o'ziga qamrab olar ekan, bunda uning subyektlari uchun olingan ma'lumot va uning bahosining xolisligiga va aniqligiga erishishga intilish o'ta muhimdir.
Maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim jarayoni sifati va samaradorligini takomillashtirishga nisbatan bu prinsipni amalga oshirish quyidagilarni taqozo etadi:
ta'lim jarayoni sifatini belgilovchi muhim xususiyatlarni muvaqqat omillar tufayli paydo bo'ladigan nomuhim xususiyatlardan ajratish va buning natijasi sifatida boshqaruv ta'sirlarining to'g'ri yo'nalishini tanlash;
ta'lim jarayonini uning miqdoriy va sifat tavsiflari birligida tadqiq qilish;
ta'lim jarayoni sifati va uning natijalarini ularni keltirib chiqargan aniq tashqi va ichki holatlar kontekstida ко'rib chiqish;
informativlik, obyektivlik va ishonchlilik talablariga javob beruvchi nazorat-baholash vositalaridan foydalanish.
Do'stlaringiz bilan baham: |