Mamlakatning umumiy energetika masalalari. Elektr stansiyalari va energiya tizimi


Download 29.56 Kb.
bet1/2
Sana04.08.2023
Hajmi29.56 Kb.
#1665207
  1   2
Bog'liq
Mamlakatning umumiy energetika masalalari


Mamlakatning umumiy energetika masalalari. Elektr stansiyalari va energiya tizimi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektr energetika sohasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 
– Elektr energetikasi iqtisodiyotning "motori" boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, umuman hayotni bu sohasiz tasavvur qilib boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizda jami 14 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlib, uning 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi. 
Biroq, issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarining 84 foizi qariyb yarim asr avval ishga tushirilgan boʻlib, ular ham 83 foizga ishlamoqda, xolos. 
Rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilgʻi sarflansa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar koʻp yoqilgʻi sarflanadi. 
Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab 2030 yilga borib 20 ming megavattga yetadi. 
Mamlakatimizda elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda 2030-yilga borib uni yanada koʻproq sarflash – tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish deganidir. 
– Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilgʻi sarfini qisqartirish boʻyicha mutlaqo yangi yechimlardan biri boʻladi, biroq buning uchun hali 8-10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa vaqtda tizimda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish lozim, – dedi Prezidentimiz. 
Yigʻilishda 2030-yilga borib qoʻshimcha talab etiladigan 12,5 ming megavatt quvvatlarni yaratish chorasini koʻrish, jumladan, bugʻ-gaz qurilmalari, atom elektr stansiyasi, gidroelektrstansiyalar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalaridagi energobloklarni yangilash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni elektr energiyasi tizimiga ham joriy qilish orqali zarur boʻladigan quvvatlarni qoplash boʻyicha vazifalar belgilandi. 
Shuningdek, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga 3,9 ming megavattli bugʻ-gaz va gaz-turbina qurilmalari hamda Angren shahrida va Surxondaryo viloyatida koʻmirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish choralarini koʻrish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi. 
Yigʻilishda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yangi obyektlar qurishni jadallashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilab olindi. 
Shu munosabat bilan kelgusi yildan elektr energiyasi sotishdan tushadigan mablagʻlarning 15 foizini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va kreditlarni qaytarish uchun yoʻnaltirish lozimligi taʼkidlandi. 
Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash vazifasi topshirildi. 
– Tizimda amalga oshiriladigan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilishni taqozo qilmoqda. Lekin, na normativ-xuquqiy baza va na texnik infratuzilma bunga tayyor emas. Masalan, xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini energotizimga qabul qilish masalasi hanuzgacha hal etilmagan. Oddiy misol, Turkiyada 60 foiz, Janubiy Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, – dedi Prezidentimiz. 
Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi va "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro ekspertlar xulosalari asosida sohaga xususiy sektorni jalb qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmining huquqiy, institutsional, texnologik asoslari ishlab chiqilishini taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi. 
Yigʻilishda 30 yildan koʻproq vaqtdan buyon foydalanib kelinayotgan tarmoqlar ulushi 62 foizni tashkil etishi, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punkti yangilanishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi. 
2017-2021 yillarga moʻljallangan dasturga asosan joriy yilda 34 ming kilometrlik elektr uzatish tarmogʻi va 7 ming transformator punktida, 2019-yilda 7 ming kilometr elektr uzatish tarmogʻi va 2 ming transformator modernizatsiya qilinishi lozim. 
Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga dasturda belgilangan tadbirlarni barqaror moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash yuzasidan topshiriq berildi. 
"Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga investitsiya majburiyatlarini bajarishi uchun uni moliyaviy mustahkamlash boʻyicha choralar koʻrish vazifasi yuklatildi. Shu jumladan, "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatiga uning 2019-2021 yillarda Tiklanish va tarraqiyot jamgʻarmasiga asosiy qarzini qaytarish muddatini 3 yilga uzaytirish boʻyicha yengilliklar berish masalasi ham koʻrib chiqildi. 
Yetkazilgan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorliklarni undirish samaradorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar natijadorligini yanada oshirishi kerakligi qayd etildi. 
Energiya resurslarining avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini joriy etish paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi. 
Masalan, mazkur tizimni Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida joriy etish boʻyicha chet el kompaniyasi bilan imzolangan shartnoma qiymati qayta koʻrib chiqilishi sababli uni amalga oshirish tasdiqlangan reja-jadvaldan 15 oyga kechikmoqda. 
"Oʻzbekenergo" AJ, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 1,4 million isteʼmolchini avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlarini jadallashtirishi zarurligi taʼkidlandi. 
Boshqa hududlarda 2019-2021 yillarda Osiyo taraqqiyot banki krediti hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish, avtomatik boshqaruv tizimining yagona markazini tashkil etish, kelgusi 3 yilda 5,6 million dona zamonaviy elektr hisoblagich oʻrnatish vazifasi yuklatildi. 
Prezidentimiz qoʻshni davlatlar energiya tizimlariga tranzit xizmati koʻrsatish, buning uchun ular bilan muzokaralarni yoʻlga qoʻyish, yurtimizning tranzit va eksport salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha "Yoʻl xaritasi" ishlab chiqilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi. 
Energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar barpo etish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish "Oʻzbekenergo" aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi. 
Yigʻilishda elektr energetika sohasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etilib, sohani jadal rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi. 
O‘tgan hafta oxirida Toshkent shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi Elektr energetika kengashining 51-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda MDHga a’zo mamlakatlar davlat hokimiyati organlari va milliy elektr energetika kompaniyalarining rahbarlari qatnashdi.
Sir emaski, elektr energiyasi bugungi kunda hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Zero, uyimizdagi elektr lampasi, televizor va kompyuterlar, kichik va yirik ishlab chiqarish korxonalari, oziq-ovqat tayyorlashdan tortib, gigant sanoat ob’ektlari ham elektr energiyasi bilan ishlaydi. Insoniyat maishiy hayoti takomillashib, yaxshilanib borar ekan, uning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoji tobora oshib boraveradi. Aytaylik, 2000 yilda yurtimizda bitta xonadonning oylik elektr iste’moli 114 kVt soatni tashkil etgan bo‘lsa, 2016 yilda bu ko‘rsatkich 160 kVt soatga yetdi. Shubhasiz, bu o‘rinda iste’molchiga elektrni uzluksiz uzatishni yaxshilash, energetika xavfsizligi muhim ahamiyat kasb etadi. 
Yuqorida ta’kidlaganimizMDH Elektr energetika Kengashining asosiy vazifasi MDHga a’zo davlatlarning elektr energetika, shu jumladan, kollektiv energetika
xavfsizligini ta’minlash sohasidagi hamkorlikning tamoyillari va yo‘nalishlari to‘g‘risida takliflar ishlab chiqish, a’zo davlatlar umumiy elektr energetika bozorining faoliyat yuritishini ta’minlashning iqtisodiy va huquqiy shartlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish masalalari hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, MDH Elektr energetika kengashining bosh maqsadi MDHga a’zo mamlakatlarning elektr energetika tizimlari birlashmasining samarali faoliyati asosida Hamdo‘stlik davlatlari iqtisodiyotini va aholisini elektr energiyasi bilan barqaror va ishonchli ta’minlashga qaratilgandir. 
Majlisda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Sultonov, Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri A.Novak, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibining o‘rinbosari S.Ivanov va boshqalar keyingi yillar mobaynida tashkilotga a’zo davlatlarning elektr energetikasi sohasidagi hamkorligini yo‘lga qo‘yish va xavfsizligini ta’minlash, integratsiya tamoyillari hamda yo‘nalishlarini belgilash borasida qator ishlar amalga oshirilganini ta’kidladilar. Jumladan, umumiy elektr energetika bozorining birgalikdagi faoliyat yuritishiga erishish uchun iqtisodiy va huquqiy sharoitlar yaratilgani qayd etildi.
Majlisda MDHga a’zo davlatlar energetika tizimining 2017—2018 yillar kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini ta’minlash to‘g‘risida ham so‘z yuritildi. Elektr energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama etilishi asnosida «MDH doirasida elektr energetika sohasidagi xalqaro shartnomalar, xamda MDH Elektr energetika kengashining me’yoriy va texnik hujjatlari to‘g‘risida»gi, «Ishchi guruhning energosamaradorlik va qayta tiklanuvchan energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha hujjatlari to‘g‘risida»gi shartnomalar ko‘rib chiqildi. 
Kengash majlisi ishi samarali bo‘lganini ta’kidlagan holda, shu o‘rinda soha yuzasidan mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritsak. Ayni kunda O‘zbekistonda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi energiya resurslari ishlab chiqarishni kengaytirish, muqobil energiya ishlab chiqarish rivoji borasida ham izchil islohotlar olib borilmoqda. Bugungi kunda elektr energiya sohasidagi islohotlarni hayotga joriy etishda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalasi ustuvor ahamiyatga egadir. 
“O‘zbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati elektroenergetika sohasida mamlakatimizdagi vakolatli organ sifatida iqtisodiyotimiz tarmoqlari va aholining markazlashgan elektr ta’minotini amalga oshirish bilan bir qatorda respublikamiz shaharlaridagi sanoat hamda kommunal-maishiy iste’molchilarni issiqlik energiyasi bilan ham ta’minlaydi.
Ayni paytda “O‘zbekenergo” AJ tarkibida 54 ta korxona mavjud. 40 ta aktsiyadorlik jamiyati, 11 ta unitar korxona va 3 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat shular jumlasiga kiradi. Hozirgi kunda O‘zbekiston elektrostantsiyalarining belgilangan jami quvvati 14,1 million kilovattdan oshadi. Xususan, “O‘zbekenergo” AJ tomonidan 13,6 million kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarilmoqda. Ushbu elektr energiyasining 85 foizi issiq elektr stantsiyalari, 12 foizi gidroelektrostantsiyalar ulushiga to‘g‘ri keladi. 
“O‘zelektrtarmoq” unitar korxonasi o‘zining jami uzunligi 8,8 ming kilometrli 220-500 kV kuchlanishli magistral tarmoqlari orqali elektr energiyasini manbadan taqsimlash korxonalariga yetkazib berishga ixtisoslashgan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 4 martdagi 2017—2021 yillar davrida “O‘zbekenergo” AJda tuzilmaviy o‘zgarishlarni hamda ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalashni ta’minlash borasidagi farmoniga muvofiq, jami qiymati 11 milliard AQSh dollari miqdoridagi 62 ta investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilayotir. Shunisi e’tiborga molikki, yuqoridagi loyihalardan 25 tasi issiqlik energetikasi sohasiga tegishli hisoblanadi. 
Issiqlik energetikasi sohasidagi tadbirlarni ro‘yobga chiqarish yuqori samarali bug‘-gaz va gaz turbina qurilmalari negizida zamonaviy texnologiyalarni elektr energiyasi ishlab chiqarishga joriy etishni ta’minlaydi. Bundan tashqari, “O‘zbekenergo” AJ elektr energiyasi nazorat qilish va hisoblashning avtomatlashgan tizimini amaliyotda qo‘llash bilan elektr energiya hisobi tizimini modernizatsiyalashga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Mazkur loyiha kelgusida bosqichma-bosqich ravishda butun mamlakat hududida amalga oshiriladi. Darvoqe, dunyoning boshqa mamlakatlarida ham bu masala dolzarbligicha turibdi.
Shuning uchun ham hozirgi kunda butun dunyoda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etayotir. Bunda ayniqsa, quyosh va shamol energiyasidan foydalanish istiqbolli hisoblanadi. Aytish kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda bu kabi qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish borasida samarali loyihalar ishlab chiqilmoqda. Jumladan, yaqin yillar ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida Samarqand, Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida har biri 100 mVt quvvatli 3 ta quyosh elektr stantsiyasini va Navoiy viloyatida 102 mVt quvvatli shamol elektrostantsiyasini qurish ko‘zda tutilmoqda. 
Dasturda belgilangan energiya tejovchi zamonaviy texnologik uskunalarni amaliyotga joriy etish kamroq issiqlikni sarflagan holda energiya ishlab chiqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirishga imkon beradi. Respublika iste’molchilarini elektr bilan barqaror ta’minlash hamda energiya zaxiralari sarfini kamaytirish maqsadida 2016 yilda Tallimarjon issiqlik elektr stantsiyasida 450 mVt quvvatli ikkita bug‘-gaz bloki foydalanishga topshirildi. Ular yiliga 7 milliard kVt soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Shuningdek, Angren issiqlik elektr stantsiyasida 150 million mVt quvvatli energoblok ishga tushirildi. Uning yillik elektr ishlab chiqarish hajmi esa 900 million kVt soatni tashkil etadi. Ayni paytda Navoiy issiqlik elektr stantsiyasida 450 mVt quvvatga ega bo‘lgan ikkinchi bug‘-gaz qurilmasini, Taxiatosh issiqlik elektr stantsiyasida 230-280 mVt quvvatli ikkita bug‘-gaz qurilmasini hamda Namanganda umumiy quvvati 900 mVt bo‘lgan To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stantsiyasini barpo etish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari (shamol, quyosh, gidravlik energiya)ning katta zaxirasiga ega bo‘lib, ularni issiqlik-energetika balansiga kirgizish istiqbolli hisoblanadi. Nega deganda, mamlakatning barcha mintaqalarida quyoshli kunlarning davomiyligi yiliga 2650 soatdan 3050 soatgachani tashkil etadi. Mutaxassislarning tahliliga ko‘ra, yurtimizda quyosh yorug‘ligining yalpi quvvati 525 milliard kVt soatdan 760 milliard kVt soatgacha deb baholanmoqda.
Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish maqsadida, birinchi navbatda, gidroenergetik salohiyatdan foydalanish bo‘yicha xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda Toshkent, Qodiriya, Quyi Bo‘zsuv va Shahrixon kaskadlarini modernizatsiyalash va rekonstruktsiyalashning investitsion loyihalari amalga oshirilmoqda. 
Mamlakatimiz iqtisodiyotida ko‘mir sanoati ham muhim o‘rinni egallaydi. Iqtisodiyotni va aholini ko‘mir bilan barqaror ta’minlash mamlakatdagi iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Ayni vaqtda respublikamizda aniqlangan ko‘mir zaxiralari 2,2 milliard tonnani, taxminiy zaxiralar miqdori esa 5,7 milliard tonnadan ziyodni tashkil etishini nazarda tutsak, sohaning istiqbolli ekani o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.
Umuman olganda, O‘zbekiston energetika balansida ko‘mir ulushini ko‘paytirish muhimligini e’tiborga olgan holda 2017—2021 yillarda ko‘mir sanoatini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda. Ayni kunda yiliga o‘rtacha 3,7 million tonna ko‘mir qazib olinayotgan bo‘lsa, qabul qilinayotgan dasturning amaliyotga joriy etilishi tufayli 2030 yilga borib, yiliga 14 million tonnaga yetadi.
Biz yuqorida asosan, elektr energiyasini hosil qilish va uzatish, uning xavfsizligini ta’minlash borasida so‘z yuritdik. Xulosa o‘rnida esa ushbu ne’mat qanchadan-qancha gaz, suv va ko‘mir mahsulotlari va insonlar mehnati evaziga bunyod etilayotganini aytmoqchi edik. Har birimiz bu mehnatni qadrlasak, elektr energiyasidan tejamkor foydalansak, zarur to‘lovlarni vaqtida to‘lasak, iqtisodiyotimiz ravnaqiga va hayotimiz farovonligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Mamlakatimizda energetika tizimini rivojlantirishda barcha manbalardan foydalanilmoqda. Mavjud quvvatlarni mustahkamlash bilan birga quyosh, shamol va gidro elektr inshootlari barpo etilmoqda.
Xususan, so‘nggi yillarda gidroenergetika yo‘nalishida 500 million dollarlik 27 ta loyiha amalga oshirilib, qo‘shimcha 260 megavattli quvvatlar yaratildi. “O‘zbekgidroenergo” tizimidagi stansiyalarning umumiy quvvati 2 ming megavattdan oshdi. Bu – yiliga 2 milliard kub metr tabiiy gaz tejalmoqda, degani.
Joriy yilda 197 megavattli 7 ta loyiha va 10 ta mikro gidroelektr stansiya ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Yana 438 megavattli 8 ta istiqbolli loyiha va 50 ta mikro GES qurish bo‘yicha ishlar boshlanadi.
Davlatimiz rahbari gidroenergetikada salohiyat yuqoriligini ta’kidlab, quvvatlarni keskin oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bu borada mikro gidroelektr stansiyalar qurish mumkin bo‘lgan 250 ta maydon aniqlangan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, kelgusida bu inshootlarda yiliga 675 million kilovatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqarib, 200 million kub metr gazni tejash mumkin.
Mikro GESlardan elektr energiyasini yuqori narxlarda sotib olish yo‘lga qo‘yilgach, sohaga tadbirkorlar qiziqishi ortdi.
Gidro energetika inshootlari atrofidagi bo‘sh maydonlarda shamol va quyoshga moslashgan gibrid stansiyalar qurish bo‘yicha topshiriq berildi. U yerlarda tayyor infratuzilma borligi hisobiga xarajatlar kam bo‘ladi.
Davlatimiz rahbari sohada mahalliylashtirish masalasiga ham to‘xtaldi. “Suvsanoatmash” aksiyadorlik jamiyatida mikro GES uskunalari, Toshkent viloyatida gidroagregatlar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi.
Suv omborlarini boshqarishni raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Yig‘ilishda aholini energiya bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari muhokama qilindi. Prezidentimiz mavjud barcha zaxiralarni ishga solish, yangi va istiqboldagi loyihalarni muddatidan kechiktirmagan holda amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Energiya tanqisligi sharoitida kunlik ishlab chiqarishni ko‘paytirish, resurslarni adolatli va samarali taqsimlab, joylarga izchil yetkazib berish, uzilishlarni tezkor bartaraf etish vazifalari belgilandi.
Keyingi paytlarda davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilayotgan har bir yigʻilishda energetika masalasi qizgʻin muhokama etilayotganiga guvoh boʻlyapmiz. Prezidentimiz qaysi soha vakillari bilan uchrashmasin, qay darajada yigʻilishlar oʻtkazmasin, asosiy eʼtiborni xalqimizni sifatli va uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlashga qaratmoqda. Jumladan, yaqindagina vodiy viloyatlari hamda Jizzax viloyatiga tashrifi, shuningdek, Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda ham energiya taʼminoti bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.
Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda biz — bir guruh mutaxassislar, ilm kishilari ishtirok etib, davlatimiz rahbarining mazkur masalaga nechogʻliq eʼtibor qaratayotgani, tizimdagi muammolarni chuqur tahlil qilib, ularning yechimiga doir aniq va manzilli takliflar berganiga guvoh boʻldik. Yanvar oyidagi qahraton va qorli kunlar elektr energiyasi hamda tabiiy gaz taʼminoti bilan bogʻliq masalalarni kun tartibiga olib chiqdi. (Ayozli kunlarda isteʼmolchilarning energiya resurslariga ehtiyoji ortishi tabiiy hol, albatta.)
Havo harorati keskin tushib ketishi natijasida aholi turli isitish moslamalaridan foydalandi. Bu esa elektr energiyasi isteʼmolining keskin ortishiga va elektr tarmoqlari zoʻriqishiga olib keldi. Natijada qator hududlardagi elektr tarmoqlarida nosozlik kuzatildi. Isteʼmolchi soni koʻpaygani holda elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshmagani haqida taxminlar paydo boʻldi. Xoʻsh, bu gaplar qanchalik asosli edi?
Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish va isteʼmolchilarga yetkazib berish hajmi yildan-­yilga ortmoqda. Energetika vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2016-yilda qariyb 59 milliard kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan boʻlsa, 2022-yilda bu koʻrsatkich 74,3 milliard kVt. soatni tashkil etgan. Olti yilda oʻsish 25,9 foiz yoki 15,3 milliard kVt. soatga koʻpaygan.
Shuningdek, aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash koʻrsatkichi ham oshgan. 2016-yilda isteʼmolchilarga 45,7 milliard kVt. soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2022-yilda bu koʻrsatkich 62,4 milliard kVt. soatni tashkil etgan. Oʻsish koʻrsatkichi 36,5 foiz yoki 16,7 milliard kVt. soatga oshgan. Modomiki, barcha koʻrsatkichlar oshib borgan ekan, unda nega energiya taqchilligi kuzatildi? Nima uchun energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash kun tartibidagi asosiy masalaga aylandi? Quyida mazkur savollarga javob izlashga harakat qilamiz.
Odatda iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligi yalpi ichki mahsulot (YAIM)ning energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichi orqali ifodalanadi. U YAIMga nisbatan energiya resurslari sarfining solishtirma koʻrsatkichidir. Soddaroq tushuntirsak, muayyan qiymatga teng YAIM yaratish uchun sarflanadigan energiya resurslari sarfi energiya sigʻimdorligidir.
Agar mazkur koʻrsatkichning Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlaridagi qiymati tahlil etilsa, energiya sigʻimdorligi xorijiy mamlakatlar bilan taqqoslaganda 2-­3 barobar koʻp. Yaʼni muayyan hajmdagi mahsulotni ishlab chiqarishda Oʻzbekistonda 3 tonna shartli yoqilgʻi energiya resursi sarflansa, boshqa mamlakatlarda bu koʻrsatkich 1­-1,5 tonna shartli yoqilgʻini tashkil etmoqda.
Mazkur raqamlardan koʻrish mumkinki, qiymati 1000 AQSH dollariga teng YAIM yaratish uchun Oʻzbekistonda xorijiy mamlakatlardagiga nisbatan 2­3 barobar koʻp energiya resursi sarflanmoqda. YAIM energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichining 2001-­2022-yillardagi oʻzgarish tendensiyasi tahlili koʻrsatadiki, energiya sigʻimdorligi 0,738 k.n.e./doll (bir kg. neft ekvivalentining dollarga nisbati)dan 0,140 k.n.e./doll.ga yoki 5,27 barobar kamaygan. Bugun dunyo boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich 0,11 k.n.e./doll ekani hisobga olinsa, mamlakatimizdagi hozirgi holat dunyodagi oʻrtacha raqamdan yuqori ekani ravshanlashadi.
Bu esa tizimda energiya sigʻimdorligini kamaytirish dolzarbligini anglatadi. Oʻz navbatida, energiya sigʻimdorligini kamaytirish energiya taqchilligi bilan bogʻliq muammolarni hal qilishning asosiy yoʻnalishlaridan biridir. Shu maqsadda Oʻzbekiston hukumati 2030-yilga qadar iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha energiya sigʻimdorligini 50 foiz kamaytirish yoʻnalishida qator ishlarni bajarmoqda.
Jumladan, iqtisodiyotning yuqori energiya sigʻimdor tarmoqlarini modernizatsiyalashga qaratilgan davlat dasturlari qabul qilingani, har bir tarmoqda energiya isteʼmolini kamaytirish boʻyicha maqsadli koʻrsatkichlar oʻrnatilgani hamda ularning bajarilishi muntazam nazorat qilinayotgani shular jumlasidan.
Mazkur yoʻnalishdagi chora­ tadbirlarni tizimli qoʻllash maqsadida Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora­-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Unga koʻra, 2020­-2022-yillarda vazirlik va idoralar tarkibidagi yirik energiya isteʼmolchilari boʻyicha 3,3 milliard kVt. soat elektr energiyasi, 2,4 milliard kub metr tabiiy gaz va 21,1 ming tonna neft mahsulotlarini tejashga erishildi. Shu bilan birga, 2030-yilga qadar har bir yil uchun maqsadli koʻrsatkichlar belgilangan. Ularning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi muntazam nazorat qilinmoqda. Pirovardida, 2030-yilga borib energiya sigʻimdorligi koʻrsatkichini bugungi 0,14 k.n.e./doll. dan 0,0976 k.n.e./doll.gacha kamaytirish maqsad qilingan.
Bugungi kunda ishlab chiqarilayotgan umumiy elektr energiyasi miqdorida sanoatning ulushi yildan­-yilga ortib bormoqda. Ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasining sanoat tarmoqlari tomonidan isteʼmoli 40 foizdan 50 foizga oʻsmoqda. 2022-yilda isteʼmolchilarga yetkazilgan 74,3 milliard kVt. soat elektr energiyasidan 44,8 milliardini sanoat tarmoqlari sarflagan.
Prognozlarga koʻra, 2025-yilga borib umumiy ishlab chiqarilgan 91,8 milliard kVt. soat elektr energiyasining 60 milliardi, 2030-yilda esa 120,8 milliard kVt. soat elektr energiyasining 85 milliardi sanoat tarmoqlari tomonidan ishlatiladi. 2016-yilda isteʼmolchilarga yetkazilgan 58,9 milliard kVt. soat elektr energiyasining sanoatdagi ulushi 20,6 milliardni tashkil etgan.
Raqamlar tahliliga koʻra, mamlakatimizda soʻnggi 6 yilda sanoatning elektr energiyasi isteʼmolidagi ulushi 46 foiz yoki 24,2 milliard kVt. soatga oshgan. Ishlab chiqarishda elektr energiyasi sarfining bu qadar tez surʼatda oshib borishi mazkur tarmoqda quvvat samaradorligini oshirish vazifasini kun tartibiga olib chiqdi.
Soʻnggi yillarda Toshkent davlat texnika universiteti professor­-oʻqituvchilari tomonidan bu borada qator ilmiy tadqiqotlar olib borilib, natijalari amaliyotga joriy etildi. Jumladan, sanoat korxonalarining texnologik jarayonida energiya samarador va energiya tejamkor ish rejimini aniqlash usullari, energiya resurslari isteʼmolini meʼyoriga keltirish, prognozlash, monitoring qilishga oid dasturiy mahsulotlar, energiya va resurstejamkor elektr mashinalar, elektr energiyasidagi isrof garchilikni kamaytirish usullari ishlab chiqildi.
“Oʻzmetkombinat” AJ, “Olmaliq kon­metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiy kon­metallurgiya kombinati” DK, “Maksam Chirchiq” AJ va boshqa korxonalarda amaliyotga joriy etilib, texnologik jarayonda energiya sarfini kamaytirish va resurs tejamkorligiga erishildi.
Mamlakatimiz quyosh, shamol va boshqa muqobil energetikani rivojlantirish uchun juda yuqori salohiyatga ega. Buni soʻnggi yillarda yurtimizning koʻplab hududida barpo etilayotgan yangi fotoelektr stansiyalar va ularning samaradorligi misolida koʻrish mumkin. Umuman olganda, energetika resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish, muqobil energiya manbalarini ishga solish evaziga energiya taqchilligiga barham berish bugun mamlakatimizda asosiy vazifaga aylangan.
Prezidentimiz Sergeli tumaniga tashrifi chogʻida Toshkent shahrida energetika va transport infratuzilmasini rivojlantirish, mahallalarni obod qilish va aholi bandligini oshirish masalalari boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda mazkur yoʻnalishda oldimizda turgan vazifalarga batafsil toʻxtaldi. Avvalambor, qayta tiklanuvchi energiya salohiyatidan foydalanish zarurligi, shaharda kamida 2 ming megavattga yaqin quvvatli quyosh panellarini oʻrnatish mumkinligi aytildi.
Koʻp qavatli uylar, ijtimoiy soha obyektlari, davlat idoralari va tadbirkorlik obyektlarining tom qismi, sanoat zonalari hududi, avtoturargohlar va yirik suv inshootlari hududini qamrab olish mumkin. Bu choralar koʻrilsa, hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilda kutilayotgan 240 million kilovatt soatlik talabni 4 barobar ortigʻi bilan, yaʼni 1 milliard 80 million kilovatt soat hajmda taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi.
Ayniqsa, turarjoy binolariga quyosh panellarini oʻrnatish orqali aholi oʻzining elektr taʼminotiga talabini taʼminlab, ortganini tarmoqqa sotishi mumkin. Yurtdoshlarimizdan sotib olinadigan har bir kilovatt elektr energiyasi uchun ming soʻmdan tarif belgilangani aholining quyosh panellaridan foydalanish salmogʻini oshirishga qaratilgan asosiy saʼy-­harakatlardan biri boʻldi.
Chunki hozirgi sharoitda xarajattalab loyihalarni joriy etish orqali elektr taʼminoti tizimi uzluksizligi taʼminlanmasa, davlat tomonidan turli imtiyoz, qulaylik va ragʻbat boʻlmasa, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga erishish oson kechmaydi. Bu usul xorijiy tajribada ham oʻzini oqlagan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish aholi xonadonlarini uzluksiz energiya bilan taʼminlashgagina bogʻliq emas. Chunki dunyo miqyosida jami energiya isteʼmolining 23 foizi turar joy sektoriga toʻgʻri kelsa, Oʻzbekistonda ushbu koʻrsatkich qariyb 40 foizni tashkil etadi.
Tahlillarga koʻra, mamlakatimizda bir yilda 1 kvadrat metrga sarflanadigan energiya miqdori 390 kVt. soatni, Yevropada esa oʻrtacha 120-150 kVt. soatni tashkil etmoqda. Geografik jihatdan Oʻzbekiston bilan bir oʻrinda turadigan Gretsiyada 1 kvadrat metr uchun 200 kVt. soat, Portugaliyada 120 kVt. soat energiya ishlatiladi. Rivojlangan Yevropa davlatlarida bir yilda 1 kvadrat metrga sarflanadigan energiya miqdori esa 70­80 kVt. soat va undan kam koʻrsatkichni qayd etgandagina binolar energiya samarador hisoblanadi. Xoʻsh, energiya sarfi bir necha barobar yuqori boʻlishiga qanday omillar taʼsir qilmoqda?
Buning turli sabablari mavjud. Birinchidan, turar joy binolarini loyihalash, qurishda energiya samaradorlik koʻrsatkichlari toʻliq tadqiq etilmaydi. Ikkinchidan, mavjud va bundan 30­-40 yil oldin barpo etilgan turar joy binolari qurilishida qoʻllangan va aksariyat hollarda bugun ham ishlatilayotgan issiqlik saqlovchi materiallarning harorat saqlash xususiyati pastligi, binolarning texnik koʻrsatkichlari zamonaviy energiya samaradorligi talablariga javob bermaydi.
Uchinchidan, isitish va havoni moʻtadil saqlash tizimlarining samaradorligi past. Toʻrtinchidan, turar joy binolarini qurishda va rekonstruksiya qilishda normativ va texnologik kamchiliklar va boshqa shu kabi omillar mavjud. Aynan shunday sharoitda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini qoʻllash nechogʻliq samarali hisoblanadi? Mavjud va yangi quriladigan uy-­joylarda istiqomat qiluvchi aholini elektr energiyasi bilan taʼminlash uchun zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari hamda issiq suv bilan taʼminlash uchun quyosh suv isitkichlari oʻrnatish maqsadga muvofiqmi?
Hisob-­kitoblarga koʻra, zamonaviy quyosh fotoelektrik stansiyalari hamda quyosh suv isitkichlari aholining elektr va issiqlik energiyasiga sarflaydigan energiya resurslarini 40 foizgacha tejash imkonini beradi. Shu bilan birga, xorij tajribasi asosida bosqichma-­bosqich issiqlik nasoslaridan foydalanish orqali isitish va sovitish tizimining joriy etilishi tufayli energiya resurslari sarfini uch barobargacha kamaytirish mumkin.
Elektr energiyasidan foydalanish jarayonida isrof koʻpligi energiya samaradorligi pasayishiga sabab boʻlmoqda. Prezidentimiz Sergeli tumanida oʻtkazilgan yigʻilishda ham, Jizzax viloyati faollari bilan uchrashuvda ham bu masalaga alohida toʻxtaldi. Jumladan, Toshkent shahrida bu koʻrsatkich 12, Jizzax viloyatida 23 foizni tashkil etishi qayd etildi. Oʻz navbatida, Jizzax viloyatida mazkur koʻrsatkichni yil yakuniga qadar 14 foizga tushirish vazifasi berildi.
Mazkur viloyat misolida tahlil qilinsa, isteʼmolchiga uzatilayotgan elektr energiyasining deyarli toʻrtdan bir qismi elektr tarmoqlarida isrof boʻlayotgani koʻrinadi. Soddaroq tushuntirganda, 100 xonadonga yetadigan elektr energiyasi faqat 77 xonadonni taʼminlayotir. Elektr energiyasi isrofining ruxsat etilgan hajmi (12-14 foiz)ni hisobga olgan holda, qolgan 11 xonadon elektr energiyasidan mahrum boʻlib qolyapti.
Agar bu fakt bir viloyat yoki katta quvvatli korxonalar misolida keltirilsa, juda katta qiymat hosil boʻladi. Elektr tarmoqlari orqali elektr energiyasi uzatishdagi isrofgarchilik miqdori oʻrtacha 14 foizni, jumladan, yuqori kuchlanishli tarmoqlarda 2,1 foiz yoki umumiy isrofgarchilikning 15 foizini, past kuchlanishli tarmoqlarda esa 11,9 foiz yoki umumiy isrofgarchilikning 85 foizini tashkil etmoqda.
Mazkur koʻrsatkich jahonda oʻrtacha 8,1 foiz; rivojlangan davlatlar, jumladan, Yaponiyada — 3 foiz, Janubiy Koreyada — 4 foiz, Germaniyada — 4,3 foiz, Avstraliyada — 5,3 foiz, Rossiyada 10 foiz. Mamlakatimizda elektr energiyasidagi isrofgarchilikning asosiy ulushi past kuchlanishli elektr tarmoqlari hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa mazkur tarmoqlar eskirgani, mukammal emasligi, tarmoq parametrlarini tanlashda oʻtgan asrning 60­-80­-yillarida ishlab chiqilgan usullar qoʻllangani, loyihalash jarayonlari avtomatlashtirilmagani va boshqa omillar bilan bogʻliq.
Qolaversa, loyihalashda resurs va energiyatejamkor texnologiyalar, ilmiy asoslangan yechimlar, elektr tarmoqlarini kelajakda rivojlantirish tendensiyasi hisobga olinmagan, jumladan, energiya isrofini kamaytirish vositalaridan foydalanilmagan. Yanvar oyida kuzatilgan energiya taqchilligi sharoitida past kuchlanishli elektr tarmoqlari, yaʼni liniya va transformatorlar yuqori quvvatga dosh bera olmadi.
Natijada katta yuklama sabab elektr taʼminotida uzilishlar qayd etildi. Mazkur muammo yechimi boʻyicha Janu biy Koreya tajribasini taklif etdik. Yuqorida qayd etilganidek, bu davlatda elektr tarmoqlaridagi isrofgarchilik oʻrtacha 4 foizni tashkil etadi. “Janubiy Koreya bunday tajribaga qanday erishdi?”, “Qanday usul yoki vositalarni qoʻllash orqali bunday koʻrsatkich taʼminlandi?” kabi savollar tugʻilishi tabiiy.
Yuqori va past kuchlanishli elektr tarmoqlarida energiya isrofgarchiligini kamaytirishning bir nechta usul va turlari mavjud. Janubiy Koreya nafaqat pastki kuchlanishli, balki yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida ham energiya tejovchi, energiya samarador texnologiyalarni joriy etish natijasida shunday koʻrsatkichga erishgan. Oʻzbekiston sharoitida elektr energiyasi isrof boʻlishining asosiy qismi past kuchlanishli elektr taʼminoti tizimida sodir boʻladi.
Shuni hisobga olib, isteʼmolchilar uchun moʻljallangan elektr taʼminoti tizimini loyihalashda transformator podstansiyalarini markazlashgan holatda emas, balki foydalanuvchilarni kichik guruhlash orqali taʼminlash taklif etildi. Shundan kelib chiqib, amaldagi kabi bitta transformator podstansiyasi yuzlab xonadonlarni emas, balki quvvatiga koʻra, koʻpi bilan 5 xonadonni elektr bilan taʼminlashda bitta transformator podstansiyasini qoʻllash taklif etildi.
Sodda qilib aytganda, mahallada turgan quvvati 250 kVA transformator podstansiyasi 50 xonadonni elektr bilan taʼminlaydi. Biroq liniyaning eng quyi boʻgʻinidagi isteʼmolchiga yetib borgunicha isrofgarchilik holati yuzaga kelib, elektr energiyasi taʼminotining sifati ham yomonlashadi. Taklif etilayotgan loyihada esa aynan har 5 xonadon uchun kichik quvvatli 25 kVA transformator podstansiyasini oʻrnatish va u orqali mazkur xonadonlarni elektr energiyasi bilan taʼminlash nazarda tutilgan.
Hozirgi holatda past kuchlanishli elektr tarmoqlarida oʻrtacha energiya isrofi 12­-14 foizni tashkil etsa, taklif etilayotgan usul yordamida bu koʻrsatkichni 3 foizga tushirish mumkin. Eng muhimi, isteʼmolchilarni sifatli elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyati ham yaratiladi. Buni asosiy sifat koʻrsatkichlaridan biri boʻlgan kuchlanish qiymati nominalligini taʼminlash misolida koʻrish mumkin. Yaʼni bugungi kunda past kuchlanishli elektr tarmoqlarining kuchlanish yoʻqotishi 8-­10 foizni tashkil etsa, mazkur usulning joriy etilishi tufayli koʻrsatkich 3­5 foizgacha tushadi.
Taklif etilayotgan loyihaning tannarxi yuqori boʻlishi mumkin. Lekin yanvar oyidagi anomal sovuq natijasida sanoat korxonalari toʻla quvvatda ishlamagani, ishlab chiqarishga katta taʼsir koʻrsatgani, ijtimoiy soha obyektlaridagi ish unumdorligi pasaygani hamda aholining elektr taʼminotidagi uzilishlar tufayli yuzaga kelgan muammolar sohaga sarflangan xarajat, albatta, oʻzini oqlashiga ishonch beradi.
FOYDALANADIGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI

Download 29.56 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling