Manbalarda ko‘rsatilishicha Al Xorazmiy 783 yilda Xorazmda tavallud topgan
Download 28.84 Kb.
|
Al Xorazmiy matn
Al Xorazmiy Hayoti Abu Ja'far Muhammad in Muso al-Xorazmiy - dunyo ilm faniga mislsiz ulkan hissa qo‘shgan alloma, Algebra fani va Algoritm terminlarining “otasi”, buyuk matematik, tarixchi, falakkiyotshunos, geograf sifatida butun dunyoga mashhur. Buyuk alloma vatandoshimizning shaxsiy hayoti haqidagi ma'lumotlar nihoyatda kam miqdorda saqlanib qolgan. Manbalarda ko‘rsatilishicha Al Xorazmiy 783 yilda Xorazmda tavallud topgan. Bu davr musulmon sharqida ilmiy uyg‘onish, ilm fanning gurkirab rivojlanayotgan davri bo‘lib, al-Xorazmiy Movarounnahr va Xorazmdagi o‘z zamonasining yetuk olimlaridan ilm tahsil qiladi. U qadimgi hind va yunon ilm fani bilan mukammal tanishib, ular asosida va o‘z ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha risolalar yozishni Xorazmdaligida boshlagani ma'lum. 819 yilda esa u xalifalik poytaxti - Bog‘dodga yetuk alloma sifatida kelgan, va xalifa al-Ma'mun (813-873) tomonidan tashkillangan "Baytul-Hikma" ya'ni "Donishmandlar uyi" ga rahbarlik (!) qilgan. Shuningdek u xalifaning saroydagi ishonchli kishilaridan biri, maslahatchisi bo‘lganligi qayd qilingan. Xalifa Ma'mun, hali taxtga o‘tirmagan vaqtda (ya'ni valiaxdlik vaqtida ) xalifalikning sharqiy hududlarida xalifa noibi bo‘lib xizmat qilgan va o‘sha davrda al-Xorazmiy bilan yaqindan tanishib, uning ilmiy salohiyatini to‘g‘ri baholagani va uni Bog‘dod yaqinidagi Qatrabula shahriga joylashtirganligi tarixiy manbalarda keltiriladi. Al-Xorazmiy ham o‘z navbatida halifa Ma'munning ilm fanga qaratgan diqqat e'tiborini yuqori baholab, u haqida "ilmga muhabbati va olimlarni o‘z atrofiga yig‘ishi, ularni o‘zining davlandtmandlik qudrati qanotlari bilan himoyalab, ular uchun mushkul bo‘lgan (muammo)larning oson hal bo‘lishiga va ular uchun tushunarsiz bo‘lgan (hodisalar)ning tushunarli bo‘lishiga doimo yordam beruvchi odil hukmdor sifatida ta'riflaydi. "Baytul-Hikma" - o‘ziga xos sharqona akademiya bo‘lib, Ma'mun "Baytul-Hikma"sida o‘z davrining eng yetuk tafakkur egalari, xalifalikning barcha yerlaridagi olim va fozillar aynan "Baytul-Hikma"da yig‘ilib, hamjihatlikda ish olib borishar edi. Bu akademiyada nihoyatda ulkan va boy ilmiy me'rosga ega bo‘lgan kutubxona, astronomik tadqiqotlar uchun qulay rasadxona va qadimgi yunon ilm faniga doir ko‘plab qo‘lyozmalarning tarjimalari bilan shug‘ullanuvchi tarjimonlar va xattotlar ish olib borardi. Aynan shu davrda, Ma'mun "Baytul-Hikma"sida al-Farg‘oniy, Ibn Turk, al-Kindi kabi ko‘plab buyuk olim va faylasuflar ish olib borishgan. Halifa Ma'munning shaxsan topshirig‘iga ko‘ra, al-Xorazmiy yer shari o‘lchamlari - hajmi va uzunligini o‘lchovchi asbob yasash ustida ish olib boradi. 827-yilda u boshchiligidagi ilmiy guruh, Sinjor cho‘lida yer shari meridianining yoy uzunligini o‘lchash ishlarini olib boradi. Sinjor cho‘lida al-Xorazmiy boshchiligidagi guruh qayd etgan meridian yoyi uzunligi, keyingi 700 yil davomida aniqligi bo‘yicha eng nodir natija bo‘lib qoldi va barcha ilmiy qo‘llanmalar uchun dasturul-amal bo‘lib xizmat qildi. Bu esa ulug‘ vatandoshimizning Geodeziya sohasida ham muhim ilmiy salohiyatidan darak beradi. Taxminan 830-yilda al-Xorazmiy halifa Ma'munga bag‘ishlangan ikkita asar yozadi, ulardan biri Algebra haqida bo‘lganligi ma'lum. 842-yilda halifa bo‘lgan al-Vasaq esa uni Hazar ekspeditsiyasiga boshliq qilib tayinlagani qayd etiladi. U haqidagi so‘nggi ma'lumot esa, 847-yilga tegishli bo‘lib, unda halifa al-Vasaqning vafot etgani va uning dafn marosimida yig‘ilgan e'tiborli shaxslar orasida al-Xorazmiy ham tilga olinadi. Ma'lumot aniq bo‘lmasa-da, al-Xorazmiyning vafotini 850-yil deb qabul qilingan. Ilmiy salohiyati va asarlari. Al-Xorazmiy birinchi navbatda buyuk matematik sifatida namoyon bo‘ladi. U o‘zigacha butun sharq ilm fani to‘plagan matematik bilimlarni umumlashtirib, ularni o‘zining natijalari bilan boyitib bordi va fanda mutlaqo yangi soha -Algebraga asos soldi. Al-Xorazmiygacha bo‘lgan davrda faqat eng soda algebraik tenglamalargina o‘rganilar, masalalarni alohida tenglamalar sifatida qaralar va ular orasidagi qonuniyatlar nazardan chetda qolar edi. Al-Xorazmiy esa, tarixda ilm bora har qanday chiziqli va kvadrat tenglamalar uchun tadbiq etish mumkin bo‘lgan algebraik usullarni va formulalarni ishlab chiqdi, ularni tasnifladi va aniq ta'riflarini keltirdi. Aynan al-Xorazmiydan boshlab matematikada ramziy harfiy ifodalashlar joriy etildi va uning mutlaqo yangi sohasi - Algebra mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Uning asarlari keyingi davrlarda yevropada lotin tiliga o‘girildi va uyg‘onish davri yevropa ilm fani rivojiga ulkan ta'sir o‘tkazdi. o‘rta asr yevropasi ilm maskanlarida al-Xorazmiyning risola va kitoblari asosiy matematik darslik sifatida o‘qitildi, Mashhur fan tarixchisi Jorj Sarton al-Xorazmiyni "Barcha davrlarning eng buyuk matematigi" deb ataydi va ilm-fanning ommalashtirishda uning xizmatlarini o‘ta yuqori baholaydi. Xorijiy ushbu tarixchining xolisona bahosidan ham ko‘rinib turibdiki, al-Xorazmiy va uning asarlari dunyo tamadduni tarixida eng muhim o‘rin tutuvchi ilmiy manbalardandir. Al-Xorazmiy o‘z davri uchun eng aniq hisob kitoblarga ega trigonometrik jadvallar ishlab chiqdi. Ushbu jadvallarda sinusning muhim funksiyalari aniq bayon qilingan risolalar va o‘quvchi uchun muhim ko‘rsatmalardan iborat izohlar, formulalar bayon qilinadi. Al-Xorazmiyning trigonometrik jadvali va risolalari asosida XII-XII asrlarda "Carmen de Algorismo и Algorismus vulgaris" asari yozildi va u to XVII asrgacha Yevropaning barcha oliy ta'lim muassasalarida asosiy matematik darslik bo‘lib xizmat qildi. XVI asrga kelib esa, al-Xorazmiyning barcha ilmiy asarlari yevropa tillariga o‘girib bo‘lindi. Ulardan so‘nggisi - "Hind hisobi haqida risola" 1857-yilda knyaz Baldasare Bankompanyi tomonidan chop etilgan "Arifmetika risolasi" ning birinchi qismiga tarjima sifatida kiritildi. Matematikadan tashqari al-Xorazmiy o‘z davri allomalariga xos ravishda, falakkiyot ilmi -astronomiya bilan ham jiddiy shug‘ullangan. U o‘z astronomik tadqiqotlarida sayyoralar harakati, quyosh va oy tutilishlari sabablari va vaqtlari, yulduzlarning osmon sferasidagi harakatlari, sayyoralarning joylashuv va harakat yo‘nalishlari haqida, o‘z zamonasi uchun mufassal bo‘lgan astronomik jadvallar - Zij lar tuzgan va ularga mufassal sharhlar yozgan. Al-Xorazmiyning ilmi nujum - astronomiya borasidagi asarlarining dastlabki bandlari qadimgi hind astronomlarining natijalarini qayta ishlash va ularni o‘z kuzatishlari asosida mukammallashtirish va boyitishdan iborat bo‘lsa, keyinchalik u o‘zining mutlaqo yangi natijalari bilan astronomiya fanini rivojlanishiga katta hissa qo‘shdi. Al-Xorazmiyning astronomiya bo‘yicha yozgan asar va risolalari ham XII asrda avval yevropada lotin tiliga, keyinroq sharqda Xitoy tiliga tarjima qilingani ma'lum. Shuningdek buyuk alloma vatandoshimiz, geografiya bilan ham muntazam shug‘ullangan bo‘lib, uning yer meridiani yoyi uzunligini o‘lchash va geodeziya borasidagi tadqiqotlari borasida yuqorida qisqacha bayon etgan edik. Qo‘shimcha qilib shuni ta'kidlash joizki, al-Xorazmiyning geografiyaga bag‘ishlangan "Kitab surat al-Ard" asarida mufassal bayon qilingan. Bu asarda al-Xorazmiy 70 ga yaqin qadimgi yunon, hind va boshqa tamaddunlar geograflarining asarlarini o‘z nuqtai nazaridan tahlil qilib, ularga aniqliklar va tuzatishlar kiritadi. o‘z davri uchun "ma'lum bo‘lgan" (ya'ni inson qadami yetgan) yerlarning geografik, topologik xaritalarini keltiradi va muhim shaharlar, aholi yashash joylari, harbiy istehkomlar va boshqa geografik obyektlar (dengiz, daryo, tog‘, cho‘l va karvon yo‘llari)ning koordinatalarini bayon qiladi. Shuni ta'kidlash kerakki, al-Xorazmiyning "Kitab surat al-Ard" asarida keltirgan yer xaritasi ungacha foydalanib kelingan Ptolomey xaritasidan ko‘ra ancha mukammal va aniq bo‘lsa ham, negadir noma'lum sabablarga ko‘ra keyingi davrda bu xaritalar ommalashmadi. Umuman hisoblaganda al-Xorazmiyning ilm faning turli sohalarini qamrab olgan quyidagi 9 ta ilmiy asari fanga ma'lum : Kitab Muxtasab Al jabr val-muqobala. ("Tiklash va qarama qarshi qo‘yish haqida muxtasar kitob") Zij. (astronomik jadvallar) Usturlob yasash kitobi. Hind hisobi haqida kitob Yer surati haqida kitob. ("Kitab surat al-Ard") Usturlob yordamida qilinadigan harakatlar haqida kitob Quyosh soatlari haqida kitob. Yaxudiylar yil hisobi va ularning bayramlarini aniqlash haqida kitob. Tarix kitobi. Afsuski, ulardan faqat 7 tasi bizgacha al-Xorazmiyning o‘z qo‘lyozmasi, yoki lotin tilidagi tarjimasi shaklida bizgacha yetib kelgan. Ikkitasi - "Usturlob yasash kitobi" va "Usturlob yordamida qilinadigan harakatlar haqida kitob" lar esa boshqa mualliflar, xususan al-Farg‘oniy asarlarida, al-Xorazmiydan iqtibos keltirilgan o‘rinlarda tilga olinganligi uchun nomi ma'lum bo‘lib, asarning o‘zi saqlanib qolmagan. Ulardan ba'zilarining qisqacha mohiyati bilan tanishamiz: Download 28.84 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling