Markaziy osiyo allomalari jahon sivilizatsiyasida: abu rayhon beruniy merosi


Download 61 Kb.
Sana03.10.2023
Hajmi61 Kb.
#1691228
Bog'liq
B.Abduhalimov maqolasi


ABU RAYHON BERUNIYNING JAHON SIVILIZATSIYASI RIVOJIGA QO‘SHGAN HISSASI

B. Abduhalimov

MARKAZIY OSIYO ALLOMALARI JAHON SIVILIZATSIYASIDA: ABU RAYHON BERUNIY MEROSI

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy (973-1048) Markaziy Osiyodan yetishib chiqqan Muhammad Xorazmiy (780-850), Ahmad Farg‘oniy (798-865), Imom Buxoriy (810-870) va Imom Termiziy (824-892) singari mashhur alloma hamda mutafakkirlarning munosib vorislaridan sanaladi.


Beruniyning bolalik hamda yoshlik yillari Katda, Afrig‘iylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm hukmdorlarining so‘nggi vakili Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Iroq hukmronligi davrida o‘tgan. Afsuski, Beruniyning ilk bolalik yillari xususida hozirgacha ma’lumotlar aniqlangan emas. Bu borada olimning o‘zi na otasi va na bobosini taniganligini qayd etgan [15: 245].
Beruniyning ilm-fanga qiziqishi nihoyatda erta boshlangan. 16 yoshida u muhim astronomik kuzatishlar o‘tkazishni boshlaydi. Kuzatuvlari natijasida u kecha va kunduz teng bo‘ladigan vaqtlarda Quyoshning eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilish payti bo‘yicha nuqtaning geografik kenglamasini aniqlashga muvaffaq bo‘ladi. 21 yoshida esa, yosh olim osmon ekvatoriga ekliptika tekisligining og‘ish burchagini aniqlaydi.
Beruniy o‘z vaqtida, ya’ni 995-yilga qadar astronomiya, geografiya hamda geodeziya sohalaridagi amaliy masalalar bilan shug‘ullanadi, muhim kashfiyotlardan biri – turarjoylar koordinatalari tushirilgan globusni yasaydi. Bu xususda u o‘zining “Geodeziya” nomli asarida keltirib o‘tgan [10: 88-89].
Shuningdek, “Kartografiya” asarida mubattah “yassi” asturlob haqida so‘z yuritar ekan, “men asturlobning tuzilishi hamda uning haqiqatini aniqlashtirish bo‘yicha maxsus kitob yozaman”, deya ta’kidlagan [4: 249].
Beruniy qalamiga mansub “Asturlob yasashga doir barcha mavjud usullardan foydalanish” kitobining bir bobi bevosita asturlob mavzusiga bag‘ishlanadi [2: 234]. U o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” (qisq. “Xronologiya”) asarida ushbu risolani tilga olgan [3: 415].
“Kartografiya” asarida u “Globus yasash xususida kitob” [4: 251-255] hamda “Yerdagi manzilgohlarning uzunlama va kenglamasini aniqlashga doir risola” [2: 323; 4: 257] nomli ikki tadqiqotini eslatib o‘tadi.
Shunday qilib, 20¬-22 yoshida Beruniy astronomik asboblar yasab, kuzatishlar olib borgan va ularning natijasi o‘laroq bir qancha asarlar yozishga ham muvaffaq bo‘lgan.
Milodiy 995-yilda Beruniy Kaspiy dengizi janubidagi Ray shahriga ko‘chib o‘tadi. Bu yerda u mashhur astronom Abu Mahmud Xo‘jandiy (940-1000) bilan tanishishga muyassar bo‘ladi. So‘ngra 997-yilda qisqa muddatga Kat shahriga qaytib keladi. Ushbu tashrifning sababi u Bag‘doddagi mashhur matematik Abu Vafo Buzjoniy (940-998) bilan o‘zaro yozishmalarida bir vaqtning o‘zida, ya’ni Abu Vafo Bag‘dodda, Beruniy Katda turib yilning Oy tutilishini kuzatishga kelishib olganliklari edi. Mazkur Oy tutilishi hodisasidan keyin u yana bir oz vaqt Katda qoladi hamda Gurgon amiri Qobus ibn Vashmgir (vafoti 1012) taklifi bilan uning huzuriga boradi.
Qobus ibn Vashmgir dastlab Beruniyning ilmiy izlanishiga xayrixohlik bilan yondashib, uni moliyaviy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlagan. Hukmdorning ushbu yaxshiliklariga javoban Beruniy unga o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” nomli yirik asarini bag‘ishlaydi. Umuman olganda, Beruniyning Gurgonda yashagan yillari ancha samarali o‘tayotganday edi. Xususan, olim u yerda bir qancha asarlarini yozishga muvaffaq bo‘ladi. Biroq ko‘p o‘tmay, Qobus ibn Vashmgirning ilmga bo‘lgan muhabbati va xayrixohligi o‘rnini shuhratparastlik egallaydi. Bunday sharoitda Gurgonda qolish Beruniy hayotiga xavf solishi mumkin edi. Shu sababdan u Xorazmga qaytishga qaror qiladi.
Beruniy Xorazmning yangi poytaxti GGurganchga qaytadi va taxminan 1004-yilning boshlarida u uch marotaba Oy tutilishini kuzatganligi xususida “Mas’ud qonuni” asarida xabar beradi. Xususan, ushbu hodisaning dastlabki ikkitasi Gurgondalik chog‘ida, 1003-yilning fevral hamda avgust oylariga to‘g‘ri kelgan edi. Uchinchi Oy tutilishi kuzatuvi borasida u quyidagilarni yozadi: “Uchinchi tutilish hijriy uch yuz to‘qson to‘rtinchi yil ramazon oyining o‘n to‘rtinchi kuni chorshanba kechasida ro‘y berdi” [8: 92].
Yuqoridagi dalillardan ko‘rinadiki, Beruniy Gurganchga 1003-yil oxiri yoki 1004-yilning boshlarida kelgan. Mavjud ma’lumotlarga muvofiq Beruniy bu yerga Xorazmshoh Abul Hasan Ali ibn Ma’mun taklifiga binoan, qolaversa, 1002-yilda Gurganchga kelgan Abu Ali ibn Sino (980-1037) hamda uning ustozi mashhur tabib va faylasuf Abu Sahl Masihiy (970-1010) iltimosiga ko‘ra kelgan edi. Mazkur ikki taniqli olimdan tashqari, Beruniy Gurganchda o‘zining ustozi, taniqli alloma, mashhur matematik va astronom Abu Nasr ibn Iroq (960-1036), shuningdek, matematik va tabib Abu Xayr Hammor bilan uchrashadi. Shunday qilib, 1004-yilning o‘rtalarida Gurganchda ilmiy markaz shakllanadi va u keyinchalik Ma’mun akademiyasi nomini oladi [19: 27]. Beruniyning Xorazmga qaytganidan keyingi dastlabki faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar kam. Faqatgina “Mas’ud qonuni” asarida u Yazdigird taqvimi bo‘yicha 378-yil Tirmoh oyining 21-kuni, ya’ni 1010-yilning 2-iyunida Simak al-A’zal “Qurolsiz Simak” yulduzini kuzatganini yozgan, xolos [7: 60].
So‘nggi ma’muniy hukmdor, ya’ni Xorazmshoh Abu Abbos Ma’mun ibn Ma’mun hukmronligi davrida, 1010-1017-yillar oralig‘ida Beruniyning ilmiy tadqiqot olib borishi uchun barcha sharoitlar yaratib beriladi.
O‘sha yillarda olim qimmatbaho toshlar va minerallar ustida tajriba o‘tkazadi. Ularning xossalarini o‘rganishga kirishib, fizika va mineralogiya sohalari tarixida ilk bor bu moddalarning solishtirma og‘irligini xatosiz aniqlaydi. Ilmiy izlanishlari natijalari asosida Beruniy “Metallar hamda qimmatbaho toshlar hajmi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik xususida” nomli maxsus asarini yozadi [15: 422].
Allomaning Xorazmda o‘tkazgan astronomik kuzatuvlari bilan bog‘liq eng qizg‘in faoliyati 1016-yilga to‘g‘ri keladi. Birgina o‘sha yilning o‘zida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 14 ta kuzatuvini o‘tkazadi. Ulardan beshtasi iyun, bittasi iyul, ikkitasi avgust, to‘rttasi sentabr, bittasi noyabr hamda so‘nggisi dekabr oylarida amalga oshirilgan edi. Hijriy 407-yil 4-rajab / 1016-yil 7-dekabrda o‘tkazgan ilmiy kuzatuvi Xorazmdagi so‘nggi tadqiqoti bo‘lgan [10: 115, 118, 165]. Ushbu kuzatuvlari davomida Beruniy astronomiya, geografiya va geodeziyaga oid qator masalalar yechimiga oydinlik kiritadi, shu bilan birga, shaharning geografik uzunlama va kenglamasini, Quyoshning tengkunlik va kun to‘xtashdagi balandlik masofasini shuningdek, osmon ekvatoriga ekliptikaning og‘ish burchagini o‘lchaydi hamda shaharning mahalliy vaqtini aniqlaydi. Beruniy mazkur tadqiqotlari davomida qo‘lga kiritgan natijalarni o‘sha yilda bitilgan “Quyosh joylashuvini aniqlash usuli” [10: 169] nomli asariga qayd etadi.
1017-yildan mintaqa tarixining Xorazm uchun halokatli hamda Beruniy uchun mashaqqatli davri boshlanadi. 1017-yil boshida Xorazmshoh saroyida o‘zaro raqobat kuchayib, saroy zodagonlari hukmdordan yuz o‘giradilar, orada nizolar kelib chiqadi. Shundan so‘ng Beruniy Ma’munning yagona ishonchli kishisi hamda mamlakat siyosiy ishlaridagi maslahatchisiga aylanadi. Beruniyning bizgacha to‘liq holda yetib kelmagan “Xorazmning mashhur kishilari” [1: 558] nomli asarida Xorazmshoh Ma’mun ibn Ma’mun “bilimdon, ulug‘vor, shijoatli va ishlarda matonatli” [20: 114] bo‘lishiga qaramay, ko‘p vaqtini hamda mablag‘ini o‘yin-kulgiga sarflab, mamlakatning iqtisodiy holati va siyosiy ahvol bilan kam tashvishlanganligi qayd etilgan. Afsuski, ushbu nuqsonlar mamlakatni falokatga olib kelish bilan birga, o‘zining o‘limiga ham sababchi bo‘ladi.
1017-yilning mart oyida qo‘zg‘olonchilar Xorazmshoh Abu Abbos Ma’mun ibn Ma’munni o‘ldiradilar, shahar va mamlakatda g‘alayonlar boshlanadi. So‘nggi Ma’muniy hukmdor Xorazmshoh Abu Abbos qudratli G‘aznaviylar davlati hukmdori Mahmud G‘aznaviyning singlisiga uylangan edi. Kuyovi uchun qasos olishni ro‘kach qilib, Mahmud G‘aznaviy katta qo‘shin bilan Gurganchga keladi. U qo‘zg‘olonchilar boshliqlarini dorga osadi va to 1017-yil oxiriga qadar Xorazmda qoladi. Mamlakatda tartib o‘rnatilganiga ishonch hosil qilgach, yana G‘aznaga qaytadi. Sulton o‘zi bilan birga Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy hamda boshqa ko‘plab olim kishilarni yurtiga olib ketadi. Shu tariqa Beruniy hayotining G‘azna davri boshlanadi.
Beruniy G‘aznaga kelgan zahotiyoq tadqiqotchilar tomonidan shartli ravishda “Geodeziya” deb ataluvchi “Manzilgohlar oralig‘idagi masofani aniqlashtirish uchun joylarning chegaralarini belgilash” nomli kitobini yozishga kirishadi. Shuningdek, bir vaqtning o‘zida “Xorazmning mashhur kishilari” nomli tarixiy asari ustida ham ish boshlaydi. Mazkur asarning Abu Fazl Bayhaqiy tomonidan saqlab qolingan parchasida qayd etilganidek, Beruniy unda Xorazmning qadimdan to 1017-yilgacha bo‘lgan tarixini bayon qilgan [1: 587-608].
1019-1020-yillarda Beruniy G‘aznada qator astronomik kuzatuvlarini o‘tkazadi, xususan, 1019-yil mart va sentabr oylarida u kunning tengashuvini [10: 262, 269] hamda Oy va Quyosh tutilishini kuzatadi. Iyun, iyul, noyabr hamda dekabr oylarida esa, Quyoshning balandligini o‘lchaydi [7: 316-344]. O‘sha yili u astronomik tadqiqotlari asosida G‘aznaning geografik koordinatalarini ham aniqlaydi [8: 14].
Beruniy 1020-yil dekabrida astronomik kuzatuv o‘tkazgan vaqtdan to 1025-yil sentyabrigacha, ya’ni “Geodeziya” asarini tugatguniga qadar bo‘lgan davrni Hindistonda o‘tkazadi [15: 142-143]. Aniqrog‘i, o‘sha yillarda Beruniy Hindistonning Nandana (bugungi kunda Pokistonning shimoli-sharqidagi joy) qal’asida o‘z izlanishlarini amalga oshiradi. Ushbu o‘lchovlar orqali u Nandananing kenglamasi 320 ga tengligini aniqlashga muvaffaq bo‘ladi. Ushbu kenglama uchun u Yerning o‘lchovlaridan foydalanib, Yer meridiani yoyining bir darajasi uzunligi 55r53I15II milyaga teng deb topadi [10: 217]. Bu ko‘rsatkich o‘z davri uchun yuqori darajadagi aniqlik edi. 1025-yilda olim yangi Oyning ko‘rinishi va bu bilan bog‘liq hodisalarni Zij asarida zikr etadi [21: 3-37].
Beruniy Hindistonda istiqomat qilgan yillari hind olimlari bilan muloqotda bo‘ladi, u yerdagi ilmiy til sanalgan sanskritchadan o‘z bilimini oshiradi, bu tilni u dastlab yoshligida o‘z yurtidagi hind savdogarlaridan o‘rgangan edi. Mazkur mamlakat bo‘yicha olib borgan ilmiy izlanishlari natijalarini 1030-yilda tugallagan “Hindiston” nomli eng yirik asarida qayd etadi [6: 163]. Ushbu asar Beruniyning Hindistondagi mavjud urf-odat, din, shuningdek, ilmiy adabiyotlarni nihoyatda puxta o‘rganganligidan dalolat beradi. Ta’kidlash lozimki, Beruniyning “Hindiston” asarida ko‘plab hind adabiyotlari nomi zikr etilgan bo‘lib, ularning aksariyati astronomiyaga bag‘ishlangan ishlar edi. Sulton Mahmudning Hindistonga qilgan bir qancha harbiy yurishlarida ishtirok etgan Beruniy Hindiston ilm va madaniyatini chuqur o‘rganadi. Ilm-fan tarixida ilk marotaba Ptolemeyning “Almagest”, Yevklidning “Elementlar” hamda o‘zining asturlob haqidagi asarini sanskritchaga, Karana tilaka [11: xxxvii, xxxviii, xxxix], Xondaxadyaka singari risolalarni arab tiliga tarjima qiladi. Bu orqali Beruniy hindlarni musulmonlarning ilm-fanda erishgan muvaffaqiyatlari, o‘z navbatida, musulmonlarni hind ilmidagi yutuqlar bilan tanishtira oldi.
Beruniyning “Geodeziya”dan so‘ng G‘aznada bitgan asarlaridan 1027-yilda tugallangan, matematikaga oid “Chizilgan ko‘pburchak chiziq xossasi yordamida aylanadagi vatarlarni aniqlash” (qisq. “Vatarlar”) [9: 125] risolasi alohida o‘rin tutadi. Mazkur asarning muhim jihati shundan iboratki, Beruniy unda Markaziy Osiyo va Xurosonning fanga noma’lum yoki unchalik mashhur bo‘lmagan olimlari nomlarini keltirib, ularning matematikaga oid ishlari xususida so‘z yuritadi, shuningdek, ayrim olimlar haqida yangi ma’lumotlar keltiradi.
1029-yilda Beruniy o‘zining Kitob at-tafhim li avoil sino‘at at-tanjim (“Yulduzshunoslik san’ati bo‘yicha boshlang‘ich qo‘llanma”) nomli yirik asarini yozib tugatadi. Hozirga qadar uning 14 ta arab va 21 ta fors tilidagi nusxalari saqlanib qolgan. Ushbu kitobda Beruniy savol-javob tarzida matematika, astronomiya, xronologiya, geografiya va astrologiyaga oid tushunchalarga boshlang‘ich izoh beradi. Astrologiyaga oid savollarga esa, birmuncha chuqurroq va atroflicha to‘xtaladi.

1030-yil Sulton Mahmud vafotidan so‘ng Beruniy hayotida yangi bosqich boshlanadi. Sulton Mas’ud (1030-1041) uni o‘ziga nihoyatda yaqin tutib, himoyasiga oladi. Beruniy “Mas’ud qonuni” asari muqaddimasida Mas’ud uning ilmiy ijod etishi uchun barcha qulayliklarni yaratib bergani, shuningdek, uni moddiy jihatdan ham qo‘llab-quvvatlaganini ta’kidlaydi. Aynan shuning uchun ham Beruniy 1017-yilda tugallagan astronomiyaga oid eng yirik asarini sultonga bag‘ishlaydi va uning sharafiga al-Qonun al-Mas’ud (“Mas’ud qonuni”) deb nomlaydi.


“Mas’ud qonuni” o‘rta asrlar Sharq astronomiyasining ensiklopediyasi hisoblanadi. Mazkur kitobda Beruniy Sharq va G‘arb olimlarining, xususan, o‘zining astronomiya sohasida erishgan yutuqlarini tanqidiy jihatdan yondashgan holda izohlaydi. Asarning matematikaga bag‘ishlangan va o‘n bir bobdan iborat bo‘lgan uchinchi kitobida muallif ilk marotaba yagona aylanadan foydalanadi va son tushunchasi haqidagi qarashlarni kengaytiradi, yassi hamda fazoviy uchburchaklar uchun sinuslar teoremasini isbotlaydi. Beruniy koinotning geotsentrik tizim xususidagi nazariyani qabul qilsa-da, bu bo‘yicha qator qarash va g‘oyalarni ilgari suradi. Xususan, Quyosh apogei (avji) harakatchanligini isbotlash bilan birga buning oqibatidagi holatlarni ham chuqur tahlil qiladi. U bir darajalik yoy sinusini hisoblab, vaqt uchun aniqlikni ko‘rsatib berdi, qolaversa, 1029 ta yulduz koordinatalari qayd etilgan takomillashgan jadvalni tuzdi.
“Mas’ud qonuni” astronomiya tarixida o‘chmas iz qoldirgan bo‘lib, unda keltirilgan qonun-qoidalar va yulduzlar jadvali keyinchalik Nosiriddin Tusiy (1201-1278) hamda Mirzo Ulug‘bek (1394-1449)lar tomonidan astronomiyaga oid asarlar yozilishida muhim o‘rin tutgan, observatoriyalari uchun asosiy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilgan.
1036-yil oxirida Beruniy 10-asrning mashhur faylasufi, kimyogari hamda tabibi Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziyning (865-925) ilmiy asarlari ro‘yxati aks etgan risola yozadi [15: 280-290; 16: 198-205]. Risolaga u, shuningdek, ushbu yilga qadar o‘zining yozilgan asarlari hamda tugallashi rejalashtirilayotgan ishlari ro‘yxatini ham kiritadi [2: 230-243]. Asarning qisqa so‘zboshisida muallif 1030-yil boshlarida o‘zining ona vatani – Xorazmga kelganini bayon etadi [15: 281]. Bu vaqtga kelib, Beruniyning sog‘lig‘ida muammo paydo bo‘lib, ko‘rish qobiliyati pasayadi, oqibatda esa, u o‘zining sevimli mashg‘uloti – astronomik kuzatishlarni asta-sekin to‘xtatishga majbur bo‘ladi.
Umrining qolgan yillarida (1041-1048) keksayib qolgan olim asosan faqat mineralogiya va farmakognoziya bilan shug‘ullanadi. Bu davrda olim tomonidan yozilgan asarlardan ayniqsa, ikkitasi e’tiborga loyiqdir. Ulardan biri “Qimmatbaho toshlarni bilish bo‘yicha bilimlar to‘plami” (qisq. “Mineralogiya”) deb nomlanib, bu asar uchun muallif deyarli butun umri davomida ma’lumotlar to‘plagan. Beruniy yoshligida Xorazmda, keyinchalik Ray, Gurgon, Hindiston hamda G‘aznada istiqomat qilgan davrlarida qimmatbaho toshlar, ularning xossalari, ishlab chiqarilgan joylar, ular haqidagi hikoya va afsonalar hamda ular bilan bog‘liq e’tiqodlar xususida ma’lumotlar jamlagan. Shuningdek, minerallar, ularning fizikaviy va kimyoviy xossalarini ham tadqiq etgan. Olim ushbu asarida qariyb 60 yillik izlanishlari natijalari xususida so‘z yuritadi. U jismlarning og‘irligi, ularning hajmi xususida ma’lumotlar keltiradi, fan tarixida birinchi marotaba moddaning solishtirma og‘irligini aniqlaydi. U aniqlagan ko‘rsatkichlar hozirgi zamon o‘lchov natijalari bilan deyarli bir xil. Qattiq jism va suyuqliklarning solishtirma og‘irligini o‘lchash uchun maxsus asboblar yasaydi, qolaversa, ularning tavsifini ham bayon etadi [12: 32-33; 13: 402-418; 18: 292-402; 22: 179-197].
Shu tariqa olim mineralogiya sohasida o‘zi ixtiro etgan uskuna yordamida ilk bora qattiq jism va suyuqliklarning solishtirma og‘irligini o‘lchaydi hamda shu asosda minerallarning tasnifini beradi. Bundan tashqari, minerallarning paydo bo‘lishi haqidagi nazariyani ishlab chiqadi hamda paragenetik ma’lumotlarni taqdim etadi.
Beruniy kimyo sohasida oddiy metallni qimmatbaho metallga aylantirishni behuda urinish, deb hisoblagan. Shu jihatdan, u o‘zidan avval va keyin o‘tgan hamda metallarni sun’iy o‘zgartira olish mumkinligiga qattiq ishonib, butun umrini mazkur xom xayol nazariyani amalga oshirishga bag‘ishlagan ko‘plab kimyogarlardan farqli ravishda bu nazariyani tanqid qiladi.
Buyuk allomaning so‘nggi asari “Tabobatda dorishunoslik” yoki “Farmakognoziya” deb nomlanadi. Kitobning 1116 bandidan 880 tasi dorivor o‘simliklar, 107 tasi mineral moddalar, 101 tasi hayvon a’zolari va mahsulotlari tavsifiga bag‘ishlangan. Bundan tashqari, 30 dan ortiq murakkab dori vositalari (asosan, ziddi zaharlar) nomlari ham zikr etilgan.
Ushbu dorilar geografik tarqalish jihatdan ancha katta hududlarni qamrab olgan bo‘lib, kitobda qariyb 400 ta joy nomlari zikr etiladi. O‘sha davr an’anasiga muvofiq asar arab tilida yozilgan, biroq tuzilishi va mazmuni jihatidan uni ko‘p tillik tibbiy lug‘at, deb atash ham mumkin. Chunki muallif maxsus ma’lumotlardan tashqari, bir necha o‘nlab til va lahjalarda dori nomlarini keltiradi (jami 4500 atama), shu jihatdan, kitob filologik nuqtai nazardan ham e’tiborga loyiqdir.
Bu vaqtga kelib, Beruniyning sog‘lig‘i nihoyatda yomonlashganidan “Farmakognoziya” asarini yozish uchun yordamchi olishga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Ushbu vazifa g‘aznalik tabib Abu Hamid Nahsha’iy tomonidan bajariladi. Biroq, allomaning vafoti ishni to‘liq yakunlash hamda undan haqiqiy nusxa ko‘chirish imkonini bermaydi [5: 16].
Abu Rayhon Beruniy umrining so‘nggi daqiqalariga qadar ilmga bo‘lgan muhabbatiga sodiq qoldi. Hatto o‘lim to‘shagida ham u bilim o‘rganishga intilgan [13: 280-291]. Beruniy o‘zining uzoq umri davomida matematika, astronomiya, astronomik asboblar, geografiya, falsafa, mineralogiya, farmakologiya, tarix, etnografiya, xronologiya hamda filologiya yo‘nalishlariga oid ko‘plab kitoblar yozdi. Beruniy nomi bilan bog‘liq asarlar soni 170 dan ortiqni tashkil etadi. Ulardan 143 tasi olimning o‘zi yozgan qo‘lyozmalar bo‘lsa, qolgan 27 tasi Abu Nasr ibn Iroq, Abu Sahl Masihiy hamda Abu Ali Jiliy singari allomalar tomonidan unga bag‘ishlab bitilgan asarlardir. Beruniy o‘zi yozgan va o‘ziga atalgan asarlarni birdek qadrlaydi va o‘zining Fihrist (“Ro‘yxat”) kitobida shunday ta’kidlaydi: “Men uchun ular quchog‘imdagi farzand, bo‘ynimdagi munchoq kabidirlar, o‘g‘illarim bilan ular orasida farq yo‘qdir” [2: 241].

Foydalanilgan adabiyotlar

1. Abu-l-Fazl Bayxaki. Istoriya Masuda (1030-1041) / Vved., per i prim. A. K. Arendsa. Tashkent, 1962.
2. Abu Rayhon Beruniy. Ro‘yxat / Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. Mas’ul muharrirlar: U. Karimov, A. Irisov. Toshkent, 1973.
3. Abu Rayhon Beruniy. Tanlangan asarlar, t. I. [Qdimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar] / Tarjimon A. Rasulov. Izohlarni I. Abdullayev va A. Rasulov tuzgan. Toshkent, 1966.
4. Abu Rayhon Beruniy. Yulduz turkumlarini proyeksiyalash va joylarni [xaritaga] ko‘chirish haqida (Kartografiya). Arab tilidan A. Rasulov tarjimasi / Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. Mas’ul muharrirlar: U. Karimov, A. Irisov. Toshkent, 1973.
5. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. IV. Farmakognoziya v meditsine (Kitab as-saydana fi-t-tib) / Issl., per. i prim. U. I. Karimova. Tashkent, 1974.
6. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. II. Indiya. / Per. A. B. Xalidova, Yu. N. Zavodovskogo. Tashkent, 1963.
7. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. V. Kanon Mas’uda. Ch. 1. (knigi I-V) / Vstupitelnaya statya, per. i prim. P. G. Bulgakova i B. A. Rozenfelda. Tashkent, 1973.
8. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. V. Kanon Mas’uda. Ch. 2. (knigi VI-XI) / Per. i prim. B. A. Rozenfelda i A. Axmedova. Tashkent, 1976.
9. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. VII. Matematicheskiye i astronomicheskiye traktati. / Pred., per. i komm. P. G. Bulgakova i B.A. Rozenfelda Tashkent, 1987.
10. Abu Rayхan Beruni. Izbranniye proizvedeniya, t. III. Opredeleniye granits mest dlya utochneniya rasstoyaniy mejdu naselennimi punktami (Geodeziya) / Issl., per. i prim. P. G. Bulgakova. Tashkent, 1966.
11. A unique and unknown book of al-Biruni “Ghurrat uz-zijat” or Karana Tilaka, by Saiyid Samad Husain Rizvi, Islamic Culture, 1963-1965.

12. Akromxo‘jayev O. M. Beruniy – geologik hodisalar, minerallar va javohirlarni o‘rgangan dastlabki tadqiqotchi / Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. Mas’ul muharrirlar: U. Karimov, A. Irisov. Toshkent, 1973.


13. Belenitskiy A. M. Mesto mineralogicheskogo traktata Beruni v istorii vostochnoy mineralogii / Mineralogiya. Leningrad, 1963.
14. Belenitskiy A. M. Ocherki jizni i trudov Beruni / Mineralogiya. Leningrad, 1963.
15. Bulgakov P. G. Jizn i trudy Beruni. Tashkent, 1972.
16. Hikmatullayev H. Roziy va Beruniy / Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. Mas’ul muharrirlar: U. Karimov, A. Irisov. Toshkent, 1973.
17. Krachkovskiy I. Yu. Arabskaya geograficheskaya literatura // Izbrannыe sochineniya. T. IV. Moskva-Leningrad, 1957.
18. Lemmleyn G. G. Mineralogicheskiye svedeniya, soobshayemiye v traktate Biruni / Mineralogiya. Leningrad, 1963.
19. Matviyevskaya G. P. K istorii matematiki Sredney Azii. Tashkent, 1962.
20. Nizami Aruzi Samarkandi. Sobraniye redkostey ili chetire besedi / Per.: S. I. Bayevskiy i Z. N. Vorojeykina. Moskva, 1963.
21. Rizui Millchary. Millenary of Abu Raihan Muhammad ibn Ahmad al-Biruni. A newly discovered book of al-Biruni “Ghurratuz-Zijjat” and al-Biruni’s measurements of earth dimensions, by Saiyid Samad Husain Rizvi. International Congress of Mathematical Sciences, Pakistan. Karachi, 1975.
22. Usmonov T. Beruniyning fizika tarixida tutgan o‘rni / Beruniy tug‘ilgan kunining 1000 yilligiga. Mas’ul muharrirlar: U. Karimov, A. Irisov. Toshkent, 1973.
23. Wïedemann E., Frank J. Allgemeine Betrachtungen von Al-Beruni in einem Werk über die Astrolabien. Beiträge zur Geschichte der Naturwissenschalten LXI / Sitzungsberichte der Phys.-math. Sozietät in Erlangen, 1922.
Download 61 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling