Markaziy Osiyo iqtisodiyotining xozirgi holati va tarkibi,muammolari va istiqbollari. Reja
Download 42.74 Kb.
|
Markaziy Osiyo iqtisodiyotining xozirgi holati va tarkibi,muammolari va istiqbollari
- Bu sahifa navigatsiya:
- Markaziy Osiyo davlatlari xalq xo’jaligining hozirgi holati va tarkibi
Markaziy Osiyo iqtisodiyotining xozirgi holati va tarkibi,muammolari va istiqbollari. Reja: 1. Markaziy Osiyo davlatlari xalq xo’jaligining hozirgi holati va tarkibi. 2.Markaziy Osiyo davlatlarining o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqalar.3. Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiyotidagi muammolar. Markaziy Osiyo davlatlari xalq xo’jaligining hozirgi holati va tarkibi Xalq xo’jaligi – mamlakatning eng murakkab iqtisodiy tizimi bo’lib, moddiy ishlab chiqarish va noishlab chiqarishning barcha tarmoqlari majmuidan iboratdir. Markaziy Osiyo respublikalari murakkab rivojlanish jarayonini bosib o’tdi. Ular ilk rivojlanish davrlari hisoblanadigan Buyuk Ipak yo’li faoliyat ko’rsatib kelgan eradan oldingi asrlardan boshlab to 16 asr o’rtalarigacha jahon tsivilizatsiyasida yetuk darajada rivojlanishga erishdilar. Bu davrlarda Markaziy Osiyo mintaqasining Mag’rib (G’arb) va Mashriq (Sharq), issiq janub va sovuq shimol mamlakatlari o’rtasida o’tadigan serqatnov karvon yo’llari chorrahasida joylashganligi unda hunarmandchilik, qishloq xo’jaligi shahar hayoti va ilm-fanning o’z davrida yuksak rivojlanishiga olib kelgan edi. Bunda mintaqaning ancha qulay iqtisodiy–geografik o’rni, agroiqlim va boshqa iqtisodiy geografik omillar ham katta ijobiy rol o’ynagan. Bu davrlarda Markaziy Osiyo hududida ijtimoiy-iqtisodiy hayot haqiqatdan ham yuksak rivojlanish darajasiga erishgan edi. E’tirof etish lozimki, kishilik jamiyati taraqqiyotiga Markaziy Osiyo mamlakatlari aynan ana shu davrlarda o’zining eng katta ulushini qo’shgan. Darhaqiqat, hozirgacha ilmiy-ma’rifiy yo’nalishda qoldirgan boy ilmiy meroslari va aql-zakovatlari bilan dunyoni lol qoldirib kelayotgan M.Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Farg’oniy, Imom al-Buhoriy, Imom at-Termiziy, Ulug’bek kabi o’nlab buyuk allomalar aynan ana o’sha buyuk Sharq Rennesansi deb nom olgan davrlarda yashab ijod etgan edilar. Aslida, iqtisodiyot va ijtimoiy hayot taraqqiyot darajasi bu davrlarda qanday bo’lganligini yuqorida nomlari zikr qilingan buyuk zotlar ham isbotlaydi. Zero, ilmu-fan, ma’rifat, madaniyat iqtisodiy-ijtimoy taraqqiyot hosilasi hisoblanadi. Buyuk Ipak yo’li faoliyatining to’xtashi natijasida sekin-asta mazkur mintaqa iqtisodiy–ijtimoiy hayoti, rivojlanishi jarayonida so’nish-inqiroz davri boshlandi. Iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotda katta salbiy oqibatlarga olib keladigan bu jarayon tufayli moddiy va nomoddiy ishlab chiqarish tarmoqlari rivojlanishi susaydi, ularning hududiy joylanishi va tarkibidagi chuqur turg’unlik davri boshlandi. Oqibatda mintaqa qisqa vaqt ichida u Chor Rossiyasi tomonidan bosib olindi. Markaziy Osiyo mamlakatlari xalq xo’jaligida Chor Rossiyasi davrida chuqur hududiy va tarkibiy o’zgarishlar yuz bera boshladi. Ilgarilari asosan natural xo’jalik shaklidagi mintaqa iqtisodiyoti asta-sekin kapitalistik ishlab chiqarish munosabatlari ta’siri ostiga o’ta boshladi. Birinchi navbatda Chor Rossiyasi uchun nihoyatda zarur qimmatli tovar mahsulot bo’lib hisoblanadigan paxta etishtirish imkoniyati katta bo’lgan o’lkalarga temir yo’llar keltirishga kirishildi. Hali Sibir rayonlariga nisbatan ham ancha oldinroq 19 asr 80-yilllari davomida Kaspiy bo’ylaridan (Krasnovodsk, hozirgi Turkmanboshi) Samarqandga, so’ngra Farg’ona vodiysi va Toshkentga olib kelingan temir yo’llarni faqat paxta tufayligina deb tushunish lozim. Paxta yetishtirish va uni dastlabki qayta ishlash bilan bog’liq barcha ishlab chiqarish sohalarining rag’batlantirilishi natijasida Farg’ona va Zarafshon vodiylarida Toshkent vohasida dastlabki sanoat korxonalari yuzaga kela boshlagan edi. Shu bilan birga tog’-kon sanoati. Transportga xizmat qilish sohasi, qurilish materiallari sanoati kabi tarmoqlar ham o’zining dastlabki odimlarini tashlagan edi. Shunday qilib, mintaqa xalq xo’jaligining asosan tovar xom-ashyo mahsulotlarini bilan ishlab chiqarishga ixtisoslashuviga asos solingan edi. Ittifoq davrida bu jarayon yana chuqurlashdi va oxiriga etkazildi. Dastavval mintaqada totalitar Qizil imperiya–Sovet davlatining asl manfaatlariga xizmat qiladigan strategik mahsulotlar-paxta, pilla, sabzavot, meva, tog’-kon mahsulotlari, yoqilg’i, rangli, qimmatbaho va nodir metallarni etishtiruvchi tarmoqlarni rivojlantirishga zo’r berildi. Xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlariga (mashinasozlik, kimyo, qurilish materiallari, elektroenergetika, engil, oziq-ovqat sanoatlari) esa yuqorida qayd qilingan strategik ahamiyatli mahsulotlarni yanada ko’proq va arzonroq ishlab chiqarishga yordam beruvchi yo’nalishlar sifatida qaraldi. Jumladan, Markaziy Osiyo davlatlarida mashinasozlik sanoati asosan mahalliy qishloq xo’jaligi ehtiyojlari uchungina zaruriy mashina va uskunalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, kimyo sanoatining esa asosiy vazifasi deb qishloq xo’jaligi uchun zaruriy mineral o’g’itlar va zaharli kimyoviy ishlab chiqarish vositalarni belgilangan edi. Hatto mintaqada rivojlanish imkoniyatlari o’ta yuqori hisoblanadigan turli engil va oziq ovqat sanoati tarmoqlari ham ancha sust rivojlanishga erishgan edi. Yillar davomida hududdagi respublikalar ishlab chiqarish hajmi bo’yicha sobiq ittifoqning paxta, pilla, qora ko’l terilari, quritilgan va xo’l mevalar, poliz ekinlari hamda rangli, nodir va qimmatbaho metallar (mis, qo’rg’oshin, volfram, uran, simob, surma, oltin va x.k) kabi qishloq xo’jaligi va sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi rayon bo’lib keldi. Shuningdek neft, gaz, elektr energiyasi, paxtachilik ishlab chiqarish majmuasida xizmat qiladigan mashina va asboblar etkazib berishda ham Markaziy Osiyo davlatlarining ulushi katta bo’ldi. Sobiq Ittifoq davrida Markaziy Osiyo hududidagi xo’jalik tarmoqlarining ishlab chiqarishda qatnashuvchi va uning boshqa hududlardagi tarmoqlari bilan bog’langan xolda olib borilganligi sababli, respublikalarda tarmoqlarni shakllantirish va rivojlantirishda ularga tobe’lik sezilar edi. Birgina misol, O’zbekiston samolyot yaratish uchun 1500 dan ortiq kerakli uskunalarni, paxta terish mashinasini barpo etish uchun 100 dan ortiq kerakli qismlarni Sobiq Ittifoqning turli hududlaridagi korxonalaridan olib kelishga majbur bo’lar edi. Bu holatlar Markaziy Osiyo respublikalarida xo’jalik tarmoqlarini sharoit va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda barpo etishga to’sqinlik qilib keldi. Bularning barchasi sobiq markazning ko’p yillar davomida olib borgan siyosati oqibati edi. Ushbu xolat istiqlol tufayli mustaqillikka erishgan respublikalar iqtisodiyotining qayta tiklash va rivojlantirishning dastlabki o’tish davrida o’z ta’sirini ko’rsatib kelmoqda. Mustaqillik yillarigacha xududdagi davlatlar sobiq ittifoqning 5% sanoat va 16% qishloq xo’jalik mahsulotlarini etkazib bergan. Markaziy Osiyo mustaqil davlatlar hamkorligidagi davlatlar orasida ko’proq xom ashyo va yarim xom ashyo mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashganligi bilan farqlanib turadi. Uzoq yillar davomida mintaqadagi xo’jalik tarmoqlarining sobiq ittifoqdagi ishlab chiqarish tarmoqlari bilan bog’langanligi hozirgi kunda ham o’z ta’sirini ko’rsatib kelmoqda. Ishlab chiqarish bilan bog’liq ishlarni amalga oshirish uchun MDHdagi davlatlar bilan shartnomalar tuzish va ularni amalga oshirish kerak. Bular tezkorlik bilan hal bo’ladigan vazifalar emasligini davr ko’rsatmoqda. Mustaqil davlatlar hozirgi kunga kelib siyosati, iqtisodiyoti va davlat qurilishini tuzishda o’ziga xos yo’nalish va tamoyillarini belgilab olishgan. Jumladan, O’zbekiston respublikasi 5 ta tamoyil va o’ziga mos yo’nalishlarga asoslanib iqtisodiyotni shakllantirish, rivojlantirish hamda joylashtirishga qaratilgan ishlarni amalga oshirayotir. Bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o’tishga, xo’jalik yuritishda davlat nazoratining ustuvor yo’nalishlarini belgilashga, qo’shni va xorijiy davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarning tenglik asosida yaxshilashga e’tibor qaratilmoqda. Hududdagi barcha davlatlarda mulkni xususiylashtirishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xo’jalikni o’z maqsadida vazifasidan kelib chiqqan holda shakllantirish, takomillashtirish hamda ishlab chiqarishni to’g’ri tashkil etish va rivojlantirish uchun mintaqadagi davlatlar MDH va xorijdagi mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga kirishdilar, nufuzli xalqaro tashkilotlarga, aktsionerlik uyushmalarga a’zo bo’ldilar. Kredit, investitsiya olmoqdalar, chet el investorlarini jalb qilishayotirlar. Yangi texnika va texnologiyani xo’jalik tarmoqlariga olib kirishmoqda. Xo’jalik yuritishda fan va texnika yutuqlariga, kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirishmoqda. Markaziy Osiyo xududida xo’jalik tarmoqlarini shakllantirish va rivojlantirish uchun turli iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar mavjud. Regionda ayniqsa mehnat resurslari zahirasi etarli. Gidroenergetik, er, mineral va boshqa resurslar ham mavjud. Hozirda davlatlar iqtisodiyoti xom ashyo va ayrim xom ashyo mahsulotlari etkazib berishga ixtisoslanishning o’rniga mahsulotlarni qayta ishlash va tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarishga ixtisoslashmoqda. Markaziy Osiyo xo’jaligining asosiy tarkibi sanoat va qishloq xo’jalik hamda ularning tarmoqlaridan iboratdir. Bu xo’jalik tarkiblari va ularning respublikalar iqtisodiyotidagi xissasi turli-tuman. Ularning shakllanishi, rivojlanishi va joylanishi respublikalarning tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy, tabiiy geografik sharoitlari bilan bog’liq. Shuning uchun ham mamlakatlar iqtisodiyotida xo’jalik tarmoqlarining o’rni, ishlab chiqarishdagi salmog’i turlichadir. Mintaqadagi davlatlarning geografik o’rni, tabiiy, tarixiy, ijtimoiy-iqtisodiy sharoiti, geodemografik vaziyati ularning iqtisodiyotini, xo’jalik tarmoqlarining rivojlanishini, ishlab chiqarishni xududiy joylashuvini, shuningdek iqtisodiyotini, uning o’rnini belgilaydi. Jumladan, hozirgi kunda ham MDH davlatlarida etishtiriladigan paxtaning 95%i, sholi, meva, sabzavot, pilla, qorako’l terining 45 %i Markaziy Osiyo davlatlariga to’g’ri keladi. Bulardan tashqari ko’plab rangli metallar, surma, mis, katta miqdorda neft, gaz qazib chiqariladi. Qozog’istonda 2005 yilda qariyb 60 mln. t. neft (Rossiyadan so’ng ikkinchi o’rinda MDH davlatlari orasida), O’zbekiston va Turkmanistonda 60 va 85 mlrd. m3 gaz qazib chiqarilgan. (MDHda Rossiyadan keyin 3 va 2-o’rinda). Shuningdek, ko’mir qazib chiqarishda Qozog’iston respublikasi MDHda 3-o’rinda (90 mln.t.), oltin qazib chiqarish bo’yicha O’zbekiston MDH davlatlari orasida 2, dunyoda 10-o’rinda turadi. Markaziy Osiy davlatlari qishloq xo’jalik mahsulotlari etishtirishda ham MDH va xorijiy davlatlar orasida o’ziga xos ko’rsatkichlarga ega. Bu borada Qozog’iston va O’zbekiston davlatlarining hissalari salmoqlidir. Mintaqadagi davlatlar orasida Qozog’iston iqtisodiyotining yuqori darajada rivojlanganligi bilan ajralib turadi. Milliy daromadi aholi jon boshiga hisoblanganda ancha yuqori. Mintaqada xo’jalik rivojlanish xususiyatlari respublikalar tanlab olgan tamoyil va yo’nalishlarga bog’liq. Ishlab chiqarishning ko’rsatkichlariga tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy va geodemografik vaziyatlar bilan bir qatorda davlatning tanlangan tadbir-choralari ham muhim ta’sir ko’rsatadi. 1991-1995 yillar oralig’ida neft, gaz qazib chiqarish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini etishtirish ko’rsatkichlari shuni ko’rsatadiki, Qozog’istonda neft, gaz qazib chiqarish, don, kartoshka, go’sht va sut etishtirish miqdorlari kamayib borgan. O’zbekistonda esa aksincha. Turkmaniston, Qozog’iston, Tojikistonda ham ko’rsatkichlar ko’lami kamaygan. Sut etishtirish Turkmanistonda biroz ortgan xolos. Markaziy Osiyo respublikalarida xo’jalikni rivojlantirida ularning tabiiy geografik sharoitidan tashqari iqtisodiy geografik o’rni muhim ahamiyatga ega. Jumladan, Qozog’iston respublikasining Rossiya Federatsiyasining rivojlangan Volga bo’yi, Ural, G’arbiy Sibir, iqtisodiy rayonlariga qo’shniligi va yaqinligi, dengiz bilan tutashligi, tranzit temir, avtomobil, havo yo’llarining bo’lishligi, er va mineral resurslarga boyligi tinch va rivojlangan mamlakatlarga chegaradoshligi va boshqalar uning iqtisodiy jihatdan rivojlanganligini belgilaydi. Download 42.74 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling