Markaziy osiyo xalqlari tarixi


-mavzu. MАRKАZIY ОSIYODА SSSRNING QАTАG‘ОNCHILIK SIYOSАTI VА UNING ОQIBАTLАRI


Download 0.9 Mb.
bet29/140
Sana31.12.2022
Hajmi0.9 Mb.
#1073985
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   140
Bog'liq
МОХТ-2021. УМК йигиндиси - платформа учун

9-mavzu. MАRKАZIY ОSIYODА SSSRNING QАTАG‘ОNCHILIK SIYOSАTI VА UNING ОQIBАTLАRI.


Reja:
1. Mintaqada qatag‘onchilik siyosatining boshlanishi.”18 lar guruhi”, “Qosimovchilar”, ”Badriddinovchilar” kabi qatag‘onlarning o‘ylab topilishi.
2. Dinga qarshi kurash va uning oqibatlari.


Tayanch so‘z va iboralar: Sovet davlati, totalitar rejim, shaxsga sig‘inish, quloqlashtirish, quloq, kolxozlar, stalincha siyosat, qatag‘on, qatag‘onlashtirish siyosati, ziyolilar, din, dinga qarshi kurash.


S Mintaqada qatag‘on siyosatining boshlanishi. ”18 lar guruhi”, ”Qosimovchilar”, ”Badriddinovchilar” kabi qatag‘onlarning boshlanishi.
J Markaziy Osiyo mintaqasida jamoalashtirish va quloqlarni tugatish siyosatini nihoyasiga yetkazish bilan Ittifoq miqyosida yangi qirg‘inlar boshlanib ketdi. Bu sovet hokimiyatiga yoqmagan yoki uni chizgan chizig‘iga itoat qilmagan xalq farzandlarini jismoniy va ma'naviy jihatdan yo‘q qilish yoki qatag‘onga duchor qilish siyosati bo‘ldi. Mintaqa xalqlarining asl farzandlarini yo‘q qilish vazifasini SSSR IIXK lagerlar bosh boshqarmasi (Gulag) o‘tadi. Ayni Gulag yuz minglab begunoh insonlar og‘ir mehnati, chidab bo‘lmas turmush tarzi, ochlikdan qirilib ketadigan joy vazifasini o‘tadi. O‘zbekiston hududida Markaziy Osiyo lageri (Sazlag) joylashtirilgan bo‘lib, undagi mahbuslarning vazifasiga yuqoridagi qiynoqlardan tashqari SSSRning paxta mustaqilligini ta'minlashdek vazifa ham kirardi. Yirik konsentratsion lagerlardan yana biri Qozog‘iston hududida joylashtirilgan bo‘lib, u Karlag, ya'ni Qarag‘anda lageri deb atalar edi. Akmola lagerida (Aljir) stalinchi rahbarlarga yoqmagan, ular tomonidan xalq dushmani deb topilgan yirik sovet rahbarlarining xotin va bola-chaqalari saqlanar edi. Bundan behabar bo‘lgan ularning erlari bu paytda “Yashasin o‘rtoq Stalin” shiorlari ostida yejovchi va beriyachilarning qo‘rg‘oshin parchalari ostida halok bo‘lishar, ularning farzandlari bo‘lsa yetimxonalarda katta bo‘lishga duchor qilinar edilar. 1929 yilda tashkil etilgan Gulag boshqarmasi tez orada “rivojlanib” borib, 1940 yilda Gulag tarkibida 53 lager, 1954 yilga kelib 64 lager tarkib topgan edi. 1930 yilda lagerlarda 179 ming mahkumlar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 1940 yilga kelib ularning soni 1344408 tani, 1953 yilda bo‘lsa 1727970 kishini tashkil qildi. 30-yillar oxiridan boshlab Qozog‘iston, O‘zbekiston va boshqa respublikalarga koreyts, polyak, nemis va boshqa xalqlarni qatag‘on qilish jarayoni boshlab yuborildi.
Stalincha qatag‘on mashinasi kechayu kunduz to‘xtovsiz ishlar, mamlakat iqtisodiyotini boyitishga o‘z ulushini qo‘shishdan charchamas edi. Chunki qatag‘on qilinganlar maxsus lagerlari mamlakatni yog‘och mahsulotlarini asosiy qismini, foydali qazilmalarni 50-60% ni, 70% oltin ishlab chiqarishni, temir yo‘llar qurish, kanallar qazish ishlarini bajarar edi.
XX asr 20-yillarning o‘rtalaridan boshlab mamlakat va respublikada totalitar jamiyatning xususiyatlari tobora oshkora ko‘rina boshladi. Bu holat xususan milliy respublikalardagi rahbar xodimlarga nisbatan bo‘lgan munosabatda yaqqol namoyon bo‘ldi. Mamlakatda qaror topgan ma'muriy-buyruqbozlik tizimi va uning rahbar o‘zagi hisoblangan Butunittifoq kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi - VKP(b) bu paytga kelib yangi iqtisodiy siyosatdan butunlay yuz o‘girdi va «sotsializm asoslari»ni qurishga jiddiy kirishdi. Mustabid sovet rejimi o‘zgacha fikrlashga mutlaqo toqat qila olmas edi. Lenin tomonidan allaqachon e'lon qilingan «Kim biz bilan birga bo‘lmasa, u - dushmanimiz!» shiorini Stalin shafqatsizlik bilan amalga oshirishga kirishdi. Sovet rejimi dastavval mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi repressiya (qatag‘on) siyosatini amalga oshirgan bo‘lsa, 30-yillardan boshlab o‘z xalqiga nisbatan ommaviy terror (qatli om) qo‘lladi. 20-yillarning ikkinchi yarmi va 30-yillar boshida O‘zbekistonda «o‘n sakkizlar guruhi», «inog‘omovchilik», «qosimovchilik», «badriddinovchilik» singari ishlar to‘qilishi va Munavvar Qori boshchiligidagi milliy ziyolilarning qamoqqa olinishi natijasida o‘zbek xalqining ko‘plab asl farzandlari qatag‘on qilindi. «O‘n sakkizlar guruhi» masalasi O‘zbekiston Kompartiyasi MQ IV plenumi (1925 yil 19-22 noyabr), RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi maxsus komissiyasi (1925 yil 21-22 noyabr) va O‘zbekiston Kompartiyasi II s'ezdi (1925 yil 22-30 noyabr) majlislarida ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston hukumati a'zolari, viloyatlar rahbarlari va yirik xo‘jalik boshliqlaridan 18 nafar obro‘li kishi o‘z talablari bilan O‘zbekiston Kompartiyasi MQ plenumi va Markaziy Osiyo byurosiga yozma ravishda murojaat qilishgan edi.
Muxtor Saidjonov (Zarafshon okrujkomi kotibi), Rahmat Rafiqov (O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari), Inomjon Xidiraliev (O‘zbekiston yer-suv ishlari xalq komissari), M.O‘rinxo‘jaev va boshqa milliy rahbar xodimlar o‘z murojaatlarida respublikada ishlash uchun toqat qilib bo‘lmaydigan vaziyat yaratilganligini, amalda butun hokimiyat RKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosining raisi I.A.Zelenskiy va O‘zbekiston Kompartiyasi mas'ul kotibi V.Ivanov qo‘lida to‘planganligini bayon qilishdi.
Ular Moskvaning favqulodda organi hisoblangan Markaziy Osiyo byurosini tugatish fikrini bayon qilishdiki, bu go‘yoki quyoshli osmonda momaqaldiroq guldurashi bilan barobar edi. O‘n sakkizlar guruhi mazkur talablar qondirilmasa, o‘zlarini O‘zbekistondagi vazifalaridan ozod qilib, Moskvaga - RKP(b) MQ ixtiyoriga yuborishlarini so‘rashdi. 1920 yilda shunga o‘xshash talablar (Turkkomissiyani tugatish, qizil armiyani Turkistondan olib ketish va b.) bilan Turkiston MIQ raisi T.Risqulov Leninga murojaat qilgan edi. O‘n sakkizlar guruhining harakatlarini hukumat boshlig‘i Fayzulla Xo‘jaev faol qo‘llab-quvvatladi. U bu guruhning rasmiy a'zosi bo‘lmasa ham, aslida ularning g‘oyaviy ilhomchisi edi. Biroq Markaziy Osiyo byurosi milliy rahbarlarning (o‘n sakkizlar guruhiga keyinchalik yana boshqa mas'ul xodimlar ham qo‘shildi) bu haqli talablarini nafaqat rad qilishdi, balki uning mohiyatini soxtalashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Kommunistik mafkuraning rasmiy siyosatining uqtirishicha, go‘yoki o‘n sakkizlar guruhi respublikada yer-suv islohoti o‘tkazilishi va boshqa tadbirlarga qarshi chiqib, boylar manfaatini ko‘zlagan.
Bu davrda eng muhim muammolardan biri kadrlar masalasi edi. Chunki davlat hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlarida milliy kadrlar juda oz bo‘lib, ish yuritish ham rus tilida olib borilar edi. Respublika boshqaruv mahkamalarida mas'ul lavozimlarni ruslar egallab olgan edi. O‘zbekiston SSR XKS raisi F.Xo‘jaev tub xalqlardan mahalliy kadrlar tayyorlash va ularni yuqori lavozimlarga ko‘tarishda jonbozlik ko‘rsatdi. Uning tashabbusi bilan O‘zSSR MIK huzurida 1925 yilda davlat muassasalarini mahalliylashtirish (korenizatsiya) Markaziy komissiyasi (raisi N.Mavlonbekov) tuzilgan. Markaziy komissiyaning Samarqand, Farg‘ona va boshqa viloyatlarda ham bo‘limlari tashkil etilgan. Biroq mahalliylashtirish jarayoni tez orada kommunistik partiya vakillari tomonidan burjua millatchiligi va «o‘zbeklashtirish» deb e'lon qilingan hamda komissiyalar faoliyati tugatilgan.
1927 yil mart oyida O‘zbekiston Sovetlarining II qurultoyi respublika Konstitutsiyasini qabul qildi, bu Konstitutsiya qatiyan sinfiy tusda bo‘lib, bolshevikcha ekstremizm mafkurasi bilan sug‘orilgan edi. Konstitutsiyaga muvofiq «mehnatkash bo‘lmagan» qatlamlardan chiqqan ko‘pgina ijtimoiy ta-baqalar, dindorlar va boshqalar saylov huquqlaridan mahrum etilgandi («mahrumlar»). Bu bilan aholining anchagina qismi kommunistik rejim tomonidan davlat qurilishida va ijtimoiy-siyosiy hayotda ishtirok etishdan chetlashtirilgan edi. Faqat oradan 10 yil o‘tgandan keyingina, O‘zbekiston SSRning 1936 yilgi SSSR Konstitutsiyasi asosida 1937 yil 12 fevralda qabul qilingan Konstitutsiyasida bu o‘taketgan adolatsizlikka chek qo‘yildi, barcha fuqarolarga ularning ijtimoiy kelib chiqishi va qaysi sinfga mansubligidan qati nazar, saylov huquqlari berildi. Biroq 1936 yilgi SSSR Konstitutsiyasi va 1937 yilgi O‘zbekiston SSR Konstitutsiyasining ko‘pgina moddalari, ayniqsa fuqarolarning keng huquqlari va erkinliklari e'lon qilingan moddalari, vaqt o‘tishi bilan soxta ekanligi ko‘rinib qoldi. Shuningdek, O‘zbekiston SSRning har ikkala Konstitutsiyada e'lon qilingan suvereniteti ham «yasama» va soxta bo‘lib chiqdi. Mazkur konstitutsiyalarga muvofiq, SSSR Davlatining «teng huquqli» a'zosi bo‘lgan O‘zbekiston SSR butun hayoti davomida haqiqatda Markazga, uning partiya-davlat tuzilmalariga mustamlaka qaramligida bo‘lib keldi va shunday bo‘lib qoldi.
Sovet demokratiyasi hamisha, ayniqsa, 20—30-yillarda juda cheklangan bo‘lib, bolsheviklar targ‘iboti esa uning «burjua» demokratiyasidan ustunligi haqida butun dunyoga jar solar edi. Partiya-davlat tuzilmalari sovetlarga saylovlarda ham deputatlikka nomzodlar orasida «sinfiy yot unsurlar» bo‘lmasligini, saylov yig‘ilishlarida va sovetlar deputatlari sifatida aholining faqat «mehnatkash» qatlamlari (bu so‘zning bolshevikcha tushunilishida) ishtirok etishlarini hushyorlik bilan kuzatib borardi. Ana shu maqsadda 20-yillarning ikkinchi yarmida har yili sovetlarga qayta saylovlar o‘tkazilib turildi, bular natijasida sovetlar «sinfiy yot unsurlar»dan «tozalandi», deputatlar korpusi kommunistik rejimga sodiq ishchilar, «mehnatkash» dehqonlar, xizmatchilar vakillaridan, eng avvalo kommunistlardan to‘ldirib borildi. Respublika aholisining 1% dan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi kommunistlar sovetlarda, ayniqsa, Oliy Kengash, viloyat, shahar va tuman kengashlarida aksariyat ko‘pchilikni egallar edilar. Rahbar organlar haqida gapirmasa ham bo‘ladi, ular barcha darajadagi partiya qo‘mitalarining ko‘rsatmasi va rahbarligida odatda faqat kommunistlardan tashkil topardi. Mustabid tuzumning g‘oyaviy rahnamosi bo‘lgan kommunistik partiya mehnatkash xalqni butun imkoniyati bilan turli xil siyosiy va ijtimoiy-ommaviy tashkilotlar bilan qamrab olib, ularga muntazam ravishda g‘oyaviy ta'sir o‘tkazishga, ularni bir qolipda ushlab turishga harakat qildi. 20-yillarda O‘zbekiston dehqonlarini g‘oyaviy jihatdan birlashtirgan tashkilotlardan biri «Qo‘shchi» ittifoqi edi. 1925 yilda 157 ming kishini o‘ziga birlashtirgan ommaviy «Qo‘shchi» ittifoqi ham O‘zbekiston dehqonlarining ommaviy tashkilotidan sekin-asta qishloqda mustabidchilik siyosatining targ‘ibotchisiga aylandi. U 20-yillarning oxirida qishloqda bolsheviklar tuzumining agrar, iqtisodiy va madaniy siyosatining, uning qishloqda sinfiy tabaqalanishini kuchaytirish yuzasidan dehqonlarga qarshi qaratilgan yo‘lining oddiy ijrochisi bo‘lib qoldi. «Qo‘shchi» ittifoqi sekin-asta dehqonlarning ommaviy tashabbuskor tashkilotidan o‘z saflariga, birinchi navbatda qishloq kambag‘allarining eng qashshoq qismini birlashtiruvchi davlat siyosiy tuzilmasiga, o‘ta sinfiy tashkilotga aylanib bordi, jamoalashtirish va «quloqlashtirish» davrida salbiy rol o‘ynadi.
Respublikada Markaz andozasida tashkil qilingan «Xudosizlar ittifoqi», «Yo‘qolsin savodsizlik», MOPR (proletar inqilobchilarning xalqaro tashkiloti) va boshqa tashkilotlar ham partiya siyosatini aholining turli guruhlari o‘rtasida amalga oshirishda oddiy vositachilarga aylandilar.
Mamlakatda ma'muriy-buyruqbozlik tizimi qaror topib mustahkamlanib borishi bilan bir qatorda respublikaning butun ijtimoiy-siyosiy hayoti muttasil siyosiylashtirilib va baynalminallashtirilib borildi va hukmron partiya tomonidan «sotsialistik qurilish» va mustabid tuzumni mustahkamlash vazifalariga bo‘ysundirildi. Ijtimoiy-siyosiy hayot shu qadar shiddat bilan o‘zgarib bordiki, mavjud har bir masalaga, muammoga siyosiy nuqtai nazardan qaraldi. Buning natijasida milliylik o‘rniga amalda baynalmilallik ustivor qilib qo‘yildi, milliy qadriyatlar, an'ana, urf-odatlar oyoqosti qilindi. Asrlar bo‘yi mavjud bo‘lib kelgan diniy bayramlar va ana shunday bayramlar sifatida bir qator xalq milliy bayramlari ham ma'muriy-buyruqbozlik usullari bilan bekor qilindi, ular o‘rniga «proletar» baynalmilal bayramlari tiqishtirildi.
Kommunistik partiya o‘rnatgan ana shu mustabid tuzumni, u amalga oshirgan «sotsialistik tajriba»ni mahalliy xalq, avvalo uning ilg‘or vakillari zo‘r norozilik bilan kutib oldilar, ular xalqning milliy madaniyatini, an'analari va urf-odatlarini, ko‘p asrlik ma'naviy merosini saqlab qolishga intildilar, Markazning zo‘ravonligiga qarshi ochiq tanqidiy fikrlar bildirdilar. Sovetlar Ittifoqini oshkora ravishda «qizil imperiya» deb atadilar, respublika mustaqilligini qo‘lga kiritishga harakat qildilar, O‘zbekistonda «sotsialistik islohotlar» sekin-asta, demokratik yo‘llar bilan, respublikaning muayyan tarixiy va milliy-maishiy shart-sharoitlarini hisobga olgan holda o‘tkazilishi uchun kurashdilar. O‘z mohiyati bilan mustabid imperiyacha tuzumga qarshi milliy oppozitsiya (muxolifat) jamoat va davlat arboblarini, o‘qituvchilarni, yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar va shu kabilarni qamrab oldi.
Biroq mustabid tuzum boshqacha fikrlashga mutlaqo toqat qilolmasdi va unga qarshi qat'iy kurash olib bordi. 20-yillarning ikkinchi yarmi — 30-yillar mavjud tuzumga muxolifatda turganlarga qarshi keng qatag‘onlar o‘tkazish davri bo‘ldi. Respublikaning vatanparvarlik kayfiyatidagi rahbar xodimlarni birlashtirgan «g‘ayripartiyaviy» guruhlar («18 lar guruhi», «Inog‘omovchilik», «Qosimovchilik») birin-ketin «fosh etildi» va badnom qilindi. 20-yillar oxiri — 30-yillar boshlarida mustabid tuzumning jazolovchi qilichi mustabid tuzum kirdikorlariga qarshi fikr bildirgan milliy ijodkor ziyolilarning ko‘pgina vakillariga zarba berdi. Munavvar Qori Abdurashidxonov, Saidnosir Mirjalilov, Mahmud Hodiev (Botu), Ubaydulla Asadullaxo‘jaev, Ashurali Zoxiriy, Elbek, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Otajon Hoshimov, Usmon Nosir va boshqalar qatag‘onga uchradi. Faqat 1929 yil yanvardan 1933 yilgacha mustabid tuzum respublika milliy ziyolilarning 217 vakilini — yozuvchilar, jurnalistlar, o‘qituvchilar va hokazolarni qatag‘on qildi, ulardan ko‘plari otildi.
Qatag‘on balosi faqat ziyolilarnigina o‘z komiga tortmadi, istibdodning olovida barcha baravar yondi. 20-yillar oxiri — 30-yillar boshlarida dehqonlarga nisbatan ham misli ko‘rilmagan qatag‘onlar amalga oshirildi. Qishloq xo‘jaligini jamoalashtirish davrida O‘zbekistonda 40 mingdan ortiq dehqon xo‘jaligi «quloq» qilinib, ulardan 31,7 mingi qatag‘on qilingan edi.
Bolsheviklar tuzumining 30-yillar oxirida o‘z xalqiga nisbatan qilgan qatag‘onlari ayniqsa keng ko‘lamda avj oldi. Bir tuman yoki qishloq miqyosida birorta rahbar «xalq dushmani»ga aylantirilgan bo‘lsa, uning «dumi» sifatida yana 50—60 kishi o‘z yurtidan badarg‘a qilingan yoki qamalgan edi. Shuning uchun ham qatag‘onlar respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayotini larzaga keltirdi, kishilarda doimiy qo‘rquv, ertangi kunga ishonchsizlik uyg‘otdi. 1936 yilning oxirida o‘z konstitutsiyasida keng huquqlar va erkinliklarni e'lon qilgan mustabid tuzum oradan bir necha oy o‘tgach ommaviy terrorni avj oldirdiki, u o‘zining qonli panjalari bilan O‘zbekistonni ham qamrab oldi. Ittifoqning jazo organlari va uning respublikadagi tuzilmalari hyech bir aybsiz kishilar ustidan soxta «ishlar»ni to‘qib chiqdilar, ommaviy hibsga olishlar uyushtirildi, minglab jamoat arboblari, yirik olimlar, adabiyot va san'at arboblari, xo‘jalik kadrlari, ishchilar, dehqonlar, din vakillari va boshqalar sudsiz-so‘roqsiz qamoqqa tashlandilar. Kommunistik rejim shu yo‘l bilan mamlakatdagi har bir millatning eng ilg‘or ziyoli qismini, mustabid tuzum mohiyatini tushunib yetadigan qismini yo‘qotishga harakat qildi. Bu qabihlikni amalga oshirar ekanlar, ular avval o‘z kabinetlarida o‘tirib o‘nlab soxta «aksilinqilobiy tashkilotlar»ni o‘ylab topdilar va ularni «fosh etish»ga kirishdilar, go‘yo ular imperialistik davlatlarning agentlari bo‘lgan emish. Jumladan, 1937—1938 yillarda markaziy hukumatning jazo organlari va uning respublikadagi «nazoratchilari» O‘zbekistondagi yirik aksilinqilobiy tuzilmalarni «fosh etdilar» va «tugatdilar», bular: respublika rahbarlari Akmal Ikromov va Fayzulla Xo‘jaev boshchiligidagi «Burjua-millatchilik aksilinqilobiy tashkiloti markazi»; Abdurauf Qoriev rahbarligidagi «Musulmon ruhoniylarning millatchi-isyonchilar tashkiloti»; «Aksilinqilobiy o‘ng trotskiychi josuslar tashkiloti markazi»; S.Xo‘janov boshchiligidagi «Aksilinqilobiy millatchi qozoqlar tashkiloti»; «Buxoro va Turkiston baxt-saodati» nomli sovetlarga qarshi aksilinqilobiy tashkilot; respublika komsomoli MQ kotibi I.Ortiqov rahbarligida «Yoshlarning aksilinqilobiy burjua-millatchilik tashkiloti»; «Uyg‘urlarning aksil-inqilobiy josuslik-isyonchilik tashkiloti»; Mirzoyan, Amelyan va boshqalar rahbarligidagi «Aksilinqilobiy eserlar josuslik-qo‘poruvchilik tashkiloti»; «Ingliz josuslik rezidenturasi»; «Yapon josuslik-qo‘poruvchilik rezidenturasi» edi. Endilikda ma'lum bo‘lishicha, bularning hammasi tuzumning jazo organlari kabinetlarida ataylab to‘qib chiqarilgan bo‘lib, haqiqatda bunday «aksilinqilobiy tashkilotlar» respublikada mutlaqo bo‘lmagan ekan.
Soxta «ishlar» to‘qib chiqarilgani, hyech qanday asos bo‘lmagani holda jazo organlari tomonidan qamoqqa olishlar amalga oshirilgani haqida O‘zbekiston KP(b) MQ birinchi kotibi Usmon Yusupov Moskvaga quyidagilarni yozgan edi: «Xalq komissarlari organlari (NKVD ko‘zda tutilmoqda) faoliyatida juda katta kamchilik va qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yilmoqda... Ommaviy qamoqqa olishlarga zo‘r berilgan, ko‘p holatlarda ular yetarli darajada asoslanmagan. Ichki ishlar xalq komissarligida, uning rayonlardagi bo‘limlarida, hatto, eng ko‘p qamoqqa olish uchun musobaqa e'lon qilindi... Bu esa yetarli darajada asoslanmay qamashlarga keng yo‘l ochdi». Mamlakatda totalitarizm mustahkam qaror topgan o‘sha vaqtda VKP(b) MQga, shaxsan Stalinga shu mazmunda xat yozish jasorat edi.
Biroq Usmon Yusupovning bu xatiga Markazdagi siyosiy rahbariyat e'tibor bermadi. Aksincha, 30-yillar oxiriga kelganda, butun mamlakatda bo‘lganidek, O‘zbekistonda ham qatag‘onlar yanada avj oldi.
«Qizil terror» o‘sha davrda qanchalik ommaviy tus olganligi haqida quyidagi ma'lumotlar dalolat beradi: 1936 yilning oxiridan 1940 yilgacha bo‘lgan davrda respublika bo‘yicha yozuvchilar, jurnalistlar, davlat, jamoat arboblari va hokazolardan 5.758 kishi qamoqqa olingan, ulardan 4.811 kishi otib tashlangan. O‘ylab chiqarilgan soxta ayblovlar bo‘yicha O‘zbekistonda 1937—1939 yillarda hammasi bo‘lib 41 mingdan ziyod kishi qamoqqa olingan, ulardan 37 mingdan ortiq kishi jazolangan, 6 ming 920 kishi esa otib tashlangan.
Shunday qilib, 30-yillarning oxiri butun Ittifoqda bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham mustabid tuzum boshlagan repressiyaning mislsiz beboshliklari, ommaviy «qizil terror»ning vahshiyliklari bilan nishonlandi va o‘zbek xalqi tarixida eng fojiaviy sahifalarni tashkil etdi.
Aslida mintaqa xalqlari manfaatlarini himoya qilgan bu rahbar xodimlar 1925 yilning oxiridayoq Markaziy Osiyo byurosining talabi bilan o‘z mas'ul lavozimlaridan olib tashlandi. «Inog‘omovchilik» O‘zbekiston maorif xalq komissari (1925-1926), O‘zbekiston Kompartiyasi MQ matbuot bo‘limi mudiri (1926 yil) lavozimlarida ishlagan Rahim Oxunjonovich Inog‘omov (1902-1938) nomi bilan bog‘liqdir. R.Inog‘omov «O‘zbekiston ziyolilari» (1926) risolasida o‘zbek xalqi bolsheviklar amalga oshirgan oktyabr to‘ntarishiga nisbatan noxush munosabatda bo‘lganligini ko‘rsatgan edi. U o‘zining bir qator maqola va nutqlarida O‘zbekiston Kompartiyasi, bolsheviklar markazining mustamlakachilik siyosatiga qarshi kurashmayotganlikda, VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi va Markaziy Osiyo iqtisodiy kengashi kabi Markazning nazoratchi organlarini zo‘ravonlikda ayblaydi. R.Inog‘omov O‘zbekiston yozuvchilarining Samarqanddagi «Qizil qalam» jamiyati faoliyatini dastlab yo‘naltirib turgan edi. VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosi va O‘zbekiston Kompartiyasi MQ R.Inog‘omovning to‘g‘ri mulohazalari va uning fikriga qo‘shilganlarni partiyaga qarshi «inog‘omovchilik guruhi» deb aybladi va ularga qarshi kurash uchun respublika partiya tashkilotini oyoqqa turg‘azdi. 1926 yil 12 dekabrda O‘zbekiston Kompartiyasi MQ Ijroiya byurosi va plenumida bu masala ko‘rib chiqilib, inog‘omovchilik - mayda burjua va millatchilikka tomon og‘ish, deb qoralandi. Dekabr oyida R.Inog‘omov o‘z vazifasidan olib tashlandi.
1927 yil yanvar oyida VKP(b) MQ Markaziy Osiyo byurosida ham bu ish maxsus ko‘rilib, «inog‘omovchilikni o‘ng oppozitsiya bilan g‘oyaviy yaqinlikda» ayblandi. O‘zbekiston Kompartiyasining III s'ezdi (1927 yil noyabr) R.Inog‘omovni «g‘oyaviy jihatdan» tor-mor qilindi deb hisoblab, uni Qashqadaryo okrugining eng chekka qishlog‘iga ishlash uchun jo‘natadi. 1930 yil 30 mayda «Pravda Vostoka» gazetasida R.Inog‘omovning «ochiq xati» uyushtirilib, u tavba-tazarru qildiriladi. Shunday qilib, kommunistik mafkura O‘zbekistonda milliy rahbarlarga qarshi kurashda dastlabki g‘alabaga erishdi. Sovet rejimi milliy rahbar xodimlarni faqat lavozimlaridan chetlatib, ularni «g‘oyaviy jihatdan» tor-mor qilishdan 20-yillarning oxiriga kelganda, endilikda jismoniy mahv etishga kirishdi. Bu jihatdan olganda O‘zbekiston Oliy sudi organlarida o‘tkazilgan qatag‘onlar xarakterlidir.
Markazning tazyiqi bilan O‘zbekiston Kompartiyasining IV s'ezdi (1929 yil 17 fevral - 2 mart)dan keyin jazo mexanizmi ishga tushirildi. O‘zbekiston SSR Oliy sudining raisi Sa'dulla Qosimov 1929 yil mart oyida lavozimidan bo‘shatilib, qamoqqa olindi. U bu vazifada 1926 yildan boshlab ishlayotgan edi. S.Qosimov va uning 6 ta tarafdori ustidan SSSR Oliy sudi sayyor sessiyasi 1930 yil 26 mart – 22 iyunda Samarqand shahrida sud jarayonini o‘tkazdi. S.Qosimov bilan birgalikda O‘zbekiston SSR Oliy sudining sobiq prokurori Badriddin Sharipov, eski Toshkentning sobiq sudyasi Mirsoat Mirzokirov, Mirzacho‘l tumani sobiq sudyasi Ibrohim Xo‘jaev, advokatlar kollegiyasining sobiq a'zosi Spiridonov, yirik savdogarlar Nasritdin Alimov va Samig‘jonov — jami 7 kishi aybdor deb topildi. Markazdan kelgan jazo organlari (sud raisi - Vasilev-Yujin va prokuror R.Katanyan) ishga ataylab siyosiy tus berishdi. S.Qosimov va uning tarafdorlari «bosmachilar»ni qo‘llab-quvvatlashda, «aksilinqilobchi millatchi tashkilotlar» a'zolari bilan aloqa bog‘laganlikda, islom dinini himoya qilishda ayblanib, ularga «qosimovchilik» yorlig‘i bosildi. Holbuki, S.Qosimov va B.Sharipov o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida tub millat manfaatlarini imkoniyat doirasida himoya qilishgan edi.
S.Qosimov tergov va sud jarayonida SSSR Oliy sudi O‘zbekistonning suveren huquqi va milliy manfaatlarini poymol qilayotganligini ochib tashlashdan cho‘chimadi. Sovet rejimi uch oy davom etgan sud jarayonini doimiy ravishda matbuotda yoritib bordi. Lekin unga kommunistik mafkura asosida yondoshilib, ishning mohiyati soxtalashtirildi. 22 iyunda S. Qosimov, B.Sharipov, N.Alimov, Spiridonov otib o‘ldirishga, qolganlar esa 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilindi. Ularning butun mol-mulki musodara qilinib, davlat hisobiga o‘tkazildi. Oradan ko‘p o‘tmay navbatdagi ish — «badriddinovchilik» o‘ylab topildi. 1932 yil 5 may - 15-iyunda Toshkent shahrida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor sessiyasi Shamsutdin Badriddinov va uning 5 tarafdori ustidan sud jarayonini o‘tkazdi. Sh.Badriddinov 1929 yilda Farg‘ona okrugi prokurori, keyinchalik O‘zbekiston SSR Oliy sudining prokurori lavozimlarida ishlagan bo‘lib, u va tarafdorlari 1931 yilda qamoqqa olingan edi. Sh.Badriddinovga «Milliy Ittihod» tashkiloti a'zolari va «bosmachilar» bilan aloqa bog‘lagan, Munavvar Qori va S.Qosimovning yaqin do‘sti va hamfikri bo‘lgan, degan ayblar qo‘yildi. Bu sud jarayonida ham prokuror R.Katanyan edi. Sh. Badriddinov avval otishga hukm qilinib, so‘ngra o‘lim hukmi 10 yil qamoq muddati bilan almashtiriladi. Uning Muhammadjon Xo‘jaev, Abdurahmon Rahmonov, Mahmudxon Ahmadjonov, Muhitdin Sadixonov, Ibrohimjon Musaxonovlardan iborat 5 ta tarafdori ham uzoq muddat qamoq jazosiga hukm qilinadi.
Sovet rejimi sud organlaridagi milliy rahbar xodimlarni qatag‘on qilish bilan birgalikda jazo qilichini maorif jabhasidagi ziyolilarga ham qarshi ko‘targan edi. 1929 yil 5 noyabrda Toshkentda atoqli jadid ma'rifatparvari Munavvar Qori Abdurashidxonov boshchiligidagi 38 kishi qamoqqa olinadi. Oradan ko‘p o‘tmay qamoqqa olinganlarning miqdori 87 kishiga yetdi. Ularga «Milliy Ittihod» va «Milliy Istiqlol» tashkilotlarining a'zosi degan ayb qo‘yildi. Tergov jarayoni keyinchalik Moskvaga ko‘chirildi. Bu holat sovet rejimini o‘zbek ziyolilarining «millatchiligi»ni fosh qilishga jon-jahdi bilan kirishganligidan dalolat beradi. Tergov hujjatlarida yozishicha, 1919 yilda Munavvar Qori boshchiligida Toshkentda «Milliy Ittihod» tashkiloti maxfiy ravishda tuzilgan edi. 1920 yildan tashkilotning Farg‘ona, Samarqand, Buxoro va Xorazmda sho‘balari tashkil qilingan.
1920 yil oktyabr oyida Munavvar Qorining Buxoro shahriga kelishi va maorif nozirligida ishlashi bilan tashkilotning mintaqadagi markazi Toshkentdan Buxoroga ko‘chadi. Dekabr oyining oxirida Ahmad Zaki Validiyning Buxoroga kelishi tashkilot faoliyatini yanada kuchaytirib yuborgan. «Milliy Ittihod» tashkiloti a'zolari istiqlolchilik harakatining yetakchilari bilan aloqalar o‘rnatib, ularga g‘oyaviy rahnamolik qilishgan edi. 1924 yil oxirlarida tashkilotning markazi qaytadan Toshkentga ko‘chadi. O‘zbekiston SSR tuzilgach, 1925 yilda uning asosida «Milliy Istiqlol» tashkiloti tashkil topadi. Bu paytga kelib sovet tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatayotgan ko‘plab mahalliy kommunistlar tashkilotning maxfiy a'zolari edi. Munavvar Qori bilan birgalikda Fayzulla Xo‘jaev va Fitrat tashkilot faoliyatida muhim rol o‘ynashgan. Biroq «Milliy Istiqlol» tashkiloti totalitar rejim kuchaygan 20-yillarning oxirida siyosiy faoliyatni qariyb to‘xtatgan edi. 1931 yil 25 aprelda Moskvada bo‘lib o‘tgan sud majlisida Munavvar Qori, Salimxon Tillaxonov, G‘ulom Ikromov, Mirxalil Karimov, Najmitdin Sheraxmedov, Tolibjon Musaboev, Asadulla Xo‘jaxonov, Usmonxo‘ja To‘xtaxo‘jaev, Isroiljon Ibrohimov, Tangriqulhoji Maqsudov, Hasanqori Xoniy, Zayniddinqori Nasritdinov, Mulla G‘aybulla Dadamuhamedov, Abdullabek Musabekov, Said Ahroriy kabi 15 millat fidoyisi — «Milliy istiqlol» a'zolari otishga, qolgan 72 kishi esa uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Lekin qamoqdan deyarli hyech kim qaytib kelmagan. 1930 yil avgust oyida O‘zbekiston xalq maorif komissarligidagi bir guruh rahbar xodimlar hibsga olinadi. Ular ichida maorif komissari Mannon Ramziy (Abdullaev), 1896—1938), uning o‘rinbosari Botu — Mahmud Hodiev (1904—1938), shuningdek, Oltoy — Bois Qoriev (1903—1976), Nosir Saidiy va boshqalar bor edi. Ular maorif tizimini «millatchilik og‘usi» bilan zaharlaganlikda ayblanib, bu holat «maorif frontida qosimovchilikning namoyon bo‘lishi» deb qoralandi.
Botu va uning tarafdorlari 10 yil qamoq jazosiga hukm qilinadi. 1930 yili Davlat banki apparatida «tozalash» o‘tkazilib, ko‘plab rahbar xodimlar qamaldi. Boshqa sud ishlari ham o‘tkazildi. Bu ishlarning hammasi Markaziy Osiyodagi yetuk milliy rahbar xodimlar va ziyolilarni tugatishga, xalqimizni totalitar rejim asorati ostida tutib turishga qaratilgan edi. Bu paytda totalitar rejimda ma'muriy-buyruqbozlik va avtoritar boshqaruvning kuchayishi natijasida qonunbuzarlik hodisalari oddiy holga aylandi. Sovet mustabid tuzumi butun mamlakatda bo‘lgani singari O‘zbekistonda ham ommaviy qatag‘onlarni avj oldirdi. Yirik davlat va jamoat arboblari, partiya va xo‘jalik rahbarlari, ziyolilar, ruhoniylar va harbiylar bilan birgalikda oddiy kishilar: ishchilar va kolxozchilar ham ko‘plab ravishda qatag‘on qilindi.
Markaziy Osiyoda avj olib ketgan qatag‘onlar misli ko‘rilmagan darajada rivojlanib, mintaqada siyosiy qatag‘onlik 1937 yilning yozida ayniqsa avjiga chiqdi. Bu yillar oralig‘ida birgina Qozog‘istondan “natsional-fashizm” va “josuslik” da ayblanib, asl qozoq farzandlari T.Risqulov, N.Nurmakov, S.Xojanov, U.Qulumbetov, O.Isaev, U.Jondasov, J.Sadvakasov, S.Safarbekov, T.Jurgenov kabi minglab davlat va jamoat arboblari, qozoq madaniyatining ko‘zga ko‘ringan vakillari qamoqqa olinib qatag‘on qilib yuborildi. 1937 yilga kelib Qozog‘iston bo‘yicha qatag‘on qilinganlar soni 105 ming kishiga yetib, shulardan 22 ming kishisi otib tashlandi. O‘zbekiston XKS raisi Fayzulla Xo‘jaev, uning keyingi vorislari Abdulla Karimov, Sulton Segizboev, O‘zbekiston Kompartiyasi MQ 1 kotibi Akmal Ikromov, moliya xalq komissari Akbar Islomov, yer ishlari xalq komissari Rustam Islomov, maorif xalq komissari Qosim Sorokin, ichki savdo xalq komissari Muhitdin Tursunxo‘jaev, sog‘liqni saqlash xalq komissari Karim Abdullaev, O‘zbekiston Kompartiyasi MQ kotiblari Sodiq Boltaboev, I.Xudoyqulov, A.Sexer, bo‘lim mudirlari Mo‘min Usmonov, Qurbon Beregin, Mir-muslim Shermuhamedov, Kamol Sharipov, Qoraqalpog‘iston obkomi kotiblari Davlat Rizaev, Komiljon Alimov, O‘zbekiston LKSM MQ kotiblari Isroil Ortiqov, F.Tarasov, shuningdek, yaqin o‘tmishda mas'ul lavozimlarda ishlagan Rahim Inog‘omov, Muxtor Saidjonov, Ota Po‘latovich Xo‘jaev, Sa'dulla Tursunxo‘jaev, Sultonbek Xo‘janov, Ubaydulla Xo‘jaev, (Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jaev), Po‘lat Soliev, Mirkomil Mirsharopov, Muinjon Aminov, Muso Saidjonov, Mukammil Burhonov, Abdulhay Tojiev, Usmonxon Eshonxo‘jaev, Jo‘ra To‘rabekov, Nishonbek Mavlonbekov, D.Manjara, respublikadagi viloyatlar, shaharlar va tumanlar rahbarlari, boshqa ko‘plab xo‘jalik xodimlari qamoqqa olinib, tergovdan keyin SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining qaroriga binoan otib tashlandi. 20-yillarda Turkiston respublikasida mas'ul lavozimlarda ishlagan: Turor Risqulov, Qayg‘usiz Otaboev, Nazir To‘raqulov, Sanjar Asfandiyorov, Abdulla Rahimboev, Nodirboy Aytaqovlar 1937-1939 yillarda qamoqqa olinib, mustabid sovet rejimi tomonidan yo‘q qilindi.
O‘zbekistondagi siyosiy elita «millatchilik va sovet hokimiyatiga qarshi kurash olib borish»da, shuningdek, qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarishni tayyorlashda ayblandi. O‘zbekiston jamiyatning hamma tabaqalariga yoyilgan hibsga olish to‘lqini ostida qoldi. Davlat va jamoat arboblari, xo‘jalik rahbarlari bilan bir qatorda milliy ziyolilar ommaviy ravishda qatag‘on qilindi. XX asr o‘zbek madaniyatining bebaho yulduzlari Fitrat, Cho‘lpon va Abdulla Qodiriy bir kunda 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahri atrofida otib tashlandi. 4 oktyabrda qamoqqa olingan ko‘plab yurtdoshlarimiz ommaviy ravishda qatl qilingan. Usmon Nosir, Mannon Ramziy, Elbek - Mashriq Yunusov, Bosit Qoriev, Miyonbuzruk Solihov, Ashurali Zohiriy, Ziyo Said - Qosim Solihov, Muhammadsharif So‘fizoda, Ishoqxon Ibrat, Tavallo - To‘lagan Xo‘jamyorov, G‘ozi Olim Yunusov, G‘ozi Yunusov, G‘ulom Zafariy, Otajon Hoshimov, Qayum Ramazonov, Shokir Sulaymon, Anqaboy Xudoybaxtiev kabi o‘zbek xalqining ko‘plab ziyolilari: shoirlar, adiblar va olimlar qatag‘on qilindi. Shuningdek, 20 yillarda Germaniya va boshqa mamlakatlarda o‘qib O‘zbekistonga qaytgan ziyolilar ham qatag‘on girdobiga tortildi. Abduvahob Murodiy, Sulton Jabbor, Solih Muhammad, Xayriniso Majidxonova va boshqa ko‘plab ziyolilarimiz «Germaniya josusi» sifatida ayblanib, otib tashlandi. Germaniyada o‘qib qaytganlardan faqat xorazmlik Maryam Sultonmurodova 15 yillik qamoq muddatidan so‘ng, yurtiga qaytdi.
1937-1939 yillarda birgina O‘zbekistonda to‘qib chiqarilgan soxta ayblovlar bo‘yicha 41 mingdan ortiq kishi hibsga olinib, ulardan 37 mingdan ortig‘i jazolandi, 6920 kishi esa otib o‘ldirishga hukm qilindi. Umuman olganda, 1937-1953 yillarda O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissarligi NKVD troykasi (uchligi) tomonidan 100 mingdan ortiq kishi qatag‘on qilindi, ulardan 13 ming nafari otib tashlandi. 1936-1940 yillarda faqat davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar va olimlardan 5758 kishi qamoqqa olinib, ulardan 4811 kishi otib o‘ldirishga hukm qilingan edi. Bu ma'lumotlar qizil terror qanchalik keng miqyosda shafqatsiz ravishda amalga oshirilganligining yaqqol isboti hisoblanadi. Qizil terrorni amalga oshirishda Moskvadan jo‘natilgan O‘zbekiston ichki ishlar xalq komissari D.Z.Apresyan, uning o‘rinbosari L.I.Leonov-Nemirovskiy, Tojikiston ichki ishlar xalq komissari N.A. Zagvozdin, chekistlar Trigulov, Akjigitov mash'um rol o‘ynadi. Sovet rejimi o‘zining bu gumashtalarini ham o‘sha yillari otib tashladi. Shunday qilib, 30-yillarning oxirida O‘zbekistonda mustabid sovet rejimi o‘z hukmronligining cho‘qqisiga ko‘tarildi. Kommunistlar demokratiya va shaxs daxlsizligi prinsiplarini oyoqosti qilib, har qanday o‘zgacha fikr yuritishni zo‘ravonlik bilan yanchishga erishdi.
Totalitar rejim nafaqat o‘ziga qarshi chiqqan minglab millat fidoyilarini, balki gunohsiz o‘n minglab odamlarni ham terror (qatli om) qildi. Sovet rejimi o‘zining repressiv (qatag‘onlik) siyosatini keyingi yillarda ham uzluksiz davom ettirib, xalqlar boshiga mislsiz azob-uqubatlarni soldi. Lekin xalqimiz yuragida mustaqillikka bo‘lgan ishonch va istiqlolga erishish orzusi aslo so‘nmadi. Asossiz qatag‘on qilinganlarni oqlash aslida Stalin vafotidan so‘ng - 50-yillar o‘rtalarida boshlangan edi. Natijada o‘shanda O‘zbekiston bo‘yicha qatag‘on qilingan (halok bo‘lgan va qamoqda o‘tirgan) lardan 40000 kishi oqlandi. 80-yillarning oxirida yana bir guruh kishilar oqlandi.
Lekin ularni oqlash kommunistik mafkura talablari ostida amalga oshirilib, bu jarayon oxiriga yetkazilmadi. Buning ustiga ularni oqlash yangi kishilarni qatag‘on qilish bilan bir paytda amalga oshirildi. Mustabid tuzum davrida bunday bo‘lishi tabiiy edi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqillikka erishgandan keyin qatag‘on qilinganlarning ko‘pchiligi huquqiy jihatdan oqlandi. Ularning porloq nomlari tiklandi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning tashabbusi bilan 2000 yil 12 mayda Toshkent shahridagi Yunusobod mavzesida - Bo‘zsuv bo‘yida Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui ochildi. U mustabid sovet rejimi davrida qatag‘on qilingan shahidlar xotirasiga bag‘ishlab o‘rnatilgan bo‘lib, millat fidoyilarining aksariyati shu yerda otib tashlangan edi.
I.Karimov yodgorlik majmuining ochilish marosimida so‘zlagan nutqida kommunistik rejim qatag‘onlarining asl mohiyatini quyidagicha ochib bergan edi: «Zulm va zo‘ravonlikka qurilgan mustabid, beshafqat tuzum davrida o‘zligini, milliy qadr-qimmatini teran anglagan, ijtimoiy-siyosiy ongi yuksak xalqni uyg‘otishga, xalqni boshqarishga qodir bo‘lgan, ma'rifat va ma'naviyat yo‘lida fidoyilik ko‘rsatgan barcha aql-zakovat sohiblari jismonan yo‘q qilindi... Mana shular qatorida siyosatdan mutlaqo uzoq bo‘lgan ming-minglab oddiy dehqonlar, hunarmand-kosiblar, ishchi-xizmatchilarning begunoh qurbon bo‘lib ketgani tasavvurga ham sig‘maydigan ayanchli bir holdir». 2001 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasida har yili 31 avgust- Mustaqillik e'lon qilingan kun, qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Bu minnatdor avlodlarning o‘z ajdodlari xotirasiga ehtiromidir.



Download 0.9 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   25   26   27   28   29   30   31   32   ...   140




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling