Ma’ruza №11. Burgulash va portlatish ishlariga tayyorgarlik uchun zarur xujjatlar


Download 26.66 Kb.
Sana13.04.2023
Hajmi26.66 Kb.
#1351608
Bog'liq
MA’ruza №11. Burgulash va portlatish ishlariga tayyorgarlik uchu


MA’RUZA №11. BURGULASH VA PORTLATISH ISHLARIGA TAYYORGARLIK UCHUN ZARUR XUJJATLAR.
Reja

1.Yoppasiga portlatishga tayyorgarlik uchun zarur xujjatlar


2.BPI uchun loyixaviy hujjatlar
3.Yoppasiga portlatishni o‘tkazishga buyrug‘i.

Yoppasiga portlatishga tayyorlash uchun zarur hujjatlar.


Kombinatning ochiq kon ishlarida burg‘ulash va portlatish ishlari (BPI)ni olib borish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
PI ni o‘tkazish grafigi;
BPI ning namunaviy loyihasi;
YOppasiga portlatish loyihasi;
PI ni olib borish grafigi har bir kon boshqarmasida ishlab chiqiladi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi: bo‘lim nomi va yoppasiga PI o‘tkaziladigan hafta kunlari va soatini. PI ni olib borish grafigi BPI bo‘yicha bosh mutaxassis tomonidan ishlab chiqiladi va kon boshqarmasining bosh muhandisi (kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. Undan so‘ng bo‘limning PI bo‘yicha rahbari bu grafik bilan kon-transport kompleksi (avtoxo‘jalik, kon ishlarini mexanizatsiyalash sexi, kon-shaxta qurilmalarini yig‘ish (montaj qilish) va tamirlash sexi) rahbarlarini va xavfli zona radiusida ish yurituvchi boshqa tashkilotlar rahbarlarini tanishtirishi va imzo qo‘ydirib tanishtirishi lozim.
BPI ning namunaviy loyihasi har bir kon boshqarmasida konni (yoki uning uchastkasini) qazib olish bo‘yicha tasdiqlangan loyiha, kombinatda o‘tkaziladigan eksperimental (tajriba) va sanoat portlatish ishlari natijalari, ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari, o‘xshash shart-sharoitlarda ishlab chiqarish tajribalariga asoslangan holda tuziladi (ishlab chiqiladi). BPI ning namunaviy loyihasi BPI bo‘yicha bosh mutaxassis tomonidan kon boshqarmasining ishlab chiqarish-texnik bo‘lim boshlig‘i, bosh geolog, bosh marksheyder, bosh mexanik, bosh energetik, bosh muhandis bilan kelishilgan holda tuziladi va kon boshqarmasining bosh muhandisi (kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. Namunaviy loyiha kon boshqarmasi boshlig‘ining buyrug‘i bilan amaliyotga joriy qilinadi va aniq sharoitlarda yoppasiga portlatish loyihalarini ishlab chiqish uchun asosiy (baza) hujjat hisoblanadi.
BPI ning namunaviy loyihasida quyidagilar ko‘rsatiladi: tog‘ jinslarining qisqacha geologik va gidrogeologik tavsifi (xarakteristikasi); ularning qattiqlik, yoriqlilik, burg‘ulanuvchanlik, portlanuvchanlik bo‘yicha tasnifi (klassifikatsiyasi); kon massivining ko‘ndalang kesimi; burg‘ulash uskunalari (stanoklari) va dolotalar turlari (tiplari); PM va Initsiyalovchi vositalar turlari; zaryadlarni va jangovar patronlarni, oraliq detonatorlarni initsiyalash usullari; pog‘onalarda portlovchi skvajinalarni joylashish parametrlari; portlatish to‘ri (setkasi) parametrlari; pog‘onalar balandligi; skvajina chuqurligi va diametri; portlatishning hisobiy ko‘rsatkichlari; PM ning solishtirma sarfi; 1 pogonometr skvajinadan kon massasi chiqishi; bino va inshootlar, yer osti kon lahimlari va karyer bortlarigacha seysmik xavfsiz masofani hisoblash uslubiyoti (metodikasi); zarbli havo to‘lqini tasiri va alohida bo‘laklarning uchib chiqishidan xavfsiz masofani hisoblash uslubiyoti (metodikasi); sekinlatish intervali (oralig‘i, vaqti)ni hisoblash uslubiyoti va qabul qilingan intervallar; portlatish setkasini yig‘ish (montaj qilish) sxemasi; PM zaryadlari, BPI ni mexanizatsiyalash vositalari hisobi; qo‘llaniladigan portlatuvchi va nazorat-o‘lchov asboblari. BPI ni tashkil etishda xavfsizlik choralari, PI ni o‘tkazish haqida ogohlantirish (xabar berish) tizimi, insonlarni xavfli zonadan tashqariga chiqarish tartibi, portlamay qolgan zaryadlarni zararsizlantirish (likvidatsiya otkazov) tartibi aniq chora-tadbirlari ko‘rsatiladi.
YOppasiga portlatish loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi;
Situatsion plan (joylashish rejasi, plani);
Bloklarni zaryadlash uchun loyihalar;
Noo‘lcham bo‘laklarni (xarsangtosh, nogabarit) maydalash pasporti.
YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: portlatish sanasi, joyi va vaqti; PMat umumiy hisobiy miqdori; initsiyalash usuli; xavfli zonada joylashgan obyektlar va ularning zararlanishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar; konlarni bir vaqtning o‘zida ham ochiq usulda ham yer osti usulida qazib olishda ochiq va yer osti kon ishlarida ishlovchi xodimlarni xavfsizligini taminlash bo‘yicha chora-tadbirlar; PI ni olib borishda (o‘tkazishda) xavfsizlikni taminlashga javobgar shaxslar ro‘yxati (perechen); portlatish ishlari olib boriladigan hududda PI ni o‘tkazgandan so‘ng, odamlarga hududga kirish uchun ruxsat berish tartibi.
YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandis tomonidan tuziladi va rudnik(karyer)ning bosh muhandisi tomonidan tasdiqlanadi.
Situatsion plan quyidagilarni o‘z ichiga oladi: 1:10000 yoki 1:5000 masshtabda kon ishlarining holati; portlatiladigan bloklar konturlari (chegaralari); insonlar va uskunalar uchun xavfli zona chegaralari; xavfli zonaga tushib qoluvchi elektr uzatish tarmoqlari, statsionar (qo‘zg‘almas) kommunikatsiya inshootlari; xavfli zonani qo‘riqlash postlari joylashish o‘rni; portlatish stansiyasi, portlatish apparatlari, portlatishni boshqaruv pulti, portlatish priborlarini o‘rnatish joyi. Situatsion planni Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandis tayyorlaydi, BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari tekshiradi, rudnik (karyer) bosh muhandisi tasdiqlaydi. Situatsion plan bilan kon ishlari, burg‘ulash, portlatish ishlari uchastkalari rahbarlari, shuningdek, xavfli zonani qo‘riqlashni amalga oshiruvchi shaxslar tanishtirilishlari shart.
Blokni zaryadlash uchun loyiha quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Blokning texnik hisobi;
Portlovchi skvajinalar joylashishi va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi;
Blokning tuzatilgan (to‘g‘rilangan) hisobi;
Blokni zaryadlashga tayyorligi to‘g‘risida dalolatnoma.
Blokning texnik hisobi, portlovchi skvajinalar joylashishi va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi rudnik (karer) ning Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandisi tomonidan ikki nusxada tuziladi va rudnik(karer)ning bosh muhandisi (BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. Portlovchi skvajinalar joylashishi va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi marksheyder tomonidan imzolanadi. Portlovchi skvajinalar joylashishi va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasini, blokning texnik hisobini tuzishga quyidagilar asos bo‘ladi:
PI da YAgona xavfsizlik qoidalari;
BPI ning namunaviy loyihasi;
Portlatiladigan blok to‘g‘risida geologik va gidrogeologik malumotlar;
Blok to‘g‘risidagi marksheyderlik malumotlari (materiallari);
Ilmiy-tadqiqot ishlarining tavsiyalari(rekomendatsiya);
Avvalgi portlatish ishlari natijalari.
Blokning texnik hisobi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Umumiy malumotlar: pog‘onaning o‘rtacha balandligi, skvajinalar diametri va soni, perebur uzunligi, portlatiladigan kon massasi hajmi, PM solishtirma sarfi;
Geologiya va gidrogeologiyasi;
Talab etiladigan PMat hisobiy miqdori;
Skvajinalar joylashish sxemasi (setkasi), ko‘ndalang profil va zaryadlar konstruksiyasi;
PI ni olib borishda bino va inshootlargacha seysmik xavfsiz masofa hisobi;
Zarbli havo to‘lqini tasiri bo‘yicha xavfsiz masofa hisobi;
Alohida bo‘laklarning uchib chiqishi bo‘yicha xavfsiz masofa hisobi;
Portlatish setkasini elektr hisobi;
Tuzatish kiritilib to‘g‘rilangan xavfsiz masofalar.
Portlovchi skvajinalar joylashishi va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: skvajinalarning joylashish nuqtalari, blokning, gorizontlarning raqami, portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi, sekinlatish oralig‘i (intervali) qiymatlari, qo‘llaniladigan Initsiyalovchi Vositalar turlari, sekinlatish bosqichlari soni, Taqsimlovchi punktni(RP) ulash joylari, portlatish to‘ridagi zaryadlarni initsiyalash usullari, blokdagi portlovchi skvajinalar soni, taqiqlangan hudud o‘lchamlari, blokning asosiy parametrlari (skvajinalar joylashish to‘ri, pog‘onaning o‘rtacha balandligi, blok bo‘yicha skvajinalarning o‘rtacha chuqurligi, perebur uzunligi, blok hajmi), taqiqlangan zona (hudud) chegarasidagi portlatiladigan pog‘ona va yuqori pog‘onaning ostki va ustki brovkalari.
To‘g‘rilovchi hisob-kitob quyidagilarni o‘z ichiga oladi: blok, gorizontlarning raqami, burg‘ulash uskunasi raqami, blokdagi skvajinalar soni (loyihaviy va haqiqiy), pog‘onalar balandligi va skvajinalardagi suv sathi, portlovchi skvajinalar to‘ri va diametri, bitta skvajinaga PM sig‘imi va miqdori, oraliq detonator og‘irligi va uning skvajinada joylashuvi, skvajinada zaryad va zaboyka uzunligi, skvajinalardagi PM ning umumiy og‘irligi (loyihaviy va haqiqiy), portlatiladigan kon massasi hajmi, qo‘llaniladigan initsiyalovchi vositalar, PM turi va ularning umumiy miqdori, alohida shart-sharoitlar (zaryadlash boshlangandan so‘ng suv kelib tushishining ko‘payishi bilan bog‘liq holda alohida skvajinalardagi PM miqdorini qayta hisoblab chiqish, blokdagi skvajinalar sonini oshishi va shu kabilar). To‘g‘rilovchi hisob-kitob rudnik(karer)ning Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandis yoki PI uchastka boshlig‘i tomonidan marksheyderlik xizmati malumotlaridan olingan zaryadlashga tayyorlangan blokning haqiqiy parametrlariga asoslangan holda ikki nusxada tuziladi va rudnik (karer)ning bosh muhandisi (BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. To‘g‘rilovchi hisob-kitobning alohida shart-sharoitlari rudnik(karer)ning bosh muhandisi (BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan qaytadan tasdiqlanadi. To‘g‘rilovchi hisob-kitobning haqiqiy qiymatlari loyihadagidan oshib ketadigan bo‘lsa, PI uchastka boshlig‘i bevosita zaryadlash vaqtida skvajinalar soni hamda skvajinalar va blok bo‘yicha zaryad og‘irligining haqiqiy qiymatini kiritib boradi.
Blokni zaryadlashdan oldin burg‘ulash ishlari va PI uchastkalari boshliqlari birgalikda “Blokni zaryadlashga tayyorligi to‘g‘risida dalolatnoma” tuzishadi.
YOppasiga portlatishni o‘tkazishga tayyorlash ishlarida rudnik (karer)ning Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandisi portlatishning karyer ichkarisida joylashgan inshootlarga, ko‘chma elektr uzatish tarmoqlari (LEP), elektr qurilmalari va kon uskunalariga tasir zonasini aniqlaydi. PI tasir etuvchi xavfli zonada mavjud elektr uzatish tarmoqlari, elektr qurilmalari va kon uskunalarining joylashuv o‘rinlari karyer kon ishlari jamlovchi (yig‘uvchi, yig‘ma) planiga kiritiladi va portlatishdan kamida ikki kun oldin (undan kechiktirmasdan) rudnik (karer)ning bosh energetigiga taqdim etilishi kerak.
Har bir yoppasiga portlatishni amalga oshirish uchun kon boshqarmasi bo‘yicha “YOppasiga portlatishni bajarishga (o‘tkazishga) buyruq” berilishi kerak. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi: portlatish vaqti va joyi; PM hisobiy miqdori; yoppasiga portlatishga masul (javobgar) rahbar familiyasi; obyektlari xavfli zonaga tushib qoluvchi korxona (tashkilot)lar va alohida shart-sharoitlar. YOppasiga portlatishni bajarishga (o‘tkazishga) buyruq loyihasi BPI ni olib boruvchi rudnik (karer)ning Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandisi tomonidan rudnik (karer)ning BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari (kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) rahbarligi ostida tuziladi va yoppasiga portlatishdan kamida ikki kun oldin (undan kechiktirmasdan) kon boshqarmasi bosh muhandisi tomonidan imzolanadi. U bo‘lmagan hollarda esa kon boshqarmasining kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari tomonidan imzolanadi. YOppasiga portlatishni bajarishga (o‘tkazishga) buyruq bilan portlatishdan kamida bir sutka oldin (undan kechiktirmasdan) ob’ektlari xavfli zonaga tushib qoluvchi korxonalar rahbarlari tanishtirilishlari shart. Konni bir vaqtning o‘zida ham ochiq ham yer osti usulida qazib olishda YOppasiga portlatishni bajarishga (o‘tkazishga) buyruq bilan shaxta rahbari ham tanishtirilishi shart.
Kon boshqarmasining boshqa bo‘limi yoki boshqa tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatuvchi obyektlari (elektr uzatish tarmoqlari, suv quvurlari, podstansiya, zavodlar, temir yol transporti yollari, qo‘zgalmas (statsionar) burg‘ulash qurilmalari va shu kabilar)ga yaqin joylarda PI shu korxonalar va tashkilotlar rahbarlari bilan kelishilgan holda olib borilishi kerak.
BPI uchun loyihaviy hujjatlar.
Burg‘ulash ishlari.
Rudnik (karer)ning bosh mutaxassislari tomonidan qabul qilingan (tasdiqlangan) kon ishlari rivojlanishining yillik plani va kon ishlari olib borilish (rivojlanish) yo‘nalishi bo‘yicha burg‘ulanadigan maydon chegaralari belgilanadi va shu asosda 1:500 (1:1000) masshtabda mahalliy koordinatalar sistemasida burg‘ulash loyihalari tuziladi.
Kapital sanoat inshootlariga yaqin joylashgan maydonlar uchun burg‘ulash loyihasini tayyorlashda, inshootlardan blokkacha xavfsiz masofani taminlash maqsadida burg‘ulanadigan blok konturlarini chegaralash ko‘zda tutilishi lozim.
Skvajinalar to‘ri va perebur uzunligi burg‘ulash loyihasiga tanlangan uchastkaning geologik va gidrogeologik parametrlariga asosan qabul qilinadi.
Burg‘ulash loyihasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: loyiha raqami, burg‘ulash qurilmasi raqami, burg‘ulash o‘tkaziladigan gorizont raqami, skvajinalar joylashish nuqtalari, qiyaligi va qiyalik yonalishi, skvajinalar chuqurligi va diametri, skvajinadan namuna olish oralig‘i (intervali), blok bo‘yicha tog‘ jinslarining burg‘ulanuvchanlik bo‘yicha tasnifi (kategoriyasi).
Burg‘ulash loyihasi Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘yicha muhandisi tomonidan tuziladi, Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘limi boshlig‘i, bosh geolog, bosh marksheyder, BPI bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va rudnik (karer)ning bosh muhandisi(kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari) tomonidan tasdiqlanadi. SHundan so‘ng burg‘ulash loyihasi burg‘ulash uchastkasiga va geolog-marksheyderlik xizmatiga bajarish uchun taqdim etiladi.
Burg‘ulash loyihasi bilan tanishib chiqqan marksheyder uni joyga ko‘chiradi (instrumental syomka, vizual, avtomatik nazorat vositalari va boshqalar) va shu bilan birga skvajinalarni burg‘ulash to‘ri rejasini tuzadi.
Blokni burg‘ulash ishlari Burg‘ulash loyihasi va burg‘ulash ishlari pasporti talablariga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
Blokni burg‘ulash jarayoni davomida va tugagandan so‘ng marksheyder burg‘ulash loyihasiga kiritilgan va burg‘ulangan skvajinalar haqiqiy parametrlari mosligini nazorat qilib boradi va zamirlash ishlari malumotlarini rudnik (karer)ning Xavfsizlik texnikasi qoidalari bo‘limiga blokni zaryadlash uchun hujjat tayyorlashi uchun beradi.
Burg‘ulash jarayoni davomida va tugallangandan so‘ng blokning marksheyderlik syomkasi malumotlariga asosan burg‘ulangan skvajinalarning asl (haqiqiy) o‘rinlari rudnik (karer)ning marksheyderlik xizmati tomonidan tuziladigan 1:500 yoki 1:1000 masshtabdagi kon ishlari gorizontlari planiga tushiriladi.
Portlatish ishlari.
Rudnik (karer)da qabul qilingan PIni olib borish grafigiga muvofiq rudnik (karer)ning bosh mutaxassislari tomonidan kon ishlarining rivojlanishining rejaviy yonalishilarigaa muvofiq burg‘ulash loyihalari chegaralarida portlatiladigan blok chegaralari (konturlari) belgilanadi va bloklarni yoppasiga portlatishga tayyorlash va zaryadlash tezkor grafigi tuziladi.
Portlatish bloklarini loyihalash bilan bir vaqtda blokni zaryadlash kunida PI da YAXQ ga muvofiq xavfsizlik talablariga javob berishi uchun uskunalarni blokdan olib chiqib ketish yo‘llari, yo‘llarni ko‘chirish, ta’qiqlangan zonani va blokda saqlovchi obvalovkalarni shakllantirish ishlari olib boriladi.
YOppasiga portlatishga tayyorlash va zaryadlash uchun ishlab chiqilgan tezkor grafik bilan kon ishlari, burg‘ulash uchastkalari, PI uchastkalari hamda tarmoq va podstansiya uchastkalarining texnik nazorat xodimlari tanishtirilishlari shart.
Portlatishga mo‘ljallangan blok uchun texnik hisob ikki nusxada tuziladi. Bir nusxasi Ishlab chiqarish texnik byuroga, ikkinchisi PI uchastkasiga taqdim etiladi.
Marksheyderlik xizmati tomonidan bajarilgan blokni zamirlash ishlari malumotlariga asosan texnik hisob tasdiqlangandan so‘ng portlovchi skvajinalar joylashish va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi tayyorlanadi va zaryadlashga tayyorlangan blokning haqiqiy parametrlariga asosan to‘g‘rilovchi hisob-kitob ishlari amalga oshiriladi.
Portlovchi skvajinalar joylashish va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi hamda blokning haqiqiy parametrlariga asoslangan to‘g‘rilovchi hisob-kitob ikki nusxada tuziladi. Bir nusxasi PI uchastkasiga, ikkinchisi XTQ bo‘limiga taqdim etiladi.
Bir xil qiymatli skvajinalar (skvajina chuqurligi, skvajina qiyalik burchagi, suv sathi balandligi va shu kabilar) uchun to‘g‘rilovchi hisob-kitoblar bitta guruhga birlashtirilishi mumkin.
Agar texnik hisob amalga oshirilgan portlatiladigan blok katta hajmga ega bo‘lib, uni zaryadlash kunida burg‘ulash va tayyorlash ishlari to‘la yakunlanmagan bo‘lsa, PI da YAXQ ga muvofiq ravishda uni birinchi bosqich zaryadlash konturlariga ajratishga ruxsat etiladi va zaryadlashga tayyor bo‘lgan blok qismi uchun portlovchi skvajinalar joylashish sxemasi bila birga to‘g‘rilovchi hisob-kitob tayyorlanadi. Bunda blokning zaryadlanadigan qismi burg‘ulanadigan qismidan ajratiladi. Portlatiladigan blokning ikkinchi qismi PI da YAXQ talablariga javob beradigan bo‘lgandan so‘ng butun blok uchun portlovchi skvajinalar joylashish va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi bilan birga tog‘rilovchi hisobning davomi tuziladi (2-bosqich). Bunday hollarda rudnik (karer)ning bosh muhandisi (BPI bo‘yicha o‘rinbosari) tomonidan to‘g‘rilovchi hisobning har bir qismini, portlovchi skvajinalar joylashish sxemasi (1-bosqich) va butun blok uchun portlovchi skvajinalar joylashish va portlatish to‘rini yig‘ish sxemalarining har birini alohida tasdiqlaydi.
PI va BI uchastkalari boshliqlari birgalikda blokni PI da YAXQ talablariga mosligi tekshirilgandan so‘ng blokni zaryadlashga tayyorligi to‘g‘risida dalolatnoma tuzishadi. Blokni bosqichlarga ajratishda tayyorligi to‘g‘risidagi dalolatnomada zaryadlashga tayyor bo‘lgan blok qismi ko‘rsatiladi. Blok to‘la tayyor bo‘lgandan so‘ng PI va BI uchastka boshliqlari o‘z imzolari bilan blokning to‘liq tayyorligini tasdiqlashadi.
Ushbu yoriqnomada ko‘rsatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Texnik hisob, portlovchi skvajinalar joylashish va portlatish to‘rini yig‘ish sxemasi, To‘g‘rilovchi hisob va Blokni zaryadlashga tayyorligi to‘g‘risidagi dalolatnoma asosida Blokni zaryadlash loyihasi tuziladi. Blokni zaryadlash loyihasi blokni zaryadlash ishlarini olib borish uchun asos hisoblanadi.
PI uchastka boshlig‘i portlatuvchilarni, PI uchastkasi kon nazorat xodimlarini zaryadlash loyihasi bilan tanishtiradi va shaxsan o‘zi ish joyida PMat haqiqiy talab etiladigan miqdorini aniqlaydi. PMat olishi uchun yetakchi portlatuvchiga naryad-yollanma yozib beradi va PI uchastkasi xodimlariga zaryadlash ishlarini olib borish uchun yozma naryad beradi.
Naryadda quyidagilar ko‘rsatilishi lozim: blokni zaryadlash shart-sharoitlari; blokni zaryadlashda ishtirok etuvchi portlatuvchilar; blokni zaryadlash va taqiqlangan zonani qo‘riqlash uchun masul bo‘luvchi yetakchi portlatuvchi; boshqaruv pulti portlatuvchi operatorlari va portlatuvchi apparatlarni tarqatuvchi portlatuvchi-tarqatuvchilar.
Portlatishdan kamida ikki kun oldin (undan kechiktirmasdan) PI ni o‘tkazish grafigiga muvofiq va Blokni zaryadlash loyihasiga asosan YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi va Situatsion plan tuziladi. YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi, Situatsion plan; Blokni zaryadlash loyihalari va negabaritlarni maydalash pasportlari birgalikda YOppasiga portlatish loyihasini tashkil etadi.
SHu bilan birga yoppasiga portlatishni o‘tkazish tartibi va Situatsion planga asosan YOppasiga portlatishni o‘tkazishga buyruq tayyorlanadi.
YOppasiga portlatishni o‘tkazishga buyruq kon boshqarmasining bosh muhandisi tomonidan imzolanadi. Bosh muhandis bo‘lmagan hollarda esa kon ishlari bo‘yicha bosh muhandis o‘rinbosari tomonidan imzolanadi va portlatishdan kamida ikki kun oldin obyektlari portlashning xavfli zonasiga tushib qoluvchi bo‘limlarga jo‘natiladi.
YOppasiga portlatishni o‘tkazishga buyruq bilan rudnik (karer) ning bosh muhandisi va YOppasiga portlatish ishlariga masul rahbar yozma tanishtirilishlari shart.
YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibida ko‘rsatilgan barcha javobgar shaxslar u bilan yoppasiga portlatishdan kamida bir sutka oldin (undan kechiktirmasdan) tanishtirilishlari shart. Portlatish o‘tkaziladigan kuni YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibida biriktirilgan javobgar shaxslardan birortasi ishga chiqmagan hollarda PI rahbari yoki YOppasiga portlatishga javobgar rahbar YOppasiga portlatishni o‘tkazish tartibining (o‘rin) almashtirish grafasiga o‘zgartirish kiritadi va bu haqida yangi tayinlangan javobgar shaxsni yozma ravishda ogohlantiradi.
YOppasiga portlatishdan bir kun oldin YOppasiga portlatishni o‘tkazishga buyruq va YOppasiga portlatish loyihasi rudnik (karyer)ning XTQ bo‘limidan PI uchastka boshlig‘iga taqdim etiladi. PI uchastka boshlig‘i YOppasiga portlatish loyihasi bilan PI bilan shug‘ullanuvchi PI uchastka xodimlarini va xavfli zona muhofazasini amalga oshiruvchi shaxslarni tanishtirib chiqadi va imzo qo‘ydirib oladi. PI yakunlangandan so‘ng uzog‘i bilan ikki sutkada (undan kechiktirmasdan) YOppasiga portlatish loyihasi rudnik (karer)ning ICHT byuroga qaytariladi va u erda portlatilgan blokni to‘liq qayta ishlangunga (qazib olib bo‘lguncha) qadar saqlanadi.
Download 26.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling