3. Temperamentning o’zgarishi
Ammo temperament haqida bayon qilingan bu fikrlardan odam temperamentining barcha xususiyatlari albatta nerv sistemasining tuzilish xususiyatlari bilan qat’iy ravishda belgilanadi va o’zgarmaydi, degan xulosa chiqarish yaramaydi. Nerv sistemasining ma’lum bir tipi faqat shaxsda ma’lum sifatlarga moyillik vujudga keltiradi, unga zamin hozirlaydi, xolos. Temperamentga xos bo’lgan xususiyatlarni kishi o’z irodasi, istagi bilan o’zi o’stira oladi, birmuncha yo’qota yoki o’zgartira oladi. Kishi temperamenti xususiyatlaridagi bunday o’zgarishlar kishining shaxsiy istagi bilangina vujudga kelib qolmay, balki, kishining hayot tajribasi jarayonida, atrof-tevarakdagi muhit ta’siri, asosan tarbiya ta’siri ostida ham vujudga keladi.
Nerv faoliyatining o’zi qandaydir o’zgarmaydigan bir narsa emasligini I.P..Pavlov takror-takror o’qtirib o’tgan. U nerv sistemasining faoliyati «turmush beradigan tarbiya ta’siri bilan» o’zgarishi mumkin, va bir shaklga kirgan nerv faoliyati» faqat tug’ma nerv sistema tipi bilangina belgilanmasdan, balki organizm hayotining butun tarixi bilan ham belgilanadi deb hisobladi.
«Odam bilan hayvonning hatti-harakati, deydi I. P, Pavlov,–faqat nerv sistemasining tug’ma xususiyatlarigagina bog’liq bo’lib qolmay, balki organizmning individual hayotida unga doim ko’rsatilgan va ko’rsatilayotgan ta’sirlarga ham bog’liqdir, ya’ni, keng ma’noda olganda, doimiy tarbiya yoki o’rgatishga bog’liqdir. Buning sababi shuki, nerv sistemasining yuqorida ko’rsatilgan xossalari bilan bir qatorda, uning eng muhim xossasi bo’lgan eng yuksak plastikligi ham to’xtovsiz kor qilib turadi. Demak, agar gap nerv sistemasining tabiiy tipi to’g’risida borar ekan, u vaqtda tug’ilgan kunidan boshlab mana shu organizmga ta’sir etgan va hozirgi vaqtda ham ta’sir etib turgan hamma ta’sirlarni hisobga olmoq kerak».(Polnoye sobraniye sochineniy, III tom, 2-kitob, 269-bet).
Kishining temperamenti o’zicha ayrim ravishda namoyon bo’lmaydi, u kishining xarakteri tarkibiga kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |