Mashg’ulot jarayonida sportchilar tayyorgarligining asosiy bo’limlari
Download 191.5 Kb.
|
3 маъруза матни MASHG’ULOT JARAYONIDA SPORTCHILAR TAYYORGARLIGINING
- Bu sahifa navigatsiya:
- 3.2. Sportchilar taktik tayyorgarligining turlari, vazifa h amda vositalari
- 3.3. Sportchining musoba q a da ishtirok e tish taktik rejasini tuzishning mazmuni h amda usuliyati
- 4. Sportchining psixologik (ru h iy) tayyorgarligi 4.1. Sportchining psixologik tayyorgarligi to’ g’
- Sportchilarga q o’yiladigan psixologik talablar (M. E luran malumotlari bo’yicha)
- 4.2. Mashg’ulot jarayoniga psixologik tayyorgarlik
3. Taktik tayyorgarlik 3.1. Sportchining taktik tayyorgarligi to’g’risida tushuncha Sportchining taktik tayyorgarligi sport taktikasini egallash va tanlangan sport turi bo’yicha taktik mahoratga erishishga yo’naltiriladi. Taktika – bu musobaqalar sharoitida sport kurashi olib borishning shakl va yo’llari yig’indisi hisoblanadi. Alohida (individual), guruhli va jamoaviy taktika farqlanadi. Shuningdek, taktika passiv, faol hamda kombinatsiyalangan (aralash) bo’lishi mumkin. Passiv taktika – bu zarur lahzada faol harakatlarni amalga oshirish uchun avvaldan ko’zda tutib raqibga tashabbusni berib qo’yish demak. Masalan, yugurish, velosiped sportida orqadan turib marra yaqinida oldinga tashlanish, boks, qilichbozlik, futbol va b. da qarshi hujum shular jumlasidandir. Faol taktika – o’zi uchun manfaatli bo’lgan harakatlarni bajarishga raqibni majbur qilish. Masalan, betartib ravishda tezlikni o’zgartirib yugurish (uzun-yuluq yugurish), boksda faol hujumkor jangdan sustiga o’tish va b.; futbol, gandbolda texnik priyom va kombinatsiyalarni tez-tez o’zgartirish; uzunlikka va balandlikka sakrash, uloqtirishlarda, velosport, suzish va h.k. da birinchi urinish, poyganing o’zidayoq yuqori natijaga erishish. Aralash taktika sport kurashi olib borishning faol va passiv shakllarini o’z ichiga oladi. Musobaqalarda sportchining taktikasi, eng avvalo, uning oldiga qo’yilgan vazifa bilan belgilanadi. Bunday vazifalar juda xilma-xil bo’lishi mumkin, lekin ularni pirovardida to’rttagacha birlashtirish mumkin: 1. Maksimal, rekord natija ko’rsatish. 2. Qanday natija ko’rsatilishidan qat'i nazar, raqibni mag’lub etish. 3. Musobaqada g’olib chiqish va ayni vaqtda eng yuqori natija ko’rsatish. 4. Musobaqalarning keyingi turi – chorakfinal, yarimfinal va finalga chiqish uchun yetarli bo’lgan natija ko’rsatish. Musobaqada bu vazifalardan birortasining hal etilishi sportchi yoki jamoa qanday taktikani tanlashini belgilaydi. Musobaqa bellashuvlarini olib borishning 4 ta taktik siklini ajratish mumkin: 1. Rekordlar taktikasi. 2. Ko’rsatilgan natijadan qat'i nazar musobaqalarda g’olib chiqish taktikasi. 3. Musobaqalarda yuqori natija bilan g’olib chiqish taktikasi. 4. Bellashuvlarning navbatdagi turiga chiqish taktikasi. Musobaqa taktikasining har bir turini qo’llaganda, taktik priyomlarning eng tipik variant va kombinatsiyalarni ko’rib chiqamiz. Rekordlar taktikasi. Sportning siklik turlarida ko’pincha musobaqalar davomida peshqadamlik qilish taktikasi qo’llaniladi. Sportchi marraga yaqinlashmasdan ancha avval o’z zimmasiga peshqadam rolini oladi va ustunlikni musobaqalar tugaguniga qadar saqlab qolishga harakat qiladi. Ko’rsatilgan taktika asosiy raqiblarni muvozanatdan chiqarishi, ularni asabiylashishiga, o’z taktik rejalarini o’zgartirishga majbur qilishi mumkin. Peshqadamlik taktikasining ikki xil varianti farqlanadi: - yugurish, suzish, eshkak eshishda – masofani bosib o’tishda bir me'yordagi tezlik bilan peshqadamlik qilish; - masofada tezlik, sur'atni o’zgartirib peshqadamlik qilish. Bir me'yorli sur'at bilan rekordlar taktikasini uzoq masofalarga yuguruvchi mashhur sportchilar – P.Bolotnikov, N.Sviridov (Sobiq Ittifoq), R.Klark (Avstraliya) muvaffaqiyat bilan namoyish etganlar. “Uzun-yuluq yugurish” taktikasini qo’llashning ajoyib namunasi mashhur yuguruvchi V.Kutsning G.Piri va K.Chatatuzy singari taniqli ustalar ustidan 1956 yil Olimpiadasida g’alabasi hisoblanadi. Chidamlilikni namoyish etish lozim bo’lgan sport turlaridagi ko’pgina Jahon rekordlari masofani bir me'yorda bosib o’tish chog’ida o’rnatilgan. Buni shunday ifodalash mumkin: fiziologik nuqtai nazardan notekis ish tartibi bir me'yordagi tartibga qaraganda ko’proq quvvat talab qiladi. Shuning uchun uni faqat yetarlicha yaxshi tayyorlangan sportchilargina qo’llay oladilar. Ko’rsatilgan natijadan qat'i nazar, musobaqalarda g’olib chiqish. Bu taktikadan, odatda, final musobaqalarida, shuningdek, ko’rsatilgan sport natijasi asosiy raqiblar orasida o’rinlarning uzil-kesil taqsimlanishiga ta'sir ko’rsata olmaydigan hollarda foydalanish mumkin. Bu holatda musobaqa kurashi olib borishning keyingi taktik variantlari qo’llanishi mumkin (4-rasm). Taktik priyomlarning har qaysisi mashg’ulot jarayonida bekamu ko’st tayyorlanishi lozim. Mazkur murakkab vazifani bajarayotgan sportchi, odatda: 1) bellashuv boshidayoq maksimal samaradorlikka erishish va raqiblardan uzoqlashib ketishga (“uzoqlashish” taktikasi) – masofaning birinchi yarmida maksimal tezlikni rivojlantirish; dastlabki qayd etiladigan urinishda maksimal uzunlik va balandlikka sakrash; gimnastikada, suvga sakrash va b. da majburiy yoki erkin dasturlarning birinchi qismida eng qiyin mashqni yaxshi bajarishga intiladi; 2) hal etuvchi “marraga tashlanish” uchun kuchini saqlab turadi (“marra spurti” taktikasi). Startdan so’ng darhol peshqadam ortidagi joyni egallaydi va barcha raqiblarni diqqat bilan kuzatib boradi yoki har bir lahzada manyovr qo’llashga tayyorlanib, peshqadam guruhda boradi; 3) bellashuv davrida ataylab harakatlar tezligi, sur'atini, alohida taktik priyomlar va ularning kombinatsiyalarini o’zgartiradi (“raqibni holdan toydirish” taktikasi – boksda, qilichbozlikda ko’p marotaba vaqti-vaqti bilan “portlovchi hujumlar” ni amalga oshiradi, yugurishda, suzishda, chang’i poygalarida masofada tezligini keskin o’zgartiradi), tez-tez texnik priyomlarni o’zgartiradi, shu tariqa raqibini murakkab ahvolga soladi va h.k.
Bu vazifani hal etishda ikki xil vaziyat bo’lishi mumkin: 1) asosiy raqib startga chiqqan va sportchi ularning natijalarini biladi; 2) asosiy raqib keyingi poygalarda start oladi. Birinchi holatda sportchi o’zining asosiy raqibidan yuqoriroq natija ko’rsatishi kerak (“raqibning natijasini ortda qoldirish” taktikasi): a) yugurish, suzish, eshkak eshish va b. da – masofani raqiblari jadvali bo’yicha ozroq zahira bilan bosib o’tish; b) raqibnikidan og’irroq vaznli shtangani ko’tarish; v) snaryadni uzoqroq masofaga uloqtirish; g) futbol, gandbol, kurash va b. da ko’proq gol urish, ko’proq ochko to’plash. Ikkinchi vaziyatda esa sportchi dastlabki urinishlardayoq yuqori natija ko’rsatishga intiladi (“birinchi zarba” taktikasi, “uzoqlashish” taktikasi). Bellashuvlarning navbatdagi turiga (bosqichiga) o’tish taktikasi. Ayrim sportchilar ko’p kuch sarflab dastlabki musobaqalarda yuqori natijalar ko’rsatadilar: finalda esa, dam olishga ulgurmay, o’z ko’rsatkichlarini pasaytiradilar va mag’lub bo’ladilar. Boshqa sportchilar musobaqalarning dastlabki qismida o’z kuchlarini haddan tashqari tejaydilar, oqibatda esa finalga chiqa olmaydilar. Bunday xatolarga yo’l qo’ymaslik uchun quyidagilarga amal qilish kerak: 1. Finalga nechta sportchi (jamoa) chiqishini bilish 2. Raqiblar kuchi haqida tasavvurga ega bo’lish 3. Yarim finalga, finalga chiqish uchun yetarli natija ko’rsata olish Sport amaliyotida bu taktik vazifani hal qilishda sportchi (jamoa) quyidagilarga intiladi: 1. Bellashuvlarning keyingi bosqichiga chiqish uchun yetarli natija ko’rsatish (“bellashuvlar davomida kuchlarni oqilona taqsimlash” taktikasi). 2. Bellashuvlarning har bir bosqichida yuqori natijalar ko’rsatish (“ruhiy ustunlik va yengilmaslikni saqlab turish” taktikasi).
Umumiy va maxsus taktik tayyorgarlikni farqlash qabul qilingan. Umumiy taktik tayyorgarlik sportchini xilma-xil taktik priyomlarga o’rgatishga yo’naltirilgan. Maxsus taktik tayyorgarlik tanlangan sport turida taktikani egallash hamda takomillashtirishga yo’naltirilgan. Taktik tayyorgarlik jarayonida quyidagi asosiy vazifalar hal etiladi: 1. Sportchining sport taktikasi bo’yicha bilimlarni (uning samarali shakllari, tanlangan va unga yaqin sport turlarida rivojlanish yo’nalishlari) egallash. 2. Raqiblar, bo’lajak bellashuvlarning sharoitlari haqida, musobaqalar tartibi, bu mamlakatdagi ijtimoiy-psixologik iqlim to’g’risida axborot yig’ish, sportchining musobaqadagi ishtiroki taktik rejasini ishlab chiqish. 3. Musobaqa kurashini olib borishning taktik priyomlarini o’zlashtirish hamda takomillashtirish. 4. Taktik tafakkur va u bevosita bog’liq qobiliyatlar – kuzatuvchanlik, ziyraklik, ijodiy tashabbuskorlik, raqibning taktik mo’ljallarini, uning va o’z shaxsiy harakatlarining natijalarini oldindan ko’ra bilish, musobaqadagi muayyan vaziyat va raqibning harakatlariga qarab bir xil taktik faoliyatdan boshqasiga o’tish tezligi kabilarni shakllantirish. 5. Raqibga psixologik ta'sir ko’rsatish priyomlarini egallash hamda o’z maqsadlarini yashira bilish. Taktik tayyorgarlikning o’ziga xos vositalari sirasiga muayyan taktik vazifalarni bajarish uchun qo’llaniladigan jismoniy mashqlar, ya'ni harakat faoliyatlari kiradi. Taktik harakatlarda uch asosiy bosqich ajratiladi: 1) musobaqa vaziyatini idrok etish va tahlil qilish; 2) taktik vazifani fikran hal etish; 3) taktik vazifani harakat orqali hal etish. Bu bosqichlarning barchasi xotira bilan chambarchas bog’liq bo’lib, taktik vazifani hal qilishning neyromotor tarkibiy qismlari sanaladi (5-rasm). Ular alohida taktik priyomlar yoki musobaqalar taktikasining yaxlit shakllarini modellashtirish mumkin. Tayyorgarlik bosqichidan kelib chiqib, bu mashqlar quyidagi hollarda qo’llaniladi: a) yengillashtirilgan sharoitlarda; b) murakkablashtirilgan sharoitlarda; v) musobaqalarga maksimal yaqinlashtirilgan sharoitlarda. Tanlangan sport turidan taktika bo’yicha umumiy va maxsus bilimlar har xil taktik harakatlarni o’rganish hamda taktik ko’nikmalarni egallash uchun zarur poydevorni tashkil qiladi. Bundan tashqari, ular alohida va jamoaviy vazifalarni hal etishda ijodiy fikrlashning asosi hisoblanadi. Sportchi quyidagilarni bilishi kerak: - musobaqa qoidalari, ularga hakamlik qilish va o’tkazishning xususiyatlari; musobaqaning va raqiblarning shartlari; - sportdagi taktik harakatlarning asoslari, ularning jismoniy, texnik va irodaviy tayyorgarlikka bog’liqligi; o’z sport turi taktikasining asosiy xususiyatlari va b. Maxsus adabiyotlarni, hakamlik va musobaqa o’tkazishning xususiyatlari, taktika bo’yicha foto va kinomateriallarni o’rganish, musobaqalardagi kuzatuvlarni tahlil etish, musobaqa o’tkaziladigan sharoitlar va joylarni o’rganish muhim ahamiyatga ega. Taktik tayyorgarlik bir xil holatlarda musobaqalar paytida sportchining kuchini to’g’ri taqsimlashdan yoki muayyan sport vazifalarni hal qilish uchun texnikadan maqsadga muvofiq tarzda foydalanishdan, boshqa hollarda esa jamoadagi sheriklar bilan o’zaro munosabatlarda samaradorlikni oshirish yoki taktik faoliyatlarning bir tizimidan boshqasiga tez va o’z vaqtida o’tishdan iborat bo’ladi. Taktik tayyorgarlikning eng tipik vazifalari, ularni hal qilish uchun zarur usuliy priyomlar hamda ular ko’proq qo’llaniladigan sport turlari 3-jadvalda keltirilgan. 3.3. Sportchining musobaqada ishtirok etish taktik rejasini tuzishning mazmuni hamda usuliyati Musobaqa kurashini olib borishning barcha vosita, usul va shakllari taktik rejada bayon etiladi. Taktik reja – alohida sportchilar yoki jamoaning asosiy faoliyatlari dasturidir. U musobaqalarga tayyorgarlik ko’rish jarayonida tuziladi va musobaqalar boshlanishi oldidan uzil-kesil aniqlashtiriladi. Taktik reja quyidagi bo’limlarni o’z ichiga oladi: 1. Bu musobaqalarda sportchi yoki jamoa oldiga qo’yiladigan asosiy vazifa. 2. Taktik kurashning umumiy shakli – faol, passiv, kombinatsiyalangan. 3. Musobaqa rejimini hisobga olib, kuchlarni butun musobaqalar o’tadigan davrga taqsimlash. 4. Kuchlarni har bir chiqish jarayonida taqsimlash (masofani bosib o’tish tezligi grafigi, o’yin, jang sur'ati, badan qizdirish mashqlarining davomiyligi va xususiyatlari). 5. Taktik kurashda vazifalar hamda vaziyatning o’zgarishlar ehtimoli bilan bog’liq holda bevosita musobaqa jarayonida taktikaning bir ko’rinishidan boshqasiga o’tish mumkinligi. 6. O’z maqsadlari (harakatlari) ni niqoblash yo’llari 7. Raqiblar to’g’risida ma'lumotlar, ular tayyorgarligidagi kuchli va zaif jihatlar. 8. Musobaqa o’tkaziladigan joylar, ob-havo, bo’lajak musobaqalardagi hakamlik va tomoshabinlar to’g’risida ma'lumotlar. Taktik rejaning asosiy bo’limlari: a) bosh vazifa; b) taktik kurashning umumiy shakli (hujumkor, faol mudofaaga asoslangan, himoyalanuvchi) va uning mazkur musobaqalar sharoitiga muvofiq varianti. Bundan tashqari, sport o’yinlarida o’yin tizimini kombinatsiyalar, o’yinchilarning o’zaro harakatlardagi priyomlarini ko’zda tutish kerak. Boshqa sport turlarida guruhli taktika va alohida kombinatsiyalar, priyomlarni qo’llash imkoniyatiga ham e'tibor berish lozim; v) yuklama va dam olishning xususiyatlari, davomiyligi, shiddatli – musobaqa rejimini hisobga olib, kuchlarni taqsimlash; g) har bir alohida chiqish jarayonida kuchlarni taqsimlash (tezlik grafigi, shartli grafik, o’yin sur'ati, badan qizdirishning davomiyligi va xususiyatlari); d) taktik kurashning vazifalari hamda vaziyatidagi ehtimoliy o’zgarishlar bilan bog’liq holda musobaqalar jarayonida bir taktikadan (yoki tizimdan) boshqa taktikaga (tizimga) o’tish mumkinligi; e) o’z niyatlarini niqoblash yo’llari va usullari; j) raqib to’g’risidagi ma'lumotlar, uning tayyorgarligidagi (jismoniy, taktik, texnik va irodaviy) kuchli hamda zaif jihatlar, hujum (alohida va guruhli) va qarshilik ko’rsatishning (faol mudofaaga hamda himoyaga asoslangan) tegishli priyomlari; z) musobaqa o’tkaziladigan joylar, ob-havo, hakamlik, tomoshabinlar va h.k. to’g’risida ma'lumotlar. Sport o’yinlarida jamoa o’yinining umumiy taktik rejasidan tashqari alohida har bir o’yinchi uchun ham taktik reja tuzilishi mumkin. Bunday rejaning asosida yakkama-yakka kurashayotgan juftlama kuchlari nisbatining tahlili bo’lishi mumkin (hujum va himoya). O’tkaziladigan bellashuv rejasi sportchi va murabbiy bilan hamkorlikda tuziladi, chunki sportchining taktik mahoratini o’stirishda murabbiyning roli katta, u musobaqalarning taktik rejasini tuzishda faol ishtirok etishi kerak. 4. Sportchining psixologik (ruhiy) tayyorgarligi 4.1. Sportchining psixologik tayyorgarligi to’g’risida tushuncha, uning turlari. Ayrim sport turlarida ruhiy sifatlarning ahamiyati Psixologik tayyorgarlik deganda, sportchilarda mashg’ulot vazifalarining muvaffaqiyatli hal qilinishi hamda musobaqalarda ishtirok etishni ta'minlovchi psixologik faoliyatlar, jarayonlar, shaxsiy holat va xususiyatlarni shakllantirishga yo’naltirilgan psixologik-pedagogik tadbirlar hamda sportchilarning hayotiy faoliyatiga muvofiq shart-sharoitlar tushuniladi. Psixologik tayyorgarlikni umumiy va maxsus turlarga bo’lish qabul qilingan. Umumiy psixologik tayyorgarlikning mohiyati shundaki, ular sportchilarda aynan o’zlari tanlagan sport turi bilan muvaffaqiyatli shug’ullanish uchun zarur bo’lgan psixik faoliyatlar va sifatlarni rivojlantirish hamda takomillashtirishga yo’naltiriladi. Tayyorgarlikning bu turi, shuningdek, sport kurashining tarang sharoitlariga hissiy barqarorlikni shakllantirish, asabni va jismoniy zo’riqishlarning izlarini tez bartaraf etish qobiliyatini va tarbiyalash, uyqu rejimini ixtiyoriy tarzda boshqarish va b. maqsadida psixik holatlarni faol ravishda tartibga solish yo’llarini o’rganishni ham nazarda tutadi. Umumiy psixologik tayyorgarlik mashg’ulotlar jarayonida amalga oshiriladi. U texnik, taktik tayyorgarlik bilan bir paytda o’tkaziladi. Lekin sport faoliyatidan tashqari vaqtda ham, sportchi o’zi mustaqil yoki o’zgalar yordamida miyasida sodir bo’layotgan psixik jarayonlarni, shaxsiy holatlari va xususiyatlarini takomillashtirish maqsadida muayyan topshiriqlarni bajarish orqali ham ro’yobga chiqarilishi mumkin.
Psixologik tayyorgarlikning tarkibiy qismlari: texnika va taktikani egallashga yordam beradigan psixik sifatlar hamda jarayonlar; shaxsni musobaqalarda birdek chiqishlarini ta'minlovchi xususiyatlar; mashg’ulot va musobaqalarning murakkab sharoitlarida ishchandik va psixik faoliyatning yuqori darajasi; mazkur sharoitlarda namoyon bo’ladigan barqaror ijobiy psixik holatlar. Texnikani egallash va harakat faoliyatlarini boshqarishga ko’maklashuvchi jarayon va sifatlar qatoriga, xususan, harakatlarning turli o’lchamlarini nazorat qilib turishga imkon yaratuvchi nozik rivojlangan mushak sezgilari; vaqt, ritm, sur'at va masofa hissi; makonda mo’ljal olish qobiliyati; diqqatning yuksak rivojlangan sifatlari (kontsentratsiyasi – nomlanishi, ko’chishi, taqsimlanishi); mukammal ideomotorika; tezkor xotira; oddiy va murakkab reaktsiyalarni (tanlash, bir narsadan boshqasiga ko’chirish, oldindan ilg’ash, harakatlanayotgan ob'ektga qarab mo’ljal olish reaktsiyalari va h.k.) tezkor hamda aniqligi kiradi. Taktikani o’zlashtirishga turli o’ziga xos fikrlash sifatlari: raqiblar harakati to’g’risida olinayotgan axborotlarni bir lahzada tahlil qilish va vaziyatga mos qaror qabul qilish qobiliyati; fikrlashning egiluvchanligi va b. Sport turining o’ziga xos jihatlari sportchi psixologik tayyorgarligining sifatlari va tuzilishiga har xil talablar qo’yadi (4-jadval). Masalan, boks, kurash, uloqtirishlar, og’ir atletika, sprinterlik masofalari kabi siklik xususiyatli sport turlariga ixtisoslashayotgan sportchilarda peshqadamlikka intilish, mustaqillik, motivlashning yuqori darajasi, tavakkalchilikka moyillik, zarur vaqtda butun kuchini jamlab, ularni g’alabaga bag’ishlay olish qobiliyati ustun bo’ladi. Lekin ayni paytda ularda ishonmaslik, bo’ysunmaslik, qaysarlik, ziddiyat chiqarishga moyillik sifatlarini ham ko’rish mumkin. Uzoq masofalarga ixtisoslashayotgan sportchilarga xos xususiyatlar: faollik, katta yuklamalarga bardosh bera olish, o’z shaxsiy manfaatlarini jamoa manfaatlariga bo’ysundirish, shubhalarga berilmaslik va b. Biroq ular ba'zan o’z kuchlariga to’la ishonmaydilar, yetakchiga ehtiyoj sezadilar, o’ziga xos xatti-harakatlar va fikrlash tarziga moyil bo’ladilar. Sport o’yinlari va yakkakurashlarga, sportning murakkab koordinatsiyali turlariga ixtisoslashayotgan sportchilarda samarali ko’rish idroki, sensomotor reaktsiya qilish va tezkor fikrlash, diqqatni keng taqsimlash, tez ko’chirish va barqarorligini kuchaytirish, zehnlilik, qat'iyat, qarorida turish, qo’rqmaslik, murakkab harakat reaktsiyalari tezkorligi va aniqligi, harakat ko’nikmalarini oson shakllantirish hamda qayta qurish qobiliyatlari mavjud bo’ladi.4-jadval Sportchilarga qo’yiladigan psixologik talablar (M.Eluran ma'lumotlari bo’yicha)
4.2. Mashg’ulot jarayoniga psixologik tayyorgarlik Sportchining psixologik pedagogik jihatdan tayyorgarligini tekshirganda, avvalo, sport faoliyatiga munosabatni belgilovchi motivlarni shakllantirish; sportda muvaffaqiyatga erishish uchun zarur bo’lgan irodaviy sifatlarni tarbiyalash o’ziga xos psixik imkoniyatlarni takomillashtirish ustida to’xtalish kerak. Har qanday sport turida alohida sportchi yoki jamoaning sport faoliyatini har doim u yoki bu motivlar taqozo etadi, ular ham shaxsiy, ham ijtimoiy qiymatga ega bo’ladi. Motivlar odamni biror faoliyat bilan shug’ullanishga undovchi ichki kuch demakdir. Sportchi bajarmoqchi yoki erishmoqchi bo’lgan faoliyat maqsadlaridan farqli o’laroq, motivlar u aynan shuni nima uchun amalga oshirmoqchi va aynan shangu erishmoqchi ekanligi sabablarini tushuntiradilar. Sport faoliyatining sabablari sifatida har xil qiziqishlar, intilishlar, ko’rsatmalar, ibrat-namunalar va b. maydonga chiqadi. Yosh sportchilarda, odatda sport bilan shug’ullanishni bilvosita motivlari ustuvor bo’ladi: kuchli, sog’lom, chaqqon, jismonan rivojlangan bo’lish va h.k. Yosh ortgan va muvaffaqiyatlar ortgani sayin bu motivlar ikkinchi darajaga o’tadi, sport faoliyatining bevosita motivlari oldinga chiqadi: sport razryadi me'yorlarini bajarish, sport ustasi bo’lish, mamlakat terma jamoasi tarkibiga kirish, yirik musobaqalarda yuqori natijalarga erishish, Jahon yoki Olimpiada o’yinlari chempioni bo’lish, katta pul mukofotlarini qo’lga kiritish va b. (Yu.F.Kuralishin, B.Krayti, R.A.Piloyan). Sportchi amal qiladigan muayyan motivlarning ahamiyati murabbiy va sport rahbarlari uchun katta amaliy ahamiyatga ega, chunki ularda namoyon bo’ladigan shaxsning xususiyatlarini (qiziquvchanlik, intiluvchanlik, vatanparvarlik, or-nomus, o’ziga xoslik, jamoachilik, o’rtoqlik hissi kabilar) baholash va sportchini tarbiyalashda ulardan foydalanish imkonini beradi. Uzoq muddatli mashq jarayoniga motivlarni shakllantirishning muvaffaqiyati quyidagilarga bog’liq: ancha uzoqqa mo’ljallangan maqsadlarni belgilash, muvaffaqiyatga ishonchni shakllantirish va qo’llab-quvvatlash, rag’batlantirish va jazolashning optimal nisbati, mashg’ulotlarni hissiy ko’tarinki ruhda o’tishi, sport an'analarini rivojlantirish, jamoa bo’lib qarorlar qabul qilish, murabbiy shaxsining o’ziga xosligi. Sportchilarni motivlarini ta'minlashdan tashqari, murabbiy mashg’ulot jarayonidagi sport faoliyatining muvaffaqiyatini ta'minlovchi turli jihatlarga munosabatlar tizimini shakllantirish lozim. Mashg’ulot jarayoniga sportchilarning munosabati tizimi elementlariga umuman sport mashg’ulotlariga munosabat, mashg’ulot va musobaqa yuklamalariga munosabat, mashg’ulotlarga munosabat, sport rejimiga munosabat va h.k. kiradi. Umumiy psixologik tayyorgarlikning tarkibiy qismlaridan biri irodaviy tayyorgarlikdir. Iroda deganda odamning u yoki bu istak xohishlar tufayli har xil qiyinchiliklarni yengishda ongli ravishda belgilangan maqsadlarga erishish uchun o’z xatti-harakatlari, fikrlari, hissiyotlari, tanasini boshqarish bo’yicha psixik faoliyati tushuniladi. Iroda maqsad yo’lida uchragan qiyinchiliklarni yengish jarayonida rivojlanadi va chiniqadi. Sportdagi qiyinchiliklar sub'ektiv va ob'ektiv turlarga bo’linadi. Sub'ektiv qiyinchiliklar shu sportchining shaxsiga xos xususiyatlarga bog’liq (uning fe'l-atvori, temperamenti va b.). Bu qiyinchiliklar ko’proq salbiy hissiy kechinmalarda namoyon bo’ladi (raqibdan cho’chish, jarohatlanish havfi, tomoshabinlar oldida dovdirash). Ob'ektiv qiyinchiliklar sport faoliyatining umumiy va o’ziga xos shart-sharoitlari: belgilangan rejimga qat'iy rioya qilish, musobaqa faoliyatining ommaviylik xususiyati, shiddatli mashg’ulotlar, ko’p miqdordagi musobaqalarda ishtirok etish, noqulay ob-havo sharoiti, mashqlarni koordinatsion murakkabligi kabilar sababli yuzaga keladi. Sportdagi asosiy irodaviy sifatlar – maqsadga intiluvchanlik, qat'iyat, dadillik va mardlik, tashabbuskorlik va mustaqillik, o’zini qo’lda ushlab olish va sabr-bardosh hisoblanadi.
Bu sifatlarni barchasi o’zaro bog’liq, lekin ularning eng asosiy va yetakchisi maqsadga intiluvchanlik bo’lib, boshqa sifatlarning tarbiyalanishi va yuzaga chiqishi darajasini belgilaydi. Oqilona pedagogik boshqaruv ostida irodaviy sifatlar shaxsni doimiy xususiyatiga aylanadi. Bu sportchilarga o’zlarini mehnat, o’quv, jamoat va b. ishlarda ko’rsatishni imkonini beradi. Sportchilarda irodaviy sifatlarni tarbiyalash, eng avvalo, ularning oldiga aniq maqsad va vazifalar qo’yilishini talab qiladi. Bu maqsadlarga erishish uchun sportchilar irodasini ishga soladi, iroda kuchini zo’riqtiradi, qiyinchiliklarni yengib, o’z harakatlarini boshqarishga intiladi. Sportchilar irodaviy sifatlarini tarbiyalashning asosiy vositasi ularning mashg’ulot jarayonida shu sport turi uchun o’ziga xos bo’lgan iroda kuchining qo’llanishini talab qiluvchi mashqlarni muntazam bajarish hisoblanadi. Har qanday irodaviy faoliyatda aqliy, axloqiy va hissiy asos mavjud (A.Puni). Shuning uchun ham irodaviy tayyorgarlik sportchilarda axloqiy hissiyotlar hamda aqlning kengligi, chuqurligi va egiluvchanligi, mustaqil fikrlash singari aqliy qobiliyatlarni takomillashtirish ustiga qurilishi zarur. Sportchilarda irodaviy sifatlarni rejali tarzda, shug’ullanuvchilarning yoshi va jinsini, jismoniy va psixologik imkoniyatlarini e'tiborga olgan holda tarbiyalash lozim. Bunda, birinchi navbatda, tanlangan sport turining xususiyatlariga ahamiyat beriladi. Shunga ko’ra, F.Genov taklif etgan sportchining yetakchi va qo’shimcha irodaviy sifatlari tasnifi diqqatga loyiq (5-jadval). Sportchilarning irodaviy sifatlarini tarbiyalash doimiy tarzda ob'ektiv va sub'ektiv qiyinchiliklarni yengish bilan bog’liq. O’quv-mashq jarayonini murakkablashtirish, oshib o’tish mumkin bo’lgan, ammo irodaviy zo’riqishlarni talab qiluvchi qiyinchiliklarni yaratish, “issiqxona” sharoiti bilan kurash olib borish, mashg’ulotlarda murakkab vaziyatlarni yuzaga keltirish, mashg’ulotlar sharoitini musobaqa sharoitiga yaqinlashtirishning bular mashg’ulot jarayonida irodaviy sifatlarni tarbiyalashga imkon beradigan asosiy talablardir. Irodaviy sifatlarni tarbiyalash jarayonida sanab o’tilgan talablarni amalga oshirish uchun bir qator usuliy priyomlar qo’llaniladi (6-rasm): noqulay ob-havo sharoitlaridan foydalanish: trassalar, maydonchalar, mashg’ulot o’tkaziladigan joylar, snaryadlar joylashuvining har xil variantlari; musobaqa vaqtidan yaxshiroq vaqt ko’rsatish; musobaqa trassasi, joylari, snaryadlari, rejimini sinovdan o’tkazish, har xil (kuchli va zaif) raqiblar bilan bellashish; mashg’ulotlarni hakamlar, mehmonlar, tomoshabinlar huzurida o’tkazish; og’irligi darajasi turlicha bo’lgan kutilmagan to’siqlarni yaratish va h.k. Shu bilan birga, ma'qullash, maqtash, rag’batlantirish, tanqid, misol keltirish, namuna, ishontirish va b. dan keng foydalaniladi. Download 191.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling