Mavzu: Anbar otinning pedagogik fikrlari Reja: Anbar Otin ijodining o`rganilishi. Shoiraning hayoti haqida
Download 21.83 Kb.
|
Anbar Otin
- Bu sahifa navigatsiya:
- 6. Kelajak haqida o`ylarining badiiy ifodasi.
- Adabiyotlar
Mavzu: Anbar otinning pedagogik fikrlari Reja: 1. Anbar Otin ijodining o`rganilishi. 2. Shoiraning hayoti haqida. 3. Anbar Otin lirikasi. 4. Shoira asarlarida ijtimoiy-siyosiy masalalarning ko`tarilishi. 5. «Qarolar falsafasi» asari. 6. Kelajak haqida o`ylarining badiiy ifodasi. Ayol ijodkorlar orasida Anbar Otin Nodiradan keyingi davrning yorqin adabiy siymosidir. Uning asarlarida milliy ongni uyg`otish, jamiyatni taraqqiyotga undash, o`z xalqini boshqa xalqlar bilan solishtirgan holda ilg`or davlatlarga tenglashishga da`vat g`oyalari yoniq so`z bilan tashviq qilingan. Anbar Otinning hayoti va ijodiga bo`lgan e`tibor o`zbek adabiyotida 1960 yillardan boshlandi. Shoira ijodiyotini o`rganish, to`plash, nashr etish ishlari bilan professor A.Qayumov va F.Husainovalar shug`ullanganlar. Ularning say`i harakatlari bilan 1963 yilda shoira she`rlari topildi va majmua holiga keltirilib, “Anbar Otin. SHe`rlar” nomi bilan chop etildi. Shoira ijodini ommalashtirish maqsadida ushbu tadqiqotchilarning 1964 yilda shoira hayoti va ijodini yorituvchi “Demokrat shoira Anbar Otin” nomli risolasi bosilib chiqdi. 1970 yili shoira asarlarining to`ldirilgan nashri chop etildi. Adabiyotshunosligimizda shoira ijodi bo`yicha izlanishlar izchil amalga oshirildi. 1966 yilda arab alifbosiga bag`ishlangan “Yakka baytlar”i topildi. 1977 yilda esa adabiyotshunos M.Qodirova uning 17 she`rini o`zbekcha tarjimasi bilan nashr ettiradi. 1991 yilda A.Jalolov “XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi o`zbek adabiyoti” nomli kitobida Anbar Otin ijodining tahliliga keng o`rin ajratdi. Shoira 1870 yilda Qo`qonda Buzrukxo`ja mahallasida tug`ildi. Uning otasi asli Marg`ilondan bo`lib, shoira tug`ilmasdan avval turmush taqozosiga ko`ra Qo`qonga ko`chib kelgan. Shoiraning otasi Farmonqul shoira Uvaysiyga jiyan bo`lgan, bo`zchilik kasbi bilan shug`ullangan. Onasi ham qo`qonlik oddiy kosib oilasidan edi. Bu haqda shoiraning o`zi shunday yozadi: Otam - Farmonquliyi Marg`iloniy, Onam -Ashurbibiyi Qo`qoniy. Alar belboqchi-bo`zchi erdi kasbi, Hamisha makkayidin erdi noni. Xalqimiz orasida «Bo`zchi belboqqa yolchimas» degan maqol bekorga yurmaydi. Demak, bu kasbning egalari deyarli hech qachon iqtisodiy tanglikdan chiqa olmaganlar. Xuddi shuningdek, Farmonqul oilasi ham moddiy tanglikda yashaganligini shoira quyidagicha ifodalaydi: Ki «bo`zchi yolchimas belboqqa doim», Yana juft bo`lmas erdi bir choponi. Yana Anbar Otin taniqli shoira Dilshod Barno qo`lida ta`lim olgan. Ustozining ijodkor ekanligi, Sharq mumtoz adabiyotining namoyondalari ijodiyotiga shogirdlarni qiziqtira olganligi, qolaversa, badiiyatga intilish uning qonida bo`lganligi sababli Anbaroy juda berilib o`qiydi, she`rlar mashq qiladi. Ustoz o`z shogirdi haqida mana bunday iliq va umidli so`zlarni aytgan edi: «Anbar Otin bug`doyrang, sunbulsoch, ohu ko`z, oy yuzli, ahloqi hamda odobi pisandida sohibidur. Bu sakkiz yashar qizchaligiga qaramasdan hazrati Navoiy nazmiyotlarini o`rganishga behad qiziqadi. Bu ojiza sakkizdan o`n to`rt yoshgacha adab ta`limiga mashg`ul bo`ldi. Umidim borki, bu qizcha katta shoira bo`lg`usi». O`n to`rt yoshlarida Anbaroyni Zohidxo`ja ismli kambag`al novvoy yigitga uzatishadi. Zohidxo`ja ham she`riyatga ixlosmand kishi bo`lib, ko`pgina shoirlarning g`azallarini yoddan bilar va baland ovozda o`qib yurar edi. Shuningdek, o`z davrining deyarli barcha makondosh shoirlari bilan tanish bo`lgan. Bu ziyoli oilada Mo`minxo`ja, Bibixon, Usmonxo`ja, Ominaxon ismli farzandlar dunyo yuzini ko`radilar. Anbaroy o`tkir zehni, iste`dodi bilan mahalla ayollari o`rtasida hurmat qozongan. Xalq uni otincha, Anbar otin deb e`zozlaydi. Xalq qo`ygan bu nomdan mamnun bo`lgan shoira o`ziga «Anbar otin» taxallusini qabul qilgan. Shoira to`g`riso`zligi, ikkiyuzlamachilik, munofiqlikni, muttahamlikni yomon ko`rganligi va tekinxo`rlarni, zolimlarni qoralab yurganligi uchun boy xonimlarga yoqmaydi. Kunlardan birida uni Olim mingboshining uyida bo`ladigan ziyofatga taklif qilishadi, u yerda kaltaklab baland zinadan itarib yuborishadi. Shoiraning ikki oyog`i sinadi, shol bo`lib qoladi. Muolajalar foyda bermaydi. Buning ustiga o`pkasi ham xastalanib qoladi. Shoira uzoq yillar to`shakda yotib qoladi. Ammo noumid bo`lmaydi, ijod qilishda davom etadi. Farzandlarining tarbiyasi va tahsiliga alohida e`tibor beradi. Shoira o`zining yotib qolganligi va farzandlari haqida shunday yozadi: Mani farzandlarim to`rt bo`ldiyu bas, Mo`minxo`jam edi andak yomoni. Bibixon - rohati jonim, anisim, G`ariblik, dardmandlik darmoni. Yotib qoldim, murabbim bo`ldi shu qiz, Aning birla topib jonim omoni. Usmonxo`ja – halimu qobilimdur, O`qitdi ustod Xayrulloxoni. Mani dardimga qo`shdi ming alamlar, Vafot etkan qizim ul Ominaxoni. Misralardan ham ayonki, xastamand shoiraga qizi Ominaning bevaqt vafoti qattiq zarba bo`ladi. Shoira taxminan 1914 -1917 yillar oralig`ida vafot etadi. Anbar Otinning ijodiy merosi deyarli she`riy asarlardan iborat. Uning o`z qo`li bilan yozgan devoni saqlab qolingan. Bu devon shoiraning o`g`li Usmonxo`ja Zohidov tomonidan Qo`qon adabiyot muzeyiga taqdim etilgan. Devonning hajmi 685 misra bo`lib, unga kirgan she`rlarni shoira asosan hayotining keyingi yillarida yaratgan bo`lishi kerak, degan taxminlar bor. Yuqorida e`tirof etganimizdek, 60-yillarda shoiraning farzandlari va boshqa ularga yaqin bo`lgan kishilar tomonidan bir necha she`rlari, alohida she`riy to`plami taqdim etildi. To`plam «hurufi hijo» tarzidagi asarlardan iborat, ya`ni shoira ularni yakka baytlar deb aytadiki, bunda arab harflarining har biriga alohida kichik she`rlar bitilgan. Anbar Otin lirikasi alohida o`ziga xos ijoddir. Shoira an`anaviy tarzdagi intim asarlarni juda oz yaratgan. U hayotda ro`y berayotgan har bir voqeaga bee`tibor bo`lmaydi, aksincha, sinchkovlik bilan kuzatib o`z qarashlarini nazmiy yo`l bilan ifoda etadi: Ey bolam, Xayrulloxon maktab ochibdur boringiz, Albatta, shu yangi maktabda o`qungiz, boringiz. Yerda o`lturmay xarrakda o`ltururmish bolalar, Toza turgay ust-boshu jomai dastoringiz. O`rgatarmish turk tilida har ilmdan borini, Kelgusida shu bilimlar birla bo`lg`ay koringiz. Bu she`r hayotiy voqelik asosida yaratilgan, ya`ni o`sha davrning yirik va nomdor ma`rifatparvarlaridan Xayrulloxon ismli mudarris shoira istiqomat qilayotgan Buzrukxo`ja mahallasida birinchilardan bo`lib “usuli jadid” maktabini ochadi. Maktab o`z-o`zidan eski, “qadimiya” maktablaridan tubdan farq qiladi. Bolalar endi yerlarda emas, “xarrak”- stullarda o`tiradilar, ust boshlari ham ozoda saqlanib, darslar turk tilida olib boriladi. Shoira bu manzarani yuqoridagidek sodda va ta`sirli misralarda bayon etadi. Nazarimizda, bu oddiy she`r emas, qalbi qaynoq shoiraning yangilik va yaxshilikka chaqiruvchi da`vatnomasi edi. Quyidagi misralarda shoiraning vataniga bo`lgan muhabbati sodda, samimiy izhor qilinadi, u Vatanni ikkinchi ona sifatida talqin qiladi: Odam ersang ma`ni bil dona-dona, Vatan erur sanga ikkinchi ona. Uning Vatanga sodiq farzand bo`lishlik haqidagi xitobi ham sodda, ammo o`zgacha: Odam ersang, tashqi surat berma zeb, Ona yurtingni hamisha ayla zeb. Anbar otin ijodining o`ziga xosligi shundaki, Turkiston ayollarining qismatlarini she`riyatga olib kirdi. U she`rlarida haq-huquqi poymol bo`lgan, toptalgan Sharq ayollari nomidan isyon ko`taradi: “Ayollar sochi uzun, aqli qisqadur” deganlarga, Tovuqcha aqli yo`q, axlatni titkonlarga o`t tushsun... “Xotunlar mol qatori sotilur”, deb mushtiparlarni Zulayho, Layli, Shirinni tan olmaganlarga o`t tushsun. Shoira xalq hayotini ko`p o`ylagan, o`zicha tahlil qilgan. Xayolga berilib, undan zavqlangan, xayollarini reallikka aylanishini astoydil istagan. Quyidagi misralar shoiraning ana shunday orzu-umidlari: Bir zamonni o`ylagayman, hech zamonga o`xshamas, Bu jahon burchida to`rtdan bir tomonga o`xshamas. Dashtu sahro bosh oyoq bo`lgay tamomi bo`ston, Bu zamonning bo`stoni, bo`stonga o`xshamas. Tog`laridin ko`p xazina meni ol, deb qichqirur, Jilg`alar shahri azimu ko`histonga o`xshamas. Anbar otin ijodida ishqiy g`azallar ko`p bo`lmasada, ular sifat jihatdan salmoqlidir. Shoira ishqiy tasvirlarda originallikka intilganligi yaqqol seziladi: Sensiz bahor o`lmadi, gul ham biror bor kulmadi, Ta`bim biron ochilmadi, san dilrabodin o`rgulay. Shoira lirikasi asosan adab va hayoga yo`g`rilgan kechinmalar ifodasidan iborat. Ehtirosli tuyg`ular bayonida ham shoira o`ta odob va andisha bilan dildagi sirlarini bayon etadi: Qay kuni bo`lgayki, bo`stonimga bir mehmon kelur? Gul ochilg`on chog`ida bir bulbuli handon kelur? Shuningdek, u ko`ngil rozlari bayonida soddalik yo`l tutadi va ayni paytda quyma satrlar, yangi tashbeh, mubolag`alarni qo`llaydi: Bir she`rida dildagi sirlarni yozish uchun yerning kengligidagi g`oz qanoti lozimligini aytadi: Patlaringni kengaytirgil shunchaki, Har birini yer kengligida san yoz. Qanotingga yurak sirlarin bitay, G`amgusorim tarafiga et parvoz. Anbar Otin she`rlarining asosiy qismi ijtimoiy-siyosiy masalalar yuzasidan fikr va mulohazalar, munozaralar, tanqidiy qarashlardan iborat bo`lgan asarlardir. Shoira hayotda ikki narsa bilan kelisha olmaydi: birinchisi, odamlar orasidagi tengsizlik, zo`ravonlik bo`lsa, ikkinchisi, birinchisi bilan bog`liq holda birovlarni mensimaslik, takabburlik, boylik tufayli ilmga qiziqmaslikdir. Hayotda ulug` maqsadlar bilan yashagan shoira ijodda o`ziga ham, boshqa ijodkorlarga ham yuksak talablarni qo`yadi: Shoira ersang vaqti-vaqti birla mushoira qil, Ul Haziniy to`dasi kiribon munozara qil… Kimsakim xalq g`amidin g`ami bo`lursa, ango san, Yondoshib har ishda ul ila mutoyiba qil. Shoiraning «Yakka bayt»lari asosan didaktik xarakterdadir. Ammo ularda ijtimoiy-siyosiy qarashlar ham mavjud. Shoiraning bu turkumdagi she`rlari bugungi kunda ham o`z qimmatini yo`qotgan emas va kelajakda yo`qotmaydi ham. Har bir kitobxon quyidagi baytlarni o`qib, bu fikrning to`g`riligiga iqror bo`ladi: So`zlamasdin oldin so`zingni sina. Har bir so`zdur umring ichinda zina. Odami ersang, tashqi surat berma zeb, Ona yurtingni hamisha ayla zeb. Mashaqqatsiz hunardan chiqmaydi dur, Hayonsiz ilm durdin ko`b erur dur. Kimki ma`rifatni etsa e`zoz, Ani irfon etar albatta mumtoz. Anbar Otinning «Qarolar falsafasi» (“Falsafai siyohon”) asari alohida xususiyatga ega. Muallif uning kirish qismidan tashqari, to`rt faslga bo`lgan. Kirish qismida o`z rejalarini bayon etadi. Jumladan, shunday deydi: «…barcha baxti qaro, farqi qaro, garchi qarolar ul qazo zulmat ichra zulm qaydida madfundurlarki, alar holi ostidagi qaro mo`rchani ko`rguvchi mutafakkir donishmand adib ahli nafis choralar bilan ifoda eturlar, bayon etgum». Birinchi faslda shoira qaro narsalar: qaro baxt, qaro niyat, qaro tusli xalqlarni ta`rif-tavsif etadi; ikkinchi faslda onalar hayoti va ularning o`z zamonasidagi taqdiri haqida fikr yuritadi; uchinchi faslda shoira baxti qarolikning asl falsafiy mohiyatini ko`rsatib beradi; to`rtinchi faslda qaro zulmat, ya`ni o`sha zamondagi ijtimoiy hayot kirdikorlari fosh etiladi. Anbar Otin bu asari orqali o`zbek xalqining, o`zbek ayollarining isyonkor shoirasi sifatida namoyon bo`ldi. Shoiraning hayoti va ijodidan fanimiz XX asrning 60-yillarida xabar topdi. 1963 yili professor L.Qayumov va F.Husayinova shoira asarlarini topib, e`lon qildilar. 1964 yili ushbu tadqiqotchilarning «Demokrat shoira Anbar Otin» risolasi bosilib chiqdi. 1970 yili shoira asarlarining to`ldirilgan nashri amalga oshirildi.
Ey go`zal Farg`ona, o`zingni kel emdi, shod qil, Har g`azalni boshida, sen, o`z otingni yod qil, Qaydi bandni pora aylab, o`zlugung ozod qil, Qayg`ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil, Emdi Turkistonda haqgo`ylik ila faryod qil. Bog`laring pajmurda bo`ldi zog`larning poyidin, Ko`kraging sadpora bo`ldi daydilarning yoyidin, Katra-qatra qon tomodur o`q teshkon joyidin, Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko`rgon soyidin, O`z qo`ling birla bu yurtingni o`zing obod qil. Adabiyotlar: 1. Avaz O`tar o`g`li. «Devon». T, 1976 yil. 2. Y.Yusupov «Avaz». T, 1954 yil. 3. Y.Yusupov «Xorazm shoirlari». T, 1967 yil. 4. V.Mirzayev «Avaz O`tar o`g`li. Hayoti va ijodi». T, 1961 yil. 5. «Avaz». Saylanma. T, 1984 yil. 6. «Ayyomiy». Saylanma. T, 1984 yil. 7. N.Qobulov, V.Mo`minova, I.Haqqulov «Avaz va uning adabiy muhiti». T, 1987yil. 8. B.Qosimov «Izlay-izlay topganim…». T, 1983 yil. 9.S.Siyoyev «Avaz». Roman. T, 1987 yil. 10. www.tdpu.uz www.kasu.uz Download 21.83 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling