Mavzu: bojxona xodimi faoliyatining psixologik xususiyatlari
Download 74,03 Kb.
|
1 2
Bog'liq11-MA\'RUZA
MAVZU: BOJXONA XODIMI FAOLIYATINING PSIXOLOGIK XUSUSIYATLARI Nazariy tahlil va miqdoriy materiallarning taqqoslanishi bojxona xodimlarining fuqarolar bilan muomalaga kirishuv jarayonlari tahlili ularning faoliyatlari kasbiy meʼyoriylashtirilganligi bilan shartlanganligini ko‘rsatadi. Xodimlar muomalasi ko‘pincha majburiy xarakter kasb etadi, xodimlarga qonun talabidan kelib chiqqan holda, ular xoxish-irodasidan qatʼi-nazar, muloqotga kirishish majburiyati yuklanadi. Bu holat muloqotning boshlang‘ich bosqichida muomala jarayoni qatnashchilarida noxush his-tuyg‘ular uyg‘otib, ularning xatti-harakatlariga taʼsir etadi. Kasbiy faoliyatda axloqiy, huquqiy meʼyorlarga rioya etishga bo‘lgan ehtiyoj, ijtimoiy muhim ehtiyoj turilaridan biri bo‘lib, huquqiy ong shakllanishiga bevosita taʼsir etadi. Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, shuni aytish mumkinki, bojxona xodimlarining faqatgina yuqori kasbiy malakaga yoki malaka diplomiga ega bo‘lishining o‘zi bojxona tizimining samarali faoliyati uchun yetarli asos bo‘la olmaydi. Mazkur kasb egalari yuqori bilim va malakaga ega bo‘lishlari bilan birga o‘z faoliyatlarini maxsus kasbiy-axloqiy meʼyorlar asosida qurishlari, kasbiy faoliyatlarini samarali amalga oshirishlari jamiyatda inson manfaatlarini himoya qilishda muhim omil bo‘lib hisoblanadi. Bojxona xodimlari va O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tuvchi fuqarolar o‘rtasidagi hamkorlikning mohiyati o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni ado etish, qonun talablarining bajarilishiga qatʼiy rioya etish borasidagi o‘zaro xatti-harakatlarni birlashtirishda namoyon bo‘ladi. Bojxona nazorati doirasida kechadigan O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tuvchi fuqarolar va xodimlar kasbiy muomalasi maqsadlar birligi va ularning bir-biriga to‘la (yoki qisman) mos kelishi hamda qarama-qarshi maqsadlarning bo‘lmasligi bilan xarakterlanadi. Ammo bojxona xodimi faoliyatining yuqori darajadagi vaqt tanqisligi sharoitida kechishi, chegara postlaridagi qatnovning kattaligi bilan bog‘liq psixologik zo‘riqishlar va ayniqsa, ayrim shaxslarning moddiy manfaatdorlik evaziga bojxona qonunlarini buzishlari bilan bog‘liq xatti-harakatlari muomala jarayonida jiddiy ziddiyatlar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda bojxona xodimlarining muomala taktikasi va strategiyasini, shaxslararo muomala malaka va ko‘nikmalarini egallashlari hamda bu sohadagi bilimlardan xabardor bo‘lishlari vaziyat yechimi sifatida yuzaga chiqadi. Axborotlarning to‘g‘riligi, xatoligi va yolg‘onligi nuqtai nazaridan baholash bojxona xodimlarining kasbiy muomalasida doimiy vazifalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Bojxona xodimlari imkoniyat darajasida kishilarni tashqi va ichki qiyofasini idrok qilish hamda baholashdagi anʼanaviy xatolar «oreol effekti”, «stereotiplashtirish”, «proyeksiyalash” va boshqalar haqida chuqur bilimlarga ega bo‘lishlari zarur. Bojxona xodimlari imperativ, manipulyativ, dialogik muloqot turlari, muomala jarayonidagi o‘zaro psixologik taʼsir vositalari to‘g‘risida muomala jarayoniga taʼsir etuvchi to‘siqlar, konfliktlar va stresslarni yengib o‘tish usullari va vositalarini egallashlari va bu sohada zarur bilimlarga ega bo‘lishlari talab etiladi. Bojxona xodimlari o‘z kasbiy faoliyatlari davomida tizimning qaysi sohasida ishlashlaridan qatʼi-nazar turli odamlar bilan muomalaga kirishishlari, o‘zaro bir-birini tushunishga asoslangan psixologik aloqani taʼminlashlari va zarur hollarda fuqarolarga boshqaruv taʼsirini o‘tkazishga erishishlari talab etiladi. Shaxslararo munosabatlarga kirishish jarayonining samaradorligini taʼminlash va o‘zaro foydali dialogni olib borish uchun kommunikativ jarayonlar asosida yotuvchi qonuniyatlarni hisobga olish lozim bo‘ladi. Shuning uchun, ushbu qonuniyatlarni o‘rganish, muomala malakasini egallash bojxona xodimining kommunikativ layoqatliligini belgilovchi muhim shaxsiy kasb sifatlarini tashkil etadi. Har qanday shaxslararo munosabatlar asosida yotuvchi omillar – psixologik (emotsional) aloqa, deb ataluvchi keng qamrovli tushunchani tashkil etadi. Ushbu tushunchalar haqida so‘z yuritganda, avvalo bojxona xodimining davlat huquqiy institutlari, masʼul shaxslar va alohida fuqarolar bilan kechadigan muomala jarayoniga kirishishlari maʼlum qatʼiy ijtimoiy mazmunga ega ekanligidan kelib chiqish lozim. Bunday munosabatlar bojxona xodimi uchun belgilangan maʼlum ijtimoiy rol bilan shartlangandir. G. M. Andryevaning fikricha, ijtimoiy rol - bu aniq bir shaxsning ijtimoiy munosabatlarda egallaydigan o‘rnidir. Bu maʼlum bir pozitsiyani egallaydigan har qanday kishidan kutiladigan meʼyoriy jihatdan maqbul xulq-atvor namunasidir. Shunday qilib, ijtimoiy munosabatlarga kirishuvchi har qanday kishi maʼlum hayotiy shart-sharoitlarda, vaziyatlarda uning uchun jamiyat tomonidan belgilab qo‘yilgan ijtimoiy rolni bajaradi. Rolli munosabatlar ijtimoiy rol talabidan kelib chiqsa-da, uning shaxs tomonidan ijro etilishi uslubiga ko‘ra alohida o‘ziga xos bo‘yoqqa ega bo‘ladi. Ushbu ijro uslubi har bir shaxsning individual xususiyatlari, nutqiy malakasi, axloqiy sifatlari, xarakterologik xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘ziga xos «imkoniyatlar kengligi”ni tashkil etadi va kommunikativ jarayonlar rivojiga ijobiy yoki salbiy taʼsir ko‘rsatadi. Bojxona xodimi tomonidan rolli xulq-atvor qoidalarining buzilishi, maʼlum kommunikativ vaziyatlarda o‘zlariga xos bo‘lmagan xulq-atvorni namoyon etishlari atrofdagilar ulardan kutadigan xatti-harakatlarga to‘g‘ri kelmay qoladi va shaxslararo munosabatlarning keyingi rivojiga salbiy taʼsir ko‘rsatadi, muomaladagi sherik bilan o‘zaro tushunmovchiliklarga va hatto ochiq ziddiyatlarga olib keladi. Bundan tashqari, rolli munosabatlarga muomaladagi sheriklar tomonidan bu rolni individual ijro etish uslubiga xos bo‘lgan ijtimoiy mavqe (status) lari ham muhim taʼsir ko‘rsatadi. Kishining ijtimoiy mavqei uning egallagan lavozimi, professional tajribasi, xizmatdagi obro‘si, ko‘rsatgan shaxsiy xizmatlari, yoshi va boshqalar asosida belgilanadi. Muomala jarayonida kishilarning ijtimoiy mavqelarini hisobga olmaslik ziddiyatli va samarasiz dialoglarga sabab bo‘ladi. Xizmat faoliyatlari sharoitida rolli munosabatlar mexanizmini ko‘rib chiqar ekanmiz, bojxona xodimining kasbiy tajribasi asosida vujudga keladigan «ustunlik (dominantlik) ijtimoiy установкаси» haqida gapirish lozim bo‘ladi. «Ustunlik ijtimoiy установкаси» jamiyatning mazkur kasb egalariga qo‘yadigan talablardan kelib chiqadi. Shuni hisobga olish lozimki, bir xildagi ustunlik ijtimoiy ustanovkasiga ega bo‘lgan shaxslar orasidagi muomala jarayonida ikkala shaxsning ustunlik holatini egallashi oqibatida ziddiyatli, beqaror munosabatlar vujudga keladi. Ziddiyatli munosabatlarning oldini olish maqsadida muomaladagi sherikning xatti-harakatini prognozlash orqali rolli munosabatlarining ijtimoiy mavqe munosabatlari bilan o‘rin almashishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Yuqori darajadagi «o‘z-o‘ziga baho”ga ega bo‘lgan shaxslar muomalada yuzaga kelgan vaziyatni o‘z «Men - konsepsiya”lariga xavf sifatida baholashlari natijasida ziddiyatli munosabatlarga moyil bo‘ladilar. Bunday vaziyatlarda dialogning konstruktiv munozaralaridan bir-birining shaxsiy sifatlari tanqididek samarasiz yo‘lga o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Dialog qatnashchilarining bunday bir-biriga bo‘lgan o‘zaro nosamiymiy munosabatlari umumiy mantiqiy to‘g‘ri qarorga kelishga to‘sqinlik yaratadi va turli kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Mazkur kelishmovchiliklar ijtimoiy psixologiyada «kelisholmaslik simulyasiyasi”, deb yuritiladi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bunday holatlarda nima bo‘lganda ham o‘z nuqtai – nazarini o‘tkazish, muomaladagi sherikni bunga ko‘ndirishga asoslangan tashqi ustunlik holatidan voz kechish eng samarali yo‘l hisoblanadi. Masalan, yana bir bor teng huquqli holatda qarama-qarshi tomon mulohazalarini tushunish istagini namoyish etish, bojxona xodimi tomonidan himoya qilinayotgan nuqtai-nazar nafaqat uning shaxsiy mulohazasi ekanligi, balki har qanday chekinishlar qonunbuzarliklarga olib keluvchi qonun talabidan kelib chiqqanligini tushuntirish lozim bo‘ladi. Bojxona organlari xodimlarining xizmat faoliyatini kommunikativ aloqalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Muomala xodimlar va fuqarolar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi vosita vazifasini bajaradi. Turli meʼyoriy hujjatlarda doimo ushbu jarayonning muhimligiga eʼtibor beriladi. Har bir bojxona xodimi fuqarolar bilan muomalada xushmuomala va odobli bo‘lishi, ularning shikoyatlari arizalariga masʼuliyat bilan munosabatda bo‘lishi, ularning xatti –harakatlarini adolatli baholashi juda muhim. Maʼlumki, shaxslararo kommunikatsiyaning asosiy vazifasi kishilar orasidagi o‘zaro axborot almashinuvidir. Kishilarning o‘zaro axborot almashinuvi verbal va noverbal vositalar orqali amalga oshiriladi. Bojxona xodimlari faoliyatida muomalaning nutqiy vositalaridan foydalanish juda muhim o‘rin tutadi. Nutqda kishining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari, uning tafakkuri, yo‘nalganligi aks etadi. Nutq doimo motivlashgandir. So‘z va iboralardagi maqsad va motivlarning aniqlanishi insonlarning fikr-o‘ylari, hatti –harakati, qilmishlarini tushunishga yordam beradi. Ko‘pincha: Nima uchun u menga bunday dedi? – degan savolga javob topish muloqotdagi sherikning haqiqiy maqsadini tushunishga imkon yaratadi. Psixologiyada nutq ichki va tashqi nutqqa ajratiladi. Ichki nutq nafaqat kishining «o‘z-o‘ziga aytgan сўзи» balki uning fikrlari va nutqi oralig‘ida kechuvchi murakkab tayyorgarlik jarayonidir. A.R.Luriya taʼkidlashicha, og‘zaki nutqning eng sodda ko‘rinishi affektiv nutqdir. Affektiv nutq alohida hayajonli iboralar va nutq shtamplaridan iborat bo‘ladi. Bunday nutqning yuzaga kelishiga so‘zlovchining affektiv holati sabab bo‘lib, ko‘pincha unda aniq maqsad va ongli motiv bo‘lmaydi. Shuning uchun affektiv bo‘yoq berilgan nutqni tahlil qilib, so‘zlovchining psixik holatiga, suhbatdoshiga bo‘lgan emotsional munosabatiga, qo‘rquv holati va suhbat predmetiga bo‘lgan munosabatiga baho berish mumkin. Ayrim hollarda bunday nutq simulyativ (yolg‘ondakam) xarakterga ega bo‘lishi ham mumkin. Masalan, jinoyatda gumon qilinayotgan shaxs bojxona xodimi diqqatini chalg‘itish, o‘zining haqiqiy emotsional holatini yashirish maqsadida affektiv nutqdan foydalanishi mumkin. Og‘zaki dialog bojxona xodimlari muomala jarayonida qo‘llanadigan asosiy nutq turi. Tashqi nutqning yana bir ko‘rinishi yozma nutq monologik nutqning murakkab turi bo‘lib, yozilayotgan mavzu haqida bilimga va leksik-gramatik qoidalarning aniq qo‘llanishiga asoslanadi. Yozma nutq ko‘proq ish hujjatlarini to‘lg‘azishda qo‘llanib, bojxona xodimlarining yozma nutq malakasi va ko‘nikmalarini egallashlari kasbiy faoliyatlarida hujjatlar bilan ishlash malakalarini oshiradi va turli xatoliklarning oldini olishga yordam beradi. Nutq haqida gap ketar ekan, bojxona xodimlarining maʼlum soha kishilari yoki ijtimoiy guruh aʼzolari uchun tushunarli bo‘lgan va ular tomonidan qo‘llanadigan jargonlar haqidagi bilimlarga ega bo‘lishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Jinoyatchilar jargoni - umummilliy til bazasida qurilgan, ammo o‘z leksik va frazeologik tomonlariga alohida so‘z tizimiga ega bo‘lgan shartli tildir. Masalan, giyohvandlik vositalarini tashish bilan shug‘ullanuvchi narkokureʼrlar hamda uni qabul qiluvchi shaxslar tilida mazkur moddalar faqat ulargagina tushunarli bo‘lgan atamalar bilan ataladi: ko‘knori – qora dori, ximanka, qoraxon; morfin – morfi, marfuta, mariya, maryanka; kodein – katyuxa, pur, koda; kokain – koka, krek, qor, flek; marixuana – dur, plan, klever, seno; gashish – opilki, chernushka va hokazo. Bojxona xodimlari asosan bojxona qonunlarini buzuvchilar foydalanadigan va ularning «vizit карточкаси» bo‘lib hisoblanadigan jinoyatchilar jargonlari haqida bilimlarga ega bo‘lishlari ularning kasbiy faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyatga egadir. Bojxona xodimi nutqining o‘ziga xosligi uning maʼlumoti, tarbiyasi va ijtimoiy mavqei bilan bevosita bog‘liqdir. Bojxona xodimlarining kasbiy muomalalari jarayonidagi fikr-mulohazalari ko‘pincha huquqiy tushunchalarga boy bo‘lib, nutqiy etiket qoidalariga mos tarzda ifoda etiladi. Bojxona xodimining nutqi maʼlum ijtimoiy ohangga ega, jamiyat tomonidan unga nisbatan yuqori talablar qo‘yiladi. Bu talablarni nazarga olmaslik kasbiy obro‘ga salbiy taʼsir etadi. Shuning uchun, bojxona xodimi nutqining quyidagi sifatlarini ajratib turishi lozim: bilimdonlik, tushunarlilik, nutqning barcha kategoriyadagi fuqarolar uchun birdek yetib borishi; izchillik, mulohazalardagi mantiqiy tartiblilik, ishontirish xususiyatliriga ega ekanligi, huquqiy asoslanganlik, dalillanganlik; axloqiy – etik qoidalarga, ijtimoiy xulq – atvor meʼyorlariga moslik; ekspressivlik, emotsional taʼsir vositalarining keng diapazoni – neytral nutqiy shakllardan to noverbal taʼsirga ega bo‘lgan emotsional mazmundagi fikr-mulohazalargacha; fikr-mulohazalarning turli shakllarda – muloqotga taklif etuvchi iboralardan, qatʼiy talabni aks ettiruvchi shaklda bayon etilishi. Bojxona xodimlari kasbiy faoliyatlari davomida o‘z nutqiy malakalarini rivojlantirishlari, muomala madaniyatini egallashlari lozim. Muomala jarayonida nafaqat gapirishni, balki, chetdan turib fikrlarning yetib borishi, mulohazalarning ishonchliligi, tushunarliligini baholash maqsadida o‘zini eshita bilish ham muhim ahamiyatga ega. Nutqiy xatti-harakatlarni noverbal vositalar muhim darajada to‘ldiradi. Ularga jestlar, mimika, tana holatlari- pozalar, turli nutq vokallashtiruvchi vositalar (ovoz sifati, uning diapazoni, tonalligi), nutq maromi, pauzalar, yig‘i, kulgu, yo‘talish va hokazolar kiradi. Ayrim mualliflar fikricha, noverbal vositalar yordamida 55-60 (va undan ko‘proq) foiz axborotlar yetkaziladi. Noverbal vositalar orasida ko‘z kontakti (vizual kontakt) sheriklar orasidagi dialog jarayonida muhim o‘rin tutadi. Nigoh yordamida diqqatni, maʼqullash yoki maʼqullamaslikni, emotsional holatni, suhbat qatnashchilarining dialogik birligida iboralarning boshlanishi yoki tugaganligi aks ettiriladi. Download 74,03 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2025
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling