66-modda. Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish
Ma’muriy shikoyat ushbu Qonunning 3-bobida nazarda tutilgan qoidalar bo‘yicha ko‘rib chiqiladi.
Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish chog‘ida yuqori turuvchi ma’muriy organ ma’muriy ishni to‘liq hajmda ko‘rib chiqadi.
67-modda. Ma’muriy shikoyatni ko‘rib chiqish muddati
Agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat bo‘yicha o‘ttiz ish kuni ichida qaror qabul qilishi shart.
Ma’muriy shikoyat bo‘yicha belgilangan muddatda qaror qabul qilinmagan taqdirda, manfaatdor shaxs ma’muriy hujjat, protsessual hujjat yoki ma’muriy harakat ustidan sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
68-modda. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish
Ma’muriy shikoyat bergan shaxs shikoyat bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar uni chaqirib olishga haqli. Ma’muriy shikoyatni chaqirib olish yozma yoki elektron shaklda rasmiylashtiriladi.
69-modda. Ma’muriy shikoyat bo‘yicha qaror
Yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ ma’muriy shikoyat bo‘yicha quyidagi qarorlardan birini qabul qilishga haqli:
shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatni o‘zgarishsiz qoldirish;
shikoyat qilingan ma’muriy yoki protsessual hujjatga o‘zgartirishlar kiritish;
ma’muriy yoki protsessual hujjatni bekor qilish va zarurat bo‘lganda yangi hujjat qabul qilish.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan qarorlarni qabul qilish mumkin bo‘lmaganda yoki maqsadga muvofiq bo‘lmaganda, ma’muriy harakatlar ustidan shikoyat qilinganda, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda, yuqori turuvchi ma’muriy organ yoki boshqa vakolatli organ muayyan ma’muriy hujjatni, protsessual hujjatni qabul qilish yoki muayyan ma’muriy harakatni amalga oshirish majburiyatini ma’muriy organning zimmasiga yuklatishi mumkin.
Manfaatdor shaxs ma’muriy shikoyat bo‘yicha qabul qilingan qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, uning ustidan o‘ttiz kalendar kun ichida sud tartibida shikoyat qilishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |