Mazmuni bo‘yicha tushunchalar, avvalam bor, abstrakt va konkret tushunchalarga bo‘linadilar. Konkret tushunchalarda predmet o‘zining belgilari bilan birgalikda fikr qilinadi. Abstrakt tushunchalarda esa predmetning belgilari undan fikran ajratib olinib, alohida aks ettiriladi. Masalan «Inson», «Tabiat» tushunchalari - konkret tushunchalar, «qaxramonlik» (insonga xos xususiyatni aks ettiradi), «Go‘zallik» (borliqdagi predmetlarga xos xususiyatni ifoda qiladi) tushunchalari abstrakt tushunchalardir.
Mazmuni bo‘yicha yana nisbatsiz va nisbatdosh tushunchalarni ham ajratish mumkin. Nisbatsiz tushunchalar nisbatan mustaqil, alohida mavjud bo‘lgan predmetlarni aks ettiradi. «Davlat», «Badiiy asar» ana shunday tushunchalardir.
Nisbatdosh tushunchalar esa zaruriy ravishda bir-birining mavjud bo‘lishini taqozo qiladigan predmetlarni aks ettiradi. Masalan, «O‘qituvchi» va «O‘quvchi», «Ijobiy qaxramon» va «Salbiy qaxramon», «Sabab» va «Oqibat» tushunchalari nisbatdosh tushunchalar qatoriga kiradi.
Ba’zi hollarda ijobiy va salbiy tushuchalar ham farq qilinadi. Ijobiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos belgilar orqali fikr qilinsa, salbiy tushunchalarning mazmunida predmet unga xos bo‘lmagan belgilar orqali fikr qilinadi. Masalan, «Savodli kishi», «Vijdonli kishi» - ijobiy tushunchalar, «Savodsiz kishi», «Vijdonsiz kishi» - esa salbiy tushunchalardir.
Biz Yuqorida tushunchalarning bir qancha turlari bilan tanishib chiqdik. U yoki bu tushunchaning ana shu turlardan qaysilariga mansub ekanligini aniqlash unga mantiqiy tavsif berish demakdir.
Masalan, «Talaba» – umumiy, ayiruvchi, chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy tushuncha;
«A. Navoiy nomli O‘zbekiston davlat kutubxonasi» - yakka, to‘plovchi, chegaralangan, konkret, nisbatsiz, ijobiy tushunchadir.
Ob’ektiv dunyodagi barcha predmet va hodisalar o‘zaro aloqada bo‘lganligi uchun, ularni aks ettiruvchi tushunchalar ham o‘zaro ma’lum bir aloqalarda, munosabatlarda mavjud. Bu munosabatlar turli xil bo‘lib, ularni aniqlash uchun, avvalambor, taqqoslanadigan va taqqoslanmaydigan tushunchalarni farq qilish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |