Formal mantiq qonunlari (yoki tafakkur qonunlari) deyilganda fikrlashga xos muhim, zururiy bog‘lanishlar tushuniladi. Tafakkur qonunlari obyektiv voqelikning inson miyasida uzoq vaqt davomida aks etishi natijasida vujudga kelgan va shakllangan.
Bu qonunlar fikrlashning to‘g‘ri amalga oshishini ta’minlab turadi. Ular tafakkur shakllari bo‘lgan tushunchalar, mulohazalar (hukmlar) hamda xulosa chiqarishning shakllanishi va o‘zaro aloqalarini ifodalaydi.
Tafakkur qonunlari yuzaki qaraganda subyektiv qonunlardek bo‘lib tuyulsa ham, aslini olganda, obyektiv mazmunga egadir. Bu qonunlar hamma kishilarning fikr yuritishida bir xil amal qiluvchi umuminsoniy qonunlardir. Ularni buzish, almashtirish, o‘zgartirish, yangilash mumkin emas.
Tafakkur qonunlariga amal qilish to‘g‘ri, tushunarli, aniq izchil, ziddiyatsiz, asoslangan fikr yuritishga imkon beradi. Aniqlik, izchillik, ziddiyatlardan holi bo‘lish va isbotlilik (asoslanganlik) to‘g‘ri tafakkurlashning asosiy belgilaridir.
Ayniyat qonuni. Biror buyum yoki hodisa haqida fikr yuritilganda ularga xos bo‘lgan barcha muhim belgilar, tomonlar qamrab olinadi. Predmet haqidagi fikr necha marta va qanday holatlarda takrorlanishiga qaramasdan doimiy, o‘zgarmas va qat’iy mazmunga ega bo‘ladi. Tafakkurga xos bo‘lgan bu aniqlik xususiyati ayniyat qonunining mohiyatini tashkil etadi.
Ayniyat qonuniga ko‘ra ma’lum bir predmet yoki hodisa haqida aytilgan ayni bir fikr ayni bir muhokama doirasida ayni bir vaqtda o‘z-o‘ziga tengdir. Bu qonun formal mantiq ilmida «A-A dir» formulasi bilan ifodalanadi.
Ayniyat qonunining asosiy talabi quyidagicha: fikrlash jarayonida turli fikrlarni aynanlashtirish va aksincha, o‘zaro aynan bo‘lgan fikrlarga teng emas, deb qarash mumkin emas. Bu mantiqiy tafakkurning muhim shartlaridan biridir. Fikrlash jarayonida bu qonunni, bilib yoki bilmasdan, buzish holatlari uchraydi. Ba’zan, bu holat bir fikrning tilda turli xil ifodalanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Tilda mavjud bo‘lgan omonim va sinonim so‘zlarning qo‘llanishi ham ba’zan turli fikrlarning o‘zaro aynanlashtirilishiga, ya’ni noto‘g‘ri muhokamaga olib keladi. Masalan: falsafiy nuqtayi nazardan «sifat» tushunchasi, o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lsa, biror hunarmand tomonidan bu tushuncha, boshqa mazmunda (yaroqli, foydali) qo‘llaniladi. yoki Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining quyidagi misralari misol bo‘la oladi:
Qo‘lingdan kelgancha chiqar yaxshi ot,
Yaxshilik qil bolam, yomonlikni ot,
Nasihatim yod qilib ol farzandim,
yolgiz yursa chang chiqarmas yaxshi ot.
Do'stlaringiz bilan baham: |