Mavzu: Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: G‘arb falsafasi reja: 1


Download 168.5 Kb.
bet2/2
Sana22.10.2020
Hajmi168.5 Kb.
#135557
1   2
Bog'liq
3 mavzu maruza


FOMA AKVINSKIY (1225-1274) katolik teologiyani yaratgan va sxolastikani tizimga solgan mutafakkir sifatida e’tirof etiladi. Uning eng mashhur asarlari: «Teologiya yig‘indisi», «Falsafa yig‘indisi», «Majusiylarga qarshi yig‘indi». Ularda muallif asosan Aristotel asarlariga tayanadi. Foma Akvinskiy Aristotel ijodi bilan Sharqqa salib yurishi chog‘ida tanishadi. Uning ontologiyasida borliq ham ehtimol tutilgan, ham amalda mavjud deb qaraladi. Borliq - ayrim narsalarning mavjudligi, ya’ni substansiyadir. Foma Akvinskiy imkoniyat va voqelik kabi kategoriyalar bilan bir qatorda materiya va shakl kategoriyalarini ilmiy muomalaga kiritadi. Bunda materiya imkoniyat sifatida, shakl esa – voqelik sifatida qaraladi.

Foma Akvinskiy Aristotelning shakl va materiya haqidagi asosiy g‘oyalaridan foydalanib, din haqidagi ta’limotni ularga to‘la bo‘ysundiradi. Materiya shaklsiz mavjud bo‘lmaydi, shakl esa oliy shaklga yoki «shakllarning shakli» - Xudoga bog‘liqdir. Xudo esa sof ma’naviy mavjudot. Shaklning materiya bilan birikuvi moddiy dunyo uchungina zarur. Boz ustiga materiya (Aristoteldagi kabi) passivdir. Unga shakl faol tus beradi. Foma Akvinskiy «ilohiy borliq», hamonki u o‘z-o‘zidan ravshan narsa emas ekan, tafakkurimiz anglashga qodir bo‘lgan narsalar orqali isbotlanishi lozim. U Xudo borligining hozirgi zamon katolik cherkovi ham foydalanuvchi o‘z dalil-isbotini taklif qiladi.

Foma Akvinskiyning ijtimoiy-falsafiy qarashlari ham diqqatga sazovor. U shaxs - «oqilona tabiatdagi eng olijanob» hodisa, deb hisoblagan. Uning fikricha, shaxs aql-zakovat, sezgilar va iroda bilan tavsiflanadi. Aql-zakovat irodadan ustun turadi. Ammo Xudoni bilishni Foma Akvinskiy Xudoga bo‘lgan muhabbatdan keyingi o‘ringa qo‘yadi, ya’ni sezgilar, agar ular oddiy narsalarga emas, balki Xudoga qaratilgan bo‘lsa, aqldan ustun bo‘lishi mumkin.

Foma Akvinskiy o‘zining «Podsholar boshqaruvi haqida» asarida insonga avvalo ijtimoiy mavjudot sifatida, davlatga esa xalq farovonligi haqida g‘amxo‘rlik qiluvchi tashkilot sifatida yondashadi. Hokimiyatning mohiyatini u axloq, xususan yaxshilik va adolat bilan bog‘laydi va hatto xalqning adolatsiz podsholarga qarshi bosh ko‘tarish huquqi to‘g‘risida so‘z yuritadi.

Foma Akvinskiy ikki qonun: Xudo odamlar ongi va qalbiga joylagan «tabiiy qonun» va cherkovning davlat va fuqarolik jamiyatidan ustunligini belgilovchi «ilohiy qonun» haqidagi muammoni ham muhokamaga kiritadi. Uning fikricha, dunyoviy hayot bo‘lg‘usi ma’naviy hayotga tayyorgarlikdir. Podshoning hokimiyati oliy – ma’naviy hokimiyatga bo‘ysunishi lozim. Bu hokimiyatni osmonda – Iso Masih, Erda – Rim Papasi boshqaradi. Foma Akvinskiy siyosiy hokimiyat shakllarini muhokama qilar ekan, Aristotel kabi monarxiyani afzal ko‘radi.

Foma Akvinskiy falsafasi XIV asrdan boshlab dominikan sxolastlarining bayrog‘iga aylandi, XVI asrdan e’tiboran iezuitlar tomonidan targ‘ib qilina boshladi. Iezuitlarning mafkurachilari Foma Akvinskiy falsafiy tizimini sharhladi va takomillashtirdi. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab uning ta’limoti hozirgi zamon falsafiy tafakkurining qudratli oqimlaridan biri sanalgan neotomizm negiziga aylandi.



Yangi davr falsafasining tabiiy-ilmiy asoslari. XVII asrdan boshlab tabiatshunoslik jadal sur’atlarda rivojlanadi. Dengizlarda kemalarning yurishiga ehtiyojning ortishi astronomiyaning rivojlanishini, shaharsozlik, kemasozlik, harbiy ish – matematika va mexanikaning rivojlanishini belgilaydi. Yangi fan avvalo moddiy ishlab chiqarish amaliyotiga: to‘qimachilik sanoatida mashinalar ixtiro qilinishiga, ko‘mir va metallurgiya sanoatida ishlab chiqarish qurollarining takomillashuviga tayanadi. E.Torrichelli havo bosimi mavjudligini eksperimental yo‘l bilan aniqladi, simobli barometr va havo nasosini ixtiro qildi. I.Nyuton mexanikaning asosiy qonunlarini, shu jumladan butun olam tortishish qonunini ta’rifladi. R.Boyl kimyoda mexanikani qo‘lladi va kimyoviy element tushunchasini ishlab chiqdi. Ingliz fizigi U.Gilbert magnit xossalarini va uning amalda qo‘llanilishini o‘rgandi. V.Garvey qon aylanishini kashf etdi va uning rolini empirik usulda tadqiq etdi. R.Dekart va G.Leybnits matematika, mexanika, fizika va fiziologiyaning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Ijtimoiy fanlarda tabiiy huquq nazariyasi ishlab chiqildi (Angliyada T.Gobbs, Gollandiyada G.Grotsiy). sharqda esa fan va falsafa sohasida deyarli yangilanish bo‘lmadi.

Fanning bunday rivojlanishi o‘z davrining falsafasiga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Falsafada sxolastika va dindan uzil-kesil ajralish yuz berdi: diniy aqidalarning hukmronligiga, cherkovning ta’siri va tazyiqiga qarshi kurashda aqlning har narsaga qodirligi va ilmiy tadqiqotning cheksiz imkoniyatlari haqidagi ta’limot vujudga keldi.

Yangi davr falsafasiga avvalo tabiatshunoslikdan kelib chiqadigan kuchli materialistik tendensiya xos.

XVII asrda Evropaning yirik faylasuflari qatoriga F.Bekon, T.Gobbs va J.Lokk (Angliya), R.Dekart (Fransiya), B.Spinoza (Gollandiya), G.Leybnits (Germaniya) kiradi.



Yangi davr G‘arb falsafasidagi asosiy muammolar (ontologiya va gnoseologiya). Yangi davr, avvalo XVII asr falsafasida ontologik kategoriyalar borliq va substansiya haqidagi ta’limotga katta e’tibor beriladi (ayniqsa harakat, makon va vaqt to‘g‘risida so‘z yuritilganda).

Fan va falsafaning vazifasi – insonning tabiat ustidan hukmronligini kuchaytirishga, inson sog‘lig‘i va go‘zalligiga ko‘maklashish, hodisalarning sabablarini, ularning muhim kuchlarini o‘rganish zarurligi anglab etilishiga olib kelgan. Shu sababli substansiya va uning xossalari muammolari Yangi davrning deyarli barcha faylasuflarini qiziqtirgan.

Bu davr falsafasida «substansiya» tushunchasini tavsiflashga nisbatan ikki xil yondashuv paydo bo‘lgan: birinchi yondashuv substansiyani borliqning chegaraviy asosi sifatida ontologik tushunish bo‘lsa, ikkinchi yondashuv – «substansiya» tushunchasining, ilmiy bilim uchun zarurligini gnoseologik jihatdan anglab etish bilan bog‘liq.

FRENSIS BEKON (– ingliz faylasufi 1561-1626) birinchi yondashuv asoschisi substansiya shakllarining xususiyatlariga tavsif bergan va substansiyani muayyan narsalar shakli bilan ayniylashtirgan. Uning fikricha, materiya sariqlik, moviylik, qoramtirlik, iliqlik, og‘irlik va boshqa shunga o‘xshash xossalarga ega. Bular materiyaning eng sodda xususiyatlaridir. Bu xossalarning turli birikmalaridan tabiatning rang-barang narsalari vujudga keladi.

Materiyaning sifat jihatidan har xilligi haqidagi ta’limotni F.Bekon o‘zining shakl va harakat haqidagi ta’limoti bilan rivojlantirgan. Uning talqinida shakl – bu narsaga xos bo‘lgan xususiyatning moddiy mohiyati. U Platon va Aristotelning shakl haqidagi mushohadalari bilan bahsga kirishadi. Bekon fikriga ko‘ra, shakl – jismni tashkil etuvchi moddiy zarralar harakatining turi. Ammo bu zarralar atomlar emas. F.Bekon qadimgi faylasuflarning materiyaning atomistik tuzilishi haqidagi va ayniqsa bo‘shliqning mavjudligi haqidagi ta’limotiga tanqidiy yondashadi. U makonni bo‘shliq deb hisoblamagan: Bekon uchun makon materiyaning doimiy o‘rni bilan bog‘liq bo‘lgan. Amalda u makonni moddiy ob’ektlarning ko‘lamliligi bilan ayniylashtirgan. Vaqtni Bekon moddiy jismlar tezligining ob’ektiv o‘lchovi sifatida tavsiflagan. Vaqtning mohiyatini tushunishga nisbatan mazkur yondashuv diqqatga sazovor, zero vaqt materiyaning moddiy jismlarda yuz beruvchi o‘zgarishlarning davomliligidan iborat bo‘lgan va bu o‘zgarishlarning sur’atini tavsiflaydigan ichki xossasi sifatida e’tirof etiladi. Shunday qilib, vaqt harakat bilan uyg‘un bog‘lanadi.



Bekon fikriga ko‘ra, harakat – materiyaning tug‘ma xossasi. Materiya qanday abadiy bo‘lsa, harakat ham shunday abadiydir. U harakatning tabiatdagi 19 turini qayd etgan: tebranish, qarshilik, inersiya, intilish, kuchlanish, hayot ruhi, azoblanish va b. Bu shakllar amalda o‘sha davrda fanda ayniqsa mukammal o‘rganilgan materiya harakati mexanik shakllarining xususiyatlari bo‘lgan. Ayni vaqtda F.Bekon moddiy dunyoning ko‘p sifatliligini o‘rganish va tushuntirishga harakat qilgan.

F.Bekon bilishning empirik metodi asoschisi hamdir. U tajribaga asoslangan fanlar, kuzatish va eksperimentga alohida e’tibor bergan. Bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonlarini tajribada ko‘rgan. Bilishga tashqi dunyoning inson ongidagi in’ikosi sifatida yondashar ekan, u bilishda tajriba hal qiluvchi rol o‘ynashini qayd etgan. Ammo faylasuf bilishda aqlning rolini ham inkor etmagan.

Bekon ingliz falsafasining o‘rta asrlardagi taraqqiyotiga eng katta hissa qo‘shgan olimlardan biridir. Uning ta’limoticha, fanning yangi binosini ko‘rish uchun, to‘g‘ri fikrlashga o‘rganish kerak.

Bekon ta’limoticha, tabiatni bilishda bir necha «idollar» insonga halaqit beradi. Ular inson aqlini o‘rab tashlaydi. Ular asosan to‘rtta.

Birinchisi urug‘ idollari, bular inson zotiga, butun odamlarga xosdir. Masalan, Bekon shunday deydi: «insonning aqli qiyshiq ko‘zguga o‘xshaydi. U narsalarning tabiati bilan o‘z tabiatini aralashtirib yuborib narsalarni qiyshiq, buzuq ko‘rsatadi.

Ikkinchisi, g‘or idollari. Bu har bir odamnning o‘z kelib chiqishi xususiyatlari natijasida yanglishishi. Ular fikrlash ufqining cheklanishidan tug‘iladi. Bu narsa hamma narsani o‘z nuqtai-nazari bilan ifodalash, o‘zinnig tor doirasi bilan o‘lchash natijasida vujudga keladi.

Uchinchisi, maydon idollari, bo‘lib, u ma’lum bo‘lgan tasavvurlarga tayanish odati, noto‘g‘ri yoki noaniq termonologiyalarga tanqidiy yondoshmaslik oqibatida vujudga keladi. Bu masalaga Bekon juda ham katta ahamiyat beradi. Masalan, u shuni ta’kidlaydiki, real borliqni ifodalamaydigan yoki uni noaniq, mavhum ifodalaydigan so‘zlar soxta tushunchalarni tug‘diradiki, ular tafakkurga teskari ta’sir qiladi.

To‘rtinchisi, teatr idollari: ular avtoritetlar fikriga ko‘r-ko‘rona ergashib qadimgilarning falsafiy sistemalarini davom ettiraveradilar.

Bekon tomonidan sxolastikaga qarshi qaratilgan idollarning tanqidi katta metotologik ahamiyatga egadir. Bekon bilish nazariyasining birinchi bosqichi esa tajribadir, ikkinchi bosqichi aqldir. U tajriba ma’lumotlarini ratsional qayta ishlaydi va umumlashtiradi.

Bekon talimoticha, olim chumoliga o‘xshab faqat yig‘ish va yig‘ilganlar bilan kifoyalanmasligi, o‘rgimchakka o‘xshab hayotdan ajrab, faqat o‘zining shaxsiy aqli bilan o‘zining makrli falsafasini to‘qimasligi kerak. Bekon ta’limoticha, olim asalariga o‘xshab gullardan olib keyin ularni asalga aylantirishi lozim.

Bekon o‘zining ijtimoiy-siyosiy qarashlari bo‘yicha kuchli markazlashgan davlat tarafdori bo‘lgan. Jamiyat hayotida asosiy rolni Bekon fikricha san’at va savdo rivojlanishi o‘ynaydi.

Fransuz falsafasi. O‘rta asrlardagi Evropa falsafasi taraqqiyotida Fransiyada shakllangan milliy falsafa maktabi nihoyatda katta o‘rin tutadi. Bu borada R. Dekart, Lametri, Gelvetsiy, Didro, Golbax va Russolarning qarashlari nixoyatda muxim.

RENE DEKART (fransuz faylasufi va matematigi 1596-1650) cubstansiyaning bekoncha va gobbscha monistik talqiniga o‘zining dunyoning dualistik talqinini qarshi qo‘yadi.

Dekart bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki birinchi asos: nomoddiy yoki «fikrlovchi» substansiya va moddiy yoki «ko‘lamli substansiya» mavjudligini taxmin qiladi. Bu ikki substansiya parallel mavjuddir. Ularni o‘rganish bilan metafizika va fizika shug‘ullanadi. Metafizika avvalo ma’naviy substansiyani, u bilan bog‘liq bo‘lgan bilish va borliq tamoyillarini o‘rganadi. Fizika tabiat falsafasini tadqiq etadi. U dunyoning vujudga kelishi, erda hayotning rivojlanishi (tabiat qonunlariga muvofiq) haqidagi ta’limotni o‘z ichiga oladi, hayvonlar va inson tanasining tuzilishini mexanika qonunlariga bo‘ysinuvchi murakkab mashinalar sifatida o‘rganadi (R.Dekart asarlaridan biri «Hayvon – mashina» deb ataladi).



Dekart ilgari surgan kosmogoniya haqidagi ta’limot zamirida quyosh tizimining tabiiy rivojlanishi g‘oyasi yotadi. Uning fikricha, bu rivojlanish materiya va uning turli jinsli zarralari harakati bilan belgilanadi. Dekart materiya mustaqil ijodiy kuchga ega deb hisoblaydi. Harakatni Dekart mexanik jarayon – jismlarning makonda ko‘chishi sifatida tushunadi. Shunday qilib, R.Dekart o‘z-o‘zi bilan ziddiyatga kirishadi: u makonni jismning ko‘lamliligi sifatida tan oladi, lekin harakatni jismlarning boshqa jismlarga nisbatan ko‘chishi sifatida tushunadiki, bu makonni bo‘shliq sifatida tan olishni anglatadi.

R. Dekartning bilish haqidagi ta’limoti ham diqqatga sazovor. R.Dekart o‘zining «Metod haqida mulohazalar» asarida bilimlar manbai va ularning haqiqiyligi mezonini tashqi dunyodan emas, balki inson aqlidan qidirish lozim, degan xulosaga keladi. Uning fikricha, intellektual intuitsiya yoki sof mushohadabilishning tayanch nuqtasi. Barcha g‘oyalarni Dekart ikki guruhga ajratadi: sezgilar ta’sirida tug‘ilgan g‘oyalar va tug‘ma g‘oyalar. Tug‘ma g‘oyalar mutlaqo ishonchlidir. Ularning qatoriga Dekart Xudo g‘oyasi, matematik aksiomalar va shu kabilarni kiritadi. Masalan, barcha mavjud narsalarga shubha bilan qarash kashfiyotga yo‘l ochuvchi mutlaqo ishonchli asos, metod yoki vosita hisoblanadi. Ayni shu sababli Dekart hissiy narsalar, matematik haqiqatlar va hatto «hamma narsaga qodir Xudo»ning mavjudligiga shubha bilan qaraydi. Ammo, hamma narsaga shubha qilgan va hamma narsani inkor etgan holda, u shubhalanuvchi fikrning mavjudligiga shubha qilmaslik kerak, degan xulosaga keladi. Shu tariqa u fikrlash birdan-bir ishonchli dalildir, deb xulosa chiqaradi: «Men fikrlayapman, demak, yashayapman».

R. Dekart falsafasida dualizm asosiy o‘rin tutadi. Uning fikricha materiya va ruh borliqning asosida yotadi va xudoga bo‘ysunadi. Olam, Dekart fikricha cheksiz va abadiy, u inson tafakkuriga bog‘liq bo‘lmagan holda rivojlanadi va takomillashadi. R. Dekartning «Men fikr qilayapman, demak men mavjudman» degan fikri faylasuflar orasida mashhur bo‘lib hisoblanadi.

Bilishda fikr va sezgilarning ahamiyatini nihoyatda ortiqcha deb bilgan R. Dekart ratsionalizm ta’limotining asoschisi bo‘lib hisoblanadi. Uningcha insonning fikrlashi va mulohaza qilishi shubha ostiga olib bo‘lmaydigan jarayondir, undan boshqa hamma narsani tekshirish shubha ostiga olish mumkin. Dekart o‘sha zamonning eng buyuk matematiklaridan biri bo‘lib, o‘z davrida aniq fanlar sohasida katta ahamiyat kasb etgan deduksiya usulini falsafaga kiritgan olim bo‘lib hisoblanadi.

Rene Dekart ratsionalizmi parchalar:

R.Dekart haqu haqiqatni kitoblardan emas, hayotdan, aqlu idrokdan qidirgan. Lekin bu faylasuf kitoblar o‘qimagan, falsafiy ta’limotni bilmagan degan fikrga olib kelmaydi.

Har kim o‘z aqlicha etuk aql egasidir, undan yuksagini uning aqli qabul qilolmaydi. “Shunchaki aql egasi bo‘lish etarli emas, eng muhimi aqlni ishlata bilishdadir”. Ishlaydigan aql izlanishga, o‘zini o‘zi boyitishga moyildir.

Bilishning asosiy metodini R.Dekart:

1. Shubha uyg‘otadigan hech nimani haqiqat deb qabul qilmaslik;

2. O‘rganilayotgan narsani to‘g‘ri anglash uchun qancha zarur bo‘lsa, shuncha bo‘laklarga ajratish;

3. Oddiydan murakkabga borish;

4. Ob’ektning barcha tomonlarini, hech nima e’tibordan xoli qolmaydigan tarzda qamrab olishda ko‘radi.

Bu F.Bekonning induksiyasi va empirizmidan farq qiladi; unda shubha, klassifikatsiyalash, deduksiya, sintez ko‘zga tashlanadi. Ming afsuski, faylasuf tajriba, eksperimentni nazarda tutmaydi, natijada bilish intellektual voqelik sifatida qolib ketadi.



Illatlarni men tana xastaligini aniqlashdan qiyin bo‘lgan ruh xastaligidir deb atayman. Biz tanamiz sihat-salomatligini yaxshi bilamiz, lekin aqlimiz sog‘ligini hech qachon bilmaymiz.

Jyulen Ofre de Lametri (1709-1751) o‘z davrida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan «Inson – mashina» asarining muallifi. Moddiy dunyo «o‘z holicha mavjud» ekanligiga, uning boshi ham, oxiri ham yo‘qligiga ishonchi komil bo‘lgan. Lametri materializmi Epikurning atomistik materializmi, Spinozaning materialistik ta’limoti va Lokk sensualizmi ta’sirida vujudga kelgan. Lametri jonni aql faoliyati funksiyasi va ko‘rinishi deb hisoblagan hamda Dekartning umrboqiy nomoddiy jon haqidagi g‘oyasi asossiz ekanligini isbotlashga harakat qilgan.

Pol Genrix Ditrix Golbax (1723-1789) ning «Tabiat tizimi» asari «XVIII asr materializmi va ateizmi kodeksi» degan nom olgan. 1770 yilda nashr etilgan bu asarda muhim ontologik muammolar, chunonchi: materiya, tabiat, harakat, makon, vaqt, sababiyat, tasodif, zaruriyat muammolari bayon etilgan. Golbax uchun tabiat barcha narsalar va hodisalar sababidir, zero u Xudo tufayli emas, o‘zi tufayli mavjud. Tabiat – harakat sababi. Golbax harakatni tabiat mavjudligining zaruriy natijasi sifatida tavsiflaydi. Tabiat deganda u o‘z energiyasi ta’sirida harakat qiluvchi moddalar yig‘indisini tushunadi. Golbax fikriga ko‘ra, barcha jismlar bo‘linmas va o‘zgarmas elementlar – atomlardan tashkil topadi. Materiya tushunchasini u modda tushunchasi bilan ayniylashtiradi.

Ayni vaqtda Golbax tabiatda barcha aloqalar va harakatlar zaruriyat bilan belgilanadi, deb hisoblagan. Uning fikricha, olam bir-biridan uzluksiz kelib chiqadigan sabablar va oqibatlarning uzilmas zanjiridir. Shu sababli Golbax tasodifni tabiatdan ham, ijtimoiy hayotdan ham chiqaradi. U insonni ham zaruriyat quli deb hisoblaydi: u o‘z hayotida bir daqiqa ham erkin emas, uning xatti-harakatlari amalda qanday namoyon bo‘lsa, shunday bo‘lishi mumkin. Bu oldindan belgilanganlik Golbax determinizmining fatalistik xususiyatini belgilaydi.



David Yum (ingliz faylasufi 1711-1776) ham, J.Berkli kabi, substansiyaning materialistik talqiniga qarshi chiqib, ontologiya muammolarini echishga harakat qilgan. U moddiy va ma’naviy substansiyaning amalda mavjudligini inkor etgan, lekin substansiya «g‘oyasi» mavjud, deb hisoblagan. Substansiya «g‘oyasi» deganda u ilmiy bilimga emas, balki oddiy bilimga xos bo‘lgan inson «idroklari majmui»ni tushungan.

Xullas, yangi davr falsafasi bilish nazariyasi (gnoseologiya)ning rivojlanishida ulkan qadam tashladi. Falsafa ilmiy metodi, insonning tashqi dunyoni bilish metodologiyasi, tashqi va ichki tajriba aloqalari bosh muammolarga aylandi. Olinayotgan barcha bilimlar tizimining o‘zagi hisoblangan haqqoniy bilimni olish vazifasi qo‘yildi. Bu vazifani hal qilishning turli yo‘llarini tanlash gnoseologiyaning ikki asosiy yo‘nalishi – empirizm va ratsionalizm paydo bo‘lishini belgiladi.



XVIII asr Evropa falsafasining ma’rifiy xususiyati. Evropada XVIII asr falsafasi XVII asr g‘oyalarini davom ettiradi va rivojlantiradi. Bu davrda falsafiy tafakkur fan va ijtimoiy amaliyot sohasida erishilgan yutuqlarni umumlashtiradi. Falsafiy g‘oyalar yanada kengroq targ‘ib qilinadi, chunki XVII asrda falsafiy asarlar faqat lotin tilida yozilgan va ular bilan tanishish imkoniyatiga ega kishilar doirasi ancha tor bo‘lgan; XVIII asrda faylasuflarning asarlari ular qaysi mamlakatda yashasa, shu mamlakat tilida yozilgan va nashr etilgan.

XVIII asr falsafasida tabiat hodisalarini tushuntirishga nisbatan qarashlarda materializm sezilarli darajada rivojlanadi. Fransuz materializmi tarixiy ahamiyat kasb etadi: u o‘rta asrlar sxolastikasiga qarshi chiqibgina qolmasdan, balki o‘z dunyoqarashi va dunyoviy manfaatlarini ham asoslashga harakat qiladi.

Albatta, XVIII asr falsafasi o‘ziga xos xususiyatlarga ega: unda materialistik dunyoqarash mo‘ljallari ham, idealistik dunyoqarash mo‘ljallari ham, ateistik va deistik qarashlar ham mavjud. Aksariyat hollarda idealizm va materializm, din va fan yonma-yon turadi.

NEMIS KLASSIK FALSAFASI. Nemis klassik falsafasining yirik vakillari Immanuil Kant, I.Fixte, F.Shelling, Georg Gegel va Lyudvig Feyerbax kabilardir.

Falsafiy tafakkur rivojlanishining bu bosqichi davrning muayyan tarixiy shart-sharoitlari bilan belgilanadi. Bu kuchli ijtimoiy ziddiyatlar, jamiyat ongida olamshumul o‘zgarishlar yuz bergan davr edi. Kuchli inqilobiy harakatlardan so‘ng ularning sur’ati pasayib imkoniyatlariga ishonchsizlik kuchaygan. Ijtimoiy ongda konservativ tendensiyalar ustunlik qila boshladi. Angliya va Fransiyada monarxiya va Cherkovning oldingi mavqei tiklandi. Germaniyada pruss monarxiyasining roli oshdi. Tarixdagi bu ziddiyatli voqealar nemis falsafasining asosiy xususiyatlarini belgilab berdi.

Nemis falsafasi F.Bekon va R.Dekart boshlagan inson aqli imkoniyatlarini o‘rganishning umumiy yo‘nalishini davom ettirdi. Biroq u o‘z vazifasini nafaqat inson aqlini madh etish, balki uning chegaralarini belgilash, e’tiqod va aql, din va fanni murosaga keltirish yo‘llarini ham izlashda ko‘rdi. Bu nemis falsafasi bajarishi lozim bo‘lgan ijtimoiy buyurtma edi.

Davrning olamshumul voqealari ijtimoiy taraqqiyot nafaqat aql va fan yutuqlari, balki axloq, ma’naviyat sohasida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan ham o‘lchanishini namoyish etdi. Inqilob va u bilan bog‘liq urushlar davrida yuz bergan ma’naviy inqiroz nemis falsafasida nafaqat bilish imkoniyatlariga, balki inson ma’naviy dunyosining barcha tomonlari, uning bilish, diniy, axloqiy va estetik qobiliyatlarining o‘zaro aloqasi muammosiga ham e’tiborni qaratishni talab qildi. Umuman olganda, nemis faylasuflari haqiqat, e’tiqod, yaxshilik va go‘zallik ajralmasdir, degan fikrni teran asoslashga harakat qildilar.



IMMANUIL KANT (1724-1804) nemis klassik falsafasining asoschisi.

Kant konsepsiyasi: «Sof aql tanqidi» (1781), «Amaliy aql tanqidi» (1788), «Mulohaza yuritish qobiliyatining tanqidi» (1790) asarlarida, shuningdek faylasuf ijodining o‘ziga xos sarhisobi sanaluvchi – «Sof aql chegaralarida din» (1793) kabi kitoblarida bayon etilgan. Kant bilish nazariyasining asosiy qoidalari quyidagilardan iborat. Kant fikricha bilish jarayoni uch bosqich: 1) sezgilar darajasida bilish, 2) idrok, 3) aqldan o‘tadi.



Bilishning birinchi bosqichi -sezgilar darajasida inson narsaning mavjudligini biladi, idrok yordamida uni fikrlaydi. Narsani haqiqiy bilish aynan shu ikki bosqichni sintez qilishni talab etadi. Idrok darajasidagi bilishning quroli – kategoriyalar. Ular idrokka ichdan xos. Hodisalar rang-barangligi kategoriyalar tizimida aks etadi. Kategoriyalar yordamida inson bilimi tasodifiy empirik emas, balki umumiy zarur, ya’ni ilmiy xususiyat kasb etadi. Ilmiy bilim kategorial bilimdir. Biroq shundan so‘ng Kant sub’ektiv idealist sifatida mulohaza yuritadi: idrok tabiat qonunlarini ochmaydi, balki ularni tabiat uchun belgilaydi. Kant fikriga ko‘ra, kategoriyalar birligi va ularning bilish (sintez qilish) qobiliyati zamirida dunyoning ob’ektiv moddiy birligi emas, balki o‘zlikni anglashning transsendental birligi yotadi.

Bilishning ikkinchi bosqichi – Idrok etish. Idrokning kuchi uning sintez qilish qobiliyatida namoyon bo‘ladi. Biroq bu to‘liq, cheksiz qobiliyat emas. Idrok tajriba chegarasidan tashqariga chiqa olmaydi. Biroq idrok o‘z chegaralarini o‘zi bilmaydi. U doim bu chegaralardan chetga chiqadi, ya’ni hodisalar dunyosidan o‘zidagi narsalar dunyosiga kirishga harakat qiladi. Biroq tajriba chegaralarini tark etgach (shu tariqa idrok emas, balki aqlga aylangach), u echib bo‘lmas ziddiyatlar sohasiga tushib qoladi, uning mulohazalari esa muqarrar tarzda xom xayolga aylanadi.

Aql – bilish jarayonining uchinchi, oliy bosqichi. U hissiyot bilan bevosita emas, balki bilvosita – idrok orqali bog‘lanadi. Aql bilishning oliy bosqichi bo‘lsa-da, idrokka ko‘p jihatdan yutqizadi. U tajribaning mustahkam zaminidan ajralgach, dunyoqarash darajasidagi savollarning birortasiga ham uzil-kesil – ha yoki yo‘q deb javob bera olmaydi. Dunyo vaqtda va makonda boshlanadimi yoki u cheksiz va boqiymi? Inson joni boqiymi yoki foniymi? Iroda erkinligi mavjudmi yoki dunyoda hech qanday erkinlik mavjud emas, hamma narsa tabiiy zarurat qonuniga ko‘ra yuz beradimi? Xudo bormi yoki yo‘qmi? Idrok bunday savollarni bera olmagan bo‘lardi. Aql esa bunday savollarni beradi, biroq ularga javob topa olmaydi. Uning da’volari imkoniyat darajasida emas. Sof nazariy aql o‘z mag‘lubiyatini tan olishi lozim, chunki u o‘zidagi narsalarni bila olmaydi.

Ammo nima uchun u shunga qaramay bilishning oliy bosqichi deb e’tirof etiladi? shuning uchunki, aqlning sof g‘oyalari (Kant ularni tamoyillar deb nomlagan) bilishda oliy tartibga solish vazifasini bajaradi. Ular idrokka yo‘l ko‘rsatadi. Aql g‘oyalarini ufq chizig‘iga o‘xshatish mumkin: garchi bu chiziqqa etib bo‘lmasa-da, u insonga makonda mo‘ljal olish, ko‘zlangan maqsad sari to‘g‘ri harakatlanish imkonini beradi. Shunga qaramay, Kant bilish nazariyasida metafizik bo‘lib qoldi: u aqlning ziddiyatliligi (ya’ni cheksizlikning ziddiyatliligi)ni uning ojizligi, narsalar mohiyatini anglashga qodir emaslik belgisi sifatida talqin qildi. Holbuki, bu amalda, Gegel keyinroq ko‘rsatganidek, aqlning qudratli kuchidan dalolat beradi.

Sof aql tanqidida Kant falsafa o‘zidagi narsalar, ya’ni dunyoning oliy qadriyatlari haqidagi emas, balki faqat bilish chegaralari haqidagi fan bo‘lishi mumkin, degan xulosaga keladi. Oliy mohiyatlar va oliy qadriyatlar – bu Xudo, ruh va erkinlik bo‘lib, ularni biz biron-bir tajribada ko‘ra olmaymiz, ular haqida oqilona fan bo‘lishi mumkin emas. Biroq ularning borligini isbotlashga qodir bo‘lmagan nazariy aql, buning aksini isbotlashga ham qodir emas, ya’ni u Xudoning borligiga, ruhning o‘lmasligiga va iroda erkinligiga ishonishni taqiqlamaydi. Insonga e’tiqod va ishonmaslik o‘rtasida yo‘l tanlash imkoniyati berilgan. U e’tiqodni tanlashi lozim, chunki vijdon ovozi, axloq ovozi undan shuni talab qiladi. Ammo bu endi nazariy aqldan amaliy aqlga, gnoseologiyadan axloqqa o‘tishdir.

Kant falsafada o‘ziga xos to‘ntarish yasadi va falsafani alohida fan sifatida tushunish asoslarini yaratdi. Yangi bilish nazariyasini asoslashga harakat qilib, u XVII-XVIII asrlarning bilishni borliqdan ko‘chirilgan andoza sifatida talqin qiluvchi empirik nazariyalarini tanqid qildi. Kant muammoni boshqa zaminga ko‘chirdi va falsafada gnoseologiyaning bilish jarayoniga sub’ekt – ob’ekt munosabati sifatida qaraydigan yo‘nalishiga asos soldi.

Biluvchi sub’ekt – bu muayyan individ emas, balki insonning bilish qobiliyatlari va bilim manbalarinigina o‘zida mujassamlashtiruvchi qandaydir mavxum tasavvur. Inson ongida mavjud bo‘lgan mazkur qobiliyatlar majmui unga o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar va aqlning aprior shakllari yordamida tartibga solishga yordam beradi. Bu inson individual, shaxsiy xususiyatlarga ega emas, degan ma’noni anglatmaydi, biroq ular bilish jarayonida etakchi rol o‘ynamasligi kerak.

Aprior bu – tajribadan tashqarida. Inson tafakkurida tajribada ko‘rilgunga qadar, tajribadan qat’iy nazar paydo bo‘lgan obraz, g‘oya, tushuncha.

Sub’ekt qandaydir narsa, predmet yoki hodisaning ta’sirini sezgilar darajasida idrok etadi. Bu mushohada yuritishning aprior shakllari yordamida tartibga solinuvchi tuyg‘ular rang-barangligini yuzaga keltiradi. Biroq bu bosqichda bilim sub’ektiv bo‘lib qoladi. Shundan so‘ng idrok ishga kirishadi va mavjud bilimlarni tushunchalar shakliga soladi, ya’ni ularda qandaydir umumiy jihatlarni aniqlaydi. Shu sababli pirovard natijada idrok va aqlni birlashtirgan biluvchi sub’ektgina bilim deb hisoblash mumkin bo‘lgan birlikni yaratadi.

Binobarin, bilimning turli shakllariga muayyan tavsif berish mumkin. Masalan, matematika hissiylikning makon va vaqt kabi aprior (ya’ni tajribada ko‘rilmagan) shakllariga tayanadi. Boshqacha aytganda, biluvchi sub’ekt dunyoga makon va vaqtda mavjudlik nuqtai nazaridan qaraydi.

Ayni holda makon – tashqi sezgining aprior shakli, vaqt esa – ichki sezgining aprior shakli. Bunday apriorlik matematik haqiqatlarning, demak, fan sifatidagi matematikaning ham mavjudlik imkoniyatini belgilaydi.

Inson bilimlari, fan va madaniyat dunyosi bizning tajribamiz, tuyg‘ularimiz va aqlimiz ma’lumotlariga asoslanadi. F.Bekon va R.Dekart fan va madaniyatning yanada rivojlanish yo‘llarini tuyg‘ularimiz va mulohaza yuritish qobiliyatimizning takomillashuvi bilan bog‘laganida, to‘la haq edi. Biroq ular bizning tajribaga asoslangan bilimimiz har qancha rivojlanmasin va takomillashmasin, u hech qachon bizga faqat sezgilar, aql va tajribaga asoslanib dunyoni oxirigacha tushunish imkonini bermasligini hisobga olmagan.

Bu bilim bizga tabiatan berilgan. U bizning tajribamizdan kelib chiqmaydigan makon, vaqt, sababiyat, cheksizlik, Xudo kabi kategoriyalarda mujassamlashgan. Bu insonga oldindan berilgan tajribada olingan materialga ishlov berish asboblaridir. Insonning tajribada olingan bilimi doirasidan chetga chiquvchi bu transsendent (lotincha o‘tish, bosib o‘tish so‘zidan) kategoriyalar bilish chegarasi, imkoniyatlarini biz sezgilar yoki aql yordamida biron-bir narsani bila boshlashimizdan oldinroq belgilab qo‘yadi. Shunday qilib, bizning bilimlarimiz dunyosi ikki qismdan: tajribada olingan va tajribadan oldingi bilimdan iboratdir.

Kant ijodining ahamiyati shundaki, u bilimlarimizning ikki tomonlamaligini, ya’ni ular nafaqat tajribada olingan, aposterior manbalarga, balki aprior, transsendent manbalarga ham tayanishini aniqladi.

Aposterior bu (lotincha tajribadan so’ng)- bilim va uning manbalariga oid falsafiy tushuncha, hissiy bilish orqali tajribadan hosil qilingan bilim.

I.Kant gnoseologiyasining ontologik xususiyat kasb etuvchi yana bir muhim tamoyili uning transsendent bilish nazariyasidan kelib chiqadi va dunyoning, uni tashkil etuvchi barcha narsalarning umumiy tuzilishini tushuntiradi.



Kant fikriga ko‘ra, inson ongi kabi, dunyodagi barcha narsalar ham ikki tomonlamadir. Birinchidan, bu qarshimizda narsaning eng yorqin tomoni sifatida namoyon bo‘luvchi, sezgilarimiz uni shunday idrok etuvchi «biz uchun narsa» yoki hodisa sifatidagi narsa. Ikkinchidan, bu biz sezgilarimiz bilan idrok etishga qodir bo‘lmagan «o‘zidagi» narsa, narsaning bizga «qorong‘i», yashirin, teran tomoni yoki noumen sifatidagi narsa. Noumen – mushohada yo‘li bilan anglash mumkin bo‘lgan mohiyat.

Ayni shu sababli bizning dunyo, narsalar va inson haqidagi bilimimiz hech qachon to‘liq, mutlaq bo‘lmaydi, balki doim nisbiy, noto‘liq bo‘lib qoladi. Dunyo va inson nima, degan savollar doim boqiy, falsafiy masalalar bo‘lib qoladi. Kant bilish nazariyasining asosiy tamoyillari ana shulardan iborat.

Shunday qilib, Kant o‘z bilish nazariyasida bilim, fan va madaniyatning rolini yanada yuksakroq darajaga ko‘tardi. Uning bilish nazariyasidan ong nafaqat dunyoni passiv aks ettiradi, balki insonga tabiatan berilgan sezish va idrok etishning aprior shakllari yordamida uni faol o‘zgartiradi, yaratadi, bunyod etadi degan xulosa kelib chiqadi. Kant bilish faoliyatining xususiyatini dunyoni aniq aks ettiruvchi ko‘zguga emas, balki chizgan rasmlari nafaqat dunyoning o‘zini, balki ijodkorning tabiatini ham aks ettiruvchi rassomga o‘xshatish lozim.

Ayni vaqtda, Kant bilishning muayyan chegaralari ham mavjudligini qayd etadi. «Men yaratgan bilish nazariyasi inson aqlini uning imkoniyatlari chegarasi haqida ogohlantiruvchi chegara posboni yoki aqlning dimog‘dorligi deb ataluvchi xavfli kasallikka qarshi dori bo‘lib xizmat qilishi lozim»,2 deb yozadi.

Kant ta’limotidan inson bilimlari majmui bilishning insonga berilgan aprior shakllari yordamida narsalarning biron-bir qismi, tomoni, jihatinigina o‘ziga xos tarzda aks ettiradi, bu narsalar ko‘z o‘ngimizda doimo namoyon bo‘ladi, biroq o‘zining asl mohiyatini hech qachon ko‘rsatmaydi, «o‘zidagi narsa» bo‘lib qoladi, degan xulosa kelib chiqadi.



Kant ta’limoti bilishning ijodiy tabiatini yoritib, inson bilimining taraqqiyotini, olimlar, yozuvchilar ijodini rag‘batlantirdi, biroq shu bilan bir vaqtda u inson bilimlarining nisbiyligi, u yoki bu g‘oyalar yoki nazariyalarni mutlaqlashtirish, shuningdek ularning yaratuvchilarini ilohiylashtirish xavfli ekanligi haqida ogohlantirdi.

GEGEL GEORG VILGELM FRIDRIX (1770-1831) falsafiy tizimi nemis klassik idealizmining tadrijiy yakuni hisoblanadi. Buyuk faylasufning barcha mashhur asarlari: «Ruh fenomenologiyasi» (1807), «Mantiq fani» (1812-1816), «Falsafa fanlari qomusi» (1817) ayni shu tizimni ishlab chiqishga bag‘ishlangan. «Ruh fenomenologiyasi» asari Gegel falsafiy tizimiga o‘ziga xos debochadir. Bu asarda Gegel inson ongi turli darajalari rivojlanishining izchil qatorini tahlil qiladi.

Gegel falsafiy tizimining birinchi va muhim qismi – «Mantiq» «Ruh fenomenologiyasi»ning yakuni va xulosasidir. Bu sub’ekt va ob’ektga qadar mavjud bo‘lgan «sof fikr» sohasidir. Mantiqda uning o‘zi va mantiq shakllaridan tashqari hech qanday empirik mazmun mavjud emas. Mantiq tarix va tabiatdan oldin paydo bo‘lgan. Mantiq ularni yaratgan.



Mantiq uch qismga: borliq haqidagi ta’limot, mohiyat haqidagi ta’limot va tushuncha haqidagi ta’limotga bo‘linadi. Borliq va mohiyat tushuncha o‘zini to‘liq namoyon etgunga qadar «ko‘tariladigan» pillapoyalar sifatida qaraladi. «Mantiq»da mutlaq g‘oyaning rivojlanishi mavxum mantiqiy kategoriyalar ko‘rinishida yuz beradi. Uning tayanch nuqtasi – borliq haqidagi sof mavhum fikr. Dastlab mazmunsiz bo‘lgan bu «sof borliq» tushunchasi «nimadir» orqali o‘z mazmunini kasb etishga harakat qiladi. Bu «nimadir», o‘z navbatida, «muayyan borliq»dir.

Gegel fikriga ko‘ra, mutlaq g‘oyaning vujudga kelish jarayoni ayni shu tariqa boshlanadi. «Muayyan borliq» keyingi bosqichda «qandaydir muayyan borliq» sifatida amal qiladi yoki sifat kasb etadi. Sifat kategoriyasi miqdor kategoriyasi bilan birga rivojlanadi. Sifatli miqdor yoki miqdoriy sifat esa o‘lchov hisoblanadi.

Borliq haqidagi ta’limotda Gegel dialektika qonunlaridan biri: miqdordan sifatga va sifatdan miqdorga o‘tish, rivojlanish jarayonlari sakrash tarzida yuz berishini asoslashga harakat qiladi.

Hodisa sifatida tushuniladigan borliqdan Gegel yanada teranroq, ichki qonuniyatlarga – mohiyatga o‘tadi. Bu qismda Gegel qarama-qarshiliklarning bir-biriga o‘tishi, ularning birligi, ayniyat va kurash to‘g‘risidagi qonunni tahlil qiladi.

Gegel fikriga ko‘ra, ziddiyat – bu qarama-qarshiliklarning o‘zaro nisbatidir. Ular bir-birisiz mavjud bo‘lmaydi, lekin turli yo‘ldan rivojlanadi va bu ular o‘rtasidagi munosabatlarning keskinlashuviga sabab bo‘ladi. Ziddiyatni echish yoki unga chek qo‘yish talab etiladi. Gegel ziddiyatni asos va oqibatning, shakl va mazmunning, hodisa va mohiyatning, imkoniyat va voqelikning, tasodif va zaruriyatning o‘zaro nisbatida ko‘radi. Ziddiyat haqidagi ta’limotni rivojlantirar ekan, Gegel ichdan zarur bo‘lgan, har qanday o‘zgarish va rivojlanishning manbai sanalgan «o‘z-o‘zidan harakat» haqida xulosa chiqaradi.

Gegel fikriga ko‘ra, ayniyat va tafovutning nisbatini bilish jarayonida ularning zamirida yotgan ziddiyat namoyon bo‘ladi. Ziddiyatlar mavjudligi hodisaning rivojlanayotganidan dalolat beradi.

Mohiyat haqidagi ta’limotda Gegel voqelikni «mohiyat va mavjudlikning birligi» sifatida tavsiflaydi. Mohiyatning o‘zi – «mavjudlik asosi»dir. Mohiyat haqidagi ta’limotning dastlabki boblaridan boshlab Gegel uni bilish mumkin emas degan tasavvurni rad etadi.



Borliq va mohiyat sohasidagi rivojlanish jarayonlarini belgilovchi zaruriyat tushunchada o‘z aksini topadi. Bunday zaruriyat erkinlikka aylanadi, «erkinlik esa – bu anglab etilgan zaruriyat»dir. Shu tariqa «Mantiq» tushunchaga o‘tadi. Bunda Gegel falsafiy metod sifatidagi formal mantiq va metafizikani tanqid qiladi, umumiylik, alohidalik va yakkalik dialektikasini ishlab chiqadi. Ayni vaqtda u haqiqat tushunchasini fikrning ob’ekt bilan mos kelish jarayoni sifatida tahlil qiladi. Bunga g‘oyada erishiladi. Faqat g‘oya tushuncha va narsaning shak-shubhasiz birligi hisoblanadi.

Mantiqdan Gegel mutlag‘ g‘oya rivojlanishining ikkinchi bosqichi- tabiat falsafasiga o‘tadi. Unda g‘oya tabiat bunyodkori hisoblanadi. Aynan u o‘zining «o‘zga borlig‘i» - tabiatni yaratadi. Tabiatning rivojlanish bosqichlari: mexanizm, ximizm, organizm kabilardir. Gegel o‘z dialektik tafakkurining teranligi va kuchi yordamida «Tabiat falsafasi»da noorganik va organik tabiatning ayrim bosqichlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqa hamda dunyodagi barcha hodisalarning qonuniyati haqida bir qancha noyob farazlarni ilgari suradi.

Mutlaq g‘oya rivojlanishining uchinchi bosqichi ruh bo‘lib, u ham o‘z rivojlanish jarayonida uch bosqichdan o‘tadi: sub’ektiv ruh, ob’ektiv ruh, mutlaq ruh.

Sub’ektiv ruh – bu «jon» yoki «ruh o‘zida», ong yoki «ruh o‘zi uchun». Ob’ektiv ruh-huquq sohasini belgilaydi. Pirovard natijada u axloqda o‘z ifodasini topadi va oilada, fuqarolik jamiyati va davlatda mujassamlashadi.

Mutlaq ruh – umrboqiy haqiqat. U o‘z rivojlanish jarayonida uch bosqich: san’at, din va falsafa bosqichlaridan o‘tadi. San’at, Gegel fikriga ko‘ra, mutlaq g‘oyani bilishning bevosita shakli. Din o‘z manbai – vahiy orqali Xudoni anglab etadi. Falsafa - mutlaq ruh rivojlanishining oliy darajasi. Bu erda g‘oya o‘zini o‘zi anglab etadi, o‘zining «sof tamoyili» darajasiga ko‘tariladi, mutlaq g‘oyaning intihosini uning ibtidosi bilan bog‘laydi.

Bilish nazariyasida Gegel o‘zining tafakkur va borliqning ayniyligi haqidagi g‘oyasini asoslashga harakat qiladi. U narsalar haqidagi fikr va narsalarning o‘zi mos kelishini, ammo bu ayniyat tafovutni ham o‘z ichiga olishini qayd etadi. Bilish rivojlanishining umumiy tamoyili – mavhumlikdan muayyanga yuksalishdir.

Bilish jarayonida Gegel uch asosiy bosqich: hissiy aniqlik, idrok va aqlni farqlaydi. Hissiy aniqlik anglashning to‘g‘riligiga, ya’ni bizning sezgilarimiz narsaning yaxlit obrazini qayd etayotgani va unda hech narsani e’tibordan chetda qoldirmayotganiga ishonch uyg‘otadi. Idrok predmetni o‘z xossalariga ega bo‘lgan narsa sifatida tushunadi. Aql narsaning hissiy qiyofasi ortida uning ichki mazmuni, mohiyatini topishga harakat qiladi.

Borliq va tafakkurning ayniyligi g‘oyasi Gegelni Aristotel mantig‘i amalda to‘qnash kelgan ziddiyatga qaytaradi: agar borliq ichdan ziddiyatli bo‘lsa, o‘z-o‘ziga qarshi bormasdan fikrlash mumkin emas. Gegel mazkur ziddiyatni istisno etilgan uchinchi formal-mantiq qonunining yanglishligi haqidagi fikr yordamida echishga harakat qiladi. U ziddiyatlarni fikrlash mumkin emas, deb o‘ylash xato ekanligini qayd etadi.

Gegel uchun ziddiyatlarharakat manbai, fikr qarama-qarshiligi – fikrning harakat manbaidir. Gegel bilish ziddiyatlari va ob’ektiv ziddiyatlarni farqlaydi. Shu tariqa u dialektik qarama-qarshilikni asossiz ravishda formal-mantiqiy qarama-qarshilik bilan almashtiradi.

Shunday qilib, Gegel falsafiy tizimida mutlaq g‘oya rang-barang va murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tadi. Uning tizimi – bu ob’ektiv idealizm: mutlaq g‘oya tabiat va insonga qadar «sof fikr» sifatida mavjud bo‘ladi, tabiat va jamiyatni vujudga keltiradi. Tizim zamirida «triada»: tezis – antitezis – sintez yotadi. Bu «triada», bir tomondan, Gegel falsafiy tizimiga izchil tus beradi, boshqa tomondan esa, Gegelga dunyo rivojlanishining hujumkor xususiyatini ko‘rsatish, qomusiy bilimlardan foydalanish uchun imkoniyat yaratadi.



Dialektika muammolarini ishlab chiqishda ham Gegelning xizmatlari beqiyosdir. U sifat o‘zgarishi, quyi shakllardan oliy shakllarga yuksalish, eskining yangiga o‘tishi, har bir hodisaning o‘z ziddiga aylanishi sifatidagi dialektik rivojlanish haqidagi ta’limotni yaratdi. Gegel dunyodagi barcha jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro aloqani qayd etdi.

Gegel dialektikaning idealistik shaklini ishlab chiqqan: u kategoriyalar dialektikasini, ularning aloqalari va bir-biriga o‘tishini, «sof fikr» - mutlaq g‘oyaning rivojlanishini tahlil qiladi. U rivojlanishni o‘z-o‘zidan harakat sifatida, qarama-qarshiliklar bir-biriga o‘tishi natijasida yuz beruvchi o‘z-o‘zidan rivojlanish sifatida tushunadi: hodisa ziddiyatli bo‘lgani bois, u harakatlanish va rivojlanish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Gegel dialektikasida har bir tushuncha qolgan barcha tushunchalar bilan ichdan bog‘lanadi: tushunchalar va kategoriyalar bir-biriga o‘tadi. Masalan, imkoniyat rivojlanish jarayonida voqelikka, miqdor – sifatga, sabab – oqibatga aylanadi va ayni vaqtda buning aksi yuz beradi. Gegel qarama-qarshi kategoriyalar – shakl va mazmun, mohiyat va hodisa, tasodif va zaruriyat, sabab va oqibatning birligini qayd etadi.

Gegel dialektikaning asosiy qonunlari: miqdor va sifat o‘zgarishlari qonuni, qarama-qarshiliklarning bir-biriga o‘tishi qonuni va inkorni inkor qonunini kashf etdi. U kategoriyalar dialektikasi orqali dialektika asosiy qonunlarining amal qilish mexanizmini o‘rganadi.

Gegel dialektikani bilish jarayoniga tatbiq etdi. Gegel uchun haqiqat bir marta va bir umrga berilgan mutlaqo to‘g‘ri javob emas, balki jarayondir. Gegelda bilish nazariyasi bilish tarixi bilan mos keladi: bilish, fan rivojlanishi tarixiy bosqichlarining har biri u haqda «mutlaq», lekin cheklangan, to‘liq bo‘lmagan tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Har bir keyingi bosqich o‘zidan oldingi bosqichdan boyroq va muayyanroq. U avvalgi mazmunning boyligini o‘zida to‘liq saqlaydi va oldingi bosqichni rad etadi, lekin uning noyob jihatlarini yo‘qotmaydi, «o‘zlashtirilgan barcha xossalarni yanada boyitadi».

Shunday qilib, Gegel mutlaq va nisbiy haqiqat dialektikasini ishlab chiqadi. Gegel dialektikasini o‘rganish bilish nazariyasiga oid bilimlarni boyitadi, nazariy, ijodiy fikrlash qobiliyatining rivojlanishiga yo‘l ochadi, mustaqil g‘oyalarni yaratishga ko‘maklashadi.

Gegelning falsafiy tizimi mantiq va tabiat falsafasini, antropologiya va psixologiyani, huquq falsafasi va axloqni, davlat va fuqarolik jamiyati falsafasini, din falsafasi va estetikani, falsafa tarixi va tarix falsafasini, tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi sifatidagi dialektikani o‘z ichiga oladi.



G‘arb uyg‘onish davri falsafasi, uning asosiy xususiyatlari va undagi oqimlar

XX – XXI asr g‘arb falsafasi. G‘arb falsafasida XIX asr oxirida boshlangan jarayonlar XX asrda uning yangi, hozirgi noklassik tipi vujudga kelishi bilan yakunlandi.

Zamonaviy G‘arb falsafasi muayyan yaxlitlik, birlikni ifoda etuvchi falsafiy tafakkur shakllanishining o‘ziga xos bosqichidir. Unda ayrim asosiy yo‘nalishlar – pozitivizm, neopozitivizm, strukturalizm va hokazolar farqlanadi.



POZITIVIZM soxta bilimdan haqiqiy bilimni ajratishga harakat qiluvchi ijobiy bilimning falsafiy doktrinasini anglatadi. Bunday ijobiy bilimlar ayrim fanlarni bilish bilan tenglashtiriladi: pozitivizmga dunyoqarash muammolarini o‘z ichiga oluvchi an’anaviy falsafaga nisbatan o‘ta salbiy munosabat xosdir.

Pozitivizmning birinchi tarixiy shakli XIX asrning 30-40-yillarida vujudga kelgan. Unga fransuz faylasufi Ogyust Kont asos solgan.



Kont fikriga ko‘ra, fanning vazifasi narsani tushuntirish emas, balki unga tavsif berishdir. Fan «nima uchun?» degan savolga javob berishga qodir emas, u dalillarni qayd etish va «qay tarzda?» degan savolgagina javob berish bilan kifoyalanishi lozim. Shu holdagina u ijobiy bo‘lishi mumkin.

O.Kontning falsafani ijobiy bilim tamoyillariga muvofiq tuzishga urinishi tabiatshunos olimlar davralarida o‘z izdoshlarini topdi.

Ilk pozitivizm asoschilari olimlarni hissiy hodisalar sohasiga chuqur kirishga urinishlardan voz kechish va ularni tavsiflash bilan kifoyalanishga chaqirdilar. Bu yondashuv hissiylik jabhasi ortida qandaydir borliqning mavjudligini nazarda tutadi.

Ilk pozitivizmning o‘ziga xos xususiyati shundaki, uning namoyandalari falsafaning asosiy vazifasini muayyan fanlarning amalda mavjud moddiy dunyo haqidagi ma’lumotlarini umumlashtirish va tizimga solishdan iborat deb bildilar. Boshqacha aytganda, bu bosqichda pozitivizm hali tashqi dunyoning mavjudligini tan oluvchi materialistik ta’limot bo‘lib qoldi.

EMPIRIOKRITITSIZM pozitivizmning ikkinchi tarixiy shakli sifatida XIX–XX asrlar chegarasida yuzaga keldi.

Uning eng mashhur namoyandalari – E.Max (1838-1916) va R.Avenarius (1843-1896). Ilk pozitivizmdan farqli o‘laroq, empiriokrititsizm falsafaga «ikkinchi pozitivizm»ni sintez qiluvchi fan sifatida yondashadi, uni bilish nazariyasiga bog‘laydi. Empiriokrititsizm «tajriba tanqidi» degan ma’noni anglatadi va «tajribani metafizik tabiatni o‘zgartiruvchi barcha qoidalardan tozalash»ni nazarda tutadi.

E.Max fikriga ko‘ra, tajriba amalda «dunyo elementlari» hisoblanuvchi sezgilardan iboratdir. Binobarin, pozitivizm o‘zining maxizm shaklini kasb etgan ikkinchi bosqichida butun falsafiy faoliyatni inson tajribasi hissiy asosining ruhiy-fiziologik shakllari tahliliga bog‘ladi. Maxizm falsafasida dunyo «sezgilar majmui» tarzida namoyon bo‘ldiki, bu materializmdan butunlay voz kechilishi, ingliz faylasufi Berklining sub’ektiv idealizmi o‘ziga xos tarzda tiklanishini anglatadi. Xullas, ikkinchi pozitivizm yaratuvchilari bilish jarayonining nazariy modelini tuzishga harakat qildilar.

NEOPOZITIVIZM, pozitivizmning uchinchi tarixiy shakli sifatida, ilmiy nazariyalarning haqiqatnamoligini, ularning nisbiy qimmatini aniqlash metodlarini o‘z falsafiy faoliyatining predmetiga aylantirdi. Bu bosqich vakillari pozitivizmning asosiy tamoyillariga tayanib, an’anaviy falsafa tushunchalari noilmiydir, chunki ularni tajribada tekshirish mumkin emas, deb e’lon qildilar.

Neopozitivistlar u yoki bu ilmiy xulosalar, konsepsiyalar va nazariyalarning to‘g‘riligi, haqiqiyligini tekshirish metodlariga asosiy e’tiborni qaratdilar. Ular hozirgi ilmiy bilimlarning haqiqiyligini tekshirishning asosiy tamoyillari: verifikatsiya, falsifikatsiya va konvensiya tamoyilarini ta’riflab berdilar.



Verifikatsiya bu (lot. «verus» - haqiqiy va «facio» - bajaraman) tamoyili nuqtai nazaridan hissiy tajriba dalillari bilan tasdiqlanuvchi ilmiy qoidalargina haqiqiy hisoblanadi. Boshqacha aytganda, tajribada sinalishi mumkin bo‘lgan mulohazalargina ahamiyat kasb etadi.

Neopozitivizm metafizik farazlarni aniqlash ishida verifikatsiya tamoyili muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan. Biroq bu tamoyil o‘zini oqlamadi, chunki u fan tuzilishi va dinamikasiga mos kelmasdi.



Verifikatsiya tamoyiliga qarshi quyidagi e’tirozlar mavjud: Fanda tajribada sinash mumkin bo‘lmagan bilimlar hanuzgacha mavjud. Biroq ularni keyinchalik, kuzatish va eksperiment texnikasi rivojlanganidan so‘ng tekshirish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, O.Kont osmon jismlarining kimyoviy tarkibi haqidagi masalani metafizik masala deb hisoblagan. U mazkur masalaning echimini topish mumkin emasligini qayd etgan. O. Kont vafotidan so‘ng oradan ikki yil o‘tgach spektral analiz paydo bo‘ldi va uning yordamida osmon jismlarining kimyoviy tarkibi aniqlandi.

Tarixiy bilim – o‘tmish haqidagi, hozir mavjud bo‘lmagan narsalar haqidagi bilim. Verifikatsiya tamoyili esa mavjud borliqqa tayanishni talab qiladi. Biroq o‘tmishni ham bilish mumkin. Verifikatsiya tamoyiliga ko‘ra esa, barcha tarixiy mulohazalar ma’nosizdir.

Falsifikatsiya tamoyili ilgari surilgan qoidalarni tasdiqlashga emas, balki rad etishga qarab mo‘ljal oladi. U ilmiylikka da’vogar bo‘lgan qoidalarni rad etishga harakat qilishni nazarda tutadi. Ilgari surilgan qoidani rad etib bo‘lmasa, uni haqiqiy yoki hech bo‘lmasa o‘rinli deb hisoblash mumkin. Rad etilgan qoidadan esa voz kechilishi lozim.

Fanni o‘rganish sohasidagi falsafiy yo‘nalish sifatida, Neopozitivizm, 50-yillar oxiri – 60-yillarning boshlarida o‘z nufuzini yo‘qotdi, va shu davrda «To‘rtinchi pozitivizm» yoki postpozitivizm maydonga chiqdi. Uning eng mashhur namoyandalari qatoriga K.Popper, I.Lakatos, T.Kun, S.Tulmin, P.Feyerabend, D.Agatssini kiritish mumkin.



POSTPOZITIVIZM. Postpozitivizmning neopozitivizm bilan g‘oyaviy aloqasi shunda ifodalanadiki, ular asosan ilmiy bilim tahlili bilan shug‘ullangan, tilga katta e’tibor bergan.

Biroq, mantiqiy pozitivizm asosan mavjud ilmiy bilim tuzilishini o‘rganishga e’tiborni qaratgan bo‘lsa, postpozitivizmning bosh muammosini ilmiy bilim dinamikasi tashkil etadi. Bu o‘zgarish fanni falsafiy o‘rganish masalalari doirasining ham o‘zgarishiga sabab bo‘ldi. Postpozitivizmni avvalo ilmiy bilimning ijtimoiy-madaniy omillari, yangi nazariyalarning yuzaga kelishi, ularning olimlar hamjamiyati tomonidan qabul qilinishi, raqobatlashuvchi ilmiy konsepsiyalarni taqqoslash va tanlash mezoni qiziqtiradi.

Agar mantiqiy pozitivizmga empirik bilimni ishonchli va barqaror bilim sifatida ishonchsiz va o‘zgaruvchan nazariy bilimga qarshi qo‘yish xos bo‘lsa, postpozitivizmga esa, aksincha, bilimning bu ikki darajasi bir-biriga o‘tishi haqidagi qarash xosdir. Zero postpozitivizm ta’limoti nazariyaning empiriyaga ta’siri kuchli emasligi, dalillarni aniqlash uchun nazariya talab etilishi, shu sababli dalillar nazariyaga ma’lum darajada bog‘liq bo‘lishi yoki hatto ularni belgilashi yoritib berilgan.

Postpozitivizm konsepsiyasining navbatdagi xususiyati – shundaki ilmiy bilimning rivojlanishini talqin qilishda kumulyativizmdan voz kechilgan. Ilk pozitivizm ilgari surgan kumulyativistik yondashuv fanning izchil rivojlanishi, bilimlarning asta-sekin to‘planib borishini nazarda tutadi. Postpozitivizm fan haqidagi bunday tasavvurdan voz kechadi. U fan tarixida inqilobiy o‘zgarishlar yuz berishi muqarrarligini asoslashga harakat qiladi. Postpozitivistlar fikriga ko‘ra, inqilob natijasida fanda ilgari e’tirof etilgan va asoslangan bilimlar, nafaqat nazariyalar, balki metodlar va omillar ham qayta ko‘riladi.

Uchinchi va to‘rtinchi pozitivizm o‘rtasida fanni soxta fan (metafizika)dan farqlash masalasida ham jiddiy tafovutlar mavjud.

Pozitivizm metafizikani fandan chiqarib tashlashni bosh vazifalardan biri deb hisoblagan.

Postpozitivizm esa ilmiy bilim va falsafa o‘rtasida qat’iy chegara o‘tkazishdan bosh tortadi. U falsafiy qoidalarning asosliligini va ularni fanlardan chiqarib tashlash mumkin emasligini tan oladi.

STRUKTURALIZM VA POSTSTRUKTURALIZM.

Strukturalizm (lot. structuma – tuzilish, joylashish, tartib) - g‘arb falsafasining yangi yo‘nalishlaridan biri. Strukturalizm, umumiy falsafiy-epistemologik tasavvurlar, metodologik mo‘ljallar va ayrim fanlar (lingvistika, adabiyotshunoslik, etnografiya, tarix, estetika, san’atshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, falsafa)dagi yo‘nalishlar majmui sifatida, XX asr boshidan 40-yillargacha shakllandi.

Strukturalizmning ko‘pgina g‘oyalari yuzaga kelishiga turtki bergan mutafakkirlar qatoriga V.Gumboldt (inson ongi dunyosini modellashtirishda tilning dinamik roli), Ch.Pirs (semiotika asoschisi), E.Kassirer (inson xulq-atvori va ongining shakllanishida til, mifologiya va san’at simvolik tizimlarining roli)ni kiritish mumkin.



Strukturalizmning asosiy xususiyati shundan iboratki, uning tarafdorlari inson hissiy idrok etishi mumkin bo‘lgan barcha hodisalarga «fenomenlar», ya’ni ichki, teran va shu sababli «noaniq» strukturalarning sirtda namoyon bo‘lishi (manifestatsiya) sifatida qaraganlar va ularni yoritishni o‘z vazifasi deb hisoblaganlar.

Bu vazifani hal qilishda strukturalizm pafosi ijtimoiy fanlarga aniq fanlar maqomini berishga qaratildi.

Struktura tushunchasi strukturalizmning bosh tushunchasi hisoblanadi. Struktura deganda turli ichki va tashqi o‘zgarishlarda har xil, ko‘p variantli tushunchalar majmui yoki, strukturalistlar ta’biri bilan aytganda, har qanday diaxronik rivojlanuvchi tizimning sinxron qayd etilishi tushuniladi. Strukturalizmda ko‘pincha model sifatida belgilanuvchi har qanday struktura uch zaruriy shart: elementlar mustaqil butunga yaxlit bo‘ysunishi; transformatsiya – bir kichik struktura boshqa kichik strukturaga yuzaga kelish qoidalariga muvofiq tartibli o‘tishi; o‘zini o‘zi tartibga solish – mazkur tizim doirasida qoidalarning ichki tartibga solinishini qanoatlantirishi lozim. Shunday qilib, struktura nafaqat ob’ektning barqaror skeleti tarzida, balki rioya qilish, bir ob’ektdan ikkinchi, uchinchi va hokazo ob’ektlarni olish imkonini beruvchi qoidalar majmui sifatida amal qiladi. Bunda ayrim ob’ektlar to‘plamining yagona strukturaviy qonuniyatlarini aniqlashga bu ob’ektlarning farqlarini e’tibordan soqit etish hisobiga emas, balki yagona mavhum invariantning muayyan variantlari sifatida qayd etilgan bir-biriga o‘tishlar dinamikasi va mexanikasini tahlil qilish yo‘li bilan erishiladi.

Shuni ta’kidlash lozimki, strukturalistlar foydalanuvchi asosiy tushunchalar ulardan tadqiqotchilik maqsadlarida foydalanilgan maxsus fanlar doirasida ishlab chiqilgan. Shu sababli asosiy kategoriyalar va g‘oyalar bu yo‘nalishning bosh shakllari bilan maqsadga muvofiqdir.

Poststrukturalistlar (Derrida, Delez, M.Fuko va h.k.) strukturani va bilimdagi barcha nostrukturaviy narsalarni ularning genezisi va tarixiy rivojlanishi nuqtai nazaridan anglab etishga harakat qildilar.

Ko‘rsatilgan yondashuvlarning ikkalasi ham ijtimoiy bilim xususiyatlari va metodlarini, uning faoliyati umumiy mexanizmlarini, tabiiy ilmiy bilimdan farqlarini, u yoki bu ijtimoiy-madaniy shakllar (til, san’at, adabiyot, moda va h.k.) yuzaga kelishini bilishda sinxron va diaxron narsalarning birligini o‘rgangan.



Strukturalistlar bunday hodisalarni o‘rganishda struktura tarixdan ob’ektivroq, muhimroq va birlamchiroq deb hisoblagan bo‘lsalar, poststrukturalistlar bunga zid xulosani ilgari surganlar. Ular o‘z hamkasblarining agnostitsizmi (notarixiyligi)ni engish, inson va jamiyatni til strukturalari yordamida ob’ektiv bilishga urinishda yuzaga keluvchi jumboqlarni aniqlash va o‘rganishga harakat qildilar.

Poststrukturalizmda hamma narsa teng huquqli, bir xilda muhim va qimmatlidir. Bu erda dialektik oppozitsiya tamoyiliga ko‘ra tuzilgan odatdagi kategoriyalar apparati: mohiyat – hodisa, shakl – mazmun, sabab – oqibat va hokazolar o‘z ma’nosini yo‘qotadi. Hodisa – mohiyatni aniqlash emas, u faqat o‘zini va hayot rang-barangligi qirralaridan biri sifatida ifoda etadi. Hayotning rang-barangligini esa faqat birortasi ham imtiyozli holatda bo‘lishi mumkin bo‘lmagan bilish sub’ektlari pozitsiyalarining ko‘p sonliligi bilan anglab etiladi.

Poststrukturalizm o‘ziga azaldan xos bo‘lgan omillarning tabiiy davomi hisoblanib, nazariy harakat sifatida strukturalizm tanqidi tarzida to‘rt asosiy yo‘nalishda rivojlanadi:

- strukturaviylik muammosi;

- belgililik muammosi;

- kommunikativlik muammosi;

- sub’ektning yaxlitligi muammosi.

Ayni vaqtda, poststrukturalizm namoyandalari ob’ektivlik, metod va ilmiylik ahamiyatga ega emas va bilish jarayonining izlanuvchi maqsadlari sifatida amal qilmaydi, deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, bilish jarayoni sub’ekt, istak, tasavvur va bilishda muhim rol o‘ynovchi boshqa shaxsiy fazilatlarsiz amalga oshishi mumkin emas. Shu sababli poststrukturalistik sub’ekt – bu bilim egasi va bilim himoyachisi emas, balki vazifasi qanday yo‘l bilan bo‘lmasin borliqqa kirishdan iborat bo‘lgan afsungar, san’atkor, bola, inqilobchi va shu kabilardir.



Xulosa. Insoniyat taraqqiyotida har bir davr an’anaviy falsafiy muammolarni ilgari surgan va ularni o‘z davri dunyoqarashi ta’sirida hal qilishga harakat qilgan.

Falsafa tarixini yangi shoxchalari paydo bo‘ladigan daraxtga qiyoslash mumkin, har bir shox o‘z shakliga va yaproqlarining rangiga ega bo‘lib, ular boshqalarini takrorlamaydi. Biroq daraxt shoxlari kabi falsafiy yo‘nalishlar qancha ko‘p bo‘lmasin, ularni umumiy ildiz - inson va olamning o‘zaro aloqadorligi, inson va jamiyat hayotining uzviyligi birlashtiradi. Ushbu umumiy ildiz inson madaniyatining dunyoqarashli asosi sifatida falsafaning ahamiyatini chuqurroq tushunishga imkon beradi.

XX asr turli davrlardagi falsafiy yo‘nalishlarni o‘zida birlashtirdi va o‘tmish tajribasiga tayangan holda, juda murakkab ijtimoiy siyosiy vaziyatda olam va odam masalasiga ziddiyatli, yangi falsafiy qarashlar shakllandi.

Hozirgi zamon falsafasining o‘ziga xos xususiyati uning dunyoqarashli va metodologik jihatdan turli tumanligidir.


ADABIYOTLAR:


1. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat-engilmas kuch.-T.:Ma’naviyat, 2008.

2. Antologiya mirovoy filosofii v 4-x tomax. Tom 3. M. 1971.

3. Mamardashvili M. Kartezianskie razmыshleniya. –M.: «Progress»; «Kultura»,

1993.


4. Mir filosofii v 2-x tomax. T. 2. M.1990.

5. Dekart R. Sochinenie v 2 t. T.1. –M.: Mыsl, 1989.

6. Osnovы filosofii. T. O‘zbekiston 1998.

7. Falsafa asoslari. Nazarov Q. tahriri -T.: Sharq, 2005.

8. Axmedova M.Falsafa. T.2006.

9. G‘arb falsafasi. Nazarov Q. tahriri –T.: Sharq, 2004.

10. Jahon falsafasi tarixidan lavhalar. Nazarov Q. tahriri –T.; Sharq, 2004.

11. Shermuhamedova N. Falsafa.-T.:, 2013.



12. Q.Nazarov Falsafa asoslari .-T.:, 2017.


1 Avgustin \\ Vsemirnaya ensiklopediya. –M.: Sovremennqy literator, 2001. –S. 11.

2 Kant I. Kritika chistogo razuma. Soch. - M.: Eksmo: SP(b).: Midgard, 2007. – S.159.

Download 168.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling