Mavzu: Folklor va badiiy adabiyot munosabatlari.Folklorizm tushunchasi. Individual ijodkorning xalq og'zaki ijodidan foydalanish mahorati. Folklor (ing . folk — xalq, lore — bilim, donolik) — xalq ijodini ifodalovchi termin. Fanga 1846 yilda ingliz arxeologi U.J.Toms olib kirgan. 1880—90 yillarda "F." termini koʻplab mamlakatlarda, jumladan, Rossiyada ham qoʻllana boshlagan. Oʻzbekistonda dastlab, "ogʻzaki adabiyot", "ogʻiz adabiyoti" atamalari qoʻllangan. "F." termini 30-yillarning oʻrtalaridan ishlatila boshlagan. 1939 yilda Hodi Zarifning "Oʻzbek folklori" xrestomatiyasi nashr etilgach, bu termin oʻzbek folklorshunosligida mustahkam oʻrin oldi Folklor barcha sanʼatning boshlanishi, sarchashmasi, shu sababli ham boshqa koʻpgina sanʼatlar bilan uygʻunlikka ega, shuning bilan birga hech biriga oʻxshamagan oʻziga xosligi bilan ajralib turuvchi alohida sanʼat turidir. Bu soha oʻz ichiga musiqa, raqs, hunarmandchilik, tasviriy, badiiy va boshqa sanʼatlar bilan bogʻliq tasavvurlarni qamrab oladi. Boshqacha aytsak, ogʻzaki ijod xalqning oʻtmishi, buguni va kelajagini oʻzida ifoda etuvchi, uning taqdiri bilan chambarchas bogʻliq ijodiy jarayondir. Shuning uchun ham allomalarimiz uni el adabiyoti deb atagan. Biror bir xalqning qanday xalq ekanligini bilish uchun dastavval uning folkloriga nazar solish lozim boʻladi. Xalq ijodi bu chinakam maʼnodagi doimiy oʻzgarish, doimiy harakatdagi sanʼatdir. Yaʼni, xalq ijodi namunalari har galgi ijroda anʼanalarning davomiyligini saqlagan holda muttasil yangilanib, oʻzgarib, mukammallashib boraveradi. Shuning uchun ham xalq ijodi namunalari koʻplab variantlilikka ega. Ana shu variantlilik xalq ogʻzaki ijodining oʻziga xosligini taʼminlab beruvchi eng muhim jihatlardan biridir. Xalq ogʻzaki ijodi namunasi bor-yoʻgʻi ogʻzaki ijro etilgani uchungina emas, balki ogʻzaki oʻzlashtirilib, ogʻzaki ijro etilib, ogʻzaki tarzda meros qoldirilishi, boshqacha aytganda, har galgi ijro jarayonida qayta yaralishi bilan farqlanib turadi. Folklorshunos olimlar taʼkidlaganidek folklorda qoʻshiq yoʻq, balki qoʻshiqning ijro holati, ijro jarayoni mavjud. Bu fikrni xalq ijodining boshqa janrlariga ham tadbiq etish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |