Mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi
-§. Gollizm va Beshinchi respublikaning tashkil topishi
Download 105.57 Kb.
|
Mavzu Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. F
3-§. Gollizm va Beshinchi respublikaning tashkil topishi.
1958 yil 1-iyunda Milliy Majlis de Gollga hukumat boshlig‘i lavozimini taqdim etdi. Hukumat konstitutsiyani qayta ko‘rib chiqish vakolatiga ham ega bo‘ldi. Parlamentning tarqatib yuborilishi bilan To‘rtinchi respublika tuzumiga ham barham berildi. Beshinchi respublika konstitutsiyasining loyihasi hukumat va parlamentning har ikkala palatalari vakillaridan tashkil topgan maslahat komissiyasi ishtirokida Mishel Debre boshchiligidagi ishchi guruhi tomondan tayyorlandi. 1958 yil 28 sentyabrda Konstitutsiya loyihasi referendumga qo‘yildi va 79,2% ovoz bilan ma’qullandi. 1958 yildagi Konstitutsiya Fransiyada aralash, ya’ni qo‘shma prezidentlik-parlamentchilik boshqaruvni joriy qildi. 7 yilga saylanadigan prezident tashqi siyosat, mudofaa va milliy xavfsizlik sohalarida katta vakolatlarga ega bo‘ldi. Prezident ijroiya hokimiyat ustidan o‘z nazoratini Ministrlar Kengashida raislik qilish huquqi asosida amalga oshirdi, bundan tashqari, yuqori lavozimli amaldorlarni tayinlaydi. Bu sohada prezidetning asosiy imtiyozi bosh vazirni tayinlash va iste’foga chiqarish huquqi turadi. Ammo, hukumat tashkil etilishi jarayonida parlamentning quyi palatasi Milliy majlisning ishonch bildirishi lozim bo‘ladi. Beshinchi respublikaning prezidenti qonun chiqaruvchilik jarayonida qatnashish huquqiga ega edi. Parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonunlar prezident tomonidan ko‘rib chiqilishi va ma’qullanishi lozim edi. Bundan tashqari, prezident kechiktirish, veto huquqiga, shuningdek, muhim qonun loyihalarini referendumga qo‘yish huquqiga ega edi. Prezident parlamentning qo‘yi palatasini xohlagan vaqtda tarqatib yuborish huquqiga ega edi. Prezident, hukumatning faoliyatini nazorat etadigan - Davlat Kengashi va saylov jarayoni, qonunchilikni nazorat etadigan konstitutsion Kengash kabi ikki muhim davlat tashkilotlarining tarkibini tasdiqlaydi. Prezident faqatgina davlatga xiyonat qilgan taqdirda jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin edi. Fransuz parlamentining qonun chiqaruvchilik vakolati 1958 yil konstitutsiyasiga ko‘ra ancha chegaralandi. Shunday qilib, 1958 yilgi konstitutsiya Uchinchi va To‘rtinchi respublikalar davridagi parlament ustunligi o‘rniga hokimiyatni taqsimlashning markazlashgan tizimini tashkil etdi. Ijtimoiy mazmuni jihatidan 1958 yilgi konstitutsiya o‘zidan oldingi asosiy qonunning sotsial mazmunini saqlab qolishga harakat qildi. Uning tarkibiga “Inson va fuqarolarning huquqlari Deklaratsiyasi” va 1946 yilgi konstitutsiyaning preambulasi (muqaddima qismi) hech bir o‘zgarishsiz kiritildi. Shuning bilan birga yangi konstitutsiya fuqarolarning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va madaniy jihatdan keng doiradagi huquqlarini kafolatladi. Fransiya avvalgidek, bo‘linmas, dunyoviy, demokratik va sotsial respublika sifatida belgilandi. “Fransiya Ittifoqi” o‘rniga esa, suveren davlatlarni birlashtirgan “Fransiya hamdo‘stligi” ta’sis etildi. 1958 yilgi konstitutsiya qabul qilingandan so‘ng, hukumat saylov Kodeksiga qo‘shimcha ilovani ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, Milliy Majlisning 577 ta deputati bir mandatli okruglarda ikki turda saylanishlari belgilab qo‘yildi. Bu tizim yirik partiyalarga foyda keltirar edi. Yangi tizim bo‘yicha parlamentga birinchi saylovlar 1958 yilning 23-30 noyabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Bu saylovlar parlamentning quyi palatasida kuchlar nisbatini keskin darajada o‘zgartirib yubordi. 188 mandatga ega bo‘lgan YuNR parlamentda ko‘pchilik ovozga ega bo‘ldi. 4 mln.ga yaqin saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan FKP ikkinchi turda parlamentga bor yo‘g‘i 10 ta deputatni o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. FSP va radikallar 40 ta o‘rin, XRH esa 44 ta o‘rin egalladi. “Mustaqillar” va dehqonlar Milliy markazi (SNIP)ning g‘alabasi kutilmagan holat edi. “Mustaqillar” 133 ta deputatdan iborat fraksiyani tashkil etdilar. Shunday qilib, parlamentda de Goll tarafdorlari qat’iy ko‘pchilikka erishdi. 1958 yil dekabrida de Goll prezident etib saylandi. U Mishel Debrega yangi hukumat tuzish vazifasini topshirdi. Bu hukumat tarkibiga dastavval, gollchilardan tashqari XRH va “Mustaqillar” dan vakillar hamda sotsialist va radikallarda 1 tadan vakil kiritildi. De Goll o‘z faoliyatini koalitsiyadagi sheriklari bilan kelishgan holda olib borishni umuman hoxlamas edi. Bundan tashqari, prezidentning soyasida qolib ketishdan cho‘chigan ko‘pgina partiyalarning yetakchilari hukumat va prezidentning faoliyatida masofa saqlashga harakat qildi. 1959 yilda sotsialistlar va radikallar ham tamoman oppozitsiya tarafiga o‘tib ketdi. Bundan tashqari, tarkibidan, 1958 yildayoq, muxtor sotsialistik partiyani tashkil etgan “so‘l radikallar” guruhi ajralib chiqqan edi. 1960 yilda bu partiya so‘l sotsialistik Ittifoq bilan qo‘shilib, Birlashgan sotsialistik partiyani tashkil etgan edi. 1960 yilda moliyaviy islohotlarning yo‘llari to‘g‘risidagi tortishuvlar SNIP rahbariyati ichida ixtilof kelib chiqishiga sabab bo‘ldi. “O‘ng liberal” guruhlarning vakili hisoblangan A.Pine de Gollning talabi bilan moliya va iqtisodiyot Ministri lavozimidan chetlatildi. Natijada, uning o‘rnini “Mustaqillar” qanotining yosh yetakchilaridan hisoblangan Voleri Jiskar d’ Esten egalladi. Gollchilar bilan hamkorlik qilish maqsadga muvofiqligi haqidagi bahs tufayli 1962 yilda SNIPda ajralish yuz berdi va uning tarkibidan Jiskar d’ Esten boshchiligidagi guruh mustaqil bo‘lib chiqdi. Ular “Mustaqil respublikachilar” nomli deputatlar guruhini tashkil etib koalitsion hukumat tarkibida qolishdi. De Gollning YeIH ga nisbatan tutgan qat’iy siyosatidan norozi bo‘lgan XRH vakillari 1962 yilda hukumat tarkibidan chiqib ketishdi. 60-yillarning boshlari gollchilar harakatining rivojlanishi uchun muhim bosqichlardan biri bo‘ldi. 1961-1962 yillarda Jazoir muammosi bo‘yicha o‘tkazilgan referendumlar tufayli Jazoirga mustaqillik berildi. Bu esa YuNR dan J.Sustel boshchiligidagi radikal qanot ajralib chiqishiga sabab bo‘ldi. Ular de Gollni millatga xoinlikda ayblashdi va real siyosiy kuch bo‘lolmagani tufayli oxir-oqibatda terroristik metodlardan foydalana boshladilar. Prezidentga nisbatan bir necha marta suiqasd uyushtirishga harakat qilindi. 1962 yil aprelida Jorj Pompidu Premer-ministrlik lavozimini egalladi. Hukumatning yangi boshlig‘i obro‘li gollistlar guruhi tarkibida bo‘lmasada, shaxsan de Gollga eng yaqin siyosatchilardan biri edi. 1959 yilda J.Sustel boshchiligida Demokratik Mehnat Ittifoqi (YuDT) partiyasi tuzilgan edi. Jazoir muammosining hal etilishi va hukumat siyosatida ijtimoiy faollikning oshishi ikki gollistik partiyalarning yaqinlashishi uchun asos bo‘ldi. 1962 yilda ular YuNR-YuDT yagona blokini tashkil etdilar. 1962 yil noyabrida bo‘lib o‘tgan saylovlar natijasida Milliy Majlisda ikkita qutb yuzaga keldi. FKP va FSP fraksiyalari 41 va 67 deputatga ega bo‘ldi. YuNR-YuDT va Jiskar d’ Esten boshchiligidagi “Mustaqil respublikachilar” guruhi o‘z navbatida 229 va 32 ta o‘ringa ega bo‘ldi. Yangi hukumatga yana J.Pompidu keldi. 1965 yilning 5 va 19 dekabrlarida ikki turdan iborat bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida de Goll qiyinchilik bilan g‘alabaga erishdi. De Goll birinchi turda 44%, Mitteran 32%, Lekanyue 16%, Tikse-Vinyankur 5% ovoz oldi. Ikkinchi turda de Goll 44,7% ovoz olib, 37,4% ovoz olgan F.Mitteranni ortda qoldirdi.
Download 105.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling