Mavzu: Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. Fransiyaning ma’muriy-hududiy boshqaruv tizimi
-50-yillarning ikkinchi yarmida Fransiyaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti
Download 105.57 Kb.
|
Mavzu Fransiya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda 1-§. F
40-50-yillarning ikkinchi yarmida Fransiyaning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti.
Urush davomida Fransiyaning ko‘rgan moddiy zarari 1440 mlrd. frankni tashkil etdi. Urush vaqtida 1100 ming kishisidan ajraldi. 700 ming kishidan ortiq kishi Germaniyaga ishlash uchun olib ketildi. Mamlakatning 30 ta departamenti talofat ko‘rdi. 50 mingga yaqin sanoat korxonalari batamom yoki qisman ishdan chiqarildi. Ko‘plab ekstrostansiyalar, shaxtalar, verflar (kemasozlik o’ektlari) yakson qilib tashlandi. Transport tarmoqlari yaroqsiz holga keltirildi. Fransiya deyarli harbiy va savdo flotidan mahrum bo‘ldi. Neftni qayta ishlash korxonalarining 80 % o‘z faoliyatini to‘xtatgan edi. Mamlakatdagi 101 ta domna pechidan 7 tasigina foydalanishga yaroqli holatda edi. Ko‘mir qazib chiqarish 4 baravarga qisqardi. Sanoat mahsulotlarini umumiy ishlab chiqarish hajmi urushdan oldingi davrdagiga nisbatan 38%, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi esa 60% ni tashkil etdi. 1400 ming gektar ekin maydonlari tashlandiq holga kelib qoldi. Moliya tizimi batamom izidan chiqdi. Inflyatsiya haddan tashqari yuqori darajaga ko‘tarildi, frankning qadr-qimmati urushgacha bo‘lgan davrdagidan 6 baravarga kamaydi. 1945 yilda mamlakat byudjetidagi tanqislik deyarli 200 mln. frankni tashkil etdi. Sanoat va qishloq xo‘jalik tarmoqlarini qayta tiklash muvaqqat hukumat oldida turgan muhim masalalardan biri edi. Xo‘jalikni qayta tiklash tadbirlarining asosini ko‘mir, gaz, aviatsiya, avtomobil ishlab chiqarish tarmoqlarini davlat tasarrufiga o‘tkazish tashkil etardi. 1945-47 yillarda Fransiya sanoatiga tegishli bo‘lgan korxonalarning 20% davlat mulkiga aylantirildi. Yirik banklardan 5 tasi davlat nazoratiga o‘tkazildi. (bularning ichida Fransiyaning bosh emission tashkiloti sanaladigan Fransuz banki ham bor edi). Bundan tashqari, jamg‘arma g‘aznasi va sug‘urta kompaniyalarining bir qismi ham davlat nazoratiga o‘tkazildi. Davlat tasarrufiga o‘tkazish kompensatsiya to‘lash asosida olib borilib, kollaboratsionizm (fashistlar bilan hamkorlik qalish)da ayblangan mulkdorlar bundan mustasno bo‘ldi. Davlat tasarrufiga o‘tkazilgan korxonalarda ishchilar ishtirokida ma’muriy kengashlar tuzilib, ish haqlarini oshirish, mehnat shartnomalarini tuzish, turar-joy bilan ta’minlash kabi muhim masalalar maslahatlashgan holda o‘z yechimini topar edi. 1946-1950 yillarda bu ko‘rsatgich 27% dan 50% ga o‘sdi. Muvaqqat hukumat ichidagi siyosiy ixtiloflarga qaramay, 1947 yil bahoridayoq barqarorlik dasturi ko‘zga ko‘ringan natijalarni berdi. Shu yili sanoatdagi ishlab chiqarish ko‘rsatgichlari urushgacha bo‘lgan davrdagi darajaga yetdi (qishloq xo‘jaligida 1950 yilda), 1949 yilda YaIM (Yalpi ichki mahsulot) darajasi urushgacha bo‘lgan davrdagidan oshdi, oziq-ovqat mahsulotlarining kartochka tizimi bekor qilindi. Shunday bo‘lsada, davlat tepasida bo‘lgan so‘l sentristik koalitsiya hukumatni boshqarishning faol metodlaridan voz kechmadi. 1946 yildayoq Jana Monne boshchiligida iqtisodiyotni rejalashtirish bilan shug‘ullanuvchi Bosh kotibiyat tashkil etildi. Bu tashkilot mamlakatni rivojlantirish dasturlarini tuzish bilan shug‘ullanar edi. “Fransuzcha rejalashtirishning” konseptual (fikr, tushuncha mazmuni) asoslarini ishlab chiqqan Monne texnokratik elitaning vakillaridan biri edi. U iqtisodiyotning hukumat tomonidan tartibga solinishi, jumladan rejalashtirish ham siyosiy mafkuraga bog‘liq bo‘lmasligi kerak, der edi. Siyosiy mafkuraga bog‘liq bo‘lganda salbiy oqibatlarga olib kelishini ta’kidlab o‘tgan edi. Rejalashtirish, Monnening fikriga ko‘ra, konsensus (hamfikr) va ishonchga asoslanib o‘ziga xos iqtisodiy diplomatiya bo‘lib hisoblanadi. 1947-1953yillarga mo‘ljallangan rivojlantirishning dastlabki milliy dasturlaridan biri 1947 yilda qabul qilindi. U “Monne rejasi” yoki “qurollanish va modernizatsiyalash rejasi” deb nomlandi. Bu dasturning asosida davlat tasarrufiga o‘tkazilgan korxonalarning ishlab chiqarish quvvatlarini keskin yangilash, sanoatda ishlab chiqarish hajmini oshirishga erishishi, metrologiya va dengiz orti hududlari o‘rtasida savdo-sotiqni kengaytirish mehnat unumdorligini oshirish kabi tadbirlar yotar edi. Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash ham muhim masalalardan hisoblandi. 1947 yilning kuzida moliya ministri R.Mayer moliya tizimida kompleks islohotlar o‘tkazishni boshladi. 1948 yil yanvarida frankning devalvatsiyasi amalga oshirildi. Unga ko‘ra frank qiymati oltin miqdorida 44% ga kamaytirildi. Moliyaviy barqarorlikning yuzaga kelishida Fransiyaning Marshall rejasiga qo‘shilishi muhim ahamiyat kasb etdi. 1948-1951 yillar mobaynida AQSh Fransiyani 2,5 mlrd. dollar hajmidagi kreditlar, oziq-ovqat mahsulotlari va asbob-uskunalar bilan ta’minladi. 1958 yilga kelganda, amerikaliklar bergan yordamining umumiy hajmi 12 mlrd. dollarni tashkil etdi. Bu dasturni amalga oshirish jarayoni AQSh sarmoyasining Fransiya iqtisodiyotiga faol kirib kelishi uchun keng yo‘l ochib berdi. Fransiya hukumati qabul qilgan majburiyatlarga ko‘ra, AQShga xo‘jalik tarmoqlari va maxsus korxonalarining ishlab chiqarish ko‘rsatgichlari haqida hamda tashqi savdodagi mahsulot aylanmasi tizimi haqida to‘liq ma’lumotlarni berib turish lozim edi. Bunday qaramlik Fransiya siyosiy hayotidagi ko‘pgina kuchlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Ammo, shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, aynan amerikalik tadbirkorlar doirasining sa’i-harakati tufayli Fransiya iqtisodiyotida katta o‘zgarishlarning amalga oshishi oson kechdi. 40-yillarning oxirida Fransiyada mehnat munosabatlari masalasida muhim islohotlar amalga oshirildi. 40 soatlik ish haftasi, haq to‘lanadigan ta’til qayta tiklandi. Ish vaqtidan tashqari bajariladigan ishlar uchun qo‘shimcha haq to‘lash joriy etila boshladi. Erkak va ayol mehnatiga haq to‘lashda tenglik prinsipi kafolatlandi, ishsizlarga hukumat tomonidan yordam ko‘rsatish tizimi kengaytirildi. Ishlovchilarning soni 50 tadan oshgan korxona va tashkilotlarda ma’muriyat vakillari, ishchilar, muhandis va texniklardan iborat “korxona qo‘mitalari” tashkil etildi. Ularga mehnat sharoitlarini tartibga solib turish sohasida maslahatlar berib turish huquqi berilgan edi. Nominal ish haqi va nafaqalarning miqdori ancha o‘sdi. 1950 yildan e’tiboran kafolatlangan umummilliy ish haqining minimumi kiritildi. U yashash minimumining dinamikasiga qarab o‘zgartirilib turiladigan bo‘ldi. Qarilik va nogironlik nafaqasiga chiqish vaqti 65 yosh etib belgilandi. Ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha hukumatning yagona tizimi tashkil etildi. Bu tizim qishloq xo‘jalik sohasidan tashqarida ishlaydigan barcha yollanma ishchilarga nisbatan qo‘llaniladigan bo‘ldi. Bu tizimni mablag‘ bilan ta’minlash mehnatkashlarning badallari (ish haqining 6%) va sohibkorlar ajratgan chegirmalari (ish haqi fondining 10% miqdorida) hisobiga olib borilar edi. Arzon turar joylar qurish ishlari boshlandi. Hukumat xo‘jaliklari urush davrida ziyon ko‘rgan dehqonlarga va o‘z xo‘jaligini tashkil etishga harakat qilayotgan yosh dehqonlarga ssudalar ajratib bera boshladi. “Barqarorlik sharoitida modernizatsiyalash va texnologiya bilan ta’minlash rejasi” 1954-1957 yillarga mo‘ljallangan ikkinchi dastur edi. U Fransiya sanoatining raqobatbardorligini va mahsulot sifatini oshirishni ko‘zda tutgan edi. Endi e’tibor xususiy sektorga qaratilgan edi. Hukumat va firmalar o‘rtasida tuzilgan maxsus shartnomalarga asoslanib, tadbirkorlar asbob-uskunalar sotib olish kreditlar olish va muhim loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli soliqlar to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ikkinchi rejada ko‘rsatilgan ko‘rsatkichlar oshig‘i bilan bajarildi. 50-yillarning o‘rtalariga kelganda, ishlab chiqarilgan sanoat mahsulotlarining umumiy hajmi urushgacha bo‘lgan davrdagi darajadan 60% ga oshib ketdi. Og‘ir sanoatdagi o‘sish nihoyatda barqaror bo‘ldi. Fransiya sanoatida jiddiy tuzilmaviy qayta qurish boshlandi. Sanoat korxonalari jihozlarini yangilash ommaviy xususiyat kasb etdi. Sanoatning investitsion (sarmoya) bazasini mustahkamlanishida tashqi bozorga kapital chiqarishning kamayishi muhim ahamiyat kasb etdi. Yirik banklarning davlat tasarrufiga o‘tkazilishi munosabati bilan milliy iqtisodiyotni sarmoya bilan ta’minlashning asosiy yo‘nalishga aylanishi, chet el ssudalari va zayomlarini ikkinchi darajaga tushirib qo‘ydi. Agar, XX asr boshlarida tashqi bozorga kapital chiqarish miqdori Fransiya sanoatiga sarflangan mablag‘dan 10 barobar ko‘p bo‘lsa, 50-yillarning oxiriga kelib chetga olib chiqilayotgan kapital miqdori ichki bozorga kiritilgan sarmoyadan 6 marta kam edi. Sarmoya asosan, og‘ir sanoat va energetika kompleksiga ajratildi. Bu sohalarga sanoatni taraqqiy ettirish uchun ajratilgan mablag‘larning 90% ga yaqini yo‘naltirilayotgan edi. 50-yillarning o‘rtalariga kelganda esa sarflanayotgan mablag‘larning asosiy qismi kimyo sanoati, avtomobil ishlab chiqarishi, samolyotsozlik sohalarini modernizatsiyalash uchun ishlatila boshlandi. Keyinchalik esa yangi sohalar - atom, elektron, plastik buyumlar ishlab chiqarishga katta e’tibor berildi. Sanoatning asosiy sohalarida yirik korporatsiyalarning o‘rni mustahkamlanib bordi. Avtomobil ishlab chiqarishning 98% 4 ta trest, alyuminiy ishlab chiqarish 2 trest, po‘lat ishlab chiqarishning 72% 5 ta trest nazorati ostida edi. Yirik korxonalarda ishlayotgan ishchilar sanoatda band bo‘lgan ishchilarning 30% ni tashkil etardi. Lekin shuni ta’kidlab o‘tish joizki, Fransiyaning o‘ziga xos xususiyati ishlab chiqarish konsentratsiyasining yuqori emasligida bo‘ldi. Bir korxonada ishlayotgan ishchilarning soni o‘rtacha 13 nafar kishini tashkil etdi. 50-yillarning oxiriga kelganda, iqtisodiy taraqqiyotning aralash modeli o‘zining oldingi samaradorligini yo‘qota boshladi. Umummilliy boylikning 36%ni tashkil etgan davlat sektori taraqqiyotning oldingi sur’atlarini ushlab turishga zaiflik qila boshladi. 50-yillarning ikkinchi yarmiga kelganda, Fransiyada inflyatsiya muammosi yana kuchayib bordi. 1957 yilga kelganda narxlar urushgacha bo‘lgan davrdagidan o‘rtacha 25 baravar, nominal ish haqi esa 21 baravarga oshdi. Hukumatning qishloq xo‘jaligi sohasida olib borayotgan siyosati ham keskin o‘zgarishni kutayotgan edi. 50-yillarda bu sohada olib borilgan kimyolashtirish va yuqori texnologiya bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilgan bo‘lsa-da, fermerlar mehnatining samaradorligi ancha pastligicha qolayotgan edi. Fransiya dunyoda qishloq xo‘jalik mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha ikkinchi o‘rinda bo‘lib, AQSh birinchilikni bermay kelayotgan edi. Fransiyadagi ekin ekiladigan yerlarning 25% ginasi zamonaviy tipdagi xo‘jaliklar ixtiyorida edi. Taxminan, dehqon xo‘jaliklarining 80%ida foydalanilayotgan traktor va boshqa texnikalar asosan qisqa muddatli ijaraga olib turish yo‘li bilan mavsumiy ishlatilar edi.
Download 105.57 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling