Mavzu: Insonning ma'naviy komolotida falsafiy dunyoqarashning ro‘li
Download 44.73 Kb.
|
Tabiat
Dunyoqarashning mohiyati.
Ayni shu davrdan boshlab insonning ancha rivojlangan dunyoqarashi shakllangani haqida va umuman to‘plangan bilimlar, amaliy ko‘nikmalar, vujudga kelgan qadriyatlar, o‘zi va o‘zini qurshagan dunyo haqidagi tasavvurlar majmui sifatidagi odamlar dunyoqarashi to‘g‘risida ishonch bilan so‘z yuritish mumkin. Hayot tajribasi va empirik bilimlar asosida shakllanadigan dunyoqarash oddiy yoki empirik dunyoqarash deb ataladi va insonning dunyo haqidagi tasavvurlarining qismlarga ajralmagan, tizimsiz majmui sifatida amal qiladi. U har qanday dunyoqarashning negizi hisoblanadi va odamlarga kundalik hayoti, faoliyatida yo‘l ko‘rsatib, ularning xulq-atvori, aksariyat qilmishlarini belgilab, muhim regulyativ funksiyani bajaradi. Keng ma’noda, dunyoqarash – insonning o‘zini qurshagan borliqqa va o‘z-o‘ziga bo‘lgan munosabatga nisbatan yondashuvlar tizimi, shuningdek odamlarning mazkur yondashuvlar bilan belgilangan hayotiy ideallari, e’tiqodlari,, bilish va faoliyat tamoyillari, qadriyat va mo‘ljallaridir. SHu tariqa ta’riflanadigan dunyoqarash faqat insonga xos bo‘lib, bu unda shakllangan ong va oqilona faoliyat mavjudligi bilan bog‘liqdir. Bunda inson nafaqat tushunchalar yaratish va mulohaza yuritish, xulosalar chiqarish va qoidalarni ta’riflash qobiliyatini kasb etadi, balki tayyor bilimdan yangi bilim olish uchun foydalana boshlaydi. Insonning bunday faoliyatini, uning ijodiy faolligini tavsiflovchi aql odamzot va jamiyat evolyusiyasini jadallashtirishning qudratli omiliga aylanadi va pirovardda insonni hayvondan ajratish imkonini beruvchi asosiy belgi sifatida amal qiladi. Dunyoqarashda ijtimoiy muhitning roli. Aql paydo bo‘lishi bilan inson o‘zini fikrlovchi mavjudot sifatida anglay boshlaydi, unda o‘z «meni» va o‘zgalar haqida tasavvuri shakllanadi va rivojlanadi. SHu tariqa u o‘zini va o‘zini qurshagan borliqni anglaydi, o‘zi va boshqa odamlarni, o‘zi va tashqi muhitni farqlaydi, ilgari o‘ziga ma’lum bo‘lmagan dunyoning yangi va yangi jihatlarini idrok etadi. Bunday qarashlar insonning o‘zi va o‘zini qurshagan borliq haqidagi tasavvurlari majmui sifatida shakllanadigan dunyoqarash negizini tashkil etadi. Bunda inson o‘ziga ma’qul va noma’qul narsalarni farqlaydi, baholar beradi, ustuvorliklar tizimini yaratadi va muayyan maqsadlarga erishishda tegishli tarzda ish ko‘radi. Demak, dunyoqarashda bilish, qadriyatlarga munosabat va xulq atvorni belgilash funksiyalari mujassamlashadi. Dunyoqarashning bilish funksiyasi insonda qiziqish uyg‘otuvchi barcha savollarni, shuningdek muayyan yo‘l bilan topuvchi javoblarni o‘z ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi, u jamiyatning rivojlanishiga qarab yanada teranroq va mazmunan boyroq bo‘lib boradi. Ammo dunyo juda rang-barang bo‘lib, muttasil o‘zgarish jarayonini boshdan kechiradi, qoniqarli javoblarga ega bo‘lmagan savollar esa, uzil-kesil javob berish mumkin bo‘lgan savollarga qaraganda, ko‘proqdir. SHu bois, muammolarga nisbatan muayyan tarzda yondashadigan har bir odamning dunyoqarashi, savollari va javoblari doim shaxsiy o‘ziga xoslik bilan ajralib turadi va hech bo‘lmasa shu sababga ko‘ra boshqa odamlar dunyoqarashiga hech qachon o‘xshamaydi. Dunyoqarashning intellektual, emotsional va ruhiy asoslarning uzviy bog‘liqligi va ularning jamuljam holda har bir inson uchun mutlaqo muayyan, individual xususiyatlar sifatida amal qilishidir. Intellektual, emotsional va ruhiy asoslar iroda bilan uyg‘unlikda e’tiqodlar – odamlar faol qabul qiladigan, ularning ong darajasi va hayotdagi mo‘ljallariga mos keladigan qarashlarni yuzaga keltiradi. Dunyoqarashning muhim elementi shubha bo‘lib, u dunyoqarashni dogmatizm, ya’ni biryoqlama, notanqidiy fikrlash, u yoki bu qoidani shak-shubhasiz haqiqat deb qabul qilishdan asraydi. Dogmatizmning qarama-karshisi skeptitsizm bo‘lib, bunda shubha mutlaqlashadi, fikrlashning asosiy omiliga aylanadi, bilish va borliqni idrok etishning bosh tamoyili sifatida amal qiladi. Dunyoqarashning tuzilishi dunyoni sezish, dunyoni idrok etish va dunyoni tushunish kabi eng muhim elementlardan iborat. Dunyoni sezish – bu o‘zini qurshagan dunyoni sezgilar yordamida hissiy idrok etishdir. Bunda tuyg‘ular, kayfiyat dunyoni go‘yoki ranglarga bo‘yaydi, uning obrazini sub’ektiv, sof individual sezgilar orqali aks ettiradi. Masalan, bemor odamga haddan tashqari yorug‘ bo‘lib tuyulishi mumkin bo‘lgan nur, sog‘lom odam uchun normal bo‘ladi; daltonik ranglar gammasini, ko‘rish qobiliyati normal bo‘lgan odamga qaraganda butunlay boshqacha idrok etadi. Bundan dunyoni sezishning har xil, xususan optimistik, pessimistik, fojeaviy tiplari kelib chiqadi. Dunyoni idrok etish – bu atrof borliqni ideal obrazlarda tasavvur qilishdir. Dunyoni idrok etish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi, ya’ni borliqqa mos kelmasligi mumkin. Bu holda borliq noto‘g‘ri tasavvur qilinadi yoki illyuziyalar, suv parilari, alvastilar, kentavrlar haqidagi tasavvurlarga o‘xshash fantaziyalar paydo bo‘ladi. Dunyoni tushunish – insonning va uni qurshagan dunyoning mohiyatini aniqlash, shuningdek tabiatda yuz beruvchi voqea va jarayonlarning o‘zaro aloqalarini tushunishga qaratilgan aqliy-bilish faoliyatidir. Dunyoni sezish va qisman (elementar shakllarda) dunyoni idrok etish nafaqat insonga, balki hayvonlarga ham xos bo‘lsa, dunyoni tushunish esa faqat odamlarga xos xususiyatdir. Dunyoqarashning tarixiy shakllari. Turli davrlar bilishni yanada teranlashtirdi va inson dunyoqarashini kengaytirdi. SHunga mos ravishda oddiy (empirik) dunyoqarash ham boyib bordi, uning negizida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq yanada murakkabroq tuzilmalar asta-sekin shakllandi va bu pirovard natijada dunyoqarashning alohida shakllari yoki, tarixiy tiplari farqlanishiga olib keldi. Tarixan dunyoqarashning dastlabki shakllari mif va din, falsafa va fan bo‘lib, bu hol insoniyat tadrijiy rivojlanishining umumiy mantiqi bilan mushtarakdir. Ko‘nikmalar, tajriba va oddiy bilimlar to‘planishiga qarab, nafaqat ularni avloddan avlodga o‘tkazish muammosi yuzaga kelgan, balki ibtidoiy odamlarning dunyoqarashi ham murakkablashib borgan. Bu dunyoqarash rivojlanishining muayyan bosqichida, to‘plangan bilimlarning «yuqori bosqichiga» etilgach, boshqa har qanday murakkab tizimda bo‘lganidek, dunyoqarashda ham o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlari amal qila boshlagan. Masalan, bu hodisaning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun shaxsiy kutubxonada kitoblar yig‘ilishi bilan bog‘liq misolga murojaat etish o‘rinli bo‘ladi. Mazkur kutubxonada kitoblar bir nechta bo‘lsa, ularni tizimga solish talab etilmaydi, ular qaerda yotgani va ularning o‘zaro munosabati qandayligi ham ahamiyat kasb etmaydi. Kutubxona hajmi o‘nlab kitoblar bilan o‘lchangan taqdirda esa, ulardan foydalanishga qulaylik yaratish uchun kitoblarni muayyan tarzda joylashtirish, tizimga solish talab etiladi. Kitoblar soni qancha ko‘p bo‘lsa, ular bilan ishlash shuncha oson va qulay bo‘lishi uchun ularni tasniflash, tartibga solish, ruknlarga ajratish tizimi shuncha murakkab bo‘ladi. Ibtidoiy odamlarning ancha rivojlangan dunyoqarashida o‘zini o‘zi tashkil etish qonunlariga muvofiq ayni shunday tartiblilik dastavval mif hamda dinning ilk shakllari ko‘rinishida vujudga keldi. Mifologik dunyoqarash. «Mif» tushunchasi yunoncha mythos so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, afsona, rivoyat degan ma’noni anglatadi. Mif –turli xalqlarning dunyoning kelib chiqishi, tabiat hodisalari, fantastik mavjudotlar, xudolar va qahramonlarning ishlari haqidagi tasavvurini ifodalovchi muayyan tarzda tizimga solingan dunyoqarashdir. Mifda bilimlar, diniy e’tiqodlar, ma’naviy madaniyatning turli elementlari, san’at, ijtimoiy hayot kurtaklari birlashgan bo‘lib, shu tariqa ibtidoiy odamlar dunyoqarashi ma’lum darajada tartibga kelgan, ularning dunyo haqidagi qarashlari esa muayyan tizimga solingan. Mazkur tizimga solishning muhim shakllari epos, ertaklar, afsonalar, rivoyatlar bo‘lib, miflar avvalo ular orqali ifodalanadi. SHu tariqa to‘plangan bilimlar va tajriba keyingi avlodlarga o‘tishi ham ta’minlanadi. Mifologik dunyoqarashning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, bu oddiy rivoyat, biron-bir voqea haqidagi hikoya emas, balki og‘zaki «muqaddas» matnning arxaik ongdagi voqea-hodisalarga, insonga va u yashayotgan dunyoga ta’sir ko‘rsatuvchi muayyan borliq sifatidagi in’ikosidir. Mif, insoniyat tarixining ilk bosqichlarida, odamlar xulq-atvori va o‘zaro munosabatlarini tartibga solish funksiyasini bajargan, chunki unda axloqiy qarashlar, insonning borliqqa estetik munosabati o‘z ifodasini topgan. Mifologiyaga shu narsa xoski, unda hamma narsa bir, yaxlit, ajralmasdir; tabiat narsalari va hodisalari inson bilan ayni bir qonunlarga muvofiq yashaydi, inson bilan bir xil sezgilar, istaklar, mayllarga ega bo‘ladi. Shunday qilib, mif kimningdir uydirmasi yoki «o‘tmish sarqiti» emas, balki shunday bir o‘ziga xos tilki, inson uning yordamida qadim zamonlardanoq dunyoni tavsiflagan, o‘zining o‘sib borayotgan tarqoq bilimlarini umumlashtirgan, talqin qilgan, tasniflagan va muayyan tizimga solgan. Mifda ota, oqsoqol hukmi va qaror topgan an’analar muhim rol o‘ynaydi. Rivoyat va uning mazmuniga nisbatan bunday munosabat zamirida e’tiqod, borliqni bevosita, emotsional idrok etish yotadi. Mifologik dunyoqarash dunyoni yaxlit tushunish bo‘lib, unda shubhaga o‘rin yo‘qdir. Mifologiya (miflar majmui sifatida) qadimgi odamlar dunyoqarashi bilangina uzviy bog‘liq emas. Oddiy ongda yashaydigan din, falsafa, siyosat, san’atda aniq-ravshan yoki pardalangan ko‘rinishda mavjud bo‘lgan miflar bugungi kunda ham (kim uchundir ko‘proq, kim uchundir kamroq darajada) odamlar hayoti va ijodida faol rol o‘ynab, har qanday inson dunyoqarashining tarkibiy qismi bo‘lib qolmoqda. Jamiyatning axborotlashuvi jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan sharoitda mif televidenie, radio, vaqtli matbuot, hozirgi saylov texnologiyalari vositasida ba’zan ijtimoiy ong bilan manipulyasiya qilish, oldindan belgilangan jamoatchilik fikrini shakllantirish vositasi sifatida qo‘llanilmoqda. Diniy dunyoqarash dunyoqarashning tarixan ikkinchi shakli dindir. (Din so‘zi arabchadan tarjimada e’tiqod, ishonch, ishonmoq degan ma’nolarni anglatadi.) Mif kabi, din zamirida ham e’tiqod, tuyg‘ular va emotsiyalar yotadi. Garchi din kurtaklari «aqlli odam» dunyoqarashi shakllanishining dastlabki bosqichlarida, ya’ni taxminan 40-60 ming yil muqaddam paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, umuman olganda u dunyoqarashning mustaqil shakli sifatida keyinroq, jumladan mif ta’sirida insonning abstrakt fikrlash qobiliyati sezilarli darajada kuchaygan davrda vujudga kelgan. Diniy dunyoqarash odamlarning g‘ayritabiiy narsalar (xudolar, «oliy aql», qandaydir absolyut va sh.k.)ga bo‘lgan e’tiqodiga asoslanuvchi tegishli xulq-atvori va o‘ziga xos harakatlaridir. Agar mifologiyada an’anaga, rivoyat qiluvchining, ya’ni oqsoqolning obro‘siga e’tiqod kuchli bo‘lsa, dinda g‘ayritabiiy narsalarga e’tiqod birinchi o‘rinda turadi, oliy kuchlar nomidan rivoyat qiluvchi ruhoniylar obro‘si esa ikkinchi darajali rol o‘ynaydi. Xullas, din murakkab ma’naviy tuzilma va ijtimoiy-tarixiy hodisa bo‘lib, unda e’tiqod muqarrar tarzda birinchi o‘ringa qo‘yiladi va hamisha bilimdan ustun turadi. Dinning asosiy funksiyalari. Mif bilan taqqoslaganda, din funksiyalari murakkabroqdir. Din funksiyalari orasida quyidagilarni farqlash mumkin: · dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi butun borliq qachon va nima uchun paydo bo‘lgan va bunda g‘ayritabiiyy kuchning roli qanday namoyon bo‘lgan, degan savollarga javob beradi; · kommunikativ funksiyasi muloqot va shaxslararo aloqalarning muayyan tipini ta’minlaydi, jamiyatning jipslashuvi va yaxlitligiga ko‘maklashadi; · tartibga solish funksiyasi odamlar xulq-atvorini tartibga soluvchi tegishli me’yorlar va qoidalarni belgilaydi; · kompensatorlik funksiyasi etishmayotgan axborot, diqqat-e’tibor, g‘amxo‘rlik o‘rnini to‘ldiradi, hayot ma’nosi, istiqbollar va shu kabilarning yo‘qligini sezdirmaydi, ya’ni insonning kundalik hayotda qondirilmagan ehtiyojlari o‘rnini to‘ldiradi. Falsafiy dunyoqarash. Miloddan avvalgi VII-VI asrlarga kelib asosan mif va din ta’sirida odamlar dunyoqarashi nafaqat kengaydi, balki ancha murakkablashdi. U abstrakt nazariy fikrlash qobiliyati va (to‘plangan bilimlar ko‘rinishida) real asoslarga ega bo‘lishi natijasida o‘z rivojlanishining butunlay yangi darajasiga ko‘tarildi. Bunga, hech shubhasiz, mehnat taqsimotiga olib kelgan rivojlangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, ma’lum miqdorda ortiqcha mavjudlik vositalari, bo‘sh vaqtning paydo bo‘lishi ham imkoniyat yaratdi. Bularning barchasi muayyan shaxslar doirasiga intellektual faoliyat bilan professional darajada shug‘ullanish imkonini berdi. Download 44.73 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling